Orqaga
Dzyomon madaniyati. Keramikadan avvalgi davrda, tarixda koʻp maʼlumot saqlanib qolgan ikki – Dzyomon va Yayoi madaniyati paydo boʻldi.

837 marta koʻrilgan

m. a. 10500–300

Dzyomon madaniyati

Keramikadan avvalgi davrda, tarixda koʻp maʼlumot saqlanib qolgan ikki — Dzyomon va Yayoi madaniyati paydo boʻldi. XIX asrda yashagan amerikalik zoolog Edvard S. arxipelag boʻylab kulolchilik namunalarini kashf qiladi. Yuqorida keltirilgan madaniyatning birinchisi oʻz nomini ana shu namunalar nomidan olgan. Mors loyga bostirib naqsh solingan sopol idishni “dzyomon” (arqon izi) deb ataydi. Ishonchli nazariyadan birida Dzyomon kulolchiligini miloddan avvalgi 10 500-yillardan boshlab, eramizdan avvalgi III asrga qadar davom etgan, deya xulosa qilinadi.

Neolit madaniyatining butun dunyo uchun umumiy boʻlgan xususiyatlari sirasiga maydalangan asbobdan to sayqallangan uskunalargacha boʻlgan taraqqiyot, sopol idishlarni ishlab chiqarish, dehqonchilik va chorvachilikning boshlanishi, toʻqimachilikning rivojlanishi hamda ulkan toshlar yordamida yodgorliklarning barpo etilishi kiradi. Ulardan birinchi ikkitasi Dzyomon davrining koʻzga koʻrinarli jihati hisoblansa-da, qolganlari Yayoi davri boshlanmagunicha yasalmagandi. Masalan, kulolchilik ilk marotaba Kyushu (Yaponiyadagi 4 ta eng asosiy orollarning eng janubida joylashgan orol) shimoliy qismida Dzyomon davri boshida mil. av. taxminan 10 500-yillarida paydo boʻla boshlagan.

Osiyo materigining Yaponiyaga taʼsiri shubha ostiga olinsa-da, Kyushudagi sopol idishlar Xitoydan topilgan topilmalardan qadimiyroq ekani va bu hududda kulolchilikning mahalliy aholi harakati tufayli rivojlanganini koʻrish mumkin. Shu tufayli Dzyomon davri mezolit sifatida, Yayoi davri esa toʻliq neolit madaniyatiga oid, deya taʼriflanadi.

Shunga qaramay, kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish jadal rivojlanadi. Dzyomon odamlari yasagan ishlar shakl jihatidan turfa xil va mukammal ekani, badiiy bezaklarga boyligi bilan ajralib turadi. Kulolchilikdagi oʻzgarishlar hisobiga olimlar bu davrni, oʻz navbatida yana 6 davrga boʻladi: ilk (eramizdan taxminan 10 500–8 000 yillar ilgari), arxaik (eramizdan taxminan 8 000–5 000 yil ilgari), erta (taxminan mil. av. 5 000–2 500-yillar), oʻrta (taxminan mil. av. 2 500–1 500-yillar), kechki (eramizdan taxminan 1 500–1 000 yillar avval) hamda eng kechki (eramizdan taxminan 1 000–300 yillar oldin).

Dzyomon madaniyati arxipelag boʻylab yoyilgani sayin hududlarda turli oʻzgarishlar bilan boyidi. Xronologik va hududiy turfalanishning uygʻunligi esa Dzyomon hunarmandchiligi rivojiga yuqori darajadagi mukammallik bagʻishladi. Ilk hamda arxaik Dzyomon davri kulolchiligi koʻzachasimon, konus asosga ega, oʻq shaklidagi idishlarni oʻz ichiga oladi. Erta davrda esa sharqiy Yaponiyadagi idishlar silindrsimon, tekis asosli, devori tarkibida oʻsimlik tolasi aralashmasi mavjud edi.

Oʻrta Dzyomon davrida kulolchilik texnikasida keskin oʻzgarishlar yuz beradi. Ushbu davrda markaziy togʻli hududda ishlab chiqilgan koʻzalar butun Dzyomon davrining eng yaxshi namunalari deb tan olingan. Ushbu silindr idishlar yuzasi odatda yuqoriga koʻtarilgan chiziqlardan iborat murakkab tasvir bilan qoplangan, gardishdan chiqqan kuchli dekorativ naqshlar esa tutqich vazifasini oʻtagan.

Oʻrta davrdan boshlab, idishlarning xilma-xilligi oshib boradi. Shu tufayli murakkab texnikalar yordamida yasalgan sifatli idishlar hamda sodda funksional koʻzalar orasidagi farq yaqqol sezila boshlaydi. Ikkinchi tur idishlar miqdori muttasil oʻsib, Yayoi hunarmandchiligiga oʻtish uchun yoʻl tayyorlaydi.

Dzyomon turarjoylari mamlakatning turli qismlarida topilgan. Ularni ikki turga tasniflash mumkin: biri osti tuproqli, tomga ega sayoz chuqurdan iborat boshpana boʻlsa, ikkinchisi yer yuzasiga aylana yoki oval shaklda loy yoki tosh qatlam yotqizilgan, tomli uy-joy. Bunday uylarning qoldiqlari 5 yoki 6, baʼzan esa bir necha 10 tasi bir guruh sifatida topilgan. Bu sonlar oʻsha vaqtdagi aholi yashash joylari hajmini bildirgan boʻlishi mumkin. Uylarning koʻpchiligi markazda jamoaga qarashli boʻsh maydon boʻlib, odatda taqa shaklini eslatgan. Shunday boʻlsa-da, oʻsha davrga tegishli biror ijtimoiy yoki siyosiy tashkilot toʻgʻrisida hech qanday maʼlumot mavjud emas. Xulosa qilish mumkin-ki, har bir xoʻjalik bir qancha oiladan iborat boʻlgan, bunday xoʻjaliklardan tashkil topgan turarjoy qabila boshligʻi yoki shomon tomonidan boshqarilgan.

Dzyomon davri odamlari asosan ovchilik, baliqchilik yordamida, shuningdek, yeyishga yaroqli yongʻoq va ildizlarni terib kun kechirgan. Baʼzi olimlar oʻrta Dzyomon davrida yirik aholi punktlarining paydo boʻlishini maʼlum turdagi oʻsimliklarni yetishtirish bilan bogʻliq, deya tushuntiradi. Bu davrga tegishli tarashlangan tosh qurollar oʻtkir emas, aksincha tuproq kovlash uchun moʻljallangani esa yuqoridagi farazni qoʻllab quvvatlaydi. Shubhasiz, oʻsha davrda ekinlarning baʼzi turlari – kraxmalli yams va taro yetishtirilgan, bu oʻsimliklarning kelib chiqishi materikka taqaladi. Ulardagi kraxmaldan non pishirilgan boʻlishi mumkin. Yangi qishloq xoʻjaligi Dzyomon davri oʻrtalarida taxminan 1 000 yil davom etgan madaniy taraqqiyot bilan bogʻliq boʻlgan.

Yaponiyada erta Dzyomon davriga tegishli toʻqilgan savatlar topilgan boʻlsa-da, tolali toʻqish bu hudud uchun hali nomaʼlum edi. Arxeologik topilmalar erta Dzyomon davrida kiyimlar asosan daraxt poʻstlogʻidan qilinganini koʻrsatadi. Zeb-ziynatlar esa dengiz chigʻanoqlaridan yasalgan bilakuzuk, tosh hamda loydan tayyorlangan zirak, shuningdek, tosh, suyak yoki hayvon shoxidan yasalgan marjon va soch taqinchoqlaridan iborat boʻlgan. Bu davrning oxiriga kelib, maʼlum bir tishni olib tashlash yoki oʻtkirlash anʼanasi butun arxipelag boʻylab odat tusiga kiradi, bu orqali odamlar balogʻatga yetish marosimini nishonlagan boʻlishi mumkin.

Dafn marosimi aytarli rivojlanmagan. Murdalar turarjoy atrofida qazilgan chuqurlikka koʻmilgan. Jasad baʼzan tizzalari koʻtarilgan yoki koʻksiga tosh bogʻlangan holda koʻmilgan. Bu jarayon qandaydir diniy yoki sehrli ahamiyatga ega boʻlgan boʻlishi mumkin. Loydan yasalgan koʻplab haykalchalar topilgan boʻlib, ular asosan ayol koʻrinishiga ega boʻlgan. Bunday haykalchalar tugʻilishga oid ibtidoiy ibodat uchun sehrli buyum vazifasini bajargan, deya taxmin qilinadi.

Uzoq yillardan beri olimlar Dzyomon madaniyati tashuvchilari sifatida shimoliy Yaponiyaning tub aholisi boʻlmish Aynu xalqi ajdodlarini koʻrsatadi. Dzyomon odamlari suyaklari ustida XX asr boshidan beri olib borilayotgan ilmiy tekshiruvlar bu nazariyani chippakka chiqardi. Bu davr odamlarini proto-yaponlar deb atash mumkin, ular butun arxipelag boʻylab kengayib borgan. Vaqt yoki joylardagi farqdan kelib chiqqan xarakterdagi oʻzgarishlarga qaramay, bu ikkisi ozmi-koʻpmi mos keluvchi xususiyatni oʻzida aks ettirgan yagona etnik tarkibni hosil qilgan boʻlishi kerak. Hozirgi yaponlar Osiyo materigi va Janubiy Tinch okeani aholisining maʼlum genlari qoʻshilishi hamda atrof-muhit oʻzgarishiga moslashish natijasida paydo boʻlgan.

Qadimgi odamlar Sibir boʻylab sharqqa harakatlangani, Saxalin va Hokkaido orollari orqali Yaponiya hududlariga kirganini tasdiqlovchi dalillar mavjud. Bu insonlarning keramikadan avvalgi davr odamlari bilan aloqasini tasdiqlovchi hali hech qanday manba mavjud emas, ammo ularning bir-biriga umuman bogʻliq emasligini ham isbotlashning imkoni yoʻq.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / midjourner.com