Orqaga

950 marta koʻrilgan

1455–1537

Kamoliddin Behzod

Biografiya

Kamoliddin Behzod 1455-yilda Hirotda, kambagʻal hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Biroq ota-onadan juda erta ajralgan Kamoliddin Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhillo (Mirak Naqqosh) qoʻlida tarbiya topadi. Yosh Kamoliddin Mirak Naqqosh boshchiligida uning Hirotdagi Nigoristonida (sanʼat akademiyasida) naqqoshlik va miniatyurachilikdan saboq oladi.

Kamoliddin Behzod mashhur shoir Alisher Navoiyning eʼtiboriga tushadi. Badiiy-gʻoyaviy va estetik jihatdan ulugʻ boʻlgan mutafakkir Kamoliddinga homiylik qiladi. Sanʼatni sevuvchi Behzod mehnatkashligi hamda oʻtkir aql-u zakovati sababli tez orada Hirotda iqtidorli musavvir sifatida taniladi. U hatto Alisher Navoiyning doʻsti, podshoh Sulton Husayn Boyqaro nazariga ham tushadi. Husayn Boyqaro Kamoliddin Behzodga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. 1487-yilda Sulton Husayn Boyqaro Kamoliddin Behzodni Hirotdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlaydi.

Behzod tasvirlangan miniatyura / wikipedia.org

XV asr oxirlarida avj olgan toj-u taxt uchun oʻzaro jang-u jadallar natijasida Temuriylar saltanatiga darz ketadi. Bu davrda Behzodning eng sevimli homiysi Mavlono Abdurahmon Jomiy (1492-yilda), soʻngra ustozi Alisher Navoiy (1501 -yilda) ham birin-ketin olamdan oʻtadi. 1506-yilda Hirotdagi Temuriylar sulolasining soʻnggi qudratli vakili Sulton Husayn Boyqaro vafot etganidan soʻng shahzodalar Hirotni halokat yoqasiga olib keladilar. 1507-yilda koʻchmanchi oʻzbek qabilalarining xoni Shayboniyxon Hirot taxtiga osonlik bilan keladi. Toj-u taxt uchun boʻlgan kuchli va ayovsiz janglar boʻlib oʻtgan bu davrda ham Kamoliddin Behzod Hirotda qolib, oʻzining ijodiy faoliyatini davom ettiradi. Behzod uch yilga yaqin Hirotda, Shayboniyxon saroyda ish olib boradi. Uning sanʼatidan hayratlangan Shayboniyxon Kamoliddin Behzodning ijodiy ishlariga toʻsqinlik qilmay, bu ulugʻ miniatyurachining ishlashi uchun qulay sharoit yaratib beradi. Behzod Shayboniyxonning tasvirini ayni oʻsha yillari chizgan boʻlishi mumkin. 1510-yilda Shayboniylar lashkari va Erondagi kuchayib borayotgan Safaviylar saltanati lashkari oʻrtasida Marv yonidagi Mahmudobod hududida shiddatli jang boʻladi. Jang maydonida Shayboniyxon qoʻshinlari tor-mor etilib, 1510-yilda Hirot Safaviylar qoʻliga oʻtadi.

Ismoil Safaviy 1512-yilda Hirotdagi bir necha isteʼdodli sanʼatkorlarni, xususan Kamoliddin Behzod va uning bir guruh isteʼdodli shogirdlarini ham mamlakat poytaxti Tabrizga olib ketadi. Bu vaqtda Behzod va uning Hirotdagi musavvirlik maktabining dovrugʻi butun Sharqqa yoyilgan edi. Behzodning sanʼatini yuksak qadrlagan Shoh Ismoil Safaviy ham naqqoshning ijod qilishi uchun Tabrizda barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi. Behzod va uning shogirdlari Tabrizda sermahsul ijod qiladi. Behzod Tabrizda Hirotdan keyingi nafis tasviriy sanʼat (miniatyurachilik)ning yana bir ulkan maktabini yaratadi. Oʻsha paytlarda Eronda ham ichki siyosiy ahvol havas qilarli emas edi. Usmonli turk sultoni Salim I Yovuz Eronga tahdid solib turardi. 1514-yilda Eron va Turkiya oʻrtasida Tabriz yaqinidagi Choldiron tekisligida dahshatli jang boʻlib oʻtadi. Bu jangda Safaviylar saltanati magʻlubiyatga uchraydi va shoh Ismoil Safaviy jang maydonidan qochib, zoʻrgʻa qutulib qoladi. Bir yilcha Tabriz turklar qaramogʻida boʻladi.

Tabrizdagi eng eʼtiborli sanʼatkor boʻlganligi uchun Behzodni hamda atoqli xattot Shoh Mahmud Nishopuriyni turklar oʻz yurtiga oʻlja qilib olib ketmasliklari uchun podshoh amriga binoan Tabriz atrofidagi bir gʻorga majburan yashirib qoʻyadilar. Eronda nashr etilgan “Saromadani hunar” asarida yozilishicha, oʻz saroyidagi xazinalar ichidagi eng nodir va noyob gavhar — Kamoliddin Behzodning turklar qoʻliga tushib qolmasligi uchun ishonchli joyga yashirib ketgan Shoh Ismoil Safaviy jangdan yengilib chiqqach, oʻz mulozimlaridan biriga bergan ilk savollari quyidagilardan iborat boʻlgan: “Behzod qalay? Uning joni omonmi? Uni, xudoy naxosta turklar olib ketmadimi?”

1512–1522-yillar Behzod hayotida ogʻir va musibatli yillar boʻldi. Bu yillarda u ahyon-ahyon ona yurti Hirotga ham borib-kelib turgan. 1522-yilda Shoh Ismoil Safaviyning maxsus farmoniga binoan Kamoliddin Behzod Tabrizdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlanadi. 1524-yilda Shoh Ismoil Safaviy vafot etganidan soʻng taxtni oʻgʻli yosh shahzoda Taxmasp egallaydi.

Vafoti

1537-yilda (hijriy 942) keksa Behzod Hirotda suyukli jiyani va shogirdi Rustam Alining oʻlim toʻshagida yotganligidan xabar topadi va uni koʻrish uchun ona shahri Hirotga otlanadi. Lekin u niyatiga yeta olmaydi. Behzod Hirotga yetib kelguncha u olamdan oʻtgan boʻladi. Bunday ayriliqqa chidolmagan Behzodning oʻzi ham ogʻir xastalanib, 1537-yilda Hirotda olamdan oʻtadi. Hirot aholisi buyuk ijodkorni chuqur iztirob ila shahar yonidagi Koʻhi Muxtor togʻi yonbagʻriga, jiyani va shogirdi Rustam Alining qabri yoniga dafn qiladilar.

Ijodi

Kamoliddin Behzodning asarlarini oʻrganuvchi mutaxassislar fikricha, uning hozirgacha maʼlum boʻlgan asarlari taxminan oʻttizta rasm va rasmlar turkumidan iborat, ulardan eng mashhurlari quyida keltirilgan:

1. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga ishlangan miniatyuralar.

2. Husayn Boyqaroning majlislari tasvirlangan muraqqadagi 40 dan ortiq goʻzal miniatyura.

3. Abdurahmon Jomiyning “Salomon va Ibsol” asariga ishlangan rasmlar.

4. Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa” siga ishlangan 33 ta ajoyib miniatyura.

5. Saʼdiyning “Boʻston” asariga ishlangan goʻzal rasmlar.

6. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa” asariga chizilgan noyob va benazir miniatyuralar.

7. Abdulloh Xotifiyning “Temurnoma” asariga chizilgan rasmlar.

8. Saʼdiyning “Guliston” asariga ishlangan nafis miniatyuralar.

9. Abdurahmon Jomiy tasviri.

10. Husayn Boyqaro tasviri.

11. Shayboniyxon tasviri.

12. Shoh Taxmasp tasviri.

13. Shoir Abdulloh Xotifiy tasviri.

14. Tuyalar jangi.

15. Raqsi darvish (darvishlar raqsi).

16. Samarqandda madrasa qurilishi.

Behzod oʻta saxiy va mehribon ustoz sifatida juda koʻp atoqli miniatyurachi, musavvir va naqqoshlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi.

XV–XVI va undan soʻnggi asrlarda Kamoliddin Behzodning shogirdlari Hirotda, Tabrizda, Buxoroda, Samarqandda, Sherozda, Isfahonda,Istanbulda, Hindistonda, shuningdek, Sharqning boshqa juda koʻp shaharlarida ijod qiladi. Sulton Muhammad Qosim Ali Chehrakushoy, Darvish Muhammad, Ustod Muhammadiy, Muzaffar Ali, Yusuf Mullo, Rustam Ali, Shayxzoda Xurosoniy, Shoh Muzaffar, Mir Said Ali, Mahmud Muzahhib, Abdullo kabi oʻndan ziyod atoqli musavvirlar Behzod maktabini, uning uslubini zoʻr muvaffaqiyat bilan davom ettirganlar.

Behzod maktabining davomchilarini bugungi kunda ham kuzatish mumkin. Afgʻoniston (Ustod Muhammad Said Mashʼal), Eron (Karim Tohirzoda Behzod), Oʻzbekiston (marhum Ustod Chingiz Ahmarov) va boshqa Sharq oʻlkalaridagi rassomlar Kamoliddin Behzod maktabini davom ettirib kelmoqda. Hozirda Sharq va Yevropa mamlakatlarida sanʼat, rassomchilik tarixini oʻrganishda miniatura chizish tarixi, xususan, Behzod miniatura maktabi alohida oʻrganilib, tadqiq etiladi hamda maxsus maktablarda oʻqitiladi. Behzodning musavvirlik mahorati Temuriylar davri madaniyatida alohida oʻrin tutgani taʼkidlanadi.

Kamoliddin Behzod oʻzining miniatyura durdonalari bilan nafaqat Sharq xalqlari musavvirchiligi tarixida, balki jahon rasm sanʼati tarixida ham oʻchmas iz qoldirgan.

Xotira

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, 2000-yilda Kamoliddin Behzodning 545 yillik tavallud kuni keng nishonlandi. Toshkent shahrida joylashgan Milliy rassomlik va dizayn instituti ushbu buyuk ijodkor nomiga qoʻyilgan. Bundan tashqari, 2020-yilda oliy taʼlimning tegishli yoʻnalishlarida tahsil oluvchi talabalar uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi ham joriy etilgan.



Manbalar: norma.uz / wikipedia.org / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi