2
Ulashish
594 marta koʻrilgan
XVIII asr
Ispaniya vorisligi uchun kurash
1701-yildan 1715-yilgacha davom etgan Ispaniya vorisligi uchun kurash Yevropadagi buyuk kuchlar toʻqnashuvi edi. 1700-yil noyabrda Ispaniya qiroli, farzandsiz Karl II oʻlimi – uning merosxoʻrlari anjulik Filipp, avstriyalik Karl va ular tarafdorlari, jumladan, Ispaniya, Avstriya, Fransiya, Gollandiya Respublikasi, Savoy va Buyuk Britaniya davlatlari oʻrtasida Ispaniya imperiyasi boshqaruvi uchun kurashga olib kelgan. Mojarolar 1700–1721-yillardagi Buyuk Shimoliy urush, Vengriyadagi Rakotsi Mustaqillik urushi, Fransiya janubidagi Kamisardlar qoʻzgʻoloni, Shimoliy Amerikadagi Qirolicha Anna jangi hamda Hindiston va Janubiy Amerikadagi kichik savdo urushlarini oʻz ichiga oladi.
Ispaniya bir asrdan koʻproq davom etgan toʻqnashuv tufayli zaiflashgan boʻlsa-da, uning hududi Ispaniya Gollandiyasi, Italiyaning katta qismi, Filippin va Amerikaning koʻp qismini oʻz ichiga olgan global kuch boʻlib qolgan. Bu shuni anglatganki, uning Fransiya yoki Avstriya tomonidan sotib olinishi Yevropadagi kuchlar muvozanatiga potensial xavf tugʻdiradi. Fransiyalik Lyudovik XIV va angliyalik Vilgelm III ning muammoni diplomatiya yoʻli bilan hal qilishga urinishi ispanlar tomonidan rad etilgan. Karl II Lyudovikning nabirasi anjulik Filippni merosxoʻr qilib tayinlagan.
Uning 1700-yil 16-noyabrda mutlaq Ispaniya imperiyasi qiroli deb eʼlon qilinishi bir tomonda Fransiya va Ispaniya, ikkinchi tomonda Buyuk ittifoq bilan urushga olib kelgan. Dastlabki bosqichda fransuzlar ustunlikka ega edi. Biroq 1706-yildan keyin ular mudofaaga oʻtishga majbur boʻlgan. 1710-yilga kelib ittifoqchilar hech qanday muhim muvaffaqiyatga erisha olmagan vaqtda, Ispaniyadagi Burbon gʻalabasi Filippning qirollik mavqeini mustahkamlagan.
1711-yilda imperator Iosif I hayotdan koʻz yumgach, avstriyalik Karl akasining oʻrniga imperator etib tayinlangan va Britaniyaning yangi hukumati tinchlik muzokarasini boshlagan. Urushda Britaniya subsidiyalari oʻz ittifoqchilarini saqlab qolganligi tufayli bu 1713–1715-yillarda Utrext tinchlik shartnomasi, 1714-yilda Rastatt va Baden shartnomalari tuzilishiga olib kelgan.
Filipp oʻzi yoki avlodlarining fransuz taxtini meros qilib olish huquqidan voz kechgani evaziga Ispaniya qiroli boʻlgan. Ispaniya imperiyasi deyarli yaxlitligicha qolgan, biroq u Italiya va Quyi mamlakatlardagi hududni Avstriya va Savoyaga bergan. Buyuk Britaniya urush paytida qoʻlga kiritgan Gibraltar va Menorka orolini saqlab qolgan, Ispaniya Amerikasida muhim savdo imtiyozlariga ega boʻlgan va Yevropaning yetakchi dengiz va tijorat kuchi sifatida Gollandiya oʻrnini egallagan. Gollandlar hozirgi Avstriya Niderlandiyasida mustahkamlangan mudofaa chizigʻiga ega boʻlgan. Ular yirik tijorat kuchi boʻlib qolsa-da, urush xarajati iqtisodiyotiga doimiy zarar yetkazgan.
Fransiya surgun qilingan yakobitlarni qoʻllab-quvvatlashdan voz kechgan va gannoverliklarni (1714-yildan 1901-yilgacha hukmronlik qilgan Buyuk Britaniya qirollari sulolasi) Britaniya taxti merosxoʻrlari deb tan olgan. Fransuzlarga doʻstona Ispaniyani taʼminlash katta yutuq edi, lekin bu ularni moliyaviy jihatdan charchatib qoʻygan. Muqaddas Rim imperiyasi tarqoqlashuvi davom etgan. Prussiya, Bavariya va Saksoniya mustaqil davlatlar sifatida tobora kuchayib borgan. Usmonlilar ustidan qozonilgan gʻalabani ham hisobga olsak, Avstriya koʻproq Janubiy Yevropaga eʼtibor qaratgani anglash mumkin.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: wikipedia.org