Orqaga

558 marta koʻrilgan

1827–1897

Ahmad Donish

Ahmad Donish yoki Ahmad Kalla (asl ismi Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Xanafi as-Siddiqiy al-Buxoriy) 1827-yilda Buxoro shahrida kambagʻal mulla Mir Nosir oilasida dunyoga keldi. Mahalliy maktab va madrasalarda bilim olib, oʻz davrining ilgʻor olimi va mutafakkiri darajasiga koʻtarildi.

Ahmad Donish yoki Ahmad Kalla nomi bilan tanilgan Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Xanafi as-Siddiqiy al-Buxoriy XIX asrning oʻrtalarida Buxoro amirligida yashab ijod etgan. Ahmad Donish oʻzining ilgʻor fikrlari bilan nom qozongan shoir, mutafakkir, faylasuf, pedagog, elchi va maʼrifatparvardir. U falsafa, tarix, falakiyot, riyoziyot, adabiyot, xattotlik masalalariga bagʻishlangan asarlar yozgan. Ahmad Donish taklif etgan ijtimoiy gʻoyalar oʻsha davr uchun ahamiyatli hisoblanardi. U mavjud iqtisodiy-siyosiy tuzumning mamlakat taraqqiyotiga toʻsiq boʻlib qolganligini koʻrsatadi va vaziyatni yaxshilash yoʻllarini qidiradi. U boshlab bergan harakat Oʻrta Osiyoda yangi zamon maʼrifati yuksalishiga hissa qoʻshadi.

Ahmad Donish madrasada olgan bilimlari bilan qanoatlanmaydi. U riyoziyot, falakiyot, adabiyot, musiqa, meʼmorchilik, tarix va falsafa bilan shugʻullandi. Ibn Sino, Umar Hayyom, Navoiy, Fuzuliy, Bedil asarlari bilan yaqindan tanishdi, ularning fikrlaridan oʻz risolalarida keng foydalanishga intildi. Ahmad Donish nafaqat falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, badiiy masalalar bilan shugʻullandi, balki tabiiy fanlar, ayniqsa, astronomiya ilmini oʻrganishga katta eʼtibor qaratdi.

Oʻzining aytishicha, Ahmad Donish astronomiya ilmini Mirzo Abdulfattohxon munajjimdan oʻrganadi. Bundan tashqari, Donish yuqori malakali xattot, meʼmor ham edi. U XIX asrning 50-yillarida Buxoro amiri Amir Nasrulloh saroyida xizmat qildi. 1870-yilda saroy xizmatidan ketdi.

Ahmad Donish uch marotaba — 1857, 1869 va 1874-yillarda Buxoro elchilari tarkibida Peterburgda boʻlib, Yevropa madaniyati, ilm-fandagi yutuqlari bilan yaqindan tanishadi. Bu safarlar mutafakkir dunyoqarashiga ulkan taʼsir koʻrsatadi. Buxoroga qaytgach, taassurotlari taʼsirida mavjud tartiblarni isloh qilish loyihasini ilgari suradi.

Ahmad Donish. Ahmad Donish haqida.

Ahmad Donish Sankt Peterburgda / uzbekistan.travel

Ijodi

Oʻzbekiston Respublikasi FA Beruniy nomli Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida Ahmad Donish qalamiga tegishli 16 ta risola hamda yana bir qancha sheʼrlar kiritilgan tazkiralar, Gʻazzoliy, Jomiy asarlaridan koʻchirgan qoʻlyozma nusxalar saqlanadi. Ularning koʻpchiligi asl nusxa boʻlib, muallifning oʻzi tomonidan bitilgani bilan alohida eʼtiborga molik. Ahmad Donish Ulugʻbek davri, Abdurahmon Jomiy taʼlimoti, shialar va sunnalarni murosaga keltirish masalalariga bagʻishlangan risola ham yozgan. Risolada islom tarixi, undagi turli yoʻnalishlarning kelib chiqish sabablari hamda Rumiy, Gʻazzoliy, Jomiy, Bedil kabi donishmandlarning bu masalalarga munosabatlari toʻgʻrisida bahs yuritilgan. Ahmad Donish ijtimoiy ilmlar sohasida Markaziy Osiyoning tarixi, fani, adabiyoti, davlatchiligi, dini kabi masalalariga oid hamda oʻziga xos mazmunga ega boʻlgan sheʼriy asarlar yaratgan. Bundan tashqari tabiiy ilmlar, xususan, astronomiya, kosmologiya muammolari ustida ham doimiy izlanishlar olib borgan. Bu sohada yozib qoldirgan asarlar sirasiga “Munozir al-Kavokib” (“Yulduzlarni kuzatish”) asarini kiritish mumkin. Bu kitobda Donish falakiyot ilmiga oid muhim masalani hal qilgan.

Donish “Risolat dar ilmi kurra” (“Globus haqida risola”) nomli asarida globusning vazifasi, uning ilm uchun ahamiyati, undan amaliy foydalanish haqida gap boradi. 12 bobdan iborat boʻlgan “Iztigʻroji bul va arzi balat” (“Joylarning uzunligi va enini oʻlchash”) asari esa joylarning oʻrnini oʻlchab chiqarish, osmon meridianini soatlarda belgilash masalalariga bagʻishlangan.

“Navodir ul-vaqoye”,“Risolayi muxtasare az tarixi saltanati xonadoni mangʻitiya” (qisqacha“Risola”) kabi asarlarida Ahmad Donishning ijtimoiy-siyosiy qarashlari oʻz ifodasini topgan. Donish “Risola” asarini Buxoro xonligidagi Mangʻit sulolalarining hokimiyati tarixiga bagʻishlagan. Asar Amir Doniyol (1758–1785) hokimligidan Amir Abdulahad (1885–1910) hokimligi davrigacha boʻlgan qariyb bir yarim asrlik tarixni oʻz ichiga oladi. Ahmad Donishning eng muhim asari “Navodir ul-vaqoye” boʻlib, bu asarda juda koʻp ijtimoiy-axloqiy masalalar borasida fikr yuritilgan.

“Navodir ul-vaqoye” kitobi Ahmad Donishning asosiy asari hisoblanib, unda olim oʻzining turli masalalarga munosabatini ifodalagan. Yuqorida koʻrsatilgan har ikki asarda Ahmad Donish ijtimoiy taraqqiyotga gʻov boʻlib qolgan mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum, tartib va munosabatlarni tanqid ostiga oladi. Masalan, Oʻrta asr falsafasida keng tarqalgan tavakkul nazariyasini tanqid etib, bunday deb yozadi: “Agar kishi tavakkulga ishonib harakat qilmasa, mehnat qilmasa va qiyinchilikda, kambagʻallik bilan hayot kechirish yoki moʻl-koʻllikda yashash qismatda bor ekan, deb aytsa, unday kishi xato qiladi. Demak, u aqlli emas”. Ahmad Donish Buxoro amirligini Yevropa mamlakatlari, xususan, Rossiya bilan taqqoslaydi. U oʻz vatanini iqtisodiy, madaniy jihatdan orqada qolganligini koʻrsatib, bu qoloqlikdan chiqish uchun ijtimoiy-siyosiy tuzumda islohotlar zarurligini uqtiradi. Donishning fikriga koʻra, “davlat bir guruh kishilar ehtiyojlarini qondirish uchun emas, xalq manfaatlari uchun, mamlakatni obod qilish uchun xizmat qilmogʻi zarur. Biz dunyoni gullab-yashnatish uchun, dengizlar kezib oʻrganish uchun, yer osti boyliklarini topish uchun, uning hamma qitʼalari va aholisini bilish uchun tugʻilganmiz.”

Bundan tashqari Donish, “Mamlakatni idora qilishda hukmdor muhim davlat muammolarini oʻz atrofidagi maslahatchilar bilan birgalikda hal qilishi kerak. Maslahatchilar ham donishmand va adolatli kishilar boʻlishi kerak va ularning fikri bilan hisoblashishi shart, chunki koʻpchilikning aqli, bir kishining aqlidan ortiqroqdir”, degan fikrlarni ham keltirgan.

Ahmad Donish doimo vatanini qoloqlikdan chiqarish yoʻllarini izladi. “Kishi oʻz vatanini himoya qilsagina, oʻz xalqi bilan birga boʻlsagina, — deydi Donish, — u har doim barhayotdir”. U Sharq mutafakkirlari taʼlimotini oʻrganish bilan birga Gʻarbdagi ijtimoiy-siyosiy taʼlimotlar bilan ham qiziqadi. Garchi bu taʼlimotlarni Donish qabul qilmagan boʻlsa-da, ularga nisbatan boʻlgan munosabati mutafakkirni keng koʻlamdagi tadqiqotchi va ijtimoiy-siyosiy orzulari kengroq ekanligini koʻrish imkonini beradi.

Ahmad Donish merosi deyarli oʻrganilmagan. Shunga qaramay, bu sohada rus olimlari va Oʻzbekiston, Tojikistonda olib borilgan tadqiqotlarni qayd etib oʻtish lozim. Donish asarlarining asl nusxasi tojik, rus va oʻzbek tillarida nashr etilgan. Bu qomusiy bilim egasining boy ijodiy merosini, ilmiy qarashlarini har tomonlama oʻrganish oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.

Vafoti

Ahmad Donish koʻtargan taraqqiyot masalalari, tizimni isloh qilishga urinishlari Amir Muzaffar (1860–1885) noroziligiga sababchi boʻladi va Ahmad Donishni Huzorga qozi etib joʻnatadi. Amir vafotidan soʻng Ahmad Donish Buxoroga qaytadi va 1897-yili vafot etadi.

Xotira

Toshkent hamda Buxoro shaharlarida, shuningdek Tojikistonning Dushanbe shahridagi koʻchalar Ahmad Donish nomi bilan atalgan. Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi bozorlardan biriga Ahmad Donish nomi berilgan. 1972-yilda “Tojikfilm” studiyasi tomonidan Ahmad Donish hayoti va ijodiga bagʻishlab “Звезда в ночи” — “Tundagi yulduz” nomli biografik film suratga olindi.

Ahmad Donish. Ahmad Donish haqida.

Buxorodagi “Ark” muzey-qoʻriqxonasida Ahmad Donish qalamiga mansub kitoblar, qoʻlyozmalar va rasmlarning noyob kolleksiyasi saqlanadi / uzbekistan.travel



Manbalar:  “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi / wikipedia.org