Orqaga
Molotov-Ribbentrop pakti Sharqiy Yevropani boʻlib olish toʻgʻrisida fashistlar Germaniyasi hamda Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi pakt boʻlib, bu ikki davlat oʻzaro hujum qilmaslikka kelishgan edi.

845 marta koʻrilgan

1939-yil 23-avgust

Molotov-Ribbentrop pakti

Molotov-Ribbentrop pakti Sharqiy Yevropani boʻlib olish toʻgʻrisida fashistlar Germaniyasi hamda Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi pakt boʻlib, bu ikki davlat oʻzaro hujum qilmaslikka kelishgan edi. Pakt 1939-yil 23-avgustda Germaniya Tashqi ishlar vaziri — Ioxim fon Ribbentrop hamda Sovet Tashqi ishlar vaziri — Vyacheslav Molotov oʻrtasida Moskvada imzolanadi. Bu bitim rasman Germaniya va SSSR oʻrtasida “oʻzaro hujum qilmaslik” shartnomasi deb nomlansa-da, Gitler-Stalin pakti, fashistlar va sovetlar oʻrtasidagi pakt yoki fashist-sovetlar ittifoqi deb ham ataladi.

Shartnoma SSSR va natsistlar Germaniyasi oʻrtasidagi iqtisodiy kelishuvlar boʻyicha muzokaralarning yakuni boʻlib, sovetlar bundan siyosiy bitimga erishish uchun foydalangan. 22-avgustda Ribbentrop shartnomani imzolash uchun Moskvaga uchib keladi. Sovetlar bu shartnomani avvalroq Britaniya va Fransiya tuzishini istagan edi. Ertasi kuni Molotov-Ribbentrop pakti imzolanib, tomonlar oʻrtasida tinchlik kafolatlanadi.

Paktga koʻra, bu ikki hukumatning hech biri qarshi tomonning dushmaniga yordam bermaydi yoki ittifoqdosh boʻlmaydi. “Oʻzaro hujum qilmaslik” shartnomasining ommaga oshkor boʻlgan qismidan tashqari maxfiy protokol ham mavjud edi. Unda Sovet va Germaniyaning Polsha, Litva, Latviya, Estoniya va Finlandiya boʻylab taʼsir doiralari chegarasi belgilab qoʻyilgan. Bundan tashqari, maxfiy bayonnomada Litvaning Vilnyus hududiga qiziqishi ham eʼtirof etilgan (Vilnyus shahri hozirda Litva poytaxti hisoblanadi).

Germaniya esa Bessarabiyaga umuman qiziqish bildirmagan. Maxfiy bayonnoma mavjudligi haqidagi mish-mishlar Nyurnberg sud jarayonida ommaga oshkor etilgan. Pakt imzolanganidan koʻp vaqt oʻtmay, 1939-yil 1-sentabrda Germaniya Polshaga bostirib kiradi. Shundan soʻng 17-sentabr kuni Sovet Ittifoqi rahbari — Iosif Stalin ham Polshaga bostirib kirishga buyruq beradi. Bu voqeadan bir kun avval Sovet Ittifoqi va Yaponiya oʻrtasida Xalxin-Gol daryosi (Ulan-Bator shahridan 900 km sharqda) boʻyidagi jangni toʻxtatish boʻyicha sulh tuzilgan edi. Ertasi kuni esa Sovet Ittifoqining Oliy Kengashi Molotov-Ribbentrop paktini tasdiqlaydi. Bosqinlardan soʻng bu 2 mamlakat oʻrtasidagi yangi chegara “SSSR bilan Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik va chegaralar haqida” gi sovet-german shartnomasida belgilanadi.

1940-yilning martida Kareliya (hozirgi Rossiyadagi respublika) va Salla (hozirgi Finlandiyadagi munitsipalitet) hududlarining bir qismi Sovet Ittifoqi tomonidan qishki urushdan (sovet-fin urushi) keyin qoʻshib olinadi. Keyinchalik Estoniya, Latviya, Litva hamda Belorussiyaning ayrim qismlari (Bessarabiya, Shimoliy Bukovina va Hertsa hududlari) ham Sovet Ittifoqiga qoʻshib olinadi. Sovetlar Polshaga bosqinchiligini etnik ukrain va belaruslar haqida tashvishlanganini bahona qiladi. 1940-yilda Stalinning Bukovinani bosib olishi esa pakt shartlariga toʻgʻri kelmaydi. Chunki bu hudud shartnomaga koʻra, Sovet taʼsir doirasidan tashqarida edi.

1939-yili sovetlarga qoʻshib olingan va Kerzon chizigʻining sharqida joylashgan Polsha hududi urushdan soʻng Sovet Ittifoqi tarkibida qoladi. Hozirda esa bu hududlar Ukraina va Belorussiyaga qarashli. Vilnyus Litvaga beriladi. Faqatgina Podlaskie vodiysi hamda Galitsiya mintaqasining San daryosi sharqidagi kichik bir qismi Polshaga qaytariladi. Sovet Ittifoqi 1939–1940-yillarda bosib olgan qolgan barcha hududlar, jumladan, Finlandiyadan tortib olingan Gʻarbiy Kareliya va Petsami (Pechenga) shaharchasi, Estoniyadan olingan Ingriya (Ingermanlandiya) va Petseri (Pechori) qishlogʻi, shuningdek, Latviyaning Abrene (Pitalovo) shaharchasi 1991-yilda SSSR parchalanganidan keyin undan hozirgi Rossiya tarkibida qoldi.

Ruminiyadan tortib olingan hududlar (masalan, Moldaviya SSR yoki Ukraina SSRining viloyatlari) ham Sovet Ittifoqi tarkibiga kiritildi. Bessarabiyaning asosi bugungi kunda Moldovani tashkil qiladi. Shimoliy Bessarabiya, Shimoliy Bukovina va Hertsa hududlari esa hozirgi Ukrainaning Chernovtsi viloyatidir. Janubiy Bessarabiya esa Ukrainadagi Odessa viloyatining bir qismi hisoblanadi.

1941-yil 22-iyunda Germaniya Lebensraum (nemischa “hayotiy borliq”) mafkuraviy maqsadini amalga oshirish uchun Barbarossa operatsiyasini ishga tushirib, Sovet Ittifoqiga bostirib kiradi. Shunday qilib Molotov-Ribbentrop pakti tugatiladi. Uning oʻrniga Angliya-Sovet ittifoqi shartnomasi tuziladi. Urushdan soʻng Ribbentrop Nyurnberg sudida urush jinoyatida ayblanib, qatl etiladi. Molotov esa 1986-yilda vafot etadi.



Manbalar: britannica.com / wikipedia.org
Muqova surat: wikipedia.org