5
Ulashish
834 marta koʻrilgan
794–1185
Xeyan davri
Imperator Kammu 794-yilda poytaxtni Xeyanga koʻchirib, davlat va buddaviylik oʻrtasidagi aloqalani susaytiradi. Hukumatni esa Ritsuryo qoidalariga muvofiq tarzda qayta tiklashga urinadi. Kammu Ritsuryo tizimidagi qoidalarni joriy etishdan tashqari, davrga mos kelmaydigan moddalarni ham oʻzgartiradi. Har 6 yilda sholi maydonini taqsimlash amalda qiyin ekani hisobga olinib, bu muddat 12 yilga oʻzgartirildi. Mahalliy amaldorlar oʻrtasidagi korrupsiyaga qarshi qattiqroq nazorat oʻrnatildi. Qoʻshinni harbiy xizmatga chaqiriluvchi dehqonlardan tuzish tizimi bekor qilindi. Askarlar jangovar jasoratga ega amaldorlar oʻgʻillari orasidan tanlanadigan boʻldi.
Nara davridan beri tuzumni qiynovchi yurishni davom ettirayotgan — Kammu Xonsyuning shimoliy hududlaridagi uncha katta boʻlmagan hamda begona deb hisoblanuvchi qabilaviy guruh – ezolarga (emishi) qarshi ulkan chaqiruv qoʻshinini yuboradi. Shimoliy chegara hech qachon markaziy hukumat nazorati ostiga toʻliq olinmagan boʻlsa-da, ezolar oxir-oqibat bostiriladi. Hukumat qoʻshinlariga boʻysungan ezolar esa imperiya boʻylab tarqatib yuboriladi va mavjud aholiga singdirib yuboriladi.
Diniy qatlamning davlat ishiga aralashuvi taqiqlangan boʻlsa-da, rohiblar buddaviylikning oʻz vazifalarini bajarayotganini koʻrib ruhlanadi. Kammu buddaviylikni ham milliy, ham shaxsiy maqsad yoʻlida yoqlar edi. U ikki dono rohib — Saicho va Kukay Xitoyga taʼlim olishga yuboriladi. Ikkovi ham Yaponiyaga qaytganida yapon buddaviyligining yangi mazhabiga asos soladi. Saicho Tenday, Kukay esa Shinjon oqimini yaratadi. Garchi Xitoydan kirib kelgan ikki mazhab oʻziga xos yaponcha uslubda rivojlansa-da, Nara davridagi Buddaviylik goʻyoki Tang Xitoyidagi buddaviylikdan koʻchirib keltirilganga oʻxshardi. Saicho va Kukay mazhab qarorgohi sifatida Xey togʻidagi Enryaku ibodatxonasi va Koya tog‘ida joylashgan Konjobu ibodatxonasi tanlanadi. Bu ikki mazhab keyinchalik yapon buddaviyligining asosiy oqimini tashkil etadi.
Kammudan keyingi imperatorlar uning siyosatini davom ettiradi. Jamiyat 150 yilga yaqin osoyishtalikda umrguzaronlik qiladi. Bu davrda hukumatning rasmiy jihatiga ehtiyotkorlik bilan amal qilingan. Huquqiy kodekslarni toʻldirish, tarixiy manba yozish va tanga zarb etish kabi ishlarning barchasi avval sodir boʻlgan voqeaga mos ravishda amalga oshib borar edi. Biroq ijtimoiy voqelik oʻta tartibsiz, qogʻozdagi qonun va amaldagi voqealar oʻrtasidagi farq esa borgan sari koʻzga koʻrinib borayotgan edi. Aholini roʻyxatga olish asosida taqsimlash tizimini olib borish qiyinligi, natijada hukumat daromadining kamayib borayotgani tufayli Ritsuryo tizimi negizi parchalana boshlaydi.
X asr boshida kiritilgan ikki oʻzgarish davlat byudjetini vaqtinchalik qoʻllab-quvvatlagan. Keyinchalik kuchli hokimiyatni yoqlovchi Ritsuryo tizimi ideali yanada chuqurroq yemiriladi. Birinchidan, davlat jismoniy shaxslarga emas, balki yer birliklariga qarab soliq solishga qaror qiladi. Hukumat sholizorlarga asoslanib, soliq birligini o‘rnatdi, ular orqali ijara va majburiy mehnat osongina baholanishi mumkin edi. Ikkinchidan, markaziy hokimiyat viloyat ishini boshqarishdan voz kechib, bu yumush viloyat hokimlariga (hozirda zuryo — soliq menejeri deb atalmoqda) hamda mahalliy rasmiylarga (zaicho kandzin) yuklatildi. Ular asosan Xeyanga belgilangan soliqni yuborish uchun masʼul boʻlgan. Endi har bir viloyatda soliqqa tortiladigan davlat yeri (koden) miqdorini hisoblash osonlashganiga qaramay, bunday katta hokimiyatni hokimlarga ishonib topshirish vazifaning suiisteʼmol qilinishga ayniqsa soliqdan holi hudud miqdori oshishiga imkon yaratadi. Shu tufayli ham Xeyan jamiyati Ritsuryo gʻoyasidan ogʻa boshlaydi.
Rasmiy lavozimga tayinlov Ritsuryo talabi asosida kechardi. Biroq chinakam hokimiyatning kodeksdan tashqarida yaratilgan, yangi lavozimga koʻchib oʻtgani qonun va haqiqiy voqelik oʻrtasidagi farqning yana bir yaqqol koʻrinishi boʻla oladi. Imperator kotib va arxivchisi — kurodo hamda keyinchalik jinoyatni tergov qilish va jazo tayinlash vakolatini oʻziga olgan imperator politsiyasi — kebishi lavozimlari IX asrda yaratilgan bunday mansablarning ilk ikki namunasi boʻlgan. Sessho (muvaqqat hukmdor) hamda kampaku (bosh maslahatchi) mansabi esa kodekslardan tashqarida yaratilgan eng muhim ikki lavozimlar edi. Bu ikki atama odamlar orasida sekkan (vaqtinchalik hokimiyat) qisqartmasi bilan tanilgandi. Sesshoning asl vazifasi imperator kichikligida davlat ishlari bilan shugʻullanish boʻlgan. Kampaku esa imperator balogʻatga yetganidan soʻng ham davlat ishiga aralashgan. Ikkala lavozim ham imperator tomonidan bevosita boshqaruvga asoslanuvchi Ritsuryo tizimida koʻzda tutilmagandi.
Ilk Xeyan davriga qadar hukmdor etib, faqatgina balogʻatga yetgan shaxslar tayinlangani uchun “bola imperator” haqida hech kim oʻylab ham koʻrmagan edi. Biroq IX asr oʻrtasiga kelib, 9 yoshli Seyva taxtga kelganidan soʻng uning ona tomondan bobosi Fujivara Yoshifusa bir vaqtlar imperator oilasi aʼzolari, masalan, imperator Jingu va shahzoda Nakano Oe hamda shahzoda Shotokular egallagan lavozimga asoslanib, Sessho lavozimini tayin qiladi. Yoshifusa oʻgʻli Mototsune keyingi imperator — Yozey bolaligida Sessho boʻladi, imperator Uda davrida esa kampaku lavozimini joriy etadi. Shunday qilib, Fujivara oilasi aʼzolarining sessho va kampaku mansabini egallash anʼanasi paydo boʻladi. Biror shaxs sekkan lavozimini egallash uchun qizini imperator oilasiga turmushga berishi va imperator etib shu nasl davomchisi tayinlanishi zarur edi. Boshqacha qilib aytganda, imperatorning ona tomondan bobosi yoki qaynotasi boʻlish bu lavozimga erishishning zaruriy talablaridan edi.
Ilk Yamato hukmdorlarining ona tomondan qarindoshlari (ayniqsa sogalar) saroyda muhim kuchga ega boʻlgani tufayli Fujivara oilasi uchun bu holat deyarli yangilik hisoblanmaydi. Fujivara davrida tizim oʻzining yuksakligi va mukammalligi choʻqqisiga erishadi. Ushbu murakkab tizim saroyda Fujivara oilasi tomonidan boshqa xonadon vakillarining doimiy ravishda quvib chiqarilishi yoki ulkan Fujivara urugʻi ichidagi kelishmovchilikka sabab boʻlgan.
Sugavara Michizanening vazirlik lavozimidan chetlatilib, Kyushu oroliga surgun qilinishi Fujivaralar boshqa oila vakillarini badargʻa qilganining eng yorqin misolidir. Ziyolilar oilasida tugʻilgan Michizane taniqli olim boʻlgan. Xitoycha sheʼr va nasriy asarlar yozishda qobiliyatli boʻlgani tufayli u hatto xitoylik adiblar bilan ham raqobatlasha olgan. Michizanening iqtidorini payqagan imperator Uda, garchi imperatorga hech qanday aloqasi boʻlmasa-da, Fujivara oilasining obroʻsini toʻkishga uringani uchun uni alohida eʼtirof etadi. Uda Michizane hamda Fujivara Tokihirani hukumat lavozimlariga tayinlaydi.
899-yilda Uda voris imperatori — Daygo esa bir vaqtning oʻzida ham Tokihirani, ham Michizaneni oliy vazir martabasiga koʻtaradi. 901-yilda Michizane taʼsir doirasiga hasad qilgan Tokihira Daygoga (uning Fujivara oilasiga xayrixohligi bor edi) Michizanening xiyonat rejasi toʻgʻrisida yolgʻon maʼlumot yetkazadi. Shunday qilib, Michizane Kyushudagi vazirlik lavozimiga tushirilib, u va oilasi surgun qilinadi.
IX asrdagi madaniyat VIII asr madaniyati davomi bo‘lgan, chunki uning ham asosi xitoy tili hisoblangan. Ziyolilar orasida xitoycha nasr va nazm yozish urf boʻlgan. Zodagonlar kundalik turmushida ham Xitoy anʼanasiga kuchli hurmat koʻrsatilgan. Buddaviy rohiblar hali nomaʼlum boʻlgan bitik va ikonografik (shaxs yoki syujetli koʻrinishni tasvirlashda belgilangan tipologik belgilar) suratlarni olib kelish uchun Xitoyga sayohat qilishda davom etardi. Biroq IX asr oxiriga kelib, muntazam ravishda elchilar yuborish uchun sarflangan xarajat hamda Tang imperiyasining parchalanishi bilan bogʻliq siyosiy tartibsizlik tufayli Yaponiya Tang sulolasi bilan rasmiy aloqani uzadi. Umuman olganda, endi yapon saroyida taqlid qilishga arziydigan namuna qolmagan edi, andoza olishga endi zarurat ham yoʻq edi. Tang uslubiga yaponcha elementlar qoʻshilib-qoʻshilib, sekin-astalik bilan yangi madaniyat shakllana boshlaydi. X asrga kelibgina, bu gʻoya kuchli oqimga aylanadi.
X–XI asr davomida Fujivara urugʻining shimoliy hududdagi avlodlari sessho va kampaku lavozimlarini monopollashtirish orqali hukumatni nazorat qilishda davom etadi. Xazinasiga oqib kelayotgan boylik esa farovon yashashga sharoit yaratardi. Fujivara Mitinaga (966–1028-yillar) davri eng katta muvaffaqiyat davri sifatida qaraladi. Uning 4 qizi 4 imperatorning turmush oʻrtogʻi boʻladi, 3 nafari nabirasi esa imperator etib tayinlanadi. Oʻsha davrdagi hukumat namunaga asoslangan boʻlib, saroy — tantanali marosimlar markaziga aylanib qolgandi. Yerga egalik qilish va aholi toʻgʻrisidagi Ritsuryo tizimi nomigagina saqlanib qolgan, yerlar xususiylashtirilgan, odamlar esa erkin fuqaroga aylangan edi.
X asr boshidagi moliyaviy oʻzgarish ishlab chiqarish sohasiga yetarlicha sholizorlar keltirmagani uchun soliqlar yuqoriligicha qolavergan. Xalq byudjeti, yaʼni Xeyan zodagonlar daromadi kamayishda davom etar, yangi xususiy yerni izlashga ragʻbat kuchaygandi. Xususiy yer egalari “syoen” (yer-mulk) deb atalib, ular Ritsuryo tizimi qabul qilinishi tufayli ishlov beriladigan sholizorlar asosida paydo boʻlgan. Nara davrida hukumat yangi yerlar ochishni ragʻbatlantirgani sababli ibodatxonalar, shuningdek, ixtiyorida mol-mulki boʻlgan zodagonlar yangi hududni oʻzlashtirishga shoshiladi. Shundan soʻng ular qoʻlida katta xususiy yer toʻplanib qoladi. Aslini olganda, xususiy yer soliqqa tortilgan, biroq syoen egalari soliqdan ozod boʻlish maqsadida turli usul ishlab chiqqani uchun sekin-astalik bilan Xeyan davrining oʻrtasiga kelib, syoenlarga soliq solinmaydigan boʻladi.
Syoenlarning bu tarzda oʻsib borishi hukumatga jiddiy xavf tugʻdirardi va shu sababli ham yangi yer mulki shakllanishini tekshirishga qaratilgan farmonlar ishlab chiqiladi. Ammo ular avvaldan mavjud boʻlgan syoen maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi va shu turdagi yer koʻpayishini toʻxtata olmaydi. Axiyri 1069-yildan 1045-yilgacha barpo etilgan barcha mulkni tan oluvchi farmon eʼlon qilinadi. Syoen yozuvini oʻrganib chiquvchi idora tashkil etiladi va xususiy mulk toʻplash qonuniylashtiriladi. Syoen egalari davlatni tashkil etgan, yuqori lavozimli amaldorlar boʻlgani tufayli vaziyatni oʻzgartirish deyarli ilojsiz edi.
Poytaxt atrofidagi zodagon va ibodatxonalarning xususiy yeri soliqdan ozod qilingan boʻlsa-da, viloyatda yashovchi qudratli oilalar bunday imkoniyatdan mahrum edi. Shu sababli ham ular oʻz mulkini imperator oilasi yoki zodagonlarga inʼom etib, ular bilan shartnoma tuzishga erishadi. Shartnomaga koʻra, yer imperator oila aʼzosi yoki zodagonlar nomiga oʻtsa-da, undan foydalanish huquqi viloyatliklarda qolar edi. Bunday kelishuv tufayli zodagonlar mol-mulki, shunga nisbatan daromadi ham muntazam oshib bordi. Fujivara oilasi syoenlari ayniqsa XI–XII asrlarda juda kengayadi.
Zodagonlar oʻz yeridan tushgan foyda evaziga dabdabali hayot kechirayotgan bir vaqtda hududda yangi kuch — jangchi, yaʼni samuraylar sinfi ilk qoʻzgʻolonini boshlayotgan edi. Yuqori davlat idoralaridagi Fujivara monopoliyasidan norozi boʻlgan imperator xonadonining yosh vakillari va quyi lavozimdagi zodagonlar viloyatlarda mahalliy amaldor lavozimini egallab, oʻsha yerda muqim oʻrnashar va hokimiyat oʻrnatar edi. Ular oʻz hududini qoʻriqlash yoki kengaytirish uchun mahalliy aholini (ayniqsa, zaicho kanjinlar) xizmatga yollay boshladi. Mahalliy amaldorlarning ko‘pchiligi asrlar davomida harbiy sanʼat bilan shugʻullanib kelgani tufayli viloyatdagi koʻplab qudratli asilzodalar ulkan qurolli kuch barpo eta oladi. Natijada haqiqiy jangovar qobiliyat va yetarlicha muxtoriyatga ega bunday kishilar bilan sodir boʻlgan oʻta kichik koʻngilsiz voqea qurolli toʻqnashuvrga aylanib ketishi mumkin edi.
Taira Masakadoning (940-yilda vafot etgan) Kanto tumanidagi qoʻzgʻoloni hamda Fujivara Sumitomoning (941-yilda hayotdan koʻz yumgan) gʻarbiy Yaponiyada oʻtkazgan gʻalayoni viloyatlarda oʻz nazoratini kengaytirgan jang guruhlariga misol boʻla oladi (Masakado bir vaqtlar naq 7 ta viloyatda oʻz nazoratini oʻrnatgan edi). Hukumat bu qoʻzgʻolonni bostirishga muvaffaq boʻlgan boʻlsa-da, u davlat obroʻsini tushirish va viloyatlarning xonavayron boʻlishiga katta taʼsir oʻtkazadi.
Mahalliy yozuv — kana boʻgʻinlarining paydo boʻlishi natijasida X asr davomida sof yapon madaniyati shakllandi. Bu vaqtgacha Yaponiyaning oʻz yozuvi boʻlmagan. Grammatik jihatdan umuman farq qilsa-da, xitoycha ideogramma yapon tilidagi soʻzlar maʼnosi va talaffuzini ifodalashda qoʻllangan. Ammo oʻsha davrning savodli erkak va ayollari maʼlum bir xitoycha belgini soddalashtirish orqali sekin-astalik bilan sof fonetik boʻgʻin yozuvidan foydalana boshlagan. Xitoycha belgilarni qisqartirish yordamida yana yangi yozuv turi yaratilgan. Mos ravishda hiragana va katakana deb nomlangan bu ikki yozuv — yapon tilining toʻla erkinlik bilan yozilishiga imkon yaratgan. Mazkur kashfiyot Yaponiya tarixini ifoda etish boʻyicha muhim hodisa sanaladi. Kana tufayli nasr va nazmga tegishli juda koʻplab asarlar yapon tilida yaratila boshlandi.
Fujivara oilasi qiz farzandlari bu borada eʼtiborga molik boʻlgan. Oʻsha davrning zodagon hukumati boʻlmish bu oila qizlari imperatorlarning turmush oʻrtoqlari boʻlib, taʼlim va husnixatda bir-biri bilan raqobatlashadigan, iqtidorli ayollar qurshovida edi. Rasmiy hujjatlarni “tayoqchali” Xitoy tilida tuzuvchi erkaklar hiragana yozuvidan deyarli foydalanmagan, biroq bu yozuv ayollarga adabiyotda oʻz asarlarini yaratishga imkoniyat taqdim etgan. Jumladan, Murasaki Shikibuning “Genji haqida ertak” (Genji monotagari) romani hamda imperator Sadakoning kanizagi boʻlmish Sey Syonagonning saroy hayotidagi yorqin sahnalar tasvirlangan “Yostiq kitob” (Makura no sōshi) asari bugungi kunda dunyo adabiyoti durdonasi sanaladi.
Xeyan davriga kelib, Manyoshuda topilgan, turli xil sheʼriy uslubga ega kitoblar vaka nomli bitta shaklga keltirilgandi. 31 boʻgʻindan iborat — vaka zodagonlar kundalik hayotining ajralmas qismi boʻlib, shoirlik qobiliyati saroy aʼzolari uchun muhim muvaffaqiyat hisoblangan. Mahorat bilan bitilgan sheʼriy asarlarga berilgan baho tufayli imperator buyrugʻi bilan sheʼrlar turkumining birinchi antologiyasi — “Kokinshu” (yoki “Kokin vakasyu”) jamlandi. Sheʼr yozishga boʻlgan ishtiyoq shu qadar kuchli ediki, asilzodalar orasida rasmiy va norasmiy sheʼriyat musobaqalari uyushtirish ommalashgandi. Mavqe hattoki sevgi munosabati ham insonning sheʼr yozish mahoratiga bogʻliq boʻlib qolgan edi.
Sof yapon fazilatini rivojlantirishga qaratilgan xuddi shunday intilish buddaviylikda ham aniq namoyon boʻla boshlagandi. Tenday va Shinjon mazhablari bir qator iqtidorli rohiblarni yetishtirib, diniy oqim sifatida rivojlanishda davom etadi. Biroq saroy va amaldorlarga chambarchas bogʻliq boʻlgan bu mazhablar sof diniy maqsad hisobiga dunyoviy mol-mulk orttirishga kirishib ketgandi. Oddiy aholida najot istagini uygʻotish buddaviylikning “Sof yer”— Jodo mazhabi zimmasida qoladi.
XII–XIII asrga kelib, alohida mazhab boʻlib ajralib chiqqan “Sof yer” buddaviyligi Amida (Amitabha yoki “Cheksiz nur Buddasi”) jannati — oʻlimdan keyingi dunyo ulugʻvorligini tasvirlab, mazkur jannatda qayta tugʻilish uchun foniy dunyo iflosligidan voz kechishga chaqiradi. Bu oqim eski tartib parchalanayotgan bir vaqtda mukammal najot umidi boʻlib koʻringan edi. Xeyan davri oxiriga kelib, jamiyatning parchalana boshlashi hamda zoʻravonlik yoyilishi natijasida Jodo mazhabi mashhurlikka erisha boshladi. “Sof yer” dini murakkab nazariya hamda zohidlik amallaridan xoli edi. Qayta tugʻilish uchun faqatgina Amida nomiga ibodat qilib, uning ilohiylik belgilari xususida mulohaza yuritish zarurligi oʻqitilardi. Ayni shunday oʻqitish esa sanʼat ustalarini haykaltaroshlikda ham, rassomchilikda ham Amidaning tasvirlarini yaratishga ilhomlantiradi. Chehrasi muloyimligi va ridosining yumshoq egilgan burmasi Buddaning bir asr avvalgi qoʻpol haykallaridan juda katta farq qilib, haqiqiy yapon didini ifoda etardi.
Madaniyatni yaponlashtirishga yana bir misol, “yamatoe” (yaponcha tasviriy sanʼat) nomli uslubni koʻrsatish mumkin. Koʻplab yamatoelar dunyoviy yumushni o‘zida aks ettirgan, masalan, Sugavara Michizane karyerasi yoki “Genji haqida ertak”, saroy aʼyonlari xulqini yorituvchi satirik asarlar ham shular jumlasidan. Oʻsib borayotgan yapon madaniyatining mustaqillik belgilari har bir sohada yaqqol namoyon boʻla boshladi. Ikki asr ilgari ilk marta materik madaniyatini oʻzlashtirish bilan boshlangan moslashish jarayoni yakuniga yetay deb qolgan edi.
Monax-imperatorlar hokimiyati
Fujivara muvaqqat hukmdorlari tomonidan egallangan, qudratli hokimiyatni ketma-ket imperatorlar bilan bogʻliq onalik munosabati taʼminlaydi. Ushbu zanjir yoʻqolgach, ular qudrati zaiflashishi kerak edi. Bu hodisa Xeyan davri oxirida sodir boʻladi. 1068-yilda imperator Go-Sanjo taxtga oʻtiradi. U bir asrdan koʻp vaqtdan soʻng fujivaralar qizining farzandi boʻlmagan ilk suveren edi. Michinaga oʻgʻillari — Yorimiti hamda Norimiti ikkisi ham qizlarini imperatorlarga turmushga bergan boʻlsa-da, bu birlikdan fujivaralarga aloqasi boʻlmagan merosxoʻr dunyoga keladi. Natijada hukmdorlikka astoydil tayyorgarlik koʻrib ulgʻaygan Go-Sanjo Fujivara regentlarining kuchli nazoratidan holi tarzda davlatni boshqara boshladi. Uning siyosati, jumladan, syoenni tartibga solish toʻgʻrisidagi farmoni davlatning zaiflashgan iqtisodiyoti, shuningdek, imperator oilasining xazinasini ham mustahkamlash uchun moʻljallangan edi.
Atigi 4 yillik hukmdorlikdan soʻng Go-Sanjo taxtdan voz kechadi. Avvalgi imperatorlar oʻrnatgan odatga muvofiq, isteʼfodagi imperator (in no cho) lavozimini tashkil qiladi. Go-Sanjo hatto nafaqada ham siyosatda ishtirok etishni, ayniqsa, imperator taxti vorisligini Fujivara boʻlmagan oʻgʻillariga yoʻnaltirishni istagani sababli uning davri odatda isteʼfodagi yoki tarki dunyo qilgan imperatorlar boshqaruvining majmui sifatida tilga olinadi. Go-Sanjo taxtdan voz kechganidan koʻp oʻtmay vafot etadi. Lekin undan keyingi 3 hukmdor — Shirakava, Toba va Go-Shirakava imperator sifatida ham, keyinchalik nafaqadagi imperator sifatida ham yanada samaraliroq suveren hokimiyat yuritadi. Shu tariqa Yaponiyadagi hukumat nazorati Fujivara muvaqqat hukmdorlaridan XI asr oxiri va XII asrda sahna ortidagi haqiqiy hokimiyatga ega — monax-imperatorlar qoʻliga oʻtadi.
Isteʼfodagi barcha imperatorlar buddaviylik qasamyodini ichgani hamda zohidlarga aylangani tufayli insey (monastir hokimiyat) nomi bilan tanilgan bu tizim Fujivara hukmdorlari boshqargan uslubdan sezilarli darajada farq qilmagan. Insey Ritsuryo tizimining byurokratik idorasiga asoslanib, boshqaruv huquqini ona tomondagi qarindoshdan ota tomondagi qarindoshga oʻtkazdi. Qarorlar yuqori martabali oqsuyaklarning kichik guruhi doirasida qabul qilinishda davom etardi. Biroq endi bu guruhning asosiy qismi Fujivara hukmdorlari emas, balki nafaqadagi imperator tarafdorlaridan iborat edi. Avvallari taxtdagi hukmdor “qoʻgʻirchoq podshoh” sifatida koʻrilgan boʻlsa, endi bu lavozim ustidan nazorat yana imperator oilasiga qaytgan edi. Bu esa hukmdorlik manfaati uchun raqobatni yanada kuchaytiradi.
Shirakava, Toba va Go-Shirakava garchi “sahna orti” da toʻlaqonli qudratga ega imperator maqomiga erishgan boʻlsa-da, monax-imperatorlik tizimi uzoq vaqt davom etdi. Insey imperator xonadoni xazinasining jonlanishini ifoda etgan. Uy xoʻjaligining joʻshqin tashkil etilishi, zodagon tarafdorlarini jalb qilish qobiliyati va syoen egalarini xayrixoh qilish orqali xonadon boyligi keskin oshib ketadi. Xeyan davri oxiriga kelib, imperator oilasi eng katta syoen egasi sifatida Fujivara xonadonini tanazzulga uchratadi.
Hukmdorlarni bogʻlab turuvchi jihat — nafaqaga chiqqan barcha suverenlar buddaviylik ruhoniysi boʻlib, buddaviylik taʼlimotini nazariy tomondan hurmat qilgan holda davlatni boshqargan. Amalda esa isteʼfodagi imperatorlar dabdabali ibodatxonalar qurishga eʼtiborini qaratgan koʻrinadi. Imperator xonadoni qoʻllab-quvvatlovchilari taqdim etgan syoen ibodatxonalarga hadya qilingan. Buddaviylikning sekulyarizatsiyasi shiddat bilan davom etardi. Ushbu din hisob-kitobiga koʻra, soʻnggi Xeyan davri “oxirgi kunlar” (mappō) hisoblangan, bu davrda najot uchun buddaviylik ilohi yoki taʼlimotidan boshqa narsaga ishonch bildirishning iloji yoʻq edi. Koʻplab zodagonlar koʻmak umidida ibodatxonalar qurishga ehson qilgan yoki ilohiy qasam ichib, ibodatxonada yashagani ketgan. Bu joy keyinchalik siyosiy intriga markaziga aylangan.
Imperator oila aʼzolari hamda sobiq asilzodalar din olamidagi eng oliy martabani egallab olgandi. Bu holat oddiy aholining muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini yopib qoʻydi. Ibodatxonalardagi quyi darajali rohiblar esa koʻp holda shu sabab yuzasidan oʻz xoʻjayinidan norozi boʻlardi. Biror jiddiy shikoyat yuzaga chiqadigan boʻlsa, ular birgalikda poytaxtga borib, bevosita saroyga murojaat qilar va talablarini qabul qildirishga urinardi. Hatto nafaqadagi imperatorlarning eng qudratlisi — Shirakava ham ular harakatini Kamo daryosi suvi, shuningdek, shashqol toshi kabi nazorat qilib boʻlmaydigan kuchning uchinchisi, deb baholagani bu kishilar keltirib chiqargan baʼzi koʻngilsizlik haqida tasavvur hosil qilishi mumkin. Rohiblar ham himoya uchun qurolli kuchga murojaat qilishdan tortinmadi. Bu davr shunday ediki, baʼzi ruhoniylar goʻyoki hayotning barcha shakliga rahmdillik va hurmat koʻrsatsa-da, ochiqchasiga qurol koʻtarib, xunrezlik amalga oshirishi mumkin edi.
Jangchi sinfning yuksalishi
Yuqorida taʼkidlanganidek, zodagonlar boshqaruvining eng choʻqqisiga chiqqan — samuraylar soʻnggi Xeyan davrida viloyatlarda hokimiyat oʻrnatgan. Ular sekin-astalik bilan poytaxt ichki yoki atrofiga yigʻilib, ehtimoliy qoʻzgʻolonning avj olishiga qarshi davlatning harbiy ehtiyojini qondiradi va yirik oqsuyak xonadonlarda tansoqchilik qiladi. Ushbu samuraylar ichida eng koʻzga koʻringani Minamoto (yoki Genji) oilasi tarmogʻi boʻlib, ular imperator Seyva hamda Taira (Heike) oilasi naslidan kelib chiqqan, ildizi esa imperator Kammuga borib taqalardi. Seyva Genjilar Mitinaga muvaqqat hukmdor boʻlishidan avval ham bir qancha fujivaralar tarafdori sifatida oʻrnini mustahkamlagan edi. Ular XI asr oʻrtasida Shimoli-sharqiy Yaponiyada boʻlib oʻtgan isyonni bartaraf etganidan soʻng jangari urugʻ sifatida ancha shuhrat qozondi.
Minamotolar gʻolib yetakchisi Yoshie xalq ichida eng koʻp olqishga sazovor jangchiga aylandi. Koʻplab mahalliy arboblar ixtiyoriy tarzda unga sodiqlik qasamini ichib, himoya evaziga unga yer taqdim etadi. Yoshiening toʻsatdan hokimiyat tepasiga kelishi saroy ahlini unga ehtiyotkorona munosabat koʻrsatishga, hatto boʻlajak tarafdorlarning unga yer-mulk taqdim etish imkoniyatini cheklab qoʻyishga majbur qiladi. Tairalar esa ushbu nisbiy cheklovdan oʻz boyligini orttirishda foydalanib qoladi.
Taira oilasi dastlab Kanto tumanida joylashib, taʼsir doirasini kengaytiradi. Biroq Taira Masakadoning magʻlubiyatidan soʻng muvaffaqiyatsizlikka yuz tutgan edi. Keyinchalik Masakado avlodi Tadatsunening Kanto tumanida uyushtirgan qoʻzʻgʻoloni tufayli oʻz mavqeini butunlay yoʻqotadi. Imperator oilasi tiklanishi bilanoq tairalar nafaqadagi imperatorlarga xushomad qilishni boshlaydi. Taira Masamori va uning oʻgʻli Tadamori bir qancha gʻarbiy viloyatlarda gubernator boʻlib xizmat qilar, hududlarda oʻz hokimiyatini qurgandi. Ular koʻplab ibodatxonalar barpo etib, ularni inʼom etish orqali isteʼfodagi imperatorlarning ibodatxona loyihasiga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, Tadamori boylik orttirish maqsadida Xitoydagi Song sulolasi bilan savdo-sotiq ishini yoʻlga qoʻyadi. Tairalar nafaqadagi imperatorlar tarafdori boʻlgani sababli ularning ijtimoiy mavqei barqaror oʻsib boradi, Tadamorining oʻgʻli Kiyomori esa zodagonlar safiga qoʻshiladi.
Imperator xonadoni va regent fujivaralar oʻrtasidagi kelishmovchilik, zodagonlarni Minamoto va Taira oilasi jangchilaridan iborat ikki guruhga ajratib yuboradi. Nihoyat bu ikki guruh 1156-yilda Kyotoda bo‘lib oʻtgan Xogen toʻntarishida toʻqnash keladi. Ziddiyat kichik miqyosda boʻlib, bir tunlik jangdan soʻng natija aniq boʻlgandi. Lekin bu saroy ahlining yirik nizoni ham jangchilar kuchiga tayanmasdan hal qila olmasligini koʻrsatib bergani uchun katta ahamiyatga ega edi. Ikki muvaffaqiyatli Xogen generallari — Minamoto Yoshitomo hamda Taira Kiyomori oʻrtasida manfaat uchun bahs qizib borardi. Undan keyin 1159-yilgi Heiji qoʻzgʻolonida esa bu ikki jangchi urugʻi bir-biriga qarshi kurashdi. Minamotolar butunlay magʻlub boʻlib, Taira Kiyomori hududdagi eng yirik kuchga aylanadi. Kiyomori garchi oʻrta darajali, viloyat jangchilar oilasida tugʻilgan boʻlsa-da, harbiy zodagon boʻlib yetishadi va siyosiy sahnada fujivaralar tutgan yoʻl orqali hukmronlik qiladi.
Heiji qoʻzgʻolonidan keyingi 20 yil davomida Kiyomori va uning qarindoshlari sekin-astalik bilan saroyni egallab oladi. Avvaliga nafaqadagi imperator Go-Shirakava vasiyligi ostida boʻlgan boʻlsa, oxir-oqibat 1179-yilda homiylar qoʻlidan hokimiyatni tortib oladi. Kiyomori oʻzi bosh vazir (dajo-daijin) lavozimini egallaydi, boshqa koʻplab idoralardagi lavozimlar ham shu xonadon vakillaridan tayinlanadi. Uning barcha qizlari qudratli zodagon oilaga turmushga chiqadi, hatto bir qizi imperator Takakura rafiqasiga aylanadi.
Bu ikki sulola birlashuvidan tugʻilgan shahzoda — imperator Antoku nomi bilan 1180-yilda taxtga oʻtirganidan soʻng Kiyomorining qudrati yanada oshib ketadi. Bu voqea imperatorning ona tomon urugʻi hukumat tepasiga qaytganini anglatardi. Kiyomori Fujivara oilasiga mansub boʻlmagani uchun muvaqqat hukmdor lavozimini egallamagan boʻlsa-da, uning hukmronligi ham oʻzining keskin jihatiga ega edi. Masalan, u birgina harakati bilan 42 nafar saroy amaldorini lavozimidan ozod qilib, surgunlikka yuboradi, Todai hamda Kotuku ibodatxonalari kabi muammoli joyni yer bilan yakson qiladi. Biroq uning ichki dengiz yoʻlini taʼmirlagani hamda Xitoydagi Song sulolasi bilan savdo-sotiqni ragʻbatlantirishi (tairalar shuning orqasidan boyigandi) kabi uzoqni koʻzlovchi maqsadlari Kiyomoroni Fujivara muvaqqat hukmdorlaridan ajratib turuvchi xususiyati boʻldi. Shunga qaramay, Kiyomori va qarindoshlarining saroydagi oʻzboshimcha faoliyati qarshi munosabat uygʻotmay qolmadi.
Tairalar poytaxtda taraqqiy etayotgan bir davrda Minamoto avlodlari viloyatlarda xotirjamgina kuch toʻplay boshladi. Oxir-oqibat Yoritomoning quvgʻinda ulgʻayib, omon qolgan, eng katta oʻgʻli — Yoritomo imperatorlikka tayinlanmay qolgan shahzodani sharqiy Yaponiyadagi Minamoto va boshqa yirik jangchi oilalar bilan gʻalayonda birlashishga chorlaydi. 1180-yildagi ilk isyondan to Xonshuning janubiy burni Dannouradagi Gempey (Gendzi va Xeyke) nomli soʻnggi dengiz jangiga qadar davom etgan nizo, Yaponiyada misli koʻrilmagan miqyosda boʻlib oʻtadi. Yoritomoning oʻzi 5 yil davomida jangchilarni yollash, nazorat va mukofot institutini tashkil qilish hamda strategiya tuzish bilan shugʻullangan.
Yoritomo oʻz ukalari — Yoshitsune va Noriyori hamda jiyani — Yoshinakalarga Kyotoga hujum qilib, Taira boshchiligidagi saroy kuchiga qarshi kurash olib borishni ishonib topshiradi. Bu jang odatda oddiygina Taira-Minamoto nizosi deb tasvirlansa-da, Gempey urushi aslida urugʻlar oʻrtasidagi hamda ularning ichki mojarolari hisoblangan, bundan tashqari markaziy nazorat va mahalliy muxtoriyat kuchlari oʻrtasidagi kurash urugʻlar oʻrtasidagi raqobatning katta bayrogʻi ostida birlashgan edi. Bu jang odatda oddiygina Taira-Minamoto nizosi deb tasvirlansa-da, Gempey urushi aslida urugʻlar oʻrtasidagi hamda uning ichki mojarosi hisoblangan. Bundan tashqari, markaziy nazorat va mahalliy muxtoriyat hokimiyatidagi oʻzaro kurash urugʻlar doirasidagi raqobatning katta bayrogʻi ostida birlashgandi.
Taira kuchlari dengizda soʻnggi bor tor-mor etilishi Minamoto va Taira oʻrtasidagi jangda kimning qoʻli baland ekanini ozmi-koʻpmi aniqlashga yordam berdi. Bu voqea Yaponiya tarixining muhim burilish nuqtasi boʻlib xizmat qilgan. Chunki Yoritomoning Kamakurada harbiy hokimiyat (bakufu, shuningdek, syogunat deb ham nomlanadi) oʻrnatgani samuraylar sinfi hukmronligining ibtidosidek, juda boʻlmaganda saroy ahli va zodagonlar qadimiy monarxiyasi tizimi intihosi sifatida koʻriladi. Bakufu (yaponchada “chodir hukumat”, yurishdagi jangchining dala qarorgohi nomidan olingan) 1868-yilda imperator hokimiyatida tiklanguniga qadar Yaponiyadagi siyosiy nazoratni qaysidir maʼnoda samarali tutib tura oldi.
Manba: britannica.com Muqova surat: wikipedia.org