10
Ulashish
536 marta koʻrilgan
XIV asr
Temurning Damashqga yurishi
Damashq qamali (Mamluk-Temur urushi deb ham ataladi) 1400-yilda Temuriylar imperiyasi va Misrdagi Mamluklar davlati oʻrtasida boʻlib oʻtgan yirik hodisa hisoblanadi.
Sabablari
Temur Markaziy Osiyoda Chingizxondan keyingi eng qudratli hukmdorlardan biri boʻlgan. U uzoq va tinimsiz janglar orqali oʻzidan oldingi Moʻgʻul imperiyasini qayta tiklashga intilgan. Suriya shaharlariga hujum qilishdan avval Temur Damashqqa elchi yuboradi. Biroq elchi Mamluklardan boʻlgan shahar noibi — Sudun tomonidan qatl etiladi. Temur 1400-yilda Misrdagi Mamluklar sultoni — Nosiriddin Faraj bilan urush boshlaydi va Mamluklar boshqarayotgan Suriyaga bostirib kiradi. 1400-yilning noyabr oyida Temur qoʻshini Halab shahrini (hozirgi Suriyada joylashgan) egallaydi. U shahar tashqarisida 20 000 bosh suyakdan iborat minora qurishni buyurib, aholining katta qismini qirib tashlaydi. Halabni olganidan soʻng Temur yurishini davom ettirib, Hamo, shu atrofdagi Hims va Baʼlabak (yoki Baalbek, hozirgi Livanda joylashgan) shaharlarini egallaydi, Damashqni esa qamal qiladi.
Jang
Temur Mamluk Sultoni — Nosiriddin Faraj boshchiligidagi qoʻshinni Damashq tashqarisida tor-mor qiladi. Shahar taqdiri esa moʻgʻul bosqinchilarining kayfiyatiga bogʻliq boʻlib qoladi. Qoʻshini magʻlubiyatga uchragan Faraj muzokara olib borish uchun Qohiradan vakillar guruhini yuboradi, ular orasida arab tarixchisi va faylasuf — Ibn Xaldun ham bor edi. Ammo vakillar kelib ketganidan soʻng Temur shaharni talon-taroj qiladi. Bir-biridan mustaqil guvohlar tasdiqlagan maʼlumotga koʻra, Umaviylar masjidi va yana boshqa koʻplab masjidlar yondirib, kul qilingan ekan. Mashhur imom va din peshvolari Temurning huzuriga borib, Alloh nomidan shafqat soʻraydi. Temur ayol va bolalari bilan birgalikda ularga masjiddan boshpana berishga ishontiradi. Masjidlarda 30 000 nafardan ortiq inson yigʻilganida esa eshiklarni qulflab, ularni tiriklayin yoqib yuboradi.
Oqibatlari
Damashq egallanganidan soʻng Temurning yangi Moʻgʻullar imperiyasi endi mintaqada paydo boʻlayotgan yangi kuch — Usmoniylar imperiyasi bilan chegaradosh boʻladi. Bu ikki hokimiyat tez orada bevosita kelishmovchilikka duch keladi. Boyazid Temurga sodiq Anatoliyadagi bekliklarning biridan oʻlpon talab qilib, bosqinchilik bilan tahdid qiladi. Temur bu hodisani oʻziga nisbatan haqorat deb tushunib, 1400-yilda Usmoniylarga qarovchi Sivas shahrini (hozirgi Turkiyada joylashgan) talon-taroj qiladi. Keyinchalik Temur Usmoniylar sultoni Boyazidni Anqara jangida magʻlub etadi.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: midjourney.com