Orqaga
Tayho kodeksi (milodiy 701-yil) – shu nomli eraning Nara davridagi maʼmuriy va jinoiy kodeks boʻlib, Xitoyning Tʼang sulolasi kodeksi asosida yaratilgan va 8-asr oxirigacha amal qilgan

572 marta koʻrilgan

VIII asr

Tayho kodeksi

Asuka davrining oxiriga kelib, Yaponiyada Tayho kodeksi kuchga kirdi. Tayho kodeksi Nara davrida, aniqroq aytadigan boʻlsak, milodiy 701-yilda yuzaga kelgan maʼmuriy va jinoiy kodeks hisoblanadi. Kodeks Xitoyning Tang sulolasi (618–907) oʻrnatgan kodekslar asosida shakllantirilgan va VIII asr oxirigacha amalda boʻlgan. Yaponiyada 662-yildan boshlab huquqiy kodekslar ishlab chiqila boshlagan, biroq ular orasida eng mashhuri aynan Tayho kodeksi boʻldi. Kodeksda markaziy hukumatni boshqarish organlarini tuzish asoslari ifodalangan. Unga koʻra, davlat markaziy hukumat tomonidan tayinlanadigan gubernatorlar (kokushi) boshqaradigan provinsiya (kuni), mahalliy dvoryanlardan saylanadigan tuman hokimi (gunji) boshqaradigan tuman (gun yoki kori) va oqsoqollar boshqaruvidagi 50 xonadondan iborat shaharchalarga boʻlingan. Kodeksda maʼmuriy qonunlar (ryo) bilan birgalikda hibsga olish va qamoqda saqlash masalalari bilan bogʻliq jinoiy javobgarliklar (ritsu) ham aks ettirilgan. Kodeksning asl nusxasi bizning davrimizga qadar yetib kelmagan boʻlsa-da, biroq uning mazmuni Yora kodeksida (718) saqlanib qolgan.

Tayho kodeksi mamlakatni maʼmuriy jihatdan qayta tuzishni belgilar edi. U shahzoda Osakabe, Fudzivara no Fuhito va Avata no Mahito rahbarligida 703-yilda tuzilgan. Tarixiy jihatdan u Ritsuryo-seylardan (VII–XI asrlarda markazlashgan Yaponiya davlatining siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimi) edi. Kodeks imperator Mommuning xohish-istagiga binoan yaratilgan. Oʻsha davrda boʻlib oʻtgan koʻplab oʻzgarishlar singari kodeksning yaratilishi ham Xitoyning Tang sulolasi hukumat tizimiga maʼlum darajada moslashish edi. Tayho kodeksi konfutsiylikni oʻz ichiga olgan birinchi Yaponiya axloqiy va boshqaruv kodeksi hisoblanadi. Kodeksga Nara davrida baʼzi yapon anʼanalari va amaliy boshqaruv ehtiyojlarini hisobga olgan holda oʻzgartirishlar kiritilgan. Qayta koʻrib chiqilgan nashr Yoro kodeksi deb nomlanib, ustida olib borilgan asosiy ishlar 718-yilda yakunlangan.

Tayho kodeksi Tang sulolasi qonunidan ikkita asosiy yangiligi bilan ajralib turadi. Birinchidan, yapon anʼanalarida davlat lavozimlari va tabaqaviy maqom nasl-nasabga asoslangan. Xitoyda esa kishilar lavozimga koʻrsatgan xizmatiga koʻra saylangan. Ikkinchidan, yaponlar xitoyliklarning “Samoviy boshqaruv huquqi” gʻoyasini rad etgan. Unga koʻra, imperatorning hokimiyatini uning odilligi va toʻgʻrisoʻzligi emas, balki nasl-nasabi va kelib chiqishi belgilar edi. Tayho kodeksi 651-yilda Xitoyda Tang sulolasi imperatori Gaozong tomonidan joriy qilingan Yongxuy kodeksiga asoslangan, deb yuritiladi.

Hukumat tuzilishi

Tahyo kodeksiga koʻra, hukumat ikkita qismga ajraldi: diniy boʻlim va hukumat boʻlimi. Jingi-kan yuqori boʻlim boʻlib, barcha maʼnaviy va diniy masalalar, marosimlarni oʻtkazish bilan shugʻullangan. Dajo-kan esa barcha dunyoviy va maʼmuriy masalalar bilan mashgʻul boʻlgan. Ammo Jingi-kan mavqeda Daijo-kandan ustun boʻlgan.

Jingi-kan diniy boʻlimi har yili anʼanaviy bayramlar, toj kiyish kabi rasmiy saroy marosimlarini oʻtkazish, shuningdek, ziyoratgohlarni asrash, ziyoratgoh qoʻriqchilarining tartib-intizomini saqlash, folbinlardan bashoratlarni yozib olish va nazorat qilish uchun masʼul edi. Shuni taʼkidlash kerakki, bu boʻlim mamlakatdagi barcha sintoizm (Yaponiya milliy dini) ziyoratgohlarini boshqargan boʻlsa-da, buddizm bilan hech qanday aloqasi yoʻq edi.

Daijo-kan hukumat boʻlimi barcha dunyoviy ishlar bilan shugʻullangan va Daijo-daijin rahbarligidagi Buyuk Davlat Kengashi tomonidan boshqarilgan. Kengash Daijo-daijinga hisobot beradigan oʻng va soʻl nazorat vazirlari, toʻrtta katta va uchta kichik kengash aʼzolaridan iborat edi. Sakkizta hukumat vazirliklari oʻz navbatida oʻng va soʻl vazir hamda nazoratchilar oldida masʼul boʻlgan.

Viloyatlarni tashkil etish va boshqarish

Mamlakat “kuni” deb ataluvchi viloyatlarga boʻlingan. Markaziy hukumat har bir viloyatga maʼmuriy hokimlar — kokushilarni tayinlagan. Ular toʻrt darajaga (shitokan) — kami, suke, jo va sakanga boʻlingan. Viloyatlar esa oʻz navbatida “gunn” yoki “kori” deb ataluvchi tumanlarga boʻlingan va “gunji” (mahalliy amaldor) tomonidan boshqarilgan. Gunjilar avvalo tinchlikni saqlash, soliq yigʻish, korve (ijtimoiy foydali mehnatni bajarish uchun qonun bilan belgilangan majburiyat) uchun ishchilarni jalb qilish, aholi hisobini yuritish va yer ajratish uchun javobgar edi. Keyinchalik boʻlingan hududlar xilma-xil boʻlib, 50 yoki undan ortiq uydan iborat qishloqqa oʻxshardi. Ularni qishloq boshligʻi boshqargan. Biroq viloyatlar soni aniq boʻlmagan. Yangi yerlar oʻzlashtirila boshlangach, viloyatlar ham koʻpaya boshlagan. Kodeks qabul qilingan vaqtda mamlakatda 592 tumandan iborat 66 ta viloyat mavjud edi.

Xitoy taʼsiri

Yaponiyada ritsuryo (VII–XI asrlardagi markazlashgan Yaponiya davlatining siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimi) deb nomlanuvchi Xitoy tizimi Koreya yarimoroli va Yaponiya qirolliklari tomonidan bir vaqtning oʻzida qabul qilingan. Yapon tarixchisi Shoku Nixongining yozishicha, “Tayho kodeksi” loyihasini ishlab chiqishda 18 nafar yapon aristokrati va bir xitoylik olim Satsu Koukaku ishtirok etgan. Xitoy olimi Satsu loyiha tayyorlash jarayonida muhim oʻrin tutgan va “Nixon Shoki” ni tahrirlashda yordam bergan, Yaponiya imperatoridan mukofotlar olgan.



Manba: britannica.com
Muqova surat: freepik.com