Orqaga
Fransuz-ispan urushi. Fransiya ispaniya urushi.

556 marta koʻrilgan

XVII asr

Fransuz-Ispan urushi

Fransiya-Ispaniya urushi (1635–1659-yillar) Fransiya va Ispaniya davlatlari oʻrtasidagi urush boʻlib, turli ittifoqchilar ishtirokida boʻlib oʻtgan. 1635-yil may oyida boshlanib, 1648-yil Vestfaliya tinchligi bilan yakunlangan 1-bosqich Oʻttiz yillik urush bilan bogʻliq toʻqnashuv hisoblanadi. 2-bosqich 1659-yilgacha Fransiya va Ispaniya Pireney shartnomasining tinchlik shartlariga rozi boʻlmagunga qadar davom etgan.

Mojaroning asosiy hududi Shimoliy Italiya, Ispaniya Gollandiyasi va Germaniyaning Reynlandida edi. Bundan tashqari, Fransiya Portugaliya (1640–1668-yillar), Kataloniya (1640–1653-yillar) va Neapolda (1647-yil) ispan hukmronligiga qarshi qoʻzgʻolonlar, 1647-yildan 1653-yilgacha Ispaniya Fronde deb nomlanuvchi fuqarolar urushida fransuz qoʻzgʻolonlarini qoʻllab-quvvatlagan. Ikkalasi ham 1639–1642-yillardagi Piyemonte fuqarolar urushida qarama-qarshi tomonlarga yordam bergan.

Fransiya 1635-yil maygacha Ispaniya va Muqaddas Rim imperiyasiga qarshi urush eʼlon qilib, Gollandiya Respublikasi va Shvetsiyaning ittifoqchisi sifatida mojaroga kirgunga qadar Oʻttiz yillik urushda bevosita ishtirok etishdan qochgan. 1648-yilda Vestfaliya shartnomasidan keyin Ispaniya va Fransiya oʻrtasida urush davom etgan. Har ikki tomon hal qiluvchi gʻalabaga erisholmagan. Fransiya Flandriya va Pireneyning shimoli-sharqiy chekkasida gʻalaba qozongan. Ammo 1658-yilga kelib, ikkala tomon ham moliyaviy jihatdan charchagan va bu ularni 1659-yil noyabrda tinchlik oʻrnatishiga olib kelgan.

Fransiyaning hududiy yutugʻi unchalik katta boʻlmasa-da, qirollik chegarasini mustahkamlagan. Shu bilan birga, Fransiya qiroli Lyudovik XIV Ispaniya qiroli Filipp IV ning toʻngʻich qizi, ispaniyalik Mariya Terezaga uylangan. Ispaniya ulkan global imperiyani saqlab qolgan va Yevropada yetakchi kuch boʻlib qolgan. Biroq shartnoma Lyudovik XIV davrida oʻsib borayotgan Fransiya foydasiga uning Yevropadagi ustunligini asta-sekin yoʻqotishga olib kelgan.

Fransuz-ispan urushi. Fransiya ispaniya urushi.

Ispaniya qiroli Filipp IV, 1621-yildan 1665-yilgacha hukmdorlik davri. Filipp IV ning qizi Mariya Tereza / wikipedia.org

XVII asr Yevropada Fransiyaning Burbon qirollari hamda Ispaniya va Muqaddas Rim imperiyasidagi gabsburg sulolasi oʻrtasidagi kurash ustunlik qilgan. 1620-yillarda Fransiya ichki tomondan bir qator gugenot qoʻzgʻolonlari va tashqi tomondan Ispaniya Gollandiyasi, Fransh-Konte, Elzas, Russilon va Lotaringiya chegaralaridagi gabsburg mulki tomonidan tahdidga uchragan. 1635-yilgacha u raqiblarini, shu jumladan, gollandlar, Shimoliy Italiyadagi koloniyalar va grisonlar, Usmonlilar davlati, Venetsiya Respublikasi, Transilvaniya va Shvetsiyani moliyalash orqali gabsburglarning ikkala tarmogʻini zaiflashtirishga harakat qilgan.

1635-yildan keyin Fransiya toʻgʻridan toʻgʻri Gollandiya va shvedlar bilan gabsburg sulolasiga qarshi ittifoq tuzib, Portugaliya, Kataloniya va Neapoldagi isyonchilarni qoʻllab-quvvatlagan. Oʻz navbatida, gabsburglar kardinal Rishelye va uning vorisi — kardinal Mazarin davrida hokimiyatni yoʻqotishdan norozi boʻlgan feodallar boshchiligidagi koʻplab fitna va gugenotlarni qoʻllab-quvvatlagan. Ulardan eng muhimi 1632-yildagi “Montmorensi” fitnasi, 1641-yildagi “Tinchlik shahzodalari” (Princes des Paix) qoʻzgʻoloni va 1642-yildagi “5-mart” (Cinq-Mars) edi. Ispaniya, shuningdek, Fronde deb nomlanuvchi 1648–1653-yillardagi fuqarolar urushini ham moliyalashtirgan. Ispaniya va avstriyalik gabsburglar oʻrtasidagi hamkorlik cheklangan edi. Chunki ularning maqsadi har doim ham mos kelavermagan. Ispaniya global dengiz kuchi edi. Avstriya esa eng kichik 1 800 dan ortiq aʼzolarni oʻz ichiga olgan, Muqaddas Rim imperiyasiga eʼtibor qaratgan, Yevropaning quruqlikdagi kuchi boʻlgan.

Gabsburglar 1440-yildan beri Muqaddas Rim imperatori boʻlgan boʻlsa-da, ularning imperiya ustidan nazorati 1555-yildagi Augsburg tinchligi tufayli zaiflashgan. Bu holat 1620-yilgacha davom etgan. Oʻttiz yillik urush davrida bu tendensiyani takrorlash Gabsburg dinastiyasining asosiy maqsadi boʻlgan. Ammo ular 1648-yildagi Vestfaliya shartnomasida muvaffaqiyatsizlikni tan olgan. Fransiya oʻz ittifoqchilari bilan yagona maqsad qoʻyish muammosiga duch kelgan. Urush Gollandiyaning “oltin davri” deb nomlanuvchi iqtisodiy rivojlanish davriga toʻgʻri kelgan. 1640-yilga kelib, koʻplab gollandiyalik davlat arboblari Ispaniya Gollandiyasidagi fransuz ambitsiya (shuhratparastlik) sini tahdid sifatida koʻrgan.

Fransiyadan farqli oʻlaroq, Shvetsiyaning urushdan koʻzlagan maqsadi — Germaniya bilan cheklangan. 1641-yilda ular Ferdinand bilan alohida tinchlik oʻrnatishni muhokama qilgan. XVI asr oxiridan boshlab Italiya, ayniqsa, Neapol qirolligi Ispaniyaning Flandriya armiyasi uchun askarlar va pulning asosiy manbai edi. Natijada, jangning katta qismi Italiyadagi ispan mulkini Flandriya bilan bogʻlaydigan quruqlikdagi taʼminot yoʻli — Ispaniyaga qaratilgan. Ammo u Elzas kabi fransuz xavfsizligi uchun muhim deb hisoblangan hududlardan oʻtgan.

Mustaqil Savoy va Ispaniya tasarrufidagi Milan gersogliklari nafaqat yoʻl uchun strategik ahamiyatga ega edi, balki Fransiyaning zaif janubiy chegarasi hamda Avstriyaning gabsburg hududiga kirishni taʼminlagan. Kardinal Rishelye bu hududda ispan hukmronligini tugatishni maqsad qilgan. Bu maqsadga 1642-yili u vafot etganida erishilgan.

XIX asrda temir yoʻllar paydo boʻlgunga qadar suv asosiy yuk tashish vositasi boʻlib, harbiylar eʼtibori daryo va portlarni nazorat qilishga qaratilgan. Armiya furaja (oziq-ovqat, kiyim-kechak, transport taʼminoti) bilan band boʻlgan. Transport uchun zarur boʻlgan hayvonlarni boqqan va otliqlar qishda harbiy harakatni cheklagan. 1630-yillarga kelib, qishloq koʻp yillik doimiy urushlar tufayli vayron boʻlgan. Bu esa qoʻshinlar soni va harbiy faoliyat olib borishni cheklagan. Askarlarni janglardan koʻra koʻproq kasallik oʻldirgan. 1635-yil may oyida Flandriyaga bostirib kirgan fransuz armiyasi dezertirlik (harbiy xizmatdan voz kechish) va kasallik tufayli iyul oyining boshida 27 000 dan 17 000 gacha qisqargan.

Anʼanaviy ilm-fan urushga Fransiyaning gʻalabasi sifatida qaragan. Mazkur kurash Ispaniyani Yevropaning hukmron kuchi sifatidagi rolini oʻzgartirib, Fransiya yuksalishining “fundamenti” boʻlib xizmat qilgan. Soʻnggi oʻrganishlar shuni koʻrsatadiki, urushdagi zafar tarixning eski “tasvirini” koʻrsatib, Fransiya oʻz chegarasi atrofida muhim strategik yutuqqa erishgan boʻlsa-da, natija oʻrtamiyona boʻlgan. Bir qarashda ikki tomon ham amalda durangga erishgan. Agar Fransiya 1659-yilda oʻz talablarini yumshatmaganida, Ispaniya kurashni davom ettirgan boʻlardi.

1659-yildagi shartnoma teng huquqlilar tinchligi edi. Ispaniyaning yoʻqotishi unchalik katta boʻlmagan va Fransiya baʼzi hudud va istehkomlarni qaytarib bergan. Tarixchilar shartnomani “Ispaniyaning tanazzulga uchrashi” va “Fransiyaning yuksalishi” ramzi sifatida baholagan. Ammo oʻsha paytda bu xalqaro iyerarxiya (quyi hukmronlikning yuqori hukmronlikka bosqichma-bosqich boʻysunishi) boʻyicha hal qiluvchi hukmdan yiroq edi.

Ispaniya 1659-yilgacha Yevropada oʻz ustunligini saqlab qolgan va undan keyingi yillar davomida eng katta imperatorlik kuchi boʻlgan. Garchi 1659-yildan soʻng uning iqtisodiy va harbiy qudrati yarim asrda keskin pasayib ketgan boʻlsa-da, u Lyudovik XIV ga qarshi Yevropa koalitsiyasi, 1678-yilda Neymegend a 1697-yilda Risvikda boʻlib oʻtgan tinchlik kongresslarining asosiy ishtirokchisi boʻlgan.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org