6
Ulashish
847 marta koʻrilgan
m. a. 300–m. 250
Yayoi davri
Dzyomon madaniyati hanuz taraqqiy etayotgan bir vaqtda, Kyushu orolida paydo boʻlgan yangi Yayoi madaniyati sekin-astalik bilan sharqqa yoyilib, Honshu orolining (Yaponiyaning eng katta oroli) shimoliy hududlariga yetib kelguniga qadar Dzyomon madaniyatini siqib chiqargan edi.
Yayoi soʻzi Tokiodagi tuman nomidan olingan. Bu hududda 1884-yili yangi turdagi kulolchilik namunasining topilishi olimlarning eʼtiborini tortadi. Yayoi sopollari ancha yuqori haroratda pishirilgan hamda charxda aylantirib yasalgan.
Bu kulolchilik turi bir tomondan texnikadagi ilgʻor yutuqlar, ikkinchi tomondan Dzyomon kulolchiligiga xos bezaklardan xoli ekani bilan ajralib turadi. Qisqa qilib aytganda, kulolchilik bu safar amaliy tomondan taraqqiy etgan edi. Bu hodisa Dzyomon davrining oxirlarida boshlangan metall buyumlar va guruchni sugʻorib yetishtirish bilan bogʻlanadi.
Madaniy jihatdan olib qarasak, Yayoi davri Dzyomon davriga nisbatan sezilarli yutuqlarga erishgan edi. Bu davr V–VI asr – m. a. III asrdan m. II—III asrlarga qadar davom etgan deb ishoniladi. Eramizdan avvalgi III—II asrlar Xitoyda Sin sulolasi (mil. av. 221—207-yillar) va Xan sulolasi (m. a. 206-yil, m. 220-yillar oraligʻi) hukm surgan hamda Temir davrining kirib kelishiga toʻgʻri kelgan.
Mil. av. 108-yilda imperator Udi Manjuriya va Koreya yarimorolining shimoliy qismini bosib oladi. Lelang (Nangnang) hamda yana 3 ta mustamlaka tashkil etadi. Bu mustamlakalar Koreyaga, oʻz navbatida Yaponiyaga ham Xitoy madaniyatining kuchli oqimi kirib kelishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Yayoi davri boshidayoq temirdan yasalgan asbob-uskunalar mavjudligi, keyinchalik esa bronza buyumlarning ham paydo boʻlishi Xan madaniyati unsurlarining taʼsiri boʻlishi mumkin. Osonlikcha zanglagani tufayli temirdan yasalgan buyumlar nisbatan kam topilgan boʻlsa-da, oʻsha davrda temirdan foydalanish ommalashgandi. Masalan, bolta, pichoq, oʻroq, ketmon, nayza uchlari hamda qilichlar shular jumlasidandir.
Oʻz navbatida bronza buyumlar ham xilma-xil boʻlib, ular orasida oybolta, qilich, nayza, taku (Xitoydan kirib kelgan, qoʻngʻiroqsimon buyum) hamda koʻzgu kabilar mavjud. Oybolta, qilich va nayza Yaponiyada Xitoydagi singari amaliy maqsadda emas, aksincha qimmatbaho buyum sifatida baholangan boʻlishi mumkin.
Janubiy Xitoydagi Yanszi daryo deltasi boʻyidan kirib kelgan deb hisoblanuvchi mashgʻulot — guruch yetishtirish esa Yayoi madaniyatining eng muhim jihatlaridan biri boʻlgan. Yayoi kulolchiligining ilk namunalari hamda ular joylashgan hududlar Kyushu orolining shimolidan topilgan. Ularda guruch qobigʻi izi va karbonlangan guruch donlarining topilishi Yaponiyada Yayoi madaniyatining ilk kunlaridanoq guruch yetishtirilganini koʻrsatadi.
Yogʻoch qoziqlar bilan ajratilgan sholizorlar oʻrni, toʻgʻon va yerosti suvlaridan iborat sugʻorish kanallari turli aholi punktlariga yaqin joylarda topilgan. Bu esa sholi yetishtirish va parvarish qilish texnikasi oʻsha davrda ancha rivojlanganini bildiradi. Guruch avvaliga quruq (sugʻorilmagan) va botqoqli dalalarda oʻstirilgan, biroq ancha vaqt mehnat va mablagʻ sarflanganidan soʻng odatiy sholikorlik ustunlik qila boshlagan.
Umuman olganda, bu davr uylari sholi sugʻorishda qulaylik yaratish maqsadida pastak allyuvial yerlarda qurilgan. Ammo qaysidir bosqichga kelib, Yayoi odamlari oʻz uylarini adir yoki tepaliklarda barpo eta boshlagan. Ular aynan nima sababdan — himoya yoki quruq yerlarda ekish sinalayotgani uchun bu qarorga kelgani aniq emas. Turar joylar Dzyomon davridagi kabi 2 turga boʻlingan: chuqursimon hamda yuza ustiga qurilgan. Ammo avvalgisidan farqli ravishda Yayoi davrida baland qavatli inshootlar paydo boʻla boshlagan. Bunday uylar donlarni kemiruvchilardan saqlash uchun foydalanilgan.
Toʻqimachilikka oid bilimlar odamlarga maʼlum boʻla boshlagach, kiyim-kechak sohasi ham Dzyomon davridagidan ancha ilgarilab ketgan. Matolar ibtidoiy dastgohlarda oʻsimlik tolalaridan toʻqilgan.
Jasadlar loydan yasalgan katta idish yoki ogʻir toshtobutlarda koʻmilgan. Shimoliy Kyushu hamda uning yon-atrofidagi hududlarda bu ikkala usul ham keng tarqalgan. Shunga oʻxshash idish va tobutlar Koreya yarimorolida ham topilgan, ehtimol bu buyumlar aynan oʻsha yerda paydo boʻlgandir. Qabrlar odatda tuproqli doʻngliklar yoki toshli aylanalar bilan ajratib qoʻyilgan. Ammo maxsus qabrlarga dolmen (mayda toshlar bilan mustahkamlangan katta tosh boʻlagi) oʻrnatilgan.
Dolmenlar Manjuriya va Koreyada keng qoʻllanilgani sababli ularni ham Yayoi madaniyatining orolga boʻlgan taʼsiri deb atash mumkin. Odatda qabrlar guruh boʻlib joylashgan boʻlsa-da, baʼzida ariqcha bilan oʻralgan, murda yonida qilich, marjon va koʻzgular koʻmilgan yakka qabrlar ham uchrab turadi. Bunday maxsus qabrlar jamiyatning oʻsha davrdayoq tabaqaga ajralganini anglatadi.
Yangi madaniy unsurlar Koreya yarimoroli yoki Xitoydan Yaponiyaga boʻlgan migratsiyani ifodalasa-da, ammo migratsiya katta boʻlmagani uchun Dzyomon davridan beri orolda yashab kelayotgan aholining feʼl-atvorini oʻzgartirishda deyarli ahamiyatga ega boʻlmaydi. Yayoi madaniyati, shubhasiz, qiziqqon xususiyatlar birlashmasini oʻzida mujassam etsa-da, mamlakat boʻylab topilgan proto-yaponlarning asosiy genlari oʻzgarmagani, balki kelasi asrlarga qadar davom etib kelganini koʻrishimiz mumkin. Dzyomon hamda Yayoi davridagi skelet qoldiqlar orasidagi farq genetik jihatdan koʻra, ozuqaviy tarafdan yaxshiroq farqlanadi. Yuqoridagi maʼlumotni Xitoy tarixchisi Vey Chji manbasidagi (297-yil) “Vo xalqi” tomonidan aytilgan hikoyalar tasdiqlaydi.
Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org