Orqaga

797 marta koʻrilgan

1192–1333

Kamakura davri

Jangchilar hukumatining oʻrnatilishi

XII asr oxirida Minamoto Yoritomo tomonidan bakufu oʻrnatilishi yangi davr ibtidosi sifatida koʻriladi. Bu davrda jangchi sinfining mustaqil hokimiyati fuqaroviy zodagonlarning siyosiy hukmronligiga muvaffaqiyatli qarshilik koʻrsata olgan edi. Biroq zamonaviy ilmiy talqin shuni koʻrsatadi-ki, Kamakura tuzumining asos solinishi feodal institutlar oʻrnatilishi bilan amalga oshib qoʻya qolmagan. Kamakura davrida jangchilar toʻliq hukmronlik oʻrnata olmaydi. Mamlakatda diarxiya hukm surardi. Kyotoda fuqarolik hokimiyati mavjud boʻlgan boʻlsa, Kamakura shahrida harbiy kuch xalqni boshqarar edi.

Kamakura davrida Xeyandagi imperial-aristokrat tizimi oʻzi joyida qolganiga qaramay, bu davr “sahna” dan ketishi bilan yangi feodal institutlar vujudga kela boshlaydi. Gempey jangi davomida Yoritomo Kamakurada oʻz qarorgohini oʻrnatadi. Tairalarni bostirishni ukalari — Noriyori va Yoshitsunega topshiradi. Oʻzi esa buyuk sharq jangchi rahbarlarining izdoshlarini yigʻib, yangi harbiy hukumat poydevorini qoʻyishni boshlaydi. Misol uchun, 1180-yilda Yoritomo koʻpayib borayotgan harbiy xizmatchilarni nazorat qilish uchun Samuray-dokoro (Qoʻriqchilar kengashi) ga asos soladi. Umumiy boshqaruv 4 yildan soʻng vujudga kelgan Kumonjo (keyinchalik Mandokoro deb nomlangan) nomli kotibiyat tomonidan boshqarilgan. Bundan tashqari, daʼvo va arizalarni koʻrib chiqish uchun Monchujo sud tizimi tashkil etilgan. Bu muassasalar oʻz navbatida Yoritomo tuzumi shakllanuvini anglatadi.

1185-yilda Taira oilasining Dannoura jangida magʻlub qilinganidan soʻng Yoritomo oʻz xizmatchilarini, boshqacha aytganda gokeninlarni (yaponchadan “uy qoʻriqchilari”) viloyat harbiy gubernatorlari (shugo), shuningdek, davlat va xususiy yer birligining harbiy boshqaruvchilari (jito) etib tayinlash huquqiga ega boʻladi. Shugo vazifasi poytaxt soqchilarini yollash, buzgʻunchi va jinoyatchilar ustidan qattiq nazorat oʻrnatish boʻlgan. Jitolar esa soliq yiqqan, yer uchastkasi boshqaruvini nazorat qilgan hamda jamoatchilik orasida tartib saqlagan.

Gempey jangi 1185-yilda nihoyasiga yetgan boʻlsa-da, Yoritomo va uning ukasi Yoshitsune oʻrtasidagi mojarolar 1189-yilga qadar davom etadi. Yoritomo shu yili Mutsu viloyati (hozirgi Aomori prefekturasi) da istiqomat qiluvchi shimoliy Fujivara oilasini axiyri yoʻq qiladi. Ular isyonkor ukaning tarafkashi edi. 3 yildan soʻng Yoritomo Kyotoga joʻnab, jangchi erishishi mumkin boʻlgan eng oliy mavqe — syogun (Seii Taishogun — “johillarga qarshi kurashuvchi generalissimus” atamasining qisqartmasi) lavozimini egallaydi. Garchi u unvonni uzoq vaqt saqlab qolmagan hamda Kamakura ishini boshqarish hujjatida bu atamadan foydalanmagan boʻlsa-da, “shogun” soʻzi oxir-oqibat bakufular sardori unvoni oʻrniga qoʻllana boshladi.

Avvaliga Kamakura bakufular bosh vazifasi Taira oilasidan tortib olingan shoenlardan, shuningdek, imperator saroyi tomonidan Yoritomoga viloyatlarda taqdim etilgan davlat mulki boshqaruvi daromadidan iborat boʻlgan. Keyinchalik esa bakufular haligacha viloyat hokimi tomonidan nazorat qilinadigan yer, jumladan, oddiy zodagonlar, ibodatxona va ziyoratgohlarning xususiy mulkiga taʼsir doirasini kengaytirishga erishadi.

Hojo regenti

1199-yilda Yoritomoning oʻlimidan soʻng bakufulik lavozimi Yoritomo turmush oʻrtogʻi Masako tugʻilgan oila — Hojolar qoʻliga oʻtadi. 1203-yilda Masako otasi Hojo Tokimasa shogun oʻrniga muvaqqat hukmdor (shikken) lavozimini oʻz zimmasiga oladi. Bu lavozim keyinchalik 1333-yilga qadar Hojo oilasining ketma-ket 9 aʼzosi tomonidan egallanadi. Yoritomo generallari oʻrtasidagi nizodan foydalangan hojolar raqibini agʻdarib, magʻlub etganidan 3 avlod oʻtib, Yoritomoning bevosita davomchisi qolmagan edi. Haqiqiy hokimiyatni qoʻlida tutib turgan boʻlsa-da, Hojo oilasi quyi ijtimoiy mavqega ega boʻlgani uchun yetakchilarning oʻzi syogun boʻla olmas edi. Fujivara avlodi hamda Yoritomoning uzoq qarindoshi boʻlmish Kujo Yoritsune syogun etib tayinlanganida Tokimasaning oʻgʻli Hojo Yoshitoki (1205–1224-yillarda shikken boʻlgan) hukumat ishining asosiy qismi bilan shugʻullangan. Shu tufayli ham syogunlikka tayinlash va uni vazifasidan ozod etish Hojo oilasi istagiga bogʻliq boʻlgan. Nasl-nasabidan kelib chiqqan holda syogunlar faqatgina Fujivara yoki imperator xonadonidan tanlangan.

Harbiy siyosiy kuchning oshib borishi zodagonlar bilan ziddiyatni keltirib chiqaradi. Shu tufayli Minamoto oilasi halokatida oʻzining siyosiy mavqeini tiklash uchun yaxshi imkoniyat koʻzlagan imperator Go-Toba 1221-yilda Yositokilarni agʻdarish uchun mamlakatda mandat eʼlon qiladi. Biroq uning chaqirigʻiga bir nechtagina jangchilar javob qaytaradi xolos. Buning evaziga Hojo oilasi Kyotoni egallash uchun bakufu qoʻshinini yuboradi, Go-Toba asirga olinib, Oki oroliga quvgʻin qilinadi. Oʻsha vaqt Jokyu erasi (1219–1222-yillar) sharafiga ushbu hodisa tarixda Jokyu qoʻzgʻoloni deb nom oladi.

Bakufular saroyni boshqarib turish hamda gʻarbiy viloyatlarning yuridik va maʼmuriy masalasini nazorat qilish uchun endi Kyotoda qarorgoh barpo etgan edi. Go-Tobaga qoʻshilgan zodagon va jangchilarning bir necha minglab mulki musodara qilinadi. Kamakura xizmatchilari esa mukofot sifatida jito lavozimiga tayinlanadi. Bakufu siyosiy qudrati oʻsha davrga kelib butun mamlakat boʻylab yoyilgan edi. Ayni paytda muvaqqat hukmdor boʻlgan Hojo Yasutoki oʻzining siyosiy hokimiyatini mustahkamlash uchun Bosh yetakchilar kengashini Davlat kengashi (Hyojo-shu) ga aylantiradi.

1232-yilda kengash Joey maʼlumotnomasi (Jōei Shikimoku) nomli yangi yuridik kodeks ishlab chiqadi. Undagi 51 modda orqali bakufular huquqiy pretsedentlari ilk marotaba yozma ravishda belgilab qoʻyiladi. Joey kodeksi maqsadi qadimgi Nara va Xeyan fuqaroviy aristokratiyasining siyosiy-huquqiy tizimi boʻlmish ritsuryonikidan ancha sodda boʻlgan. Mohiyatan, bu kodeks adolatli boshqaruvda jangchilarning munosib xulqi uchun oʻrnatilgan pragmatik qonunlar toʻplami edi. 1249-yilda vaqtinchalik hukmdor — Hojo Tokiyori qonunga oid qarorlarni ishlab chiqishda xolislik va tezkorlikni taʼminlash uchun “Xikitsuke-syu” deb nomlangan sud tizimini ham joriy etadi.

Moʻgʻullar bosqini

Muvaqqat hukmronlik oʻrnatilishi Markaziy Osiyoda Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻullarning kuchayishi bilan bir vaqtga toʻgʻri keladi. Ular 1206-yildan boshlab deyarli yarim asr davomida Koreya yarimorolidan to Rossiya va Polshaga qadar choʻzilgan imperiya barpo etgan edi. 1260-yilda Chingizxon davomchisi Xubilay Xitoyning buyuk xoni boʻladi va poytaxtni hozirgi Pekinga koʻchiradi. 1271-yilda Xubilay Yuan sulolaviy unvonini qabul qiladi. Oradan koʻp oʻtmay moʻgʻullar Yaponiya istilosi uchun tayyorgarlikni boshlab yuboradi.

1274-yil kuzida 40 000 kishidan iborat moʻgʻul va koreys qoʻshini hozirgi Janubiy Koreyadan chiqib yoʻlga otlanadi. Harbiy kuch Kyushu oroliga qoʻnganida esa Xidzen viloyati (hozirgi Saga prefekturasi) ni egallab, Chikuzen viloyatiga yoʻl oladi. Bakufu hukumati Shoni Sukeyoshini harbiy qoʻmondon etib tayinlaydi va Kyushudagi harbiy xizmatchilar himoyaga safarbar etadi. Moʻgʻul qoʻshini Xakata koʻrfaziga joylashib, yapon himoyachilarini chekinishga majbur qilayotgan edi. Ammo kutilmaganda paydo boʻlgan toʻfon bosqinchilarning 200 dan ortiq kemasini vayron qilib, omon qolganlar Koreya janubiga qaytadi.

Bakufular keyingi bosqinga qarshi yaxshilab tayyorgarlik chorasini koʻradi. Jumladan, sohil mudofaasi kuchaytiriladi, qudratli moʻgʻul otliqlariga toʻsqinlik qilish uchun Xakata koʻrfazi atrofida bir necha kilometrga choʻzilgan tosh devor quriladi. Kyushu vassallari orasida taqsimlangan ushbu jamoat ishi tugallanishiga 5 yil hamda anchagina xarajat ketadi. Ayni vaqtda moʻgʻullar 2-ekspeditsiya uchun reja tuzayotgan edi. 1281-yil 2 ta alohida qoʻshin saflanadi — 40 000 nafar atrofidagi moʻgʻul, shimoliy xitoylik va koreyslardan iborat sharqiy qoʻshin Janubiy Koreya hududidan otlangan boʻlsa, moʻgʻul generali Hung Cha chu qoʻmondonligi ostidagi taxminan 100 000 kishilik armiya janubiy Xitoydan Yaponiyaga qarab yoʻl oladi. Bu ikki armiya Xirado shahrida uchrashib, birlashadi va Xakata koʻrfazidagi himoyani buzishga erishadi. Biroq toʻfon yana bir bor bosqinchi flotning deyarli barcha qismini xonavayron qilib, Hung Cha chuni tezlik bilan chekinishga majbur qiladi. Istilochi qoʻshinning qolgan qismi yaponlar tomonidan asirga olinadi. Manbalarda keltirilishicha, 140 000 nafardan ortiq bosqinchining har 5-jangchisi qochib ketgan.

Moʻgʻul bosqinining bartaraf etilishi Yaponiya tarixida yirik ahamiyat kasb etadi. Tayyorgarlik uchun harbiy xarajat, doimiy hushyorlik va jangning oʻzi Kamakura hokimiyatining iqtisodiy barqarorligini buzib yuborib, koʻplab jitolarning qarzdor boʻlishiga olib keladi. Hojolar oilasi va Kamakura feodallari orasidagi munosabat oʻta taranglashgan edi. Bundan tashqari, bosqin tufayli Yaponiya yana bir marotaba XIV asrga qadar Xitoydan uzilib qoladi. Gʻalaba esa milliy faxr tuygʻusiga turtki berib, bosqinchilarni vayron qilgan kamikadze (yaponchadan “ilohiy shamol”) yaponlarda ular ilohlar tomonidan himoyalangan, degan ishonch uygʻotadi.

Samuray guruhi va dehqonchilik qishloqlari

Yapon feodal tizimi garchi Kamakura davrida hali boshlangʻich holatida qolib ketgan boʻlsa-da, Kamakura bafuku boshqaruvi vaqtida shakllana boshlaydi. Jangchi yer egalari dehqonchilik qishloqlarida yashab, dehqonlar mehnatini nazorat qilar yoki oʻzi qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanar edi. Markazdagi oddiy zodagonlar, shuningdek, ibodatxona va ziyoratgohlar esa ulkan jamoat yeri (kokugaryo), turli viloyatlardagi xususiy mulk hamda bakufularniki singari hokimiyatga egalik qilardi. Bu syoenlar avval jangchi boʻlgan, katta taʼsirga ega, mahalliy yer sohiblari tomonidan boshqarilgan. Ular odatda tumanlarining asoschisi boʻlib, viloyat hokimiyatining rasmiy kishilari hamda syoenlar agentiga aylangan edi.

Kamakura bakufu davrida koʻplab shu kabi fuqarolar gokenin, bakufularga ruxsat berilgan hududda esa jito etib tayinlangan. Koʻp sonli qishloq aholisining yetakchilari sifatida jitolar oʻziga qarashli hududdagi sholizor va sugʻorish ishlarini rivojlantirishga harakat qilgan. Shu va shu kabi nufuzli mulkdorlar yashaydigan qishloqlarda oʻzlari uchun ulkan uylar barpo etadi. Bu mulkdorlarning baʼzilari syogun vassallari boʻlib, boshqalarining ham zodagon, ibodatxona va ziyoratgohlar bilan bogʻliqligi mavjud edi.

Jitolar syogunlarga sadoqat koʻrsatib, Kyoto va Kamakurada qoʻriqchilik kabi davlat xizmatini bajargan. Evaziga esa syogunlar bu kishilarning anʼanaviy yer egaligini kafolatlabgina qolmay, balki Taira yoki Go-Toba tarafdorlaridan musodara qilingan yerni taqdim etgan. Mulkchilik va boshqaruvga asoslangan xoʻjayin va vassal oʻrtasidagi bunday aloqa yapon jamiyatiga biroz feodal tus beradi. Biroq bu yerlarni toʻliq feodal deb aytish mumkin emas. Kamakura bakufu oʻz ishchilariga xizmati evaziga berishi mumkin boʻlgan katta yerga egalik qilmagan.

Kamakura jangchilari syoen va kokugaryo kabi odatiy yer turini nazorat qilishi yoki musodara qilingan yerning yangi sohibi etib tayinlanishi mumkin boʻlgan. Ikkala holatda ham yerni nazorat qilish uchun nomigagina markaziy mulkdor — ibodatxona, ziyoratgoh yoki zodagon va imperator oilalari mavjud edi. Shu tufayli ham Kamakura jangchisi qoʻli ostidagi yer va nazorati ostidagi odamlar soni cheklangandi.

Markaziy mulkdor (odatda mulkdorning mahalliy vakili) hamda jitolar oʻrtasida nizo mavjud edi. Birinchisi imkon qadar koʻp nazorat va daromadni qoʻlga kiritishni istasa, ikkinchisi oʻz ulushini kengaytirishga eʼtiborini qaratgandi. Jitolar butunlay Kamakura nazorati ostida boʻlgani tufayli jangchi qarorgohlari jito bosqinchiligini kamaytirishni istayotgan mulkdorlarning munozarasiga toʻlib ketadi. Shu sababli ham yer nizosi bilan bogʻliq sud ishida adolatni taʼminlash Kamakura faoliyatining asosiy yoʻnalishiga aylandi. U oʻz xizmatchilariga muzokarali yer toʻgʻrisidagi qoidalarga rioya qilishda son-sanoqsiz koʻrsatma bergani uchun ham Kamakura bakufu adolatli rahbar sifatida nom qozonadi. Biroq ular turli yoʻl bilan syoen egalarining asossiz nazoratini sezilarli darajada yoʻq qilishga muvaffaq boʻladi.

Dehqon va jangchilar oʻrtasidagi mojaro ham odatga aylangan edi. Dehqonlar shaxsiy va iqtisodiy mustaqilligini oshirishga hamda syoen va kokugaryo mulkini kengaytirishga harakat qilar edi. Dehqonlar orasida ham bir qancha daraja mavjud edi. Maxsus, soliqqa tortiladigan, yirik va uzoq muddatli yer (myoden) ga myoshular — koʻzga koʻringan fermerlar egalik qilgan boʻlsa, kichik dehqonlar beqaror va oʻzgaruvchan mulkni boshqargan. Bundan tashqari, shunday dehqonlar ham boʻlgan-ki, ular mulk sohibi yoki dzitoga xizmat haqi evaziga ishlab bergan. Bu guruhlar bir-biridan farqli boʻlgan, biroq ular koʻplab yer-joyda mavjud, muvaqqat dehqonlardan ancha ajralib turar edi. Eng quyi dehqon toifasi genin (“quyi darajadagi odam”) deb atalgan. Ular asosan yer huquqiga ega boʻlmagan uy xizmatchilaridan iborat boʻlgan.

Nazariy jihatdan, samuraylar qishloq xoʻjaligi mulkini boshqarish, ovchilik va jang sanʼati mahgʻulotini tashkil qilish hamda oʻzida qoʻpol, omilkor feʼl-atvorni rivojlantirish bilan bir qatorda jang maydoni hamda tinchlik davrida harbiy xizmat oʻtagan. Oʻrta asr yozuvlarida “kyūba no michi” (“yoy va ot yoʻli”) yoki “yumiya toru mi no narai” (“yoy va oʻqdan foydalanuvchilar mashgʻuloti”) haqida soʻz boradi. Bu jumlalarda jangchining kundalik mashgʻuloti va haqiqiy jang ortidan keluvchi mukammal xulq-atvori koʻrsatib oʻtilgan.

Oila nomining faxri alohida qadrlangan, xoʻjayinga koʻrsatiladigan sadoqatli xizmat esa asosiy axloq qoidasiga aylangan. Bu odat keyinchalik shakllangan jangchi qoidalarining paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Xeyan davridagi ajdodlari singari Kamakura jangchisi ham otda jang qilar, uning asosiy harbiy mahorati otda kamondan oʻq otish boʻlgan. Jangchilar oilasida ayollar mavqei nisbatan yuqori edi. Xeyan davridagi ajdodlari singari ular mulkning bir qismi, hattoki jitolikni ham meros qilib olishi mumkin edi. Ammo keyinchalik bu amaliyot sekin-asta taqiqlana boshladi.

Oʻrta Kamakura davridan soʻng jangchilar istiqomat qiluvchi, dehqonchilik qishloqlari qishloq xoʻjaligi rivojlangani sari oʻzgarib boradi. Jamiyatning boshqa jihatlari ham yangilanmoqda edi. Hunarmandlar koʻpincha syoen mulkdorlariga biriktirilgan. Maxsus, oʻsib borayotgan isteʼmolchi talabiga javoban ular faoliyati ham tobora ixtisoslasha boshlaydi. Metall quyish va metallga ishlov berish, qogʻoz sanoati va boshqa sohalar poytaxtdan tashqaridagi viloyatlarda ham ilk marotaba paydo boʻla boshladi. Qishloq xoʻjaligi va sanoat mahsulotlari, shuningdek, boshqa turdagi mahsulotlarni ayirboshlash rivojlandi. Bir oyda doimiy 3 kun ishlaydigan mahalliy bozorlar ommalashdi. Bu bozorlarda Xitoydagi sung sulolasi mis tangalari muomalada boʻlgan, sayohatchi savdogarlar esa ular faolligini oshirgan. Uzoq hududga amalga oshiriladigan toʻlov uchun veksellardan ham foydalanishgan.

Ichki dengiz va Biva koʻli boʻyidagi yirik portlarda ulgurji pudratchilar (toimaru) tovarlarni saqlash, tashish va sotish bilan shugʻullangan. Keyinchalik bu amaliyot koʻplab savdogar va hunarmandlar uchun odatiy holga aylanadi. Ular ibodatxona, ziyoratgoh yoki zodagonlar nazorati ostida za nomli ittifoqqa birlashadi. Ular orqali maxsus monopoliya imtiyoziga ega boʻlib, bojxona soligʻidan ozod boʻladi.

Kamakura madaniyati: yangi buddaviylik va uning taʼsiri

Kamakura davrida yangi paydo boʻlgan samuraylar sinfi oʻtmishdagi zodagonlar oʻrnini bosa boshlaydi, ammo ular klassik madaniyatni saqlashda davom etadi. Kuchli xorijiy savdo materik bilan aloqani kengaytiradi. Bu hodisa Xitoydagi sung sulolasidan Zen buddaviyligi (xitoychacha “Chʼan”) va Neo-Konfutsiylikning kirib kelishiga sharoit yaratadi. Masalan, Xitoy taʼsirini monoxrom rassomchilik usuli (suiboku-ga), meʼmorchilik, kulolchilik sanoatining maʼlum koʻnikmasi va choy ichish anʼanasida koʻrish mumkin. Bularning barchasi ilk oʻrta asrlar madaniyati shakllanishiga xizmat qilibgina qolmay, yaponlarning kundalik turmushiga ham katta taʼsir oʻtkazgan.

Diniy nuqtayi nazardan, Xeyan davri oxiri va Kamakura davri boshida boʻlib oʻtgan, ulkan, ijtimoiy oʻzgarish inqiroz va diniy uygʻonish hissini paydo qiladi. Shu tufayli odamlar qadimiy buddaviylikning murakkab taʼlimoti va marosimlari oʻrniga eʼtiqodning oddiy standartini talab qila boshlaydi. Ayniqsa, dehqon qishloqlaridagi jangchilarning oʻz shaxsiy tajribasiga mos keluvchi dinga ehtiyoji bor edi. Shu sababli ham buddaviylikning murakkab tarki dunyo amaliyoti va noaniq tushunchadan qochuvchi bir qancha yangi mazhablari yoyila boshladi. Bular qatorida yuqorida eslab oʻtilgan Jodo, yaʼni “Yangi Yer” mazhabi va uning tarmogʻi boʻlmish Shin (“Haqiqat”) maktabini koʻrish mumkin. Bu mazhablar Amida buddasining qutqaruvchi inoyatiga tayanar edi. Bundan tashqari, sobiq Tenday rohibi Nitiren tomonidan asos solingan mazhab ham shular jumlasidandir. Mazkur oqimda yuqoridagilardan farqli ravishda Lotus Sutradan najot kutilar edi.

Zen maktabi esa oʻz harakati (jiriki) orqali zakovatga yoʻl ochishga intilar edi. Aynan shu tufayli u koʻplab samuraylar talabini qondirardi. Oʻsha vaqtdagi taʼlim va sanʼat hanuz ezoterik buddaviylikning Tenday va Shingon oqimi bilan chuqur bogʻlangan, ular hatto sinto doirasida ham ulkan taʼsirga ega edi. Biroq yangi shakldagi ibodat turi buddaviylikdagi ommaviy aralashuvni sezilarli darajada kengaytirdi.

Ilmiy va adabiy doirada Kyoto zodagonlari asosan qadimiy klassikaning izoh va talqini, shuningdek, pretsedent va marosimlarni oʻrganish bilan cheklanib qolgan edi. Lekin Kamakura davri boshida isteʼfodagi imperator Go-Toba atrofidagi yorqin vaka shoirlari “Shin kokin vakashu” deb nomlangan yangi imperator sheʼrlarini yaratadi. Bu davrdagi vaka ham chuqur, ham sirli kayfiyat deya tasvirlanuvchi yugen atamasi bilan ifodalanadi.

Jokyu qoʻzgʻolonidan salgina avval Tenday rohibi Jien (Fudzivara oilasi aʼzosi) oʻzining Gukansho (“Nodonning qaydlari”) kitobini tugatgan edi. Bu asar tarixiy sababiyat tushunchasini oʻz ichiga olgan Yaponiyadagi ilk tarixiy–falsafiy ish edi. Kitob siyosiy kuch yuksalishi va qulashini buddaviylik nuqtayi nazaridan izohlab beradi. Jangchilar saroy zodagonlari bilan kurashib, aralashib keta boshlagan bir vaqtda jangchilarning koʻplab yetakchilari ilm-fanga muhabbat qoʻyib, vaka sheʼriyatidan zavqlanardi. Ulardan biri Hojo Sanetoki edi. U yapon va xitoycha kitoblar toʻplab, hozirgi Yokohama shahridagi Shomyo ibodatxonasida Kanazava Bunko nomli mashhur kutubxonaga asos soladi. Jangchilar sinfining yuksalishi hisobiga harbiy dostonlar ommalasha boshlaydi. Ular ichida eng mashhuri nomaʼlum muallif tomonidan yozilgan “Xeyke ertagi” (Heike monotagari) edi. Ilk marotaba biva xoshi nomli buddaviy musiqachilar bu dostondagi hikoyalarni mamlakat boʻylab aytib yurgan.

Oʻrta Kamakura davridan keyin buddaviy pessimizm zaiflasha boshlaydi. Buning natijasida turli xil koʻrsatma va oilaviy taqiqlar tuziladi, bu orada Yosida Kenkoning “Bekorchilikdagi esselar” (Tsurezuregusa) toʻplami dunyo yuzini koʻrgan edi. Moʻgʻullarga qarshi kurash natijasida paydo boʻlgan milliy ishtiyoq Kokan Sirenning Yaponiyadagi buddaviylik tarixi toʻgʻrisidagi 30 jildlik “Genko shakusho” (1332-yil) asarida oʻz ifodasini topadi.

Tasviriy sanʼatda mashhur rohiblar rasmini yogʻochga oʻyib ishlash rivojlandi. Oʻrta Kamakura davridan keyin esa sung sulolasining xitoycha uslubi ham Kamakura yogʻoch oʻymakorligiga taʼsir koʻrsatadi. Rassomchilikdan tashqari, haykaltaroshlikda ham buddaviylik obyekti dunyoviy mavzularga oʻz oʻrnini boʻshata boshlaydi. Ayniqsa, ibodatxona va ziyoratgohlar tarixi, diniy mazhab asoschilarining tarjimayi holi, harbiy dostonlar, shuningdek, saroy aʼyonlari hamda jangchilarning dunyoviy hayotini aks ettirgan tasvirli oʻram (emakimono) lar ommalashadi.

Kamakura jamiyati qulashi

Kamakura davri soʻngida jamiyatning muammoli vaziyatida gokeninlar tang ahvolda qoladi. Ular moʻgʻullarga qarshi harbiy xizmatning deyarli barcha xarajatini boʻyniga olgan, lekin bosqinchilardan hech qanday yer yoki boylik tortib olinmagani tufayli mukofot haqidagi daʼvosi koʻpincha javobsiz qolardi. Shu sababdan ham bu toifadagi kishilar moliyaviy jihatdan qiynalib, qarzga botgan. Oʻsha vaqtda jangchi xonadonlarida muhim tuzilmaviy oʻzgarish sodir boʻlayotgan edi. Birinchidan, jangchilar soni avlodlar osha koʻpayib borsa-da, yerga egalik qilish doimiy saqlanib qolgani tufayli vorislar oʻrtasidagi yer taqsimlash amaliyoti oʻz oʻrnini yakka merosxoʻrlikka boʻshatib beradi.

Yakka merosxoʻrlik odatda butunlay katta oʻgʻilga tegardi. Taqsimlangan merosxoʻrlikdan yakka merosxoʻrlikka oʻtish moʻgʻullardan keyingi davrda avj ola boshladi va jangchilar oilasining asosiy vorislik turiga aylandi. Shu tufayli hokimiyat oilaning boshqa aʼzolari boʻysungan oila boshligʻi qoʻlida toʻplangan. Ikkinchidan, sharqdagi jangchilar oilasi boshliqlari olisdagi mulkini nazorat qilish uchun yuborgan vakili koʻp hollarda bosh oila bilan aloqani uzar edi. Ular mahalliy jangchi xonadonlar bilan mustahkam rishta bogʻlab, hatto shugo xizmatchilari boʻlishi ham mumkin edi. Eng kamida ular munosabati Kamakura davrida zaiflashdi.

Umumiy iqtisodiy vaziyat bakufu xizmatchilari mavqeiga putur yetkaza boshlaydi. Ammo yer egalarining ijtimoiy inqiroziga qaramasdan, savdo-sotiq taraqqiy etib borardi. Tangalar shiddat bilan muomalaga kirib borar, viloyatlardagi aholi shahar turmush tarziga taqlid qilishni boshlagan edi. Biroq yer egalari hatto yakka merosxoʻrlikka amal qilsa-da, cheklangan mulkdan kelgan daromad mulkdorlar xarajatini qoplay olmaydi. Shu sababdan ular boy sudxoʻrlardan yuqori foizli qarz oladi. Koʻpchiligi qarzlarini qaytara olmay, hatto yerini berishga majbur boʻladi.

Bakufular qarzini bekor qilish toʻgʻrisida ishlab chiqilgan farmon vaqtinchalik yengillik bergan boʻlsa-da, uzoq muddatli muammoga taʼsir qilmadi. Natijada bakufularning boy va kambagʻal qatlami oʻrtasidagi farq kattalashib ketadi. Xususan, qoʻshin toʻplash huquqiga ega baʼzi shugolar mahalliy yer sohiblarini oʻzining xizmatchisiga aylantirishga harakat qiladi. Shu tufayli Kamakura tizimidagi qaramlik tuzilmasi boʻshashadi. Aslida Kamakura xizmatchilari boʻlgan mahalliy qudratli yer egalari Hojo muvaqqat hukmdorlari qoʻlidagi hokimiyatga qarshi kurasha boshlaydi. Ular orasida Ashigaka, Sasaki, Shoni va Shimazu oilalari oʻz qudrati bilan ajralib turar edi. Oʻziga bogʻliq boʻlmagan iqtisodiy oʻzgarishdan zarba yegan bakufular Hojo oilasi hamda raqib shugolar oʻrtasidagi nizo tufayli “liqillab” qolgandi.

Adati oilasi 1285-yilda qoʻzgʻolon koʻtarishga majbur boʻladi. Hojolar ularni boshqa jangchi xonadonlari bilan til biriktirganlikda ayblab, magʻlubiyatga uchratadi. Oqibatda bosh Hojo xonadoni oʻzi bilan oʻralashib qolgan avtokratik hukumatga aylanadi va boshqa xizmatchilar oilasini oʻzidan uzoqlashtiradi. Kamakura davri oxirida Ando oilasi Mutsu viloyatida isyon koʻtaradi. Mojaroli hudud uzoqdaligi uchun gʻalayonni bostirish bakufularga qiyinchilik tugʻdiradi. Bundan tashqari, Kinay mintaqasi (Kyoto atrofidagi 5 ta viloyat) da kichik yer egalarining mahalliy ittifoqi yuzaga keladi.

Boshqa hududdagi norozi mahalliy jangchilar ham qonunni oʻz qoʻliga ola boshlaydi. Hosilni egallab olish kabi turli yoʻllar bilan mahalliy tartibni buzadi. Rasmiylar tomonidan akuto deb nomlangan bu toifa sirasiga hafsalasi pir boʻlgan mahalliy jangchi, qaroqchi, alamzada dehqon va oddiy oʻgʻrilar kirgan. Notinch vaziyatdan foydalanib qolgan dehqonlar ham oʻz navbatida dzito yoki shoen mulkdorlariga qarshi bosh koʻtargan.

Bakufular zaifligi yigʻilib borib, harbiylardan siyosiy hokimiyatni qaytarib olish uchun Kyoto zodagonlari orasida vujudga kelgan harakatga turtki beradi. Imperator vorisligi masalasi esa bu voqeaga imkon yaratib berdi. XIII asr oʻrtasida taxt uchun 2 tarmoq kurashardi. Katta tarmoq Kyotodagi Jimyo ibodatxonasida markazlashgan boʻlsa, shaharning gʻarbiy burchagidagi Daikaku ibodatxonasi kichik tarmoq uchun asosiy manzil boʻlgan. Asrning 2-yarmida esa har bir tomon ham bakufularning koʻmagini olishga intiladi. 1317-yilda Kamakura tarmoqlarning navbat bilan taxtni egallashini taklif qiladi. Oxir-oqibat 1318-yilda kichik tarmoqdagi shahzoda Takaxaru imperator Go-Daigo nomi bilan taxtga oʻtiradi.



Manba: britannica.com