Orqaga

1130 marta koʻrilgan

1254–1324

Marko Polo

Marko Polo venetsiyalik savdogar oilasida tugʻilgan. Oʻsha davrda uning otasi Sharqda 14 yildan beri savdo ishlarini olib borar edi. Shunday sayohatlardan biriga ota (taxminan 1271-yilda) oʻzi bilan bolaligidan ziyrak va kuzatuvchan boʻlgan 17 yoshli oʻgʻli Markoni ham olib boradi. Marko Polo otasi va amakisi bilan Oʻrta dengiz orqali Kichik Osiyo sohillariga suzib boradi. Ular Tigr daryosi vodiysi boʻylab Fors koʻrfaziga yetib olib, Ormuzga olib borgan kemaga chiqadi. Marko Polo bu yerdan karvon bilan butun Oʻrta Osiyoni aylanib chiqadi.

Oila uzoq yillar davomida Osiyoda savdo bilan shugʻullanib, Moʻgʻuliston va Xitoyda istiqomat qilgan. Marko tillarni tez oʻrganib olib, Xitoy imperatorining ishonchini qozonadi. Ularning oilasiga muhim topshiriq — Moʻgʻuliston va Xitoy malikasini Osiyoga kuzatib borish topshiriladi va 1292-yil bahorida 14 ta kemadan iborat flot yoʻlga chiqadi. Polo dengiz sayohati tarixida ilk bor yevropaliklar ishtirok etgan katta dengiz sayohatini amalga oshirishi kerak edi.

Mongoliya poytaxti Ulan-Bator shahridagi Marko Poloning haykali / wikipedia.org

Yoʻl Osiyo qitʼasining sharqiy va janubiy qirgʻoqlari boʻylab oʻtardi.  Bolaligidan oʻta kuzatuvchan boʻlgan Marko Polo sayohatni kichik detallargacha eslab qoladi. Polo oilasi 1295-yilga kelibgina Venetsiyaga qaytadi. Marko Polo uyga qaytganiga koʻp oʻtmasdan ona shahri Venetsiya va yana bir boy savdo shahri — Genuya oʻrtasida Oʻrta dengizda savdo birinchiligi uchun urush boshlanadi.

Marko Polo oʻz hisobidan kemani qurollantiradi, lekin asirga tushib qoladi. Marko Genuya shahridagi zindonga tashlanadi. Tushkunlikka tushib qolmaslik uchun u zindondagi hamrohlariga oʻz sayohatlari haqida gapirib bera boshlaydi. Uning hikoyalari nafaqat mahbuslarni, hatto qamoqxona qoʻriqchilarini ham qiziqtirib, ular orqali shahar aholisiga ham yetib boradi. Tez orada Genuya aholisi Poloning hikoyalarini oʻz qulogʻi bilan eshitish uchun zindonga kela boshlaydi.

Oxir-oqibatda Marko Polo oʻz taassurotlarini qogʻozga tushirish fikriga keladi. Piza shahrida tugʻilib, ritsarlik romanlarini yozgan Rustichiano ismli mahbus unga kotiblik qiladi. Uning qalami ostidan Poloning hikoyalari xuddi qiziqarli roman kabi oʻqiladigan asardek bunyod boʻladi. Poloning oʻzi kitobiga nom bermaydi, lekin hozirda bu asar “Marko Polo kitobi” nomi bilan mashhur. Asarda u Pomir boʻylab sayohatini balandlashgan sari havo sovishi, Gobi sahrosi boʻylab sayohatini — atrof toʻla togʻ, qumliklar va vodiy, lekin hech qayerda yegulik yoʻq kabi taʼriflab ketadi. Eng qiziq boblarda u Xitoy va Hindiston, ular aholisining turli urf-odatlarini tasvirlaydi. Kitobning ilk varianti 1298-yilda yakunlanadi.

“Marko Polo sayohatlari” miniatyurasi  / wikipedia.org

Marko Polo qamoqdan chiqqach Venetsiyaga qaytadi va kitobi ustida ishlashni davom ettiradi. Hikoya avvalida sayohatchi mazkur kitobni oʻqigan har qanday kishi unga ishonishi, chunki bu yerda haqiqat yozilganini taʼkidlaydi. Lekin zamondoshlari venetsiyalik sayohatchiga ishonmaydi va uning hikoyalarini toʻqima deb qabul qiladi. Buning sababi shundaki, Marko Polo bayon jarayonida uzoq yillik sargardonlik yillarida eshitgan afsonalarini ham kiritgandi.

Vaqt oʻtib borardi. Boshqa sayohatchilar ham venetsiyalik savdogarning oʻzi koʻrgan yurtlar haqidagi gaplarini tasdiqlaydigan yangi maʼlumotlarni keltirardi. Bu kitob asosida xaritashunoslar Marko Polo qayd etgan daryo, shahar va davlatlarni xaritaga tushiradi. 1477-yilda “Marko Polo kitobi” ning tipografik nashri Xristofor Kolumbning qoʻliga tushib qoladi va undagi gaplar Osiyoga Yevropadan suzib borish mumkinligi haqidagi farazni mustahkamlaydi.

Marko Poloning kitobi ertaklar toʻplami emas, haqiqiy manba sifatida ishlatilgan, uning sayohati esa sayyoramiz tarixidagi eng ajoyib sayohatlardan biri boʻlib qoladi. Ingliz tarixchisi Genri Ium Poloning xizmatlarini qisqacha shunday eʼtirof etadi: “Polo butun Osiyoni kezib chiqqan ilk sayohatchi. U birinchilardan boʻlib parda ortidagi Xitoyning ʼyuzini ochdiʼ. Osiyo, Yava, Seylon orollaridagi xalqlar, Hind arxipelagi haqida aytib berdi”. Kitobning bitta bobi rus yerlarining tavsifiga bagʻishlanadi. Polo bu yerni batafsil tasvirlab, unga “Buyuk yerlar” deb nom beradi. Marko Polo 1324-yilda vafot etadi. U sayohatlaridagi kuzatishlari allaqachon zamonni belgilab bergani haqida zarracha shubhalanmagan holda umrining soʻnggi yillarigacha savdo bilan shugʻullangan.



Muqova surat: 100biografiy.ru