10
Ulashish
813 marta koʻrilgan
1564–1642
Galileo Galiley
Aynan Galiley birinchilardan boʻlib asosiy obyektni koʻra olish va nojoʻya holatlarning oldini olish uchun mavhumlikdan uzoqlashish kabi ilmiy tajribaning talablarini ishlab chiqqan. U butun umr barcha uchun ochiq boʻlgan tabiat kitobini oʻqigan.
Galileo Galiley 1564-yil 15-fevralda italyan shaharchasi — Pizada, ziyoli, lekin oʻsha davrda kambagʻallashib qolgan florensiyalik oilada tugʻilgan. Uning otasi Vinchenso Galiley iqtidorli musiqachi, bastakor va hatto matematik boʻlgan. U boʻlajak olimning iqtidorini shakllantirish va rivojlantirishda muhim oʻrin tutgan. Oʻzidagi yaxshi axloq, yoqimli nutq va estetik qarashlari uchun esa Galiley onasidan minnatdor boʻlishi kerak.
1575-yilda oila nafaqat Italiyaning, balki butun Yevropaning fan, madaniyat va sanʼat markazi boʻlgan Florensiyaga koʻchib oʻtadi. Bolakay zerikarli va murakkab darslardan keyin uyida musiqa va adabiyot ixlosmandlari davrasida boʻlardi. Uning oʻzi torli asboblarni chalish boʻyicha arzirli muvaffaqiyatlarga erishib, tasviriy sanʼat bilan ham muvaffaqiyatli shugʻullangan. Galiley oʻzining ilk tizimli taʼlimini Vallombrozdagi monastirda olgan, hatto monaxlar ordeniga tinglovchi sifatida ham qabul qilingan. Lekin otasi oʻgʻlining bu faoliyatidan qoniqmagan va uni ogʻir koʻz kasalligi bahonasida monastirdan chiqarib olgan.
U 17 yoshida otasining shifokor boʻlish haqidagi istagini amalga oshirish uchun Piza universitetiga oʻqishga kiradi. Tibbiyot Galileyni qiziqtira olmadi, chunki u tajribaga asoslangan fan emasdi, Galiley esa tabiatan tajribashunos boʻlgan. 20 yoshida ilmiy darajasini olmasdan universitetni tark etadi. Otasining talabi bilan qadimgi matematiklar — Yevklid va Arximedlarni oʻrganishga kirishadi. Galiley matematikaga qiziqib qoladi, ammo bu uning asosiy maqsadiga aylana olmaydi. U matematikada tabiat qonunlari va texnik masalalarni yechishning kuchli qurolini koʻradi. Matematikani 4 yil oʻrgangach, Galiley oʻzini mustaqil tadqiqotlar olib borishga qodir deb hisoblaydi.
1586-yilda u gidrostatik tarozi yasaydi. 1589-yilda 25 yoshli Galiley matematik doʻsti Markiz del Montening sharofati bilan Piza universitetida matematika oʻqituvchisi boʻlib tayinlanadi. 1592-yilda esa Paduaga oʻtib, u yerda 1610-yilgacha ishlaydi. Galileyning Piza soboridagi qandilning chayqalishini kuzatgani mayatnikning tebranishi uning amplitudasiga bogʻliq emasligini anglashiga turtki boʻlgani haqida afsona mavjud. Bu xuddi Galileyning Piza qiya minorasi balandligidan jismlarni tashlash oqibatida qulash qonunini yaratishiga olib kelgan ommaviy tajribalari haqidagi hikoyalardan biri. Lekin bu hikoyalarning hujjatli dalili na Galileyning oʻz qaydlarida, na zamondoshlari bitiklarida uchraydi.
Galiley hayotining Padua davri uning faoliyati gurkiragan davriga toʻgʻri keladi, uning oʻzi ham bu davrni eng baxtli damlar deb bilgan. Uning tasarrufida ustaxona boʻlib, yordamchisi bilan oʻzining fizik tajribalariga kerakli koʻplab jihozlar yasagan. Masalan, proporsional sirkul va teleskop yordamida u Oy Yerga doim bir tomoni bilan qarab turishini, Yupiterning 4 ta yoʻldoshi mavjudligini, Saturnning chekkalari borligi, Quyosh yuzasida dogʻlar mavjudligini aniqlagan. Teleskopning ish jarayoni Venetsiyadagi avliyo Mark soborida koʻrsatib berilgan va ommaning hayratiga sabab boʻlgan. Galiley Paduada erkin qulash qonuni, qiyalikdan qulash qonuni, burchak ostida gorizontga qulatilgan jismning harakatlanish qonuni kabi ishlarni tugatgan. Aynan shu yerda u fanda yangi yoʻnalish — jismlarning qarama-qarshiligini inobatga olish kerak degan fikrga keladi. Shuningdek, Galiley statika boʻyicha ham yirik tadqiqot olib borgan.
1611-yilda u Rimga boradi. Uni papa saroyida tantanali kutib olishadi va Galiley dei Linchei akademiyasi aʼzosiga aylanadi. 1616-yilda katolik cherkovi Nikolay Kopernikning taʼlimotini bidʼat deb eʼlon qiladi. Padua davridan beri Kopernik taʼlimotiga ergashgan Galiley uning homiyligidan voz kechishga majbur boʻladi. Bu vaziyat 1623-yilda Rim papasi boʻlib Galileyning doʻsti kardinal M.Barberini tayinlanganda qaysidir jihatdan oʻzgaradi.
1630-yilda Galileyning “Suv toʻlqinining kuchayishi va pasayishi dialogi” qoʻlyozmasi tugallanadi. Uning ilk nomi “Dunyoning ikki asosiy tizimi dialogi” Rim papasi talabi bilan oʻzgartirilgan edi. Bu risolaning maqsadi, Kopernikning dunyo tizimi haqidagi haqiqatini isbotlash edi. Rimda uning ishini xayrixohlik bilan kutib olishadi. Papa Urban VIII kitobning nashr etilishiga ijozat beradi, ammo nashrdan bir necha oy oʻtib, Galileyga Rimga shaxsan tashrif buyurishi kerakligi haqidagi inkvizitsiya qarori yetib keladi. Soʻroqlarda Galiley Kopernik taʼlimotidan voz kechganini aytib, avliyo Mariya cherkovida tiz choʻkib, jamoat oldida tavba qiladi. 9 yil davomida u inkvizitsiya qurboni boʻlib, unga Yerning harakati haqida gapirish ham, biror narsa chop qilidrish ham taqiqlanadi. Lekin Galiley faoliyatini davom ettiradi, 1638-yilda Gollandiyada uning ilmiy faoliyatiga xulosalar beradigan “Suhbatlar va matematik isbotlar” risolasi nashr qilinadi. 1637-yilda Galileo Galileyning koʻzi ojiz boʻlib qoladi. Inkvizitsiya olimning kasalligiga va kuchsizligiga ishonch hosil qilgach, unga Florensiyaga kelishga ruxsat beriladi.
Galileo Galiley 1642-yil 8-yanvarda Florensiya ostidagi Archetri shaharchasida, shogirdlari Viviani va Torrichelli qoʻlida 78 yoshida vafot etadi. 1737-yilga kelibgina, vafotidan 95 yil oʻtib, olimning soʻnggi istagi bajo keltiriladi: uning xoki Florensiyadagi Santa Kroche cherkoviga koʻchirilib, Mikelanjelo yoniga dafn etiladi. Galileyning aybdorligi haqidagi qaror 1971-yilda katolik cherkovi tomonidan bekor qilinadi.
Muqova surat: wikipedia.org