Orqaga

889 marta koʻrilgan

1473–1543

Nikolay Kopernik

Nikolay Kopernik 1473-yil 19-fevralda Polshaning Torun shahrida, Germaniyadan koʻchib kelgan savdogar oilasida tavallud topgan. U ota-onasidan erta yetim qolib, amakisi — polshalik mashhur gumanist, yepiskop Lukash Vachenrode qoʻlida tarbiyalanadi. Kopernik 1490-yilda Krakov universitetini tamomlab, Visla daryosining quyilish qismidagi Frombork shahri cherkovida kanonik (ruhoniylar uyushmasi aʼzosi) ga aylanadi. U umrining oxirigacha (orada tanaffus bilan) shu lavozimda qoladi.

Kopernik 1496-yilda uzoq davom etgan Italiya sayohatiga yoʻl oladi. Avvaliga Bolonya universitetida tahsil olib, sanʼat magistri darajasiga ega boʻladi. Bundan tashqari, u cherkov huquqi sohasini ham oʻrganadi. Kopernikning ilmiy taqdirini belgilagan astronomiya sohasiga qiziqish aynan Bolonyada paydo boʻladi. Olim Polshaga qisqa muddatga qaytib, yana Italiyaga yoʻl oladi va bu safar Paduan universitetida tibbiyotni oʻrganib, Ferrara universitetida ilohiyot boʻyicha doktorlik darajasini oladi. Kopernik 1503-yilda ona yurtiga har tomonlama oʻqimishli inson sifatida qaytib keladi. U avvaliga Lidzbarke shahridan qoʻnim topib, amakisi huzurida kotib va shifokor sifatida faoliyat yuritadi. Amakisining vafotidan soʻng Frombork shahriga koʻchib, umrining oxirigacha oʻsha yerda yashaydi.

Kopernik hayratlanarli darajada keng qamrovli olim edi. U astronomiya bilan bir qatorda vizantiyalik olimlar qoʻlyozmalarining tarjimasi bilan ham shugʻullanadi, yana ajoyib shifokorlik faoliyatiga ham ega boʻladi. Kopernik kambagʻallarni hech qanday tamasiz davolaydi: kecha-yu kunduz bemorga yordam berishga shay boʻladi. Bundan tashqari, u viloyat boshqaruvida ham ishtirok etib, uning moliyaviy va xoʻjalik ishlarini boshqaradi. Hammasidan koʻra u astronomiyaga qiziqib, uni oʻsha davrlarda qabul qilinganidan koʻra boshqacha nigoh bilan oʻrganadi.

Oʻsha davrlarda qariyb bir yarim ming yildan buyon qadimgi yunon olimi Klavdiy Ptolemey tomonidan taqdim qilingan dunyoning tuzilishi tizimi amalda edi. Bu tizimga koʻra, Yer koinot markazida harakatsiz joylashgan boʻlib, Quyosh va boshqa sayyoralar uning atrofida aylanardi. Ptolemey nazariyasi astronomlarga maʼlum boʻlgan koʻplab hodisalar, asosan, osmonning koʻrinib turgan qismida sayyoralarning halqasimon harakatini izohlash imkonini bermasdi. Bundan tashqari, bu joylashuv oʻzgarmas deb hisoblangan va katolik cherkovi taʼlimoti bilan ham toʻla mos kelgan.

Kopernikkacha qadimgi yunon olimi Aristarx Yer Quyosh atrofida aylanishini taʼkidlagandi, ammo tajribalar oʻtkazib, oʻz fikrini tasdiqlay olmagandi. Samoviy jismlarning harakatlarini oʻrgangan Kopernik Ptolemeyning nazariyasi xato degan xulosaga keladi. Oʻttiz yillik mehnat, uzoq kuzatishlar va murakkab matematik hisob-kitoblardan soʻng u Yer sayyoralardan biri ekanligi va barcha sayyoralar Quyosh atrofida aylanishini isbotladi. Toʻgʻri, Kopernik ham yulduzlar harakatsiz samo jismlari boʻlib, Yerdan katta masofa uzoqlikdagi ulkan sferaning ustida joylashgan deb oʻylagandi. Bu Kopernik yashagan davrda samo hamda yulduzlarni kuzatish imkonini beruvchi kuchli teleskoplar boʻlmagani bilan izohlanadi.

Yer va sayyoralar Quyoshning yoʻldoshlari ekanini kashf qilgach, Kopernik Quyoshning osmon boʻylab koʻrinib turadigan harakati, baʼzi sayyoralar harakatidagi gʻalati chalkashliklar, shuningdek, osmon sferasining koʻrib turadigan aylanishini izohlay oldi. U samoviy jismlar harakatini xuddi oʻzimiz harakatlanganimizda yerdagi turli predmetlarning koʻchishi singari baholaymiz deb hisoblagan. Daryo yuzasida qayiqda suzayotganimizda, qayiq va biz harakatlanmayotgandek, aksincha, qirgʻoq qarama-qarshi yoʻnalishga harakatlanayotgandek tuyuladi. Xuddi shunday Yerdagi kuzatuvchiga ham Yer barqaror, Quyosh esa uning atrofida harakatlanadigandek tuyuladi. Aslida esa Yer Quyosh atrofida aylanadi va bir yil ichida oʻz orbitasida bitta toʻliq aylanishni amalga oshiradi.

Taxminan 1510–1514-yillar oraligʻida Kopernik olimlarga oʻz kashfiyoti haqida xabar bergan qisqa matn yozadi. Bu yangilik bomba portlashi misol taassurot qoldiradi va nafaqat muallif, balki uning izdoshlari ham uchragan baxtsizliklarga sabab boʻladi. Bu nazariyaning qabul qilinishi cherkov obroʻsini poymol qilish bilan teng edi, chunki bu konsepsiya borliqning yaratilishi haqidagi ilohiy nazariyani yoʻqqa chiqarardi.

Kopernik haykali, Varshava, Polsha / wikipedia.org

Kopernik nazariyasi “Osmon sferalarining aylanishi haqida” nomli risolasida batafsil bayon qilinadi. Muallif bu asari butun dunyo boʻylab tarqalgan vaqtgacha yashamaydi. Doʻstlari unga kitobning Nyurnberg bosmaxonalaridan birida chop qilingan ilk nusxasini olib kelganda Kopernik oʻlim ostonasida edi. Bu asar ilgʻor fikrli olimlar oʻrtasida qiziqishga sabab boʻladi.

Cherkov ahli avvaliga Kopernikning bu asari dinga qanday zarba berishini anglamadi. Bir qancha vaqt davomida uning kitobi olimlar orasida erkin tarqaldi. Faqatgina Kopernikning izdoshlari paydo boʻla boshlagach, uning taʼlimoti bidʼat deb eʼlon qilindi va kitobi “Taqiqlangan asarlar roʻyxati” ga kiritildi. 1835-yilga kelib Rim Papasi Kopernikning kitobini bu roʻyxatdan olib tashladi va shu bilan uning taʼlimoti cherkov tomonidan tan olinganini bildirdi. Kopernik qarashlarini targʻib qilgani uchun 1600-yilda italyan olimi Jordano Bruno olovda yoqilgan edi. Ammo bu bilan fan taraqqiyotini toʻxtatish mumkin emasdi.

Kopernik oʻlimidan biroz oʻtib italyan astronomi Galileo Galiley Quyosh ham oʻz oʻqi atrofida aylanishi haqida xabar berdi va bu bilan polyak olimi xulosalarining toʻgʻriligini tasdiqladi. Nikolay Kopernik 1531-yilda 70 yoshida vafot etadi. Oʻz-oʻzidan, Kopernik kashf qilgan qonuniyatlar astronomiyaning kelgusi taraqqiyotiga xizmat qildi va hozirgacha yangidan yangi kashfiyotlarga sabab boʻlmoqda.



Muqova surat: wikipedia.org