4
Ulashish
1177 marta koʻrilgan
1937–1945
Ikkinchi sin-yapon urushi
Ikkinchi sin-yapon urushi (ikkinchi Xitoy-Yaponiya urushi; 1937–1945-yillar) yoki xitoyliklar uchun “yapon agressiyasiga qarshilik koʻrsatish urushi” — asosan Xitoy Respublikasi va Yaponiya imperiyasi oʻrtasidagi boʻlib oʻtgan harbiy nizo. Jang Ikkinchi jahon urushida Tinch okeanidagi Xitoy maydoniga zamin yaratdi.
Urushning boshlanishi shartli ravishda 1937-yil 7-iyul — Marko Polo koʻprigi toʻqnashuvi bilan belgilanadi. Shu kuni Pekinda yapon va xitoylik askarlar oʻrtasidagi kelishmovchilik keng koʻlamli bosqinchilikka aylanib ketadi. Baʼzi xitoylik tarixchilarning soʻziga koʻra, urush 1931-yil 18-sentabrda Yaponiya Manjuriya oʻlkasiga (Xitoyda joylashgan) bostirib kirgan kuni boshlangan. Xitoy Sovet ittifoqi, Birlashgan Qirollik, AQSh va natsistlar Germaniyasidan ham yordam oladi (bu vaqti Germaniya hali Yaponiya bilan til biriktirmagan edi). Asosan oddiy aholi boʻlgan 20 mln nafarga yaqin inson qirib tashlanadi.
Xitoy va Yaponiya imperiyasi oʻrtasidagi keng koʻlamli urush Osiyoda Ikkinchi jahon urushining boshlanishi deb ham koʻriladi. Ammo baʼzi olimlar, garchi bir vaqtda sodir boʻlgan boʻlsa-da, Yevropa hamda Tinch okeanidagi urushni butunlay boshqa-boshqa deb taʼriflaydi. Ikkinchi sin-yapon urushi XX asrdagi Osiyoda boʻlib oʻtgan eng yirik urush hisoblanib, “Osiyo holokosti” deb atalgan (holokost — fashistlar Germaniyasida natsistlar tomonidan boshqa etnik va ijtimoiy guruhlarni taʼqib etib, yoʻq qilish).
1941-yilda Yaponiya Malaya (hozirgi Malayziya) hamda Perl Harbor (hozirgi Gavayida joylashgan AQSh harbiy bazasi) ga hujum qilganidan soʻng, ikkinchi sin-yapon urushi Ikkinchi jahon urushining Xitoy, Myanma, Hindiston maydonida boʻlib oʻtayotgan boshqa mojarolarga qoʻshilib ketdi.
1931-yilda boʻlib oʻtgan Mukden voqeasi Yaponiyaning Manjuriyaga bostirib kirishi uchun oʻylab topilgan bahona boʻlib xizmat qildi. Xitoyliklar magʻlub etilganidan soʻng yaponlar Manjou-go nomli “qoʻgʻirchoq” davlat barpo etadi. Koʻplab tarixchilar aynan shu voqeani ikkinchi sin-yapon urushining boshlanishi deb hisoblaydi. Xitoy va Yaponiya 1931-yildan 1937-yilgacha kichik mahalliy otishmalarni davom ettiradi.
1937-yili Marko Polo koʻprigi toʻqnashuvidan soʻng yaponlar Pekin, Shanxay shaharlarini egallab, yirik muvaffaqiyatga erishadi. Xitoyning oʻsha vaqtdagi poytaxti Nankin shahrida boʻlib oʻtgan jang Nankin qirgʻini voqeasiga sabab boʻladi. Xitoy markaziy hukumati Uxan jangida yaponlarni toʻxtata olmagach, mamlakat ichkarisida joylashgan Chongqing (yoki Chungking) shahriga koʻchadi. 1937-yilgi Sovet-Xitoy shartnomasiga binoan taqdim etilgan kuchli moddiy yordam tufayli Xitoy millatchilar armiyasi va Xitoy havo kuchlari yapon hujumiga qarshilik koʻrsatishda davom etadi.
1939-yilga kelib, Xitoyning Changsha shahri va Guansi viloyatida erishgan gʻalabasidan soʻng, shuningdek, yaponlarning aloqa liniyalari Xitoyning ichki qismiga chuqur kirib borishi bilan urush boshi berk koʻchaga kirib qoladi. Yaponiya yirik shaharlar ustidan nazoratni oʻrnatgan boʻlsa-da, Xitoyning shahar tashqarisidagi keng hududni egallash uchun yetarlicha ishchi kuchiga ega emas edi.
Shaansi viloyatidagi Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) kuchlarini yenga olmaydi, chunki XKP bosqinchilarga qarshi qoʻporuvchilik va partizan urushlari olib borgan edi. Shunday boʻlsa-da, uzoq davom etgan Janubiy Guansi jangida Yaponiyaning qoʻli baland keladi. Yaponiya Nanning shahrini egallab, urush markazi boʻlmish Chongqing shahrini dengizga chiqish mumkin boʻlgan soʻnggi yoʻlini yopib qoʻydi. 1939-yilning noyabr oyida Xitoy millatchi kuchlari keng koʻlamli qishki hujumni, 1940-yilning avgustida esa XKP markaziy Xitoydagi yurishlarini boshlaydi.
1941-yil dekabrda Yaponiya Gollandiya, Birlashgan Qirollik va AQSh bilan urush boshlaydi. AQSh Xitoyga yordam beradi. Lend-Liz tartibi boʻyicha, Xitoyga umumiy 1,6 mlrd $ (2023-yil narxida hisoblaganda 20,19 mlrd $) taqdim etiladi. Birmada (hozirgi Myanma) taʼminot yoʻllari uzilgani tufayli AQSh havo kuchlari zarur materiallarni Himolay togʻ tizmasi ustidan yetkazib beradi. 1944-yilda Yaponiya Ichi-Go operatsiyasini boshlaydi. Operatsiyaga koʻra, Xenan provinsiyasi va Changsha shahri egallanishi kerak edi. Biroq operatsiya Xitoy kuchlarini taslim eta olmadi.
1945-yili Xitoy ekspeditsiya qoʻshini Birmadagi yurishini tugallab, Hindiston va Xitoyni bogʻlovchi Ledo yoʻli qurilishini yakunladi. Ayni vaqtda Xitoy mamlakatning janubiy qismida yirik qarshi hujum harakatlarini boshlagan edi. Bu hujum tufayli Xitoy Yaponiyaning Gʻarbiy Xunanga boʻlgan muvaffaqiyatsiz bosqinini toʻxtatadi va Guansining yaponlar egallagan hududini qaytarib oladi.
Yaponiya 1945-yil 2-sentabrda Sovetʼning Manjuriyaga bosqinidan soʻng rasman taslim boʻladi. Xitoy Ikkinchi jahon urushi davrida “Katta toʻrtlik” dan biri sifatida koʻriladi va Yaponiyaga boy berilgan barcha hududlarini qaytarib oladi. Bundan tashqari, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy 5 aʼzosi tarkibida Xitoy ham bor. Xitoydagi fuqarolar urushi 1946-yilda qaytadan boshlanadi. Natijada, Xitoy kommunistik partiyasi Sovetlarning yordami bilan ustunlikka erishadi. Oxir-oqibat, kommunistik gʻalaba qoʻlga kiritilib, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topadi.
Manbalar: britannica.com / wikipedia.org Muqova suratlar: midjourney.com / wikipedia.org