4
Ulashish
841 marta koʻrilgan
710–784
Nara davri
710-yilda imperatorlik poytaxti Asukadan uncha uzoq boʻlmagan Naraga koʻchdi. Keyingi 75 yil davomida baʼzi oraliqni hisobga olmasa, Nara hukumat qarorgohi boʻlib qoldi. Keyingi imperator taxtga oʻtirganida poytaxtni oʻzgartirish kabi eski anʼanadan axiyri voz kechildi. Bu davr mobaynida Ritsuryo tizimida nazarda tutilgan, markazlashgan hukumat oʻz ishini yaxshi bajardi. Nara davri, shuningdek, hukumat tepasida xitoycha yoki buddaviylik bilimini egallagan kishilar turgan, noodatiy ijtimoiy harakat davri deb ham eʼtirof etiladi.
Davrning eng arzirli jihati madaniyat, ayniqsa buddaviylik madaniyatining gullab-yashnashi edi. Imperator Shomu hamda uning turmush oʻrtogʻi Komyo uni targʻib qilishda yetakchi boʻlgan. Bolaligidan boʻlajak imperator sifatida tarbiyalangan Shomu taxtga oʻtirishi zahotiyoq aholining barqaror turmush tarzini taʼminlash uchun qaygʻura boshlaydi. Buddaviylik eʼtiqodining shaxsiy baxt va mamlakat tinchligini taʼminlash vositasi ekanini anglagan imperator uni oʻz hukumatiga kirita boshlaydi.
U olib borgan chora-tadbirdan biri kokubunji deb atalgan viloyat ibodatxonasiga asos solish boʻlgan. Har bir viloyatda erkaklarga (kokubunji) va ayollar uchun (kokubun niji) monastirlar qurilgan. Unda 7 qavatli pagoda hamda Shakyamuni budda haykali mavjud edi. Har bir monastirda 20 ta rohib, ayollar ibodatxonasida esa 10 tadan rohiba boʻlishi zarur edi. Ularning doimiy vazifasi, muqaddas bitik oʻqib, xalq farovonligi uchun ibodat qilishdan iborat boʻlgan. Foniy dunyoda maʼmuriy va yuridik masalani hal qilish uchun viloyatlarda kokushi (hokim) boʻlgani singari ruhiy olamda ham xalqning maʼnaviy ehtiyojini qondirish uchun viloyatlar oʻrtasida teng taqsimlangan rohib va rohibalar guruhi rasman faoliyat yuritar edi.
Shomu amalga oshirgan yana bir tadbir Todaiji ibodatxonasining poytaxt kokubunjisi sifatida barpo etilishi edi. U yerga millatning oliy himoyachi maʼbudi hisoblangan Vayrochana buddasining bronzadan ishlangan ulkan haykali qoʻyiladi. Buyuk budda (Daibutsu) haykalining quyib ishlanishi nihoyatda murakkab vazifa edi, ammo imperator aholini loyihaga kamtarona boʻlsa ham hissa qoʻshishga va shu orqali uning inoyatidan bahramand boʻlishga chaqirdi. Natijada ulkan haykal ishlab chiqildi. Keyinchalik nurab qolgan boʻlsa-da, Naraning buyuk buddasi nomi bilan dunyoga tanilgan ushbu obida hali ham Todaiji ibodatxonasini bezab turibdi. Hukumat Naraga xitoylik ruhoniylarni ham jalb qilishga urindi. Ularning ichida eng katta ahamiyatga ega rohib, xitoylik Ganjin (xitoycha Jiianzhen) boʻlgan. U 6-urinishdan soʻng 753-yilda nihoyat Naraga yetib keladi va Toshodai ibodatxonasida Ritsu sektasiga asos soladi.
Shomu uchun mukammal hisoblangan buddaviylik hamda siyosat uygʻunligi imperator oʻlimidan soʻng muammo tugʻdiradi. Ibodatxonalar sekin-asta boylik yigʻishga kirishib ketadi, rohiblar yuqori siyosiy lavozimni egallab, dunyoviy ishga aralashishni boshlaydi. Zodagonlar oʻrtasida amalning bunday suiisteʼmol qilinishiga qarshi harakat paydo boʻldi. Uning yetakchilari Taika islohotida muhim oʻrin tutgan Nakatomi Kamatarining avlodi boʻlmish Fudzivara oilasi aʼzolari edi. Kamatari va uning oʻgli Fuxito (keyinchalik ikkisiga ham Fudzivara familiyasi berilgan) Ritsuryo tizimining asosi boʻlmish Tayho va Yoro kodekslari tuzilishini nazorat qilgan hamda yangi turdagi byurokrat-zodagon sifatida tanilgan edi. Bundan tashqari, Shomu hamda Fuhitoning ikkinchi qizi (imperator Komyo) oʻrtasidagi nikoh imperator oilasi bilan aloqalarga sabab boʻladi. Keyinchalik bu zamonaviy Yaponiyagacha boʻlgan davrni qamrab olishi kerak edi. Biroq oilaning Nara davridagi taqdiri har doim ham bir tekisda kechmagan.
Xususan, buddaviylikka boʻlgan eʼtibor oilaning hukumatga taʼsirini kamaytiradi. VIII asr oxiriga kelib, Shomuning qizi avval imperator Koken, keyin esa imperator Shotoku nomi bilan 2 marta taxtga oʻtiradi. Shotoku davrida ruhoniylik qilgan bosh vazir Dokyo mutlaq gegemonlikka erishadi. Fujivara zodagonlari hukumatda ruhoniylarning ustuvorligi millat kelajagiga raxna solishi mumkinligidan qoʻrqadi. Shotokuning oʻlimidan soʻng Dokyo quvilib, hukumat tepasiga buddaviylikka u qadar berilmagan yangi imperator — Konin keladi.
Imperator Kammuning ham fikri otasi Koninniki kabi edi. U Naradagi ibodatxonalar bilan aloqani uzish uchun avval poytaxtni Nagaokaga, keyin esa 794-yilda Xeyan (Xeyan-kyo, hozirgi Kioto) ga koʻchiradi. Ritsuryo tizimiga asosan hukumat qayta tashkil etiladi. Kammuning taxtga oʻtirishi hukumatning imperator Temmu avlodidan Tenji avlodiga oʻtishini ham ifodalaydi. Chunki yangi poytaxt Tenji hokimiyati boʻlmish Yamashiro provinsiyasida joylashgan edi.
Nara davridagi madaniyat
Buddaviylikka asoslangan madaniy taraqqiyot boshqa xalqlar bilan jonli almashinuv natijasi edi. Hukumat Tang saroyiga 70 yil ichida 4 marotaba rasmiy missiya yuboradi. Har bir missiyaga Xitoyda oʻqish uchun joʻnatilgan koʻp sonli talabalar hamrohlik qiladi. Bu davrga kelib, Tang nafaqat Xitoyning markaziy tekisligi, balki shimoldan Mongoliya va Sibirning ayrim qismi hamda gʻarbdan Markaziy Osiyoga qadar choʻzilgan katta imperiyaga aylanib ulgurgan edi.
Nara madaniyati ulkan xalqaro shahar — Tang davlatining poytaxti Changʻandan oʻzlashtirilgan boʻlib, oʻziga xos xalqaro koloritni namoyon etgan. Misol uchun, Todai ibodatxonasidagi buyuk budda sharafiga oʻtkazilgan marosim asli hindistonlik boʻlgan Brahman oliy ruhoniysi rahbarligak qilgan. Musiqa esa Sharqiy Osiyolik musiqachilar tomonidan ijro etilgan. Biroq baynalminal boʻlishiga qaramasdan, anʼanaviy yapon madaniy unsuriga ham hurmat koʻrsatilar edi. Ana shunday hurmatning yorqin namunasi sifatida Manyoshu (taxminan VIII asr atrofida) nomi bilan tanilgan yapon sheʼriy toʻplamini keltirish mumkin.
Antologiya 4500 ta qadimiy va oʻsha davr sheʼrlaridan iborat boʻlgan. Antologiya shoirlari jamiyatning barcha sinfi hisoblangan imperator hamda uning oilasi, zodagon va ruhoniylardan tortib dehqon, askar hatto yengiltabiat ayollarni ham qamrab olgan. Sheʼrlardagi manzara esa mamlakat tumanlaridagi goʻzallikni olqishlagan. Sheʼrlar erkak va ayol yoki ota-ona hamda farzand oʻrtasidagi muhabbat kabi asosiy inson mavzulariga bagʻishlangandi. Unda buddizm yoki konfutsiylik gʻoyasi deyarli ifodalanmagan, Yaponiyaning anʼanaviy ruhi bilan toʻlgandi. Antologiya keyingi Yapon madaniyati rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi.
Yaponiyaning eng qadimiy tarixiy manbasi boʻlmish Kojiki va Nihon shokining tugatilishi ham VIII asr boshiga toʻgʻri keladi. Ikkala asar ham oʻta ahamiyatli boʻlib, ancha qadim zamondan qolgan ogʻzaki va yozma manbaga asoslanib yozilgan. Afsona, xalq eʼtiqodi va keyinchalik tarixiy faktlar uygʻunlashgan bu ikki manba oʻta siyosiy tabiatga ega edi. Imperator oilasi hamda Quyosh ilohasi (Amaterasu) oʻrtasidagi aloqani eʼtirof etish orqali imperator xonadoni hukmronligining qonuniyligi yozma tarzda taʼminlanadi. Tarixchilar Yaponiya tarixini mil. av. 660-yildan boshlangan deb koʻrsatishi orqali koreys va xitoyliklar nazdida millat darajasini oshirishga uringan.
Manba: britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / worldhistory.org