Orqaga
Qabr (Maqbara) davri (250–552-yillar) Xalq birlashuvi.

906 marta koʻrilgan

250–552

Qabr (Maqbara) davri

Yaponiya birlashuviga birinchi marta qay tarzda erishilgani hamda Markaziy Honshuda Yamato saroyidagi tenno (samo imperatori) qanday qilib markaziy kuchga aylangani toʻgʻrisidagi savollar koʻp farazlarni tugʻdiradi, ammo ularning hech birini hozircha butunlay ishonchli deb atash mumkin emas. Biroq Xitoy va Koreya manbalari yordamida muhim birlashuv sodir boʻlgan sanani taxminan boʻlsa-da, aniqlashning iloji bor.

Yamatay va Vey oʻrtasidagi hamkorlik keyingi Szin sulolasi (265–316/317-yillar) davrida ham davom etadi. Ammo 266-yilda vakillar joʻnatilgandan soʻng barcha oʻzaro almashinuv xatlari toʻxtaydi. Faqat 147-yildan keyin, yaʼni 413-yilda Dong (sharqiy) Szin sulolasi davrida Vo ismi yana Xitoy hujjatlarida paydo boʻla boshlaydi. Ushbu “boʻsh” davr Yaponiyadagi boshqa davlatlar bilan almashinuvni imkonsiz qilib qoʻygan sharoitdan kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Yamatayning qulashi hamda Yamato qirolligining ilk bosqichlari shu vaqtda paydo boʻla boshlagan.

Millat birlashuvi sanasi 413-yildan bir necha 10 yillar ilgari sodir boʻlgan boʻlishi mumkin. 414-yilda Koguryo (Koreyadagi davlat, mil. av. II va milodiy 668-yillar oraligʻi) hukmdori Kvangeto muvaffaqiyatini abadiylashtirish maqsadida memorial barpo etiladi. Memorial IV asr oxiridan V asr boshiga qadar Koreya yarimorolida boʻlib oʻtgan Vo hamda Koguryo oʻrtasida jangni, shuningdek, Vo 391-yilda yarimorolga katta qoʻshin yuborgani eslab oʻtilgan. Bunday harbiy zafar uzoq vaqt davom etgan tayyorgarlik ortidangina kelgan.

Yaponiyaning ikki eng qadimgi tarixiy manbasidan biri VIII asrga tegishli “Nihon Shoki” (Yaponiya yilnomalari) da 369-yili Yaponiya qoʻshin yuborgani keltiriladi. Agar Yaponiya sezilarli darajada yaxlit boʻlmaganida bu kabi qudratni namoyish etish deyarli imkonsiz edi. Shu sababli ham mamlakatdagi birlashuv uzogʻi bilan IV asr oʻrtasiga bormasdan yuz bergan boʻlishi mumkin.

Qabr (Maqbara) davri (250–552-yillar) Xalq birlashuvi.

VIII asrga tegishli “Nihon Shoki” (Yaponiya yilnomalari) nusxasidan olingan sahifa / wikipedia.org

Eng asosiy arxeologik xususiyati yirik maqbaralar (kofunlar) ekani tufayli bu davr odatda Kofun yoki Maqbara davri deb ataladi. Dzyomon hamda Yayoi davridagi dafn etish marosimi ancha ibtidoiy edi. III asrdan boshlab, ham aylana, ham oʻziga xos asosiy plita shaklidagi qabrlar butun Yaponiya boʻylab ommalashadi, ayniqsa Osaka shahri oʻz hududi va atrofidagi ulkan maqbaralar bilan ajralib turadi. Qabrlarning qurilishi, undagi buyumlarni tekshirish, jumladan, ichki hamda xalqaro munosabatlar yozma manba orqali Yamato qirollik qiyofasini paydo etdi.

Qabr (Maqbara) davri (250–552-yillar) Xalq birlashuvi.

Seta xarobalaridagi dumaloq qabr maqbarasi (Kashixara shahri, Nara prefekturasi) / wikipedia.org

Yamato taraqqiyotining ilk bosqichida qabrlar Yamato viloyatidagi Shiki hududi (hozirgi Nara oʻlkasi) atrofida, Nara (Yamato) havzasining janubi-gʻarbiy qismida guruh-guruh qilib joylashtirilgan. U yerdagi hukmdorlar arxipelagning keng qismida hokimiyat oʻrnatgan. Yamato qirollari (“kimi” deb atalgan va “buyuk hukmdor” maʼnosini beruvchi xitoycha harflar bilan yozilgan) ibodat obyekti boʻlmish Miva togʻi atrofida oʻrnashadi. Kimilar ham dunyoviy, ham diniy vazifani bajargan boʻlsa-da, ularning asosiy diqqati Miva togʻi bilan muqaddas bitimga asoslangan edi.

Lekin arxeologik topilmalarga qaraganda, qishloq xoʻjaligining ilgʻor texnikalari, jumladan, temir asbobdan foydalanish, sholizorni tekislash va sugʻorishning takomillashgan usullari Yamato hukmdorlariga katta ishchi kuch resursini boshqarishga imkoniyat yaratdi. Ular bu kuch yordamida yirik maqbaralar qurish hamda Nara tekisligiga qadar yerda nazorat o‘rnatadi.

Taxminan 350-yildan boshlab, hokimiyat hozirgi Nara shahriga yaqin joylashgan Saki hududiga koʻchdi. Maqbarada yasalgan dafn buyumlari tabiati, Kojiki hamda Nihon shoki manbasidagi afsonaviy qayd va materikdan yigʻilgan manbalarning barchasi shuni koʻrsatadiki, bu davrda Yamatoning arxipelag boʻylab, hattoki Koreya yarimoroliga qadar kengayishi kuzatilgan. Yuqorida aytib oʻtilganidek, uning qoʻshini yarimoroldagi 3 ta Koreya qirolliklari oʻrtasidagi urushda ishtirok etgan.

Garchi hukmdorlar hanuz Miva togʻida ibodat qilayotgan boʻlsa-da, saroydagi diniy eʼtibor janubiy Narada joylashgan Tenri shahridagi Isonokami ziyoratgohiga qaratila boshlaydi. Bu yerdagi hukmdorlar Mivadagi ajdodlariga nisbatan koʻproq harbiy feʼl-atvorga ega edi. Arxeologik topilmalarga koʻra, qurollar ayniqsa “yetti tishli qilich” (“shichishito”) deb nomlangani Isonokami ziyoratgohidagi eng qimmatbaho buyum boʻlgan. Hozirda u milliy boylik sifatida tan olingan.

Qabr (Maqbara) davri (250–552-yillar) Xalq birlashuvi.

“Yetti tishli qilich” (“shichishito”) ning ushbu nusxasi Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Urush yodgorligida muzeyida saqlanadi. Qilich Koreya va Yaponiya tarixida muhim ahamiyatga ega / wikipedia.org

Shu tariqa IV asr oxiriga kelib, Yamato qirolligi Nara tekisligiga yaxshigina oʻrnashib oladi va arxipelagdagi aholi ustidan sezilarli nazorat oʻrnatadi. Qirollik Xitoy hukmdorlari bilan ham aloqada boʻlgan, Koreya yarimorolidagi bir qancha qirolliklar bilan diplomatik elchilar almashgan, hattoki keyinchalik yarimorolda bosh hukmron boʻlgan Koguryo davlatiga qarshi qoʻshin yuborishga ham qudrati yetgan. Yamato “yetti tishli qilich” vatani boʻlmish Janubi-gʻarbiy Pekche qirolligi bilan juda yaqin hamkorlikda boʻlgan. Materik bilan oʻzaro munosabatda nizolar mavjud boʻlsa-da, arxipelagdagi turmush darajasi yaxshilanishiga turtki boʻlgan. Chunki Xitoyning ilgʻor sivilizatsiyasi “meva” lari yarimorol orqali Yaponiyaga ham yetib kelgan. Toʻquvchilik, temirchilik hamda irrigatsiya boʻyicha mutaxassislar Yaponiyaga koʻchib kela boshladi. Xitoyning ideografik yozuvi va shu yozuvda bitilgan Konfutsiy asarlari ham shu davrda ommaga tanishtiriladi.

Tarixchilarning II jahon urushigacha Pekche Yaponiyaga oʻlpon toʻlagani toʻgʻrisidagi iddaosi, Yaponiya yarimorolning janubiy burnini bosib olgani va Mimana nomli mustamlaka tashkil etgani haqidagi daʼvoning katta qismi keyinchalik ham Yaponiya, ham Koreyadagi tarixchilar tomonidan rad etiladi. Yamato saroyi V asr boshi, yaʼni boshqaruvining 2-bosqichida faoliyatining eng yuqori choʻqqisiga erishdi. Hokimiyat markazida yana bir siljish yuz beradi, bu safargi oʻzgarish Kavachi hamda Izumi viloyatining (hozirgi Osaka shahri prefekturasi) gʻarbida sodir boʻladi. V asr Yamato uchun ulkan taraqqiyot asridan biri boʻldi, hozirgi Osaka mintaqasi chegarasida joylashgan qulf kovagi shaklidagi yirik maqbaralar buni tasdiqlaydi. Ushbu mintaqaga koʻchib oʻtish urugʻlar ittifoqi oʻrtasidagi yoki ichki hokimiyat almashinuviga olib kelgani taxmin qilinadi. Bugungi kunda V asrdagi hukmdorlarni Shiki va Saki hududidan ajratib turadigan yangi sulola deb atash odat tusiga kirgan.

V asr maqbaralari avvalgilaridan yirik hajmi hamda oʻziga xos xususiyati bilan farqlanadi. Masalan, yarim afsonaviy imperator Ojin uchun atalgan maqbara 420 metr uzunlikda boʻlgan. Hukmdorlar oʻz maqbaralarini barpo etishda yetarlicha katta kuchga ega edi. Misol uchun, Ojin sagʻanasi qurilishida 1000 nafar ishchi tongdan tungacha, 4 yil davomida ishlagani aytiladi. Sagʻanadagi buyumlar avvalgi qabrlarda topilganlaridan farqli oʻlaroq harbiy sohaga aloqador edi. Temir qilich, nayza uchi, qurol-yarogʻ hamda otliq jangchiga tegishli tuzoqlar shular jumlasidandir. Yuqoridagining bari V asr boshliqlarining Yamato yerida hukm surgan avvalgi xudojoʻy qirollari bilan solishtirganda ancha harbiy hamda dunyoviy boʻlganini namoyon etadi.

Koʻpchilik tarixchilar V asr rahbarlarini yangi avlod vakili, deb bilsa-da, ularning asl kelib chiqishi borasida kelishmovchilik mavjud. Baʼzilar arxipelagda nazorat oʻrnatgan materikdan kelgan “chavandozlar” bosqini toʻgʻrisidagi farazni ilgari suradi. Ojinning Koreya yarimorolida tugʻilgani, onasi Yamato qoʻshinini boshqargani, hukumat markazi Naniva portida (hozirgi Osaka) joylashgani, Ojinning bu yerga qayiqda yetib kelgani va hayratlanarli hajmdagi maqbaralar (bundan koʻrish mumkin-ki, ularni qurish uchun ortiqcha qul mehnati mavjud boʻlgan) bilan bogʻliq afsonalarning bari bosqinchilik nazariyasiga ishora qiladi. Biroq olimlar fikricha, rahbarlar mahalliy doirada almashib turilgan. Ular qishloq xoʻjaligi mahsulotini oshirishda nazorat oʻrnatish va yuqori harbiy texnologiyalarni monopollashtirishga tayangan. Yamatodagi saroydan to Seto ichki dengizigacha choʻzilgan hokimiyat arxipelag aholisi ustidan tartib oʻrnatish uchun yanada murakkab idora va boʻlinmalar ishlab chiqadi.

Yamato siyosati

Yamatoda oʻrnatilgan maʼmuriy nazorat namunasi udzi-kabani tizimi deb nomlangan. Udzi soʻzini oʻzbek tiliga “urugʻ” deb tarjima qilish mumkin. Udzilar qishloq xoʻjalik jamiyati davomchisi deb hisoblanadi. Ilk Xitoy manbalarida “davlat” deb eslab oʻtilgan maʼmuriy birlik ham aslida ular boʻlishi mumkin. Dehqonchilik jamoasi asosan yoʻnalishli guruhlarga birlashgan boʻlib, agar ajdodlar xudosiga toʻgʻri hurmat koʻrsatilsa, hosil moʻl-koʻl boʻlishiga ishongan. Jamoa boshliqlari avvalo guruh hamda uning ilohi oʻrtasida vositachilik qiluvchi ruhoniy vazifasini bajargan. Urugʻlar (asosan bosqinchilik tufayli) birlashib, jamoa boshliqlari hamda paydo boʻlgan hukumat qirol yoki qirolichalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri munosabat shakllana boshlaydi. Udzi deb nomlangan bu guruhlar V asrga kelib, Yamato qirollari bilan iqtisodiy, harbiy, diniy va oilaviy maqsadda birlashgan edi. Baʼzi olimlar udzilar Yamato hukmdori tomonidan tashkil etilgan sof siyosiy birlik boʻlganini daʼvo qiladi. Udzilar birinchi marta Nara havzasida paydo boʻlib, saroy bilan yaqin aloqalar oʻrnatgan. Yamato qirolligi kuchayib borgani sari udzilar boshqa hududlarda ham paydo boʻla boshlaydi.

V asrda Yamato hukmdori oʻtgan vaqt davomida u bilan yaqin munosabat oʻrnatgan eng qudratli udzilar rahbarlarini tayinlaydi. Shunday qilib, Yamato hukmdorligi avloddan avlodga oʻtgan, uning amaldorlari esa kabane (unvon) bilan taqdirlangan qudratli urugʻ sardorlaridan olingan. Ikki asosiy unvonlar omi hamda muradzi deb nomlanib, faqatgina Yamato saroyiga xizmat qiluvchi kuchli jamoa yetakchilari bu unvon bilan taqdirlangan. Quyiroq unvonlar kichikroq, saroydan uzoq, ammo sodiqlikka qasam ichgan urugʻ rahbarlariga berilgan. Rivojlanayotgan bu davlatning eng oliy oʻrindagi lavozimlari o-muradzi hamda o-omi edi. Ular guruh rahbari va vakili boʻlgan.

Mamlakat kengayishiga yordam bergan yana bir omil sifatida mamlakat iqtisodiyoti hamda harbiy sohasini qoʻllab-quvvatlagan kasbiy guruhlarni keltirish mumkin. Ular be yoki tomo deb atalib, saroy va yordamchi udziga biriktirilgan. Tuzilishi jihatidan urugʻga oʻxshab ketuvchi bu jamoalar saroyga yoki bosh udziga xizmat koʻrsatishi bilan ajralib turgan. Ular boshida shaxsiy xizmat koʻrsatadigan, diniy vazifaga ixtisoslashgan guruhlar boʻlgan boʻlsa-da, V asrda Yamato saroyining arxipelag boʻylab qudrati oshib borgani sari yangi qurol, zirx hamda koʻzgu ishlab chiqarish yoki irrigatsiya tizimini barpo etish bilan shugʻullana boshlagan. Ularning koʻpchiligi Pekchedan yaqinda koʻchib kelgan muhojirlar edi. Ular asosan ot boqish yoki temirchilikka ixtisoslashgan.

Aslini olganda, “be” atamaning oʻzi ham koreyschaga borib taqaladi. Baʼzi “be” lar, toʻgʻridan toʻgʻri saroy tomonidan boshqarilgan, jumladan, nashiro va kashiro deb nomlangani qirollik ahliga koʻmak berish uchun maxsus tashkil etilgan. Boshqalarini esa bevosita saroy xizmatida boʻlgan qudratli urugʻlar boshqargan, masalan, Yamato hukmdorining asosiy harbiy koʻmakchisi boʻlmish Otomo urugʻiga biriktirilgan yugeylar ham shular jumlasidandir.

Yamatoning Koreya hududidagi davlatlar bilan munosabati

V asr hokimiyatning arxipelag boʻylab kengayishini ifodalagan davr hisoblanadi. Bu paytda yarimoroldagi gegemonlik uchun kurash jadallashib, Yamatoning Koreya ishiga aralashuvi ham koʻzga koʻrinadi. Yamatoning IV asrda Koguryoga qarshi safari vaqtida Pekche hamda Yamato Silla yoki Koguryoga (yoki ikkalasiga) qarshi kurashda birlashadi. Silla bilan Koguryo shimoliy Xitoy, Yamato va Pekche esa janubiy Xitoydan yordam soʻraydi. Yamato 421–478-yillar oraligʻida Nan (janubiy) Song davlatiga taxminan 10 ta elchi yuboradi.

Bu asr davomida Pekche Koguryodan zarar koʻradi hamda Yamatodan koʻmak soʻrashda davom etadi. Pekche bir marta Yamatoga hattoki valiahd shahzodani, boshqa safar esa qirol onasini garov sifatida yuborgani yozib qoldirilgan. 478-yili elchilar bilan katta memorial yuborilib, Nan Song imperatoriga taqdim etilgan. Bu memorialda Yamato qiroli Yuryakuni Koguryoga qarshi tuzilayotgan yirik qoʻshinning qoʻmondoni etib tayinlanishi soʻralgan. Shunga qaramay, ichki ziddiyat tufayli Yamato yarimorolga qoʻshin kiritmaydi.

Yamatoning Koreyaga boʻlgan qiziqishi materikdagi ilgʻor texnologiya va resurs ayniqsa janubdagi Nakdong daryosining quyi oqimi yaqinida koʻp uchrovchi temirga egalik qilish istagi bilan ifodalash mumkin. Yamato Pekche va Silla oʻrtasida joylashgan Kaya davlat ittifoqi tomonidan nazorat qilinuvchi hududlarda birmuncha taʼsir kuchiga ega boʻldi. Biroq u ittifoqdosh sifatidami yoki soliq toʻlovchi boʻlibmi, bunisi noaniq. Silla VI asrda harbiy jihatdan kuchayadi. Yamato bu hududda bir qancha muammoga duch keladi. 562-yilda Silla Kaya ittifoqini ham qoʻshib olganidan soʻng Yamato yarimoroldan toʻliq quvib chiqariladi.

Yamato qulashi hamda buddaviylik kirib kelishi

Umuman olganda, VI asr Yamato hokimiyati uchun ham davlat ichida, ham tashqarisida pasayish kuzatilgan davr hisoblanadi. Shuningdek, Keytay hukmronligi (507-yildan taxminan 531-yilgacha) oxirida saroy yana bir marta eski hudud — Miva togʻi atrofidagi yerga koʻchadi. Keytay boshqaruvida qirollik hokimiyati qisqarishi kuzatiladi. Misol uchun, Sillaga qarshi joʻnatishga yigʻilgan katta qoʻshin 527-yilda qoʻzgʻolonni bostirish uchun Kyushuga yuborilishi kerak edi. Qoʻzgʻolon materikka yurish uchun askar va boshqa qurollar yetkazib berishga qarshi chiqqan mahalliy Ivay ismli odam boshchiligida boshlangan. Materikka qarshi qoʻshin ham magʻlubiyatga uchrab, Yamatoning qudrati susayganidan xabar beradi.

VI asr mahalliy urugʻlar hokimiyati oʻsib borishi, qirollik hukumatining zaiflashuvi, shuningdek, texnik xizmat guruhini boshqargan, kelib chiqishi materikdan boʻlgan yangi urugʻlar rivoji bilan xarakterlanadi. Bu urugʻlar ichida eng asosiysi Soga boʻlib, Iname va uning oʻgʻli Umako boshchiligida saroyda hukmronlik qilgan. Asosan moliyaviy sohadagi maʼmuriy va texnik koʻnikmani meros qilib olgan sogalar qirollik oilasi bilan nikoh rishtasini oʻrnatadi. Bu orqali saroyda sezilarli taʼsirga ega boʻladi. Sogalar, shuningdek, Yamato saroyida buddaviylik homiyi sifatida ham tanilgan. Oxir-oqibat Soga urugʻi saroydagi qolgan barcha urugʻlarni yoʻq qilib yuboradi. Ayniqsa, 587-yildagi yirik jangda Mononobe guruhi magʻlubiyati Soga urugʻiga siyosiy hukmronlik qilish imkonini berdi. VI asr oxiriga kelib, Yaponiya ham ichki, ham tashqi munosabatda quyi darajaga tushib ketadi.

Biroq Yamato saroyining qulash yillarida eng katta madaniy ahamiyatga ega voqea — Pekchedan buddaviylikning kirib kelishi boʻldi. Kirib kelish sanasi 538–552-yillar etib belgilangan boʻlsa-da, buddaviylik gʻoyasi yaponlar orasida ancha ilgari yoyila boshlagandi. Ushbu eʼtiqod oʻzining goʻzal haykal, ajoyib diniy buyum hamda ulugʻvor ibodatxonalari bilan xorij madaniyatining hayratiga sababchi boʻlgan noyob obyekt edi. Yaponlar orasida tarqalgan buddaviylik haqiqiy dunyoda manfaat izlash maqsadida dinning moʻjizaviy jihatiga tayanish boʻlgan xolos. Bu esa oʻz navbatida davlatni himoya qilishda katta ahamiyatga ega. Shahzoda Shotoku (Shotoku Taishi) davriga kelibgina, bu taʼlimot oʻz maʼnosida tushunilgan.



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org