Orqaga
Ikkinchi jahon urushi 1939-yildan 1945-yilga qadar davom etgan global mojarodir.

1052 marta koʻrilgan

1939–1945

Ikkinchi jahon urushi

Ikkinchi jahon urushi 1939-yildan 1945-yilga qadar davom etgan global mojarodir. Dunyo mamlakatlarining aksariyati, jumladan, barcha buyuk davlatlar ham 2 harbiy ittifoq — koalitsiya (yoki ittifoq; SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya) hamda Uchlar ittifoqi (Germaniya, Yaponiya va Italiya) safida bir-biriga qarshi kurashadi.

Qatnashchilarning koʻpchiligi fuqarolik va harbiy manbalar oʻrtasidagi farqni yoʻqotib, iqtisodiy, sanoat va ilmiy imkoniyatlarini shu urushga tikadi. Aholi markazlarini strategik bombardimon qilish va urushda ishlatilgan yagona 2 atom bombasini yetkazib berishda havo kuchlari muhim rol oʻynaydi.

Ikkinchi jahon urushi tarixdagi eng halokatli toʻqnashuv boʻlib, taxminan 70–85 mln nafar inson jang qurboniga aylangan. Ularning asosiy qismi oddiy aholi edi. Genotsidlar (masalan, Holokost genotsidi), ocharchilik, xunrezlik va kasallik tufayli 10 millionlab insonlar hayotdan koʻz yumadi. Uchlar ittifoqi (Germaniya, Yaponiya, Italiya) magʻlubiyatidan soʻng Germaniya va Yaponiya egallanadi. Nemis va yapon yetakchilariga qarshi urush jinoyatlari boʻyicha tribunallar oʻtkaziladi.

Ikkinchi jahon urushining sabablari hali ham muhokama qilinadi, ammo ikkinchi Italiya-Efiopiya urushi, Ispaniya fuqarolar urushi, ikkinchi sin-yapon urushi (yoki Xitoy-Yaponiya urushi), sovet-yapon chegara mojarolari, Yevropada fashizmning vujudga kelishi va Birinchi jahon urushidan soʻng Yevropadagi keskinliklar asosiy omillardan biri sifatida koʻrsatiladi.

Ikkinchi jahon urushi 1939-yil 1-sentabrda Adolf Gitler boshchiligidagi natsistlar Germaniyasi Polshaga hujum qilishi bilan boshlanadi. Oʻz navbatida, Birlashgan Qirollik va Fransiya 3-sentabrda Germaniyaga qarshi urush eʼlon qiladi. 1939-yil avgustida imzolangan Molotov-Ribbentrop paktiga binoan, Germaniya va Sovet ittifoqi Polshani boʻlib olgan, shuningdek, Finlandiya, Estoniya, Latviya, Litva va Ruminiya boʻylab oʻz taʼsir doiralarini belgilab olgan edi.

1939-yilning oxiridan 1941-yilning boshiga qadar bir qator yurish va bitimlar davomida Germaniya Italiya, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan harbiy ittifoq (Uchlar ittifoqi) tuzib, Yevropa qitʼasining koʻp qismini egalladi yoki oʻz nazoratini oʻrnatdi. Shimoliy va sharqiy Afrikaga yurishlardan soʻng, shuningdek, 1940-yillarning oʻrtasida Fransiya magʻlubiyatidan keyin urush asosan Uchlar ittifoqi va Britaniya imperiyasi oʻrtasida davom etdi. Bolqondagi jang, Britaniya havo jangi, Birlashgan Qirollik blitsi (yoki London blitsi, “Katta blits”; Buyuk Britaniyaning bombardimon qilinishi) va Atlantika jangi shular jumlasidan.

1940-yil 7-sentyabrda Germaniya Buyuk Britaniyaga qarshi havo bombardirovkalardan soʻng London boʻylab yongʻinlardan koʻtarilgan tutun / wikipedia.org

1941-yilning 22-iyunida Germaniya Uchlar ittifoqi kuchlariga yetakchilik qilib, Sovet ittifoqiga bostirib kiradi. Shu tariqa, tarixdagi eng yirik jang maydoni boʻlmish Sharqiy front ochiladi. Osiyo va Tinch okeanida hukmronlik qilishni maqsad qilgan Yaponiya 1937-yilga kelib, Xitoy Respublikasi bilan urush holatida edi.

Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg shahri) jangi paytida, 1942-yil 10-dekabrda Germaniyaning bombardimonidan soʻng vayron boʻlgan uylarni tark etgan tinch aholi / wikipedia.org

1941-yilning dekabrida Yaponiya Amerika va Britaniya hududlariga hujum qiladi. Shuningdek, deyarli oʻsha vaqtda janubi-sharqiy Osiyo va Markaziy Tinch okeani hududiga ham hujumlar uyushtiradi. AQShning Gavayidagi Perl Harbor harbiy bazasiga toʻsatdan qilingan hujum tufayli AQSh va Buyuk Britaniya Yaponiyaga qarshi urush eʼlon qilishiga turtki boʻladi. Yevropadagi Uchlar ittifoqi qoʻshini esa birdamlik koʻrsatib, AQShga qarshi urush ochadi. Yaponiya tez orada gʻarbiy Tinch okeanidagi koʻp hududni egallab oladi. Ammo 1942-yilda boʻlgan Midvey jangida yutqazganidan soʻng Yaponiya yurishlari toʻxtab qoladi. Keyinchalik Germaniya va Italiya ham Shimoliy Afrika va Sovet Ittifoqining Stalingrad shahrida magʻlubiyatga uchraydi.

1943-yilda Uchlar ittifoqi koʻplab muvaffaqiyatsizliklarni boshdan kechiradi. Sharqiy frontda nemislarning magʻlubiyati, koalitsiyaning Sitsiliya oroli hamda Italiyaning asosiy hududini egallashi, shuningdek, koalitsiyaning Tinch okeanidagi hududlarga hujumi shular jumlasidan. Bu omadsizlik tufayli Uchlar ittifoqi qoʻshini tashabbusni qoʻldan boy beradi va barcha frontda strategik chekinishga majbur boʻladi.

1944-yilda Gʻarbiy koalitsiya Germaniya egallab olgan Fransiyaga bostirib kiradi. Sovet ittifoqi ham yoʻqotgan yerlarini qaytarib olib, Germaniya va uning ittifoqchilarini chekinishga majbur etadi. 1944–1945-yillarda Yaponiya Osiyo materigida natijasizlikka duch keladi, koalitsiya esa yapon dengiz flotini yanchib tashlab, gʻarbiy Tinch okeanidagi asosiy orollarni egallaydi. Yevropadagi urush soʻngida nemislar egallagan hududlar ozod qilinadi, Germaniya Gʻarbiy koalitsiya va Sovet ittifoqi tomonidan egallanadi.

Qizil Armiya askarlari Berlinni egallagandan soʻng, 1945-yil may / wikipedia.org

Berlinning Sovet qoʻshini tomonidan magʻlub etilishi, Gitlerning suiqasdi, 1945-yil 8-mayda esa Germaniyaning soʻzsiz taslim boʻlishi Yevropadagi urushni nihoyasiga yetkazadi. Yaponiya Potsdam deklaratsiyasi (1945-yil 26-iyul) shartlarini rad etganidan soʻng AQSh tomonidan shu yilning 6-avgustida Yaponiyaning Xirosima shahri, 9-avgustda esa Nagasaki shahriga ilk atom bombalar tashlanadi.

Yaponiya arxipelagiga boʻlajak muqarrar bosqin, yana bir atom bombardimonining ehtimoli hamda Sovet ittifoqining Manjuriyani egallash maqsadida Yaponiyaga qarshi urushga qoʻshilgani tufayli Yaponiya 10-avgustda taslim boʻlish istagini eʼlon qiladi. 1945-yilning 2-sentabrida esa Yaponiya taslim boʻlganligi toʻgʻrisidagi hujjatga qoʻl qoʻyadi.

Ikkinchi jahon urushi dunyoning siyosiy uygʻunligi va ijtimoiy tuzilishini oʻzgartirib tashladi. Bundan tashqari, urush dunyo xalqlarining XX asrning qolgan qismida amal qilgan va bugungi kungacha davom etib kelayotgan xalqaro tartibga asos soldi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda boʻlajak nizolarning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etildi. Gʻalaba qozongan buyuk davlatlar — Xitoy, Fransiya, Sovet ittifoqi, Birlashgan Qirollik va AQSh BMTning Xavfsizlik kengashi doimiy aʼzolariga aylanadi.

Sovet ittifoqi hamda AQSh bir-biriga qarama-qarshi ulkan kuch sifatida paydo boʻladi va deyarli yarim asr davom etgan Sovuq urush uchun zamin yaratadi. Yevropa vayrongarchiligidan soʻng undagi buyuk davlatlar taʼsiri kamayadi. Bu esa oʻz navbatida Afrika va Osiyoning mustamlakachilikdan chiqishiga turtki beradi. Sanoati zarar koʻrgan koʻplab davlatlar iqtisodiy tiklanish va kengayish tomon harakatlanadi. Siyosiy va iqtisodiy birdamlik (ayniqsa, Yevropada) kelajakdagi jangovar harakatlarning oldini olish, urushdan avvalgi adovatni tugatish va umumiy oʻxshashlik tuygʻusini shakllantiruvchi harakat sifatida boshlandi.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / unsplash.com