Orqaga
Xitoy solnomalari tarixi haqida ma'lumotlar.

950 marta koʻrilgan

25–220

Xitoy solnomalari Vo xalqi

Xitoy solnomalarida Yaponiya ilk marotaba Vo (yaponchada Va) nomi ostida eslatib oʻtilgan. Xan tarixida aytilishicha, Lelang yaqinidagi dengiz atrofida Vo xalqi yashaydi, ular 100 dan ortiq mamlakatga boʻlinib, belgilangan vaqt oraligʻida oʻlpon keltiradi. Lelang Xan sulolasining Koreya yarimorolida tashkil etilgan mustamlakalaridan biridir. Vodagi Nu davlati (m. 57-yil) Dong Xan saroyiga elchilar yuborgani, imperator ularga oltin muhr taqdim etgani haqida Dong (Sharqiy) Xan tarixida (m. 25–220) maʼlumotlar keltirilgan. Hozirgi Kyushu orolining Xakata koʻrfazida joylashgan Nu davlati Voni tashkil qilgan yuzlab davlatlardan biri boʻlgan. Bu hodisa Xitoy imperatori tomonidan taqdim etilgan oltin muhr 1748-yilda Xakata koʻrfazi boʻyidagi Shikano orolidan qazib olinganidan soʻng tasdiqlandi.

II asrning ikkinchi yarmida Vo davlatida fuqarolar urushi yuz beradi. Qirolicha Ximiko hududni tinchlantiradi. Diniy kuchlarga suyangan holda 30 dan ortiq davlatlar konfederatsiyasini boshqargan shimoliy Xitoydagi Vey (220–265; 266-yillar) qirolligi bilan aloqani saqlab qoladi. Vey qirolligi ham Vo hududiga oʻz vakilini yuboradi va bu ikki tomon oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari III asrning birinchi yarmigacha davom etadi. “Vey Chji” manbasida Lelangdan Yamatay davlatidagi Vo qirolichasi saroyiga yoʻl haqida batafsil maʼlumot berib oʻtilgan.

Yamatay shimoliy Kyushu yoki Kinay mintaqasida (Xonshuning markaziy qismi) joylashgani borasida olimlar fikri ikkiga boʻlingan. Agar Yamatay shimoliy Kyushuda joylashgan boʻlsa, davlatlar birlashmasi sof mahalliy boshqaruv boʻlgan boʻladi va keyinchalik barpo etilgan Yamato saroyi bilan aloqasi boʻlmaydi. Biroq davlat Kinay mintaqasida boʻlsa, ularni Yamato saroyi ahlining ajdodlari deb hisoblash mumkin boʻladi. Oʻz navbatida, bu Yaponiya oʻsha davrlardayoq sezilarli darajada siyosiy birlikka erishganini koʻrsatadi. Yapon tarixchilari Yaponiyaning boshqa Sharqiy Osiyo xalqlari bilan aloqasini kengaytirish maqsadida uzoq vaqtdan beri Yamatayning qadimiyligi hamda birlik darajasini taʼkidlab kelgan. Biroq Yamatayning Kyushudagi mahalliy, markaziy kuch boʻlgani hamda kelgusi birlashuv kamida bir asrdan soʻng yuzaga kelgani haqiqatga yaqindir.

“Vey Chji”ga koʻra, bu davrga kelib, Vo xalqi anchagina yuqori taraqqiyotga erishgan. Jamiyatda tabaqalanish aniq belgilab qoʻyilgan. Odamlar soliq toʻlagan. Yuqori qavatli, ajoyib binolar qurilgan. Turli hududlarda yarmarkalar tashkil etilib, u yerda tovarlar ayriboshlangan. Vo davlati bilan xat almashilganiga qaraganda mahalliy aholi orasida oʻqish va yozishni biladiganlar ham boʻlgan.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: unsplash.com / pexels.com