Orqaga

1188 marta koʻrilgan

m. a. 384–322

Aristotel

Aristotel Xalkidika yarimorolining sharqiy qirgʻogʻida joylashgan, Stagira nomli yunon shaharchasida tugʻilgan. Uning otasi makedoniyalik qirollarning saroy shifokori boʻlgani tufayli Aristotel yaxshi taʼlim oladi va 17 yoshida Afinaga kelib, Platon akademiyasining talabasiga aylanadi. U yerda avvaliga talaba, keyin murabbiy va faylsasuf-platoniklar hamjamiyati aʼzosi sifatida 12 yil vaqtini oʻtkazadi.

Miloddan avvalgi 347-yilda, ustozining vafotidan soʻng Aristotel Afinani tark etadi va bir qancha vaqt Gretsiya boʻylab sayohat qiladi. Avval Traadga, Kichik Osiyo yarimoroliga yoʻl oladi. Keyin esa Lesbos oroliga borib, Mitilini shahriga joylashadi. Miloddan avvalgi 343-yildan boshlab, Aristotel 13 yoshli Aleksandr Makedonskiyning tarbiyachisi va murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan. U boʻlajak qirolga tarix, falsafa, mantiq, notiqlik sanʼatidan taʼlim berar edi. Aristotel u bilan harbiy yurishlarga borar, asosan Sharq mamlakatlarida boʻlardi. AleksandrA Makedonskiyning ustozi obrazi — donishmand Arastu Iskandar haqidagi mumtoz asarlar turkumidan oʻrin olgan.

Miloddan avvalgi 334-yilda Aristotel yana Afinada yashab, likey (litsey) da dars beradi. U sayr qila turib maʼruza oʻqirdi, shu sabab oʻquv muassasasi Peripat nomini, uning tinglovchilari esa peripatetiklar, yaʼni sayr qiluvchilar nomini oladi. Aristotel tabiat va jamiyat rivojlanishining deyarli barcha muammolarini oʻrgandi va ilmiy atamashunoslikka hozir ham mavjud boʻlgan baʼzi atamalarni kiritdi. U Platonning idealistik qarashlariga qoʻshilmagan va har qanday narsaning miqdor, sifat, munosabat, vaqt, makon, harakatning zamon va obrazi mavjudligini taʼkidlaydi.

Aristotel oʻzining “Poetika” asarida ilk bor haqiqatning aks etishi kabi adabiyotning asosiy xususiyatiga asos soladi. Bundan tashqari, Aristotel birinchilardan boʻlib adabiyotning kitobxonga ruhiy taʼsiri (katarsis) haqida bosh qotirdi. “Fizika” va “Osmon haqida” — Aristotelning mazkur ikki asari ham qiziqarli. U barcha predmetlar olov, havo va tuproqdan iborat ekanini qayd etib, tabiatda hech nima izsiz yoʻqolmaydi degan qatʼiy fikrga keladi. Aristotelning fikrlari ham Sharq, ham Gʻarb olimlari tomonidan rivojlantirilgan. Uning risolalarini yirik, arab faylasuf va olimlari Avitsenna (Ibn Sino) va Averroes (Ibn Rushd) yuqori baholagan. Ustozi Platon kabi Aristotel ham tabiatda “harakatsiz harakatlantiruvchi” bor deb hisoblagan. Keyinchalik uning bu fikrlari oʻrta asr yevropalik sxolastlar tomonidan rivojlantirilgan.

Shunday qilib, Aristotel hozirgi diniy taʼlimotlardagi asosiy fikrlar haqidagi mulohazalarini ifodalagan. Aleksandr Makedonskiyning oʻlimidan keyin Aristotel yana Xalkidikaga qaytadi va oʻsha yerda vafot etadi. Olim faoliyatining ahamiyati, undagi oldindan bilish va oʻrganilayotgan hodisalarni umumlashtirish kabi hayratlanarli qobiliyati edi. Fan rivoji keyinchalik Aristotel fizikasini rad etgan boʻlsa-da, uning risolalari nazariy ahamiyati yoʻqolmagan. Masalan, uning samo yoritkichlari tavsifi tizimiga asoslanib, polshalik olim Kopernik birinchilardan boʻlib Quyosh Yer atrofida aylanishi haqidagi fikrni rad etgan.



Muqova surat: wikipedia.org