122
Ulashish
5352 marta koʻrilgan
980–1037
Abu Ali ibn Sino
Ming yildan ortiqroq vaqt avval Buxoroda Abu Ali Hasayn ibn Abdulloh ibn Sino ismli buyuk shaxs yashagan. Uning lotincha ismi — Avitsenna koʻpchilikka tanish.
Xoʻsh, Ibn Sino kim boʻlgan. Shifokorlar fikricha, u buyuk tabib boʻlgan. Matematiklar uni mashhur astronom va matematik deb biladi. Adabiyotshunoslar esa uning shoir va yozuvchi boʻlganini taʼkidlaydi. Bu hali hammasi emas. Uni geologlar geologiya, musiqachilar musiqa nazariyotchisi, faylasuflar esa buyuk donishmand sifatida biladi. Ularning hammasi haq. Xoʻsh, u kim — abadiy darbadar, bosh vazir, vazir, qamoqqa tashlangan mahkum?
Nega vafotidan yuz yildan ortiq vaqt oʻtgach, diniy mutaassiblar tomonidan uning falsafiy kitoblari yoqib yuborilgan? Bundan tashqari, bir necha yuz yildan keyin Yevropada kitob bosish qurilmasi yaratilgandan soʻng Injildan keyin darhol besh jildli katta “Tib qonunlari” nashr qilingan. Ularning muallifi esa Avitsenna edi. Musulmon kutubxonalari uning asarlarini ehtiyotkorlik bilan saqlab, kam sonli kishilargagina ular bilan tanishish uchun ruxsat berilgan. Uning koʻplab asarlari haqida faqat mish-mishlar orqali xabardormiz. Xattotlar ibn Sinoning asarlarini sidqidildan koʻchirgan. Yevropaning turli davlatlarida mazkur asar kitob bosish mashinalarida koʻpaytirilib, turli tillarga tarjima qilingan.
Buyuk donishmand Avitsenna oʻzi tugʻilgan Buxoroda boʻlgan vaqtidayoq falsafiy risola va sheʼrlar yoza boshlagan va ijodini gʻarbiy Eronda davom ettirgan. U falsafa, sotsiologiya, adabiyotshunoslik, nazm, tabiatshunoslik va tibbiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan. Ibn Sinoning doʻst va hamrohlariga qaraganda dushmanlari koʻproq edi. Sulton Mahmudning gʻazabidan qochib, oʻzi qayd etganidek “zaruriyat” sabab bir shahardan boshqasiga, bir davlatdan ikkinchisiga koʻchib, sargardonlikda yurishga majbur boʻlgan. Lekin hamma joyda uni taqdirning yangi sinovlari kutib turardi. Uni bir necha bor zindonga tashlab, jallod qilichi bilan tahdid qilishgan. U yashirinib, sahroda sargardonlikda, zindonda yashagan, yurishlarda qatnashgan, davlat ishlari bilan shugʻullangan, yana yashirinishga majbur boʻlgan. Biroq shunga qaramay, doim ijod qilishda davom etgan.
Tafakkur kuchi uning asarlariga Sharqning ilgʻor donishmandlari, kitobxonlari tomonidan yuksak baholanadigan «quvnoq erkin fikrlash»ni berdi. Avitsenna Dekartdan olti asr oldin, birinchilardan boʻlib, “Ishorat” asarida “Men fikrlayapman, demak, mavjudman” deb yozgan. Bunday fikrlash tarzi islom qudratiga qarshi turadigan madaniy shakl boʻlib, ibn Sinoning murakkab dunyoqarashidagi rivojlanish anʼanasining namoyon boʻlishi edi. U suriya va arabcha tarjimalari orqali oʻz davriga yetib kelgan antik falsafa asarlari, faylasuflar otasi Aristotelni oʻrganib chiqqan edi. U ilmiy savollar boʻyicha oʻz zamondoshi, buyuk xorazmlik olim al-Beruniy bilan aloqada boʻlib, maktublar almashinib turgan. Avitsenna yuksak taʼlim koʻrgan kishi edi. U oʻzi mashgʻul boʻlgan sohalarning har birida yangi nimanidir ayta olgan.
Xoʻsh, nega unda u taʼqib ostida yashagan? Avvalo, u dunyoning abadiyligini tan olgan, ilohiy tushunchalarni inkor qilgan va barchasini tabiiy sabablar orqali tushuntirib bergan. Keyinchalik, ruhning abadiy mavjudligi va tananing qayta tiklanish imkoni yoʻqligini isbotlab bergan. Olim dunyoni moddiy va abadiy deb hisoblagan, qabr hayotini esa faqat diniy maʼnoda qabul qilgan. Koinotni minerallardan boshlab, inson bilan tugaydigan iyerarxik zanjir sifatida tushungan. Ibn Sinoning nazariyalari keyinchalik yevropa sxolastikasi tomonidan qabul qilingan. Ibn Sinoni ayblagan kishilar uning qochirim va zid fikrlarini farqlay olgan deya ayta olmaymiz. U Xudoning mavjudligini birlamchi mavhum substansiya sifatida tan olib, dunyoning yaralishiga sababchi boʻlganini aytadi. Avitsenna Allohga iymon keltirgan va oʻz davrida bunday qilmasligining iloji ham yoʻq edi. Lekin u dunyo oʻz qonunlari asosida rivojlanadi deb hisoblagan.
Buyuk olim koʻproq narsa qilishga uringan. Unga bosh vazirlik lavozimi taklif qilinganda, hukmdorga bir qancha islohotlar oʻtkazish taklifini bergan. Birinchidan, u oʻta kambagʻallashib ketgan dehqonlarni soliqdan ozod qilish kerakligini taklif qilgan. Ikkinchidan, harbiy askarlar sonini ikki barobar kamaytirib, boʻsh qolgan askarlarni kanal qurilishiga jalb etish kerak boʻlgan. Uchinchidan, ilk madrasa (maktab) va shifo uylari (kasalxona/shifoxonalar) ni qurish kerak boʻlgan. Lekin bulardan hech qanday ish chiqmagan va Avitsenna shunchaki saroy amaldorlarining koʻziga yomon koʻrinib qolgan. Uning yagona mashgʻuloti, ishi edi. Oʻzining asosiy mehnat mahsuli “Tib qonunlari”ni oʻlimidan biroz avval tugallagan. Sakkiz yuz yildan ortiqroq vaqt oʻtib, Lui Paster uning viruslar nafaqat suvda, balki havoda ham yashaydigan, koʻrinmas kasallik qoʻzgʻatuvchilari haqidagi fikrini tasdiqlaydi.
Ibn Sino birinchilardan boʻlib puls (tomir urishi) haqida maʼlumot bergan, oʻlat, xolera kabi kasalliklar bilan tanishtirgan, moxov, gepatit va kuydirgi kasalliklarini taʼriflab bergan. Bundan tashqari, dunyoda birinchi boʻlib koʻz mushaklarining tuzilishini tasvirlagan. Oʻsha vaqtda u oʻzining “qonunlari“ dunyoning barcha mamlakatlarida tibbiy ensiklopediyaga aylanishini bilmas edi. Ibn Sino asosi tibbiyot boʻlgan “Urjuza” asarini ham yozgan. Muqaddimada u “Asar uni oʻqish qiyin boʻlmasligi uchun sodda, tushunarli sheʼrlar bilan bayon qilingan”, deb yozadi. Bu asar bilan hatto maktab oʻquvchisi ham tibbiyotni oʻrganishi mumkin edi. Bundan tashqari, u tilshunoslik boʻyicha “Arablar tili” nomli asar yozgan boʻlib, zamondoshlarining fikricha, tilshunoslik sohasida bunday asarni ungacha hech kim yozmagan.
Umrining oxirgi yillarida ibn Sinoning sogʻligi ancha yomonlashgan. U qachondir oshqozon muammolari haqida asar yozgan boʻlsa, endi oʻzi shu darddan aziyat chekardi. Olim shunchalik zaiflashganidan dori qabul qila olmay qolgandi. U oʻziga “Meni boshqarayotganning endi boshqarishga kuchi yoʻq, shu sababdan davolanish ham foydasiz”, degan ekan. Ibn Sino es-hushi joyida boʻlib vafot etgan, uning soʻnggi soʻzlari quyidagicha edi:
Qora changdan tortib, samoviy jismlargacha
Soʻz-u amal sirin oʻrgandim.
Barcha hiyla-nayranglarni, barcha tugunlarni yechdim,
Ammo oʻlim tugunini yecha olmadim.
Muqova suratlar: scienceuzbekistan.org / sputniknews.uz / oyina.uz