
3
Ulashish
171 marta koʻrilgan
973–1048
Abu Rayhon Beruniy
Biografiya
Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy 973-yili Xorazmning qadimgi poytaxti Kat shahrida tugʻildi. U yoshligidanoq ilm-fanga qiziqqani tufayli. Beruniy mashhur olim Abu Nasr Mansur ibn Iroq qoʻlida saboq oldi. Ibn Iroq astronomiya, geometriya, matematikaga oid bir qancha asarlar yozib, shulardan 12 tasini Beruniyga bagʻishlaydi. Beruniy arab, soʻgʻdiy, fors, suryoniy, yunon va qadimgi yahudiy tillarini, keyinchalik Hindistonda sanskrit tilini oʻrganadi.
Oʻzining yozishicha, u 990-yillardan boshlab Kat shahrida muhim astronomik kuzatishlar oʻtkazgan. Buning uchun oʻzi astronomik asboblar ham ixtiro etgan. Oʻsha yillar Xorazm zodagonlari orasida boshlangan taxt uchun kurashlar olimga tadqiqotlarini davom ettirishga imkon bermaydi va 22 yoshida vatanini tark etishga majbur boʻladi. Abu Rayhon Beruniy biroz vaqt Kaspiy dengizining janubi-sharqiy sohilida joylashgan Jurjon shahri (hozirgi Eronning Goʻrgon shahri) da muhojirlikda yashaydi.
Keyinchalik qadimgi Ray (hozirgi Eronda joylashgan) shahriga bordi. Rayda ham oʻqib-oʻrganishdan toʻxtamagan Beruniy 998-yildan keyin Jurjonga qaytib keladi va oʻzining ikkinchi ustozi tabib, astronom, faylasuf Abu Sahl Iso al-Masihiy bilan tanishadi. Al-Masihiy Beruniyga taʼlim bera boshlaydi. Beruniy “Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) asarini Jurjonda muhojirlik davrida yoza boshlagan va 1000-yilda tamomlagan. Bu asar Beruniyni mashhur qilib yubordi. Oʻzining aytishicha, bu asarni yozishdan maqsad turli davrlar oraligʻini iloji boricha aniqroq belgilashdan iborat boʻlgan. Bundan tashqari, u kitobda arab, yunon, fors va boshqa turli taqvimlarni oʻzaro solishtirgan.
Beruniy Jurjonda, shuningdek, astronomiya, metrologiya tarixiga oid 10 dan ortiq asar yozadi. Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Maʼmun II ibn Maʼmun abu Rayhon Beruniyni mamlakatning yangi poytaxti Urganchga chorlaydi. U xorazmshoh tomonidan juda katta izzat-ikrom bilan qabul qilinadi. Beruniy Urganchda Maʼmunning rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat koʻrsata boshlaydi. Beruniy shoh Maʼmun II ning eng yaqin maslahatchisi edi. U mamlakatning siyosiy ishlarida ham faol qatnashadi.
1015-yili Xorazm Mahmud Gʻaznaviy tomonidan bosib olinadi. U Xorazmshoh saroyidagi barcha olimlarni Gʻazna shahriga asir qilib olib ketadi. Beruniyning 1017–1048-yillarda Gʻaznadagi hayoti ogʻir kechgan boʻlsa-da, u aynan oʻsha vaqti ilmiy faoliyati choʻqqisiga erishadi. Jumladan, Beruniyning “Xorazmning mashhur kishilari” asari, astronomik-geografik sohadagi “Tahdid nihoyot al-amoniya li tashidi masofat al-masokin” (“Turar-joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarini aniqlash” — “Geodeziya”, 1025-yil) asari hamda “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar” asari (1029-yil) Gʻaznada yozilgan. Bizga asarning forscha, arabcha nusxalari yetib kelgan.
Soʻnggi kitobda oʻsha zamon astronomiyasi bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha fanlar toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar berilgan. “Geodeziya” asari tufayli esa Beruniy boshqa olimlar tomonidan tan olina boshlaydi.
Beruniy Mahmud Gʻaznaviyning Hindistonga qilgan yurishlaridan birida shohga hamroh boʻladi. U Hindistonda sanskrit tilini oʻrganadi va hind madaniyati, adabiyoti va Hindistonning oʻsha davr olimlari bilan yaqindan tanishadi. Beruniy safar taassurotlarini qogʻozga tushirib, 1030-yilda “Hindiston” — “Tahqiq mo li-l-Hind min maʼquda maqbula fi-l-aql av marzula” (“Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash kitobi”) nomi bilan kitob yozadi. Bu shoh asar nafaqat oʻsha davrning yetuk Gʻarb va Sharq olimlari, balki hozirgi zamon hind olimlari tomonidan ham yuksak baholangan. “Hindiston” asari yozib tugatilgan yili Mahmud Gʻaznaviy vafot etdi va uning oʻrniga taxtga oʻgʻli Masʼud oʻtirdi. Shundan soʻng Beruniyning ahvoli ancha yaxshilandi. Astronomiyaga oid “Masʼud qonuni” asari sulton Masʼudga bagʻishlangan. Bu kitob toʻgʻrisida oʻsha davr olimlaridan biri Yoqut al-Xamaviy: “Masʼud qonuni” kitobi matematika va astronomiya boʻyicha ungacha yozilgan hamma kitoblar izini oʻchirib yuborgan”, degan fikrni bildiradi.
Vafoti
Shogirdi Abul Fadl as-Saraxsiy maʼlumoti boʻyicha Beruniy 1048-yil 11-dekabrda vafot etadi.
Ijodi
Beruniydan katta ilmiy meros qoldi. Beruniy keyingi avlodga ilm-fanning turli sohalariga oid 160 dan ortiq tarjimalar, turli hajmdagi asarlar, yozishmalar qoldrigani bizga maʼlum. Shuningdek, u sanskrit tilidan arabchaga, arab tilidan sanskrit tiliga taijimalar qilib, badiiy ijod bilan ham shugʻullanib sheʼrlar yozdi. “Astrologiyaga kirish”, “Astronomiya kaliti”, “Jonni davolovchi quyosh kitobi”, “Ikki xil harakatning zarurligi haqida”, “Al-Muqanna haqidagi maʼlumotlar tarjimasi”, “Ibn Sino bilan yozishmalar”, “Koʻpaytirish asoslari”, “Ptolemey “Аl-magest”ining sanskritchaga tarjimasi”, “Foydali savollar va toʻgʻri javoblar”, “Fargʻoniy “Elementlar”iga tuzatishlar”, “Turklar tomonidan ehtiyotkorlik”, “Oq kiyimlilar” va karmatlar haqida maʼlumotlar”, “Sheʼrlar toʻplami” shular jumlasidandir. Beruniy 1035-1536-yillarda oʻziga ustoz deb hisoblagan Abu Bakr ar-Roziyning hamda oʻzining asarlari roʻyxatini tuzadi. U oʻzining 103 nomdagi asarlarini 12 turga — astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tibbiyot, farmakognoziya, tarix, filologiya sohalariga ajratadi. Beruniy oʻz asarlari roʻyxatini tuzgandan keyin yana ikkita muhim kitobini yozgan. Bu asarlardan biri turli minerallar haqidagi “Kitob ul-jamohir fi maʼrifat al-javohir” — “Qimmatbaho javohirlar haqidagi bilimlar” (“Mineralogiya”) risolasidir. Shoh Maʼsudning oʻgʻliga bagʻishlangan bu risola oʻsha davrning sohadagi Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq, hatto Yevropada ham tengsiz hisoblanadi. “Dorivor oʻsimliklar haqida kitob” Beruniyning oxirgi asari boʻlib, qoʻlyozmasi XX asrning 30-yillarida Turkiyada topildi. “Saydana” nomi bilan mashhur bu asar oʻzida Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyoda oʻsadigan dorivor oʻsimliklaming toʻla tavsifini aks ettiradi.
Beruniy qadimgi yunon ilmi va uning vakillari Yevklid, Aristotel, Platon, Ptolemey kabilarning asarlari, hind olimlari, musulmon olimlari al-Xorazmiy, Roziy, Fargʻoniy, Abu Tammam, Battoniy, Ibn Kaysum, Abu Maʼshar asarlari bilan yaqindan tanish boʻlgan, ularga sharh, izoh, tuzatish va raddiyalar yozgan.
Beruniy oʻzining “Geodeziya” asarida geotsentrizm bilan bogʻliq baʼzi nazariyalarning toʻgʻriligiga shubha bildiradi. Uning fikricha, Ptolemey ilgari surgan geotsentrik gʻoya hamda unga keltirilgan dalil geliotsentrik nazariya uchun ham mos kelar edi. Beruniy harakat trayektoriyasi va osmon yoritqichlari shaklining ellipsoid ekanligi haqida birinchi boʻlib fikr yuritgan olimlardan hisoblanadi. U joylarning geografik uzoqligini, kengligini aniqlash yoʻllarini tanlab olishda novator hisoblanadi. Bu borada erishgan natijalari hatto hozirgi zamon olimlarini ham hayratda qoldiradi. Beruniyning fikricha, Yer yuzasining har bir qismi oʻzining uzoq oʻtmishga ega. U hisob-kitoblarida trigonometriya va geometriyani keng qoʻllagani uchun oʻzidan oldingi astronomlardan ancha aniq natijalarga erishgan. Beruniy Markaziy Osiyoning baʼzi hududlari, xususan, Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchilardan boʻlib jiddiy oʻrganishga harakat qiladi. Beruniyning Amudaryo vodiysining geologik tarixi va Orol dengizining paydo boʻlishi haqidagi xulosalari oʻsha zamon uchun eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biri sanaladi. Olim “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi” degan nazariyani ilgari suradi. Uning fikricha, togʻlar tabiiy ravishda paydo boʻladi va yoʻq boʻlib ketadi.
Ibn Sino bilan yozishmasida Beruniy oʻzining Aristotel ilgari surgan fikrlarga munosabatini aks ettirgan. Ikki olim oʻz xatlarida asosan, Aristotelning “Fazo haqida” va “Fizika” asarlari toʻgʻrisida fikr almashadi. Beruniy Aristotelning naturfilosofiyasi bilan bevosita shugʻullangani uchun Aristotelning gʻoyalariga tanqidiy yondashib, hatto zaif tomonlarini tanqid etish darajasiga borib yetadi. Shunga qaramay, Beruniy Aristotelni qadimgi dunyoning eng yetuk qomusiy olimi deb zoʻr hurmat bilan tilga oladi.
Beruniy oʻzining “Hindiston” asarida musulmon va hindlarning urf-odatlari oʻrtasidagi tafovutlarni tahlil etadi. Nafaqat urf-odatlar, balki tillar oʻrtasidagi farqlarni ham geografik omillarga bogʻliq deya qayd etadi. Uning fikricha, “Tillarning turlicha boʻlishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-birlaridan uzoq turishi” boʻlgan.
Beruniy ijtimoiy hayotning tuzilishi haqida ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtadi: “Inson oʻz ehtiyojlarini tushunib, oʻziga oʻxshash kishilar bilan birga yashashning zarurligini anglay boshlaydi. Shuning uchun oʻzaro kelishuvchanlik qabilidagi “shartnoma” tuzishga kirishadi. Odamlarning birgalikdagi turmushi insonni haqiqiy qudratga, uning ehtiyojlarini qondirishga olib kelmaydi, buning uchun yana mehnat qilish ham zarurdir. Insonning qadr-qimmati oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishdan iborat: shuning uchun insonning eng asosiy vazifasi va oʻrni mehnat bilan belgilanadi, inson oʻz xohishiga mehnat tufayli erishadi”, deb yozgan edi u.
Beruniy jamiyat boshqaruvida xalq podshohga emas, balki podshoh xalqqa xizmat qilishi kerakligini tushungan. “Idora qilish va boshqarishning mohiyati balki boshliq zolimlardan aziyat chekkanlarning huquqlarini himoya qilish, birovlarning tinchligi yoʻlida oʻz tinchligini yoʻqotoqdir. Bu ularning oilasini, ulaming hayoti va mol-mulkini himoya qilish va qoʻriqlash yoʻlida badan charchashidan iborat.
Tabiatan boshqarishga moyil boʻlgan hokim oʻz fikri va qarorlarida qatʼiy boʻlishi kerak, oʻz ishlarini amalga oshirishda faylasuflarning qonunlariga, Aleksandr Makedonskiy Aristotelning falsafiy donishmandligiga amal qilganidek, boʻysunishlik lozim: shohning oʻzi ham yaratuvchanlik qobiliyatiga ega boʻlmogʻi, ayniqsa, dehqonlar toʻgʻrisida koʻproq gʻam yeyishi kerak. Podshohlik dehqonchiliksiz yashay olmaydi. Odil hokimning asosiy vazifasi oliy va past tabaqalar, kuchlilar va kuchsizlar orasida tenglik, adolat oʻrnatishdan iboratdir”, deb yozadi Beruniy.
Beruniy oʻrta asr sharoitida haqiqiy ilmiy tabiatshunoslikka asos solgan edi. Uning fikrlari haqiqiy tajribaga, kuzatish, eksperimentga asoslangan boʻlib, Beruniy aniq ilmiy tafakkurni boshlab bergan. U bildirgan fikr va mulohazalar, tahlil va gʻoyalar bir necha asrlardan soʻng Yevropa ilm-fanida ham oʻz isbotini topdi. “Har bir olim oʻz muhokamasida amaliyotga asoslanishi, oʻz tadqiqotida aniq boʻlishi, toʻxtovsiz mehnat qilishi, xatolarini qidirib tuzatishi, ilmda haqiqat uchun har xil uydirma, yuzakilikka qarshi kurash olib borishi zarur”, degan edi Beruniy.
Beruniy filologiya sohasida ham ilmiy meros qoldirgan. Jumladan, mumtoz arab sheʼriyati, hind sheʼriyati tuzilishiga doir tadqiqotlar olib bordi, Eron folklori namunalarini arab tiliga oʻgirdi.
Olim oʻzining “Hindiston” asarida “xalqlar oʻrtasida tortishish va talashish koʻp”, deb yozgan edi. U xalqlar doʻst, inoq, ittifoq boʻlib yashashi uchun kurashib, insoniyatga, u yaratgan fan va madaniyatga qirgʻin keltiruvchi urushlarni qattiq qoraladi. Beruniyning Hindistonda olib borgan keng ilmiy tadqiqotlari ham xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hamkorlik va madaniy munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan edi.
Arab va fors tillarida ijod qilgan Bayhaqiy, Shaxrizoʻriy, Qiftiy, Yoqut Hamaviy oʻz asarlarida Beruniy haqida qimmatli maʼlumotlar aytib oʻtgan. Xususan, XIII asrda yashagan suriyalik tarixchi va tabib Xristian Ioanni Bar Ebrey (1226–1286) Beruniy haqida quyidagi fikrlarni keltiradi: “ Oʻsha oʻtgan yillarda yunon va hind falsafasi dengizini kechib oʻtgan Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy oʻtmish ilmlarda shuhrat qozondi. U matematika ilmlarida mutaxassis boʻlib, bu sohada qator muhim kitoblar yaratdi. Hindistonga borib, u yerda bir necha yil yashadi, hind faylasuflaridan ularning sanʼatini oʻrgandi va ularga yunon falsafasini oʻrgatdi. Uning asarlari nihoyatda koʻp, yetuk va nihoyatda ishonchlidir. Bir soʻz bilan aytganda, oʻz davrida, undan soʻng va hozirga qadar hamkasblari orasida astronomiya ilmida bunday bilimdon va bu ilmning asosini hamda nozik tomonlarini chuqur biladigan olim boʻlmagan”.
Beruniy merosi XIX asrga kelib olimlarda yanada katta qiziqish uygʻotdi. Uning asarlari lotin, fransuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima etila boshlandi. Beruniy Yevropa va Osiyo mamlakatlarida yana bir bor tan olina boshladi. Beruniy asarlariga bagʻishlangan yevropalik olimlar J. Reno, E. Zaxau, G. Zuter, E. Videman, K. Nallino, J. Sarton, R. Rayt, M. Meyerxof, osiyolik olimlar S. X. Nasr, M. Kozim, S. Baraniy, M. Nizamuddin, Sh. Yaltkay, rus olimlari I. Y. Krachkovskiy, S. P. Tolstov, A. A. Raynov, A. M. Belenitskiy, A. A. Semyonov, B. A. Rozenfeldlarning unga bagʻishlangan asarlari eʼlon qilindi. Mashhur sharqshunos olim I. Y. Krachkovskiy Beruniy merosiga ulkan baho berib, “Uning qiziqqan ilm sohalaridan koʻra qiziqmagan sohalarini sanab oʻtish osondir” deb, allomaning qomusiy aqlini yana bir bor taʼkidlab oʻtadi.
Amerikalik tarixchi olim J. Sarton Beruniyni oʻz davrining jahondagi birinchi donishmandi deb eʼtirof etadi. Atoqli sharqshunos V. R. Rozen esa uning ilmiy qarashlaridan hayratlanib, hozirgi davr fanining ruhiga xos ekanligini qayd etadi.
Beruniy Oʻzbekistonda ham katta eʼzoz va eʼtiborga sazovor boʻlmoqda. H. M. Abdullayev, I. M. Moʻminov, V. Y. Zohidov, Y. Gʻ. Gʻulomov, U. Karimov, P. G. Bulgakov kabi atoqli olimlarimiz Beruniy faoliyati haqida qator risola, asarlar yaratdilar. Birinchi bor Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Masʼud qonuni”, “Geodeziya”, “Saydana” kabi asosiy asarlarini oʻz ichiga oluvchi koʻp jildli saylanma asarlari oʻzbek va rus tillarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan nashr etildi.
Xotira
Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarkibida joylashgan, Beruniy tugʻilgan shahar uning nomi bilan ataladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi sharqshunoslik instituti, fan va texnika sohasidagi davlat mukofoti, talabalar uchun stipendiya, Samarqand viloyat bolalar kutubxonasi, Toshkent shahri metropoliteni bekatlaridan biri hamda Yurtimizning turli koʻchalari abu Rayhon Beruniy sharafiga nomlangan. 2023-yili Xiva shahrida abu Rayhon Beruniy nomidagi Xalqaro Kimyo olimpiadasi boʻlib oʻtdi.
Manba: “The Science of al-Biruni” kitobidan Muqova suratlar: oyina.uz / norma.uz



















