3
Ulashish
999 marta koʻrilgan
701–718
Ritsuryo tizimi
Ritsuryo tizimi boshqaruv tuzilmasi boʻlib, “ritsu” — jinoyat kodeksi, “ryo” — maʼmuriy va fuqarolik kodeksini oʻz ichiga olgan. Bunday tizim Xitoyda uzoq vaqtdan buyon amalda boʻlgan. Yaponcha ritsuryo Xitoydagi Tang sulolasining luling tizimiga taqlid oʻlaroq tashkil etilib, undagi koʻplab moddalarni oʻz ichiga olgan. Mahalliy sharoit oʻzgartirishga ehtiyoj tugʻdirganida yaponlar ikkilanib oʻtirmadi. Bu hodisa ularning xorij madaniyatini oʻzlashtirish qobiliyatining ilk namunalaridan biri sifatida tan olinadi.
Bu xususiyat avvaliga qoralama koʻrinishida Tayka farmonlaridan oʻrin oldi. Keyinchalik sayqallanib, dastlab Tenji, keyin Temmu tomonidan Omi kodeksida va, albatta, yakuniy shaklda 701-yilda Tayho kodeksida, 718-yilda esa Yoro kodeksida oʻz ifodasini topgan. Masalan, ritsuryo tizimida Yaponiya imperatori maʼlum maʼnoda Xitoy imperatori kabi mutlaq monarx boʻlgan va byurokratik rahbar sifatida mamlakatni boshqargan.
Shu bilan birga, imperator ilohlarga hurmat bajo keltirish va ular irodasini anglash orqali oʻz yeri hamda aholisi uchun tinchlikni saqlab turuvchi oliy ruhoniy ham edi. Shu tariqa markaziy hukumat “egizak idoralar” tomonidan boshqarilgan. Ulardan biri hukumatning turli amaliy jihatini vazifa qilib olgan davlat kengashi (Dajokan) hamda ikkinchisi, ilohlarga ibodat qiluvchi parallel byurokratlar boʻlmish Tangrilar idorasi (Jingikan) edi.
Boʻlajak byurokratlar markaziy oʻquv yurtida oʻqishi va belgilangan imtihondan oʻtishi lozim edi. Vakolat muddati davomida ularning faoliyati yiliga bir marta nazoratdan oʻtkazilib, natijaga koʻra martaba va lavozim oʻzgarar edi. Amaldorlarni imtihon orqali tayinlash Xitoyning takomillashgan byurokratik tizimiga asoslangandi, ammo ritsuryo tizimi yuqori martabali va yaxshi oiladan chiqqan erkaklarga alohida imtiyoz yaratgani uchun xitoycha tizimga unchalik ham oʻxshamasdi. Bu esa ritsuryo tizimining yangi tamoyillari va tugʻilishga boʻlgan qadimiy hurmatning murosaga kelishida ahamiyat kasb etadi.
Provinsiyalar 3 xil maʼmuriy birlikka boʻlingan: kuni yoki koku (provinsiya), kori yoki gun (okrug), sato yoki ri (qishloq). Ular oʻz navbatida kokushi, gunji va riko tomonidan boshqarilgan. Kokushi sifatida markaziy byurokratiya aʼzolari, gunji va riko lavozimlariga esa taniqli mahalliy oila vakillari qoʻyilgan.
Odamlar ikkita asosiy guruhga boʻlingan: ozod inson va qullar. Qullar hukumat, zodagon, ziyoratgoh va ibodatxonalar mulki boʻlgan. Ular tinimsiz mehnat qilishga majbur boʻlgan boʻlsa-da, aholining atigi oʻndan bir qismini tashkil etgan. Ozod aholining asosiy qismi fermerlar edi. Har bir oʻgʻil bolaga 6 yoshida keyinchalik dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun sholizor taqsimlangan.
Soliq sholizordagi mahsulotdan undirilgan. Voyaga yetgan erkaklar esa bosh soligʻi toʻlagan. Sholichilik soligʻi past edi (hosilning taxminan 3 foizi), ammo ipak va kanop kabi mahsulotlar uchun toʻlanadigan bosh soligʻi kattagina boʻlgan. Bundan tashqari, mahsulotni viloyatlardan poytaxtga yetkazib berish soliq toʻlovchilarning zimmasida boʻlgan. Bu uzoqda yashovchi aholidan katta mehnat talab qilar edi. Voyaga yetgan erkaklar harbiy xizmatni oʻtashga va mahalliy kokushining buyrugʻi bilan yiliga 60 kun jamoat ishida qatnashishga majbur boʻlgan.
Hukumat moliyasi oddiy aholi beradigan soliqqa bogʻliq boʻlgani tufayli soliq odamlarga ogʻirlik qilib, toʻlamaslik uchun qochib ketsa, davlat daromadida keskin kamayish kuzatilgan. Temirchi, koʻnchi kabi ishlab chiqarishning boshqa sohalarida ishlovchilar eng quyi darajadagi, ozod odamlar boʻlgan. Ular asosan hunarni meros qilib olgan boʻlib, ajdodlari tovar koʻrinishida soliq toʻlagan yoki davlat ustaxonasida maʼlum muddat ishlab bergan. Umuman olganda, barcha yer davlatniki boʻlgan. Yerning asosiy qismi odamlar orasida teng taqsimlangan. Ammo maʼlum yillik hosilga ega boʻlgan yer amaldor va yuqori martabali kishilarga stipendiya sifatida, Shinto ziyoratgohi, buddaviylik ibodatxonalariga esa daromad manbai sifatida taqdim etilgan.
Sholizordan tashqari, boshqa yer odamlarga oʻzi xohlagandek foydalanishi uchun qoldirilgandi. Oshib borayotgan aholini taʼminlash uchun yangi sholi dalalar ochishga ehtiyoj tugʻiladi, lekin ritsuryo tizimi bu muammoni hal qilolmaydi. Murakkab soliq hamda taqsimot tizimi yangi sholizor ochishga zarur boʻlgan katta sarmoyani ajratishga xalaqit beradi.
Oxir-oqibat hukumat yangi yerni ochishni ragʻbatlantirishga majbur boʻladi. 743-yilda kim birinchi ekin ekishga tayinlangan boʻlsa, yer oʻshaning doimiy shaxsiy mulki etib tasdiqlovchi qonun eʼlon qilinadi. Natijada zodagon, ziyoratgoh va ibodatxonalar oʻzining xususiy hududini kengaytirish maqsadida yerida dehqonchilik qilishga kirishib ketadi. Ritsuryo tizimida yerga davlat mulki sifatida qarash tamoyili asosiy qonun edi. Bu tamoyil parchalana boshlaydi va butun boshqaruv tizimi tobora boʻshashib boradi.
Manba: britannica.com
Muqova surat: pexels.com