Orqaga
Polshaga bostirib kirish

867 marta koʻrilgan

1939-yil 1-sentabr

Polshaga bostirib kirish

Polsha bosqini (Sentabr va Polsha kampaniyasi, 1939-yilgi Polsha urushi va 1939-yilgi Polsha mudofaa urushi; 1-sentabrdan 6-oktabrgacha) fashistlar Germaniyasi, Slovakiya Respublikasi va Sovet Ittifoqining Polshaga qoʻshma hujumi hisoblanib, Ikkinchi jahon urushining boshlanishi sifatida belgilanadi. Germaniya va Sovet Ittifoqi oʻrtasidagi Molotov-Ribbentrop pakti imzolanganidan 1 hafta oʻtib, 1939-yil 1-sentabrda nemislar bosqini boshlanadi. Bosqindan 1 kun avval Sovet Ittifoqi ham bitimni tasdiqlagan edi. Sovetlar Polshaga 17-sentabrda bostirib kiradi. Yurish 6-oktabrda Germaniya va Sovet oʻrtasida “SSSR bilan Germaniya o‘rtasidagi do‘stlik va chegaralar haqida” gi sovet-german shartnomasiga binoan Polshani boʻlib olish bilan yakunlanadi.

Bosqin Polshada Sentabr yurishi yoki 1939-yilgi mudofaa jangi deya, Germaniyada esa Polsha kampaniyasi nomi bilan ataladi. Nemis kuchlari Glayvits voqeasining ertasi tongida Polshaga Shimol, Janub va Gʻarbdan bostirib kiradi. Slovak harbiy kuchlari Slovakiya shimolida nemislar bilan birgalikda ilgari siljiydi. Vermaxt (fashistlar Germaniyasi qurolli kuchlari) ilgarilagani sari polyak qoʻshini Germaniya va Polsha chegarasiga yaqin operatsiya bazalaridan sharqiy qismdagi yanada mustahkam mudofaa chiziqlariga chekina boshlaydi. Sentabr oʻrtalarida polyak qoʻshinining Bzura jangidagi magʻlubiyatidan soʻng nemislar soʻzsiz ustunlikka erishadi. Polyak qoʻshini janubi-sharqqa chekinadi. Chunki polyaklar bu yerdagi rumin platsdarmida (fransuzchadan “place d’armes” — qoʻshinlar uchun maydon, biror davlatning boshqa bir davlatga hujum qilishida harbiy harakatlarni kengaytirish uchun baza sifatida foydalaniladigan hudud) uzoq muddatli himoyaga tayyorgarlik koʻrgan edi.

Polshaning PZL.37 Łoś bombardimonchilari / wikipedia.org

Polsha Fransiya va Buyuk Britaniyadan yordam kutardi. Polsha, Buyuk Britaniya va Fransiya oʻrtasidagi ittifoqlik shartnomasiga asosan bu ikki davlat 3-sentabrda Germaniyaga qarshi urush ochadi. Ammo ularning harakati Polshaga deyarli yordam bermaydi. Saar hujumida Fransiya Germaniyaning kichik bir qismini bosib oladi. Britaniya ekspeditsiya kuchlari esa Yevropaga kirib kelishga ulgurmasidan avval Polsha armiyasi muvaffaqiyatli magʻlub etilgan edi. Britaniya ekspeditsiya kuchlarining asosiy qismi sentabrning oxirlarida endi Fransiyaga yetib kelgandi.

Sovet Qizil armiyasi 17-sentabrda Sharqiy Polshani bosib oladi. Bu hududlar Molotov-Ribbentrop paktining maxfiy bandiga koʻra Kerzon chizigʻidan tashqari boʻlib, sovetlarning “taʼsir doira” sida edi. Buning natijasida Polsha hukumatining mudofaa rejasi yaroqsiz boʻlib qoladi. Ikkinchi frontga yuzlangan Polsha hukumati rumin platsdarmi himoyasini ilojsiz deb topadi va barcha qoʻshinini neytral Ruminiyaga favqulodda evakuatsiya qiladi. 6-oktabrda Kok jangida Polsha magʻlubiyatga uchraganidan soʻng nemis va sovet kuchlari Polsha ustidan toʻliq nazoratni qoʻlga oladi. Bosqinning muvaffaqiyatli tugagani ikkinchi Polsha Respublikasining yakuni boʻlib xizmat qildi. Ammo Polsha hech qachon rasman taslim boʻlmaydi.

8-oktabrda harbiy boshqaruvning dastlabki davridan soʻng Germaniya gʻarbiy Polsha va sobiq “erkin shahar” — Gdanskni bevosita oʻziga qoʻshib oldi. Qolgan hudud esa yangi tashkil etilgan General Gubernatorlik nazoratiga topshirildi. Sovet Ittifoqi yangi egallagan hududlarini Belorussiya va Ukraina respublikalari tarkibiga kiritib, sovetlashtirish kampaniyasini boshlaydi. Bosqindan soʻng partizanlik tashkilotlari sobiq Polsha hududida Polsha partizanlik davlatini tuzadi. Polshadan qochgan koʻplab harbiy surgunlar Gʻarbda quvgʻindagi Polsha hukumatiga sodiq boʻlgan Polyak qurolli kuchlariga qoʻshiladi.



Manbalar: wikepedia.org / britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org