4
Ulashish
717 marta koʻrilgan
873–950
Abu Nasr Forobiy
Forobiy uning taxallusi boʻlib, toʻliq nomi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Uzlugʻ Tarxon — jahon madaniyatiga katta hissa qoʻshgan markaziy osiyolik mashhur faylasuf, qomusiy olim. Forobiy 870-yil (boshqa maʼlumotlarga koʻra 872-yil) Al-Forobiy turkiy qabilaga mansub harbiy xizmatchi oilasida, Sirdaryo sohilidagi Forob (Oʻtror) degan joyda tugʻilgan boʻlib, u tugʻilgan hudud Somoniylar tomonidan boshqarilib, arab xalifaligining shimoliy chegarasi hisoblangan.
Yoshligi
Forobiy boshlangʻich maʼlumotni ona yurtida oldi. Soʻng esa dunyoni bilishga intilib, u ona yerini tark etadi. Bir maʼlumotga koʻra, u oʻspirinlik davrida, boshqa maʼlumotlarga koʻra esa qirq yoshlarida ketgani aytiladi. Keyinroq oʻz maʼlumotini oshirish uchun arab xalifaligining madaniy markazi boʻlgan Bagʻdodga keladi. Bagʻdodda bu davrda musulmon dunyosining turli oʻlkalaridan, xususan Markaziy Osiyodan kelgan koʻp ilm ahllari toʻplangan edi.
Al Forobiy Bagʻdod, Xorun, Qohira, Damashq, Aleppo va Arab xalifasining boshqa shaharlarida boʻlgan. Oʻrta asrning bir qancha ilmiy yutuqlari, umuman Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida taraqqiyparvar ijtimoiy-falsafiy tafakkur rivoji uning nomi bilan bogʻliq. Forobiy oʻz zamonasi ilmlarining barcha sohasini mukammal bilgani va bu ilmlar rivojiga katta hissa qoʻshgani, yunon falsafasini sharhlab, dunyoga keng tanitgani tufayli Sharq mamlakatlarida uning nomi ulugʻlanib, “Al-Muallim as-soniy” — “Ikkinchi muallim” (Aristoteldan keyin), “Sharq Arastusi” deb yuritilgan.
Ijodi
Forobiyning ilmiy merosi, umuman oʻrta asr Sharqining madaniy-maʼnaviy hayotidan, tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-siyosiy masalalaridan juda boy maʼlumot beradi. Forobiy 160 dan ortiq asar yozgan. Lekin ularning aksariyati bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, mavjud risolalarining oʻziyoq uning buyuk olim ekanidan dalolat beradi. Forobiyning asosiy asarlari: “Falsafani oʻrganishdan oldin nimani bilish kerakligi toʻgʻrisida”, “Falsafiy savollar va ularga javoblar”, “Ensiklopediyadan mantiq boʻlimining bir qismi”, “Taliqot” (sharhlar), “Inson aʼzolari haqida risola”, “Boʻshliq haqida maqola”, “Donolik asoslari”, “Falsafaning maʼnosi va kelib chiqishi”, “Hayvon aʼzolari, funksiyasi va potensiyasi”, “Mantiq toʻgʻrisidagi risolaga muqaddima”, “Mantiq ilmiga kirish”, “Ilmlarning kelib chiqishi haqida”, “Katta musiqa kitobi”, “Baxt-saodatga erishuv haqida”, “Masalalar mohiyati”, “Buyuk kishilarning naqllari”, “Ihso alulum”, “Hikmat maʼnolari”, “Aql toʻgʻrisida”, “Ilmlar va sanʼatlar fazilati”, “Qonunlar haqida kitob”, “Substansiya haqida soʻz”, “Fanlar tasnifi haqida”, “Falak harakatining doimiyligi haqida”, “Sheʼr va qofiyalar haqida soʻz”, “Ritorika haqida kitob”, “Hajm va miqdor haqida soʻz”, “Musiqa haqida soʻz”, “Fizika usullari haqida kitob”, “Fazilatli xulqlar”, “Fozil shahar aholisining fikrlari”, “Jismlar va aksidensiyalarning ibtidosi haqida”, “Aristotel “Metafizika” kitobining maqsadi toʻgʻrisida” va boshqa Forobiy asarlari XX asrning 70–80 yillarida Toshkent va Olmaotada “Falsafiy risolalar”, “Mantiqiy risolalar”, “Matematik risolalar”, “Ijtimoiy-axloqiy risolalar”, “Tadqiqotlar va tarjimalar” nomlari ostida rus tilida nashr etilgan.
U, shuningdek, arab va fors tillarida falsafiy mazmundagi sheʼrlar ham yozgan. Al Forobiyning koʻp qirrali ilmiy tadqiqotlar natijasi oʻrnida “Fanlar tasnifi haqida” risolasini aytish mumkin. Unda oʻz davrining barcha ilmlari qatʼiy tartibda sanalib, har bir fan taʼrifi oʻrganib chiqilgan. Forobiy doimiy ravishda dunyoning tuzilishini oʻrganishga harakat qilgan. Izlanishlariga koʻra, barchasining boshi har doimgiday Alloh. Oʻrtasi — borliq iyerarxiyasi. Odamzod — dunyoni anglab, unda harakatlanuvchi nogiron. Oxiri — chinakam baxtga erishish. Al Forobiy insoniyatning bilimga ega boʻlish mohiyatiga oydinlik kiritgan.
Mohiyatni anglash uchun his qilishning oʻzi yetarli emas. Bunga faqat aql yordamida erishish mumkin. “Himmatli shahar aholisining nuqtai nazari haqida risola” — Forobiyning eng yetuk asarlaridan biri boʻlib, 948-yil Misrda yozilgan. “Himmatli shahar” taʼlimoti keltirilgan boʻlib, uning eng boshida faylasuf turadi. Al Forobiy insonning maqsadi baxt boʻlib, unga faqat aql-idrok orqali erishish mumkin, deya taxmin qilgan. Mutafakkir jamiyatni davlat bilan tenglashtirgan. Jamiyat — inson organizmi. “Himmatli shahar” — tirik jonzot hayotini saqlab qolish maqsadidagi barcha aʼzolari bir-biriga yordam beruvchi sogʻlom tana singari”.
Forobiy haqiqatan ham jahon miqyosidagi inson boʻlgan, u oʻzining ijodiy yutuqlarida arab, fors, yunon, hind va turk madaniyatini oʻrganib, umumlashtirgan. Turk madaniyati sadosi uning mashhur “Kitab al musiq al kabir” (“Katta musiqa kitobi”) asarida yaqqol namoyon boʻlgan. Uning qoʻlyozmalari dunyoning koʻplab kutubxonalaridan joy olgan. Shuningdek, Forobiy ijodini oʻrganuvchi olimlar safi ham juda keng boʻlib, ular forobiyshunoslikka oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Soʻnggi asrlarda koʻchirilgan nusxalari koʻp mamlakatlarning kutubxona va muassasalarida saqlanadi.
Toshkentda Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida qadimgi Sharq faylasuflari asarlaridan jami 107 risolani, jumladan, Forobiyning 16 risolasini (arabcha) oʻz ichiga olgan “Hakimlar risolalari toʻplami” (“Majmuat rasoil al-hukamo”, Qoʻlyozmalar fondi, 2385-in.) bor. Bu noyob qoʻlyozma Forobiy asarlarini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Toʻplamdagi Forobiy risolalari 1975-yili qisman oʻzbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi.
Musiqaga qoʻshgan hissasi
“Manbalarda allomaning oʻzi ham mohir sozanda va bastakor boʻlgani, hatto oʻz zamonasi uchun yangi boʻlgan musiqa asbobini ixtiro qilgani haqidagi maʼlumotlar uchraydi. Musiqashunos olim sifatida Forobiy oʻzining musiqa ilmiga oid qarashlarini nazariy va amaliy jihatdan bir qancha asarlarda ifodalagan. Ingliz musiqashunos sharqshunosi mashhur olim Genri Jorj Farmer Forobiyning oʻn bitta asarini musiqaga oid deb hisoblaganini maʼlum qilgan. Ular quyidagilar:
1. “Katta musiqa kitobi“;
2. “Musiqaga kirish”;
3. “Musiqa haqida soʻz”;
4. “Musiqa haqidagi risola”;
5. “Ritmlar kitobi”;
6. “Ritmlar tasnifi haqidagi kitob”;
7. “Uning ritmga qoʻshimcha koʻchish haqida soʻzi (bu “Ritmlar tasnifi haqidagi kitob” asariga qoʻshimcha boʻlsa kerak);
8. “Ilmlar sanogʻi haqidagi kitob” asarining “Musiqa ilmi” nomli bobi. Bu kabi asarlar orasida “Katta musiqa kitobi” Forobiyning musiqashunoslikka oid ham hajm, ham ilmiy ahamiyat jihatidan eng yirik asari hisoblanadi. Mazkur asar orqali Forobiy oʻrta asrlarning yetuk musiqashunosi sifatida ham tanildi.
“Katta musiqa kitobi”da Forobiy oldinlari boshqa fanlarning tarkibiy qismi boʻlgan musiqani mustaqil ilm darajasiga koʻtargan. “Katta musiqa kitobi” asarida Forobiy musiqa ilmini nazariy, amaliy tarmoqlarga, kuylarning ichki tuzilishi, qonuniyatlarini hisobga olib – taʼrif (kompozitsiya) va ilmi iyqoʻ (ritmika)ga ajratadi. Forobiy musiqa nazariyasida tovushlar vujudga kelishining tabiiy-ilmiy taʼrifini beribgina qolmay, kuylar garmoniyasining matematik prinsiplarini ochadi, turli jadvallar, geometriya qoidalari asosida koʻplab murakkab chizmalar keltiradi. U Sharq musiqasining ritmik asosini dalillar bilan sharhlab beradi.
Forobiy ritmlarni tashkil etgan zarb birliklari boʻlmish naqralar, ularning birikmasidan hosil etiladigan ruknlarning turli xillari asosida yaratiladigan ritm oʻlchovlari va turlarini yoritib bergan. “Katta musiqa kitobi” asarida Forobiy musiqa ilmini nazariy, amaliy tarmoqlarga, kuylarning ichki tuzilishi, qonuniyatlarini hisobga olib – taʼrif (kompozitsiya) va ilmi iyqoʻ (ritmika)ga ajratadi. U musiqa nazariyasida tovushlar vujudga kelishining tabiiy-ilmiy taʼrifini beribgina qolmay, kuylar garmoniyasining matematik prinsiplarini ochadi, turli jadvallar, geometriya qoidalari asosida koʻplab murakkab chizmalar keltiradi. Forobiy Sharq musiqasining ritmik asosini dalillar bilan sharhlab beradi, ritmlarni tashkil etgan zarb birliklari boʻlmish naqralar, ularning birikmasidan hosil etiladigan ruknlarning turli xillari asosida yaratiladigan ritm oʻlchovlari va turlarini yoritib bergan.
Fozil odamlar shahri asari
Forobiy “Fozil odamlar shahri” risolasida jamiyat (“inson jamoasi”)ning kelib chiqishi haqida bunday yozadi: “Har bir inson tabiatan shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi, u bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi… Bular jamoa aʼzolarining faoliyati bir butun holda, ularning har biriga yashash va yetuklikka erishuv uchun zarur boʻlgan narsalarni yetkazib beradi. Shuning uchun inson shaxslari koʻpaydilar va yerning aholi yashaydigan qismiga oʻrnashdilar, natijada, inson jamoasi vujudga keldi”.
Forobiy shaharni ijtimoiy uyushishning yetuk shakli, insoniyat kamolotiga erishishining zaruriy vositasi, deb hisoblaydi. Butun insonlarni оʼzaro hamkorlikka, xalqlarni tinchlikka chaqiradi, dunyoda yagona inson jamoasini tuzish haqida orzu qiladi. Mutafakkir inson qadr-qimmatini kamsituvchi jamiyatga qarshi chiqadi. “Davlat arbobining hikmatlari” risolasida esa u doimiy urushlar va bosqinchilikka asoslanuvchi jamiyatni adolatsiz, johil jamiyat sifatida qoralaydi.
Forobiyning fozil jamoa haqidagi taʼlimoti, uning komil inson haqidagi fikrlari bilan uzviy bogʻlanib ketadi. Fozil jamoada komil inson xislati vujudga keladi. Masalan, axloq-odobli yetuk inson oʻn ikki fazilatga ega boʻlmogʻi lozim. Bu fazilatlar insonlarning oʻzaro munosabatlari mustahkamlanib, yaxshilik tomon yoʻnalishida vujudga kela boradi. Forobiyning fozil jamoa va komil inson haqidagi taʼlimotlari keyingi davr olim-mutafakkirlariga katta taʼsir koʻrsatdi.
Forobiy oʻzining fozil jamoasida odamlarni turli belgilarga qarab guruhlarga boʻladi. Kishilarning diniy mazhabiga, millatiga, irqiga qarab emas, balki tabiiy xususiyatlariga, qobiliyatlariga, avvalo, aqliy iqtidoriga hamda ilmlarni oʻrganish, hayotiy tajriba toʻplash jarayonida orttirgan ilmlari va koʻnikmalariga katta ahamiyat beradi. Itoatkorlikka daʼvat etuvchi taʼlimotlarni keskin qoralaydi. Forobiy “Baxt-saodatga erishuv yoʻllari haqida risola”, “Baxt-saodatga erishuv haqida risola” asarlarida oʻzining orzu qilgan fozil jamiyatini ham yorqin tasvirlaydi. “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, — deb yozadi u, — bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi”. Forobiy davlatni yetuk shaxs (monarxiya), yetuk xislatlarga ega boʻlgan bir necha shaxslar (aristokratiya) va saylangan shaxslar (demokratiya) yordamida boshqarish shakllarini qayd etadi.
Umuman olganda, Forobiyning fozil jamiyat, komil inson, baxt-saodat, oʻzaro yordam, dono boshliq, tenglik haqidagi fikrlari oʻz davri uchun xayoliydir. Lekin insonni maʼnaviy ozod etishga, uning imkoniyatlarini ochishga, gumanistik yoʻnalishni asoslashga qaratilgan bu taʼlimot inson ijtimoiy tafakkuri taraqqiyotiga buyuk hissa boʻlib qoʻshildi. Umumbashariy intilishlarni ifodaladi. Uning ijtimoiy gʻoyalari keyinchalik soʻnggi mutafakkirlar: Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ibn Rushd, Baxmanyor, Nizomiy, Saʼdiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bedil, Iqbol, Ahmad Donish va boshqalar ijodida rivojlantirildi.
“Forobiyning fikricha, yuksak axloqiy fazilatlarga rioya qilgan holda rivojlanayotgan har qanday davlat oʻz fuqarolarini shak-shubhasiz baxt-saodat yoʻliga olib chiquvchi kuchli quroldir. Inson bilim va namunali axloq egasi boʻlgandagina yaxshi odat va harakatlarni oʻzida mujassamlashtira oladi, u har qanday yovuz buzgʻunchiliklar koʻchasiga kirmaydi, aksincha, ularga nisbatan shafqatsiz jang olib boradi.
Vafoti haqida
Forobiy 949–950-yillarda Misrda, soʻngra Damashqda yashaydi va shu yerda umrining oxirgi kunlarini oʻtkazadi. U Damashqdagi “Bob as-sagʻir” qabristoniga dafn etilgan.
Xotira
Respublikamiz mustaqillikka erishgach, qomusiy olimning asarlari oʻzbek tilida chop etila boshladi, uning boy merosi xolisona, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillari asosida yoritila boshlandi. Oliy oʻquv yurtlari, maktab va kutubxonalar, koʻchalarga uning nomi qoʻyildi. Taraqqiyparvar insoniyat Forobiy ijodiga hurmat bilan qarab,uning merosini chuqur oʻrganadi. Ovroʻpa olimlaridan B.M.Shtrenshneyder, Karra de Vo, T.U.Buur, R.Xammond, R. de Erlanje, F.Deteritski, G.Farmer, N.Rishar, G.Ley, Sharq olimlaridan Nafisiy, Umar Farrux, Turker, M.Maxdi va boshqalar Forobiy merosini oʻrganishga muayyan hissa qoʻshdi. Keyingi yillarda uning ijodi va taʼlimotiga bagʻishlangan bir qancha tadqiqotlar, asarlar yuzaga keldi.
Manba: “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi / arboblar.uz Muqova surat: turantoday.com