Orqaga

197 marta koʻrilgan

XX–XXI

1991–2017-yillarda Xitoy Xalq Respublikasi

Sotsialistik tizim va SSSR tarqalib ketgandan so’ng Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) eng yirik sotsialistik davlat sifatida saqlanib qoldi. Bu yerda Xitoyga xos sotsializm qurish davom ettirildi. Hokimiyatni yagona Xitoy kommunistik partiyasi (XKP) egallab turdi. 1989-yil Tyananmen maydonidagi tinch namoyish bostirilgandan so’ng 3 yilga yaqin Xitoy siyosatida jiddiy o’zgarish yuz bermadi. Faqat 1992-yili Den Syaopin mamlakatning janubiy provinsiyalariga qilgan safari paytida bir qator bayonotlar berib, iqtisodiy islohotlar siyosatini to’xtatib bo’lmaydi, dedi. Islohotlar boshlangandan keyin qo’lga kiritilgan yutuqlar tanlangan yo’lning to’g‘riligiga odamlarni ishontirdi. Den Syaopin o’z safari davomida yana bir muhim qarorni qabul qildi: u o’z shahrida namoyishlarni tinch yo’l bilan to’xtata olgan Shanxay shahri meri Szyan Szeminni o’zining vorisi deb e’lon qildi. Shu davrda davlat apparati ham yarmiga qisqartirildi. Samarasiz ishlayotgan keksa amaldorlar o’rniga yoshlar keldi.