2
Ulashish
939 marta koʻrilgan
1809–1874
Ogahiy
XIX asr Xiva xonligi tarixida oʻchmas iz qoldirgan buyuk insonlardan biri — Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiydir. 1809-yil 17-dekabrda Xiva shahri yaqinidagi Qiyot qishlogʻida mirob oilasida tavallud topgan adib: “Biz Xivada yashovchi yuz toifasidan boʻlgan Amir Eshimbiyning avlodidandirmiz”, — deb yozib qoldirgan. Yoshlik chogʻida otasi Erniyozbek vafot etgach, Ogahiyning tarbiyasi togʻasi Munis qoʻliga oʻtdi. Munis atrofiga toʻplangan ijodkorlar boʻlgʻusi shoir Ogahiy ijodiga katta taʼsir koʻrsatdi.
Ogahiy dastlabki bilimni Munis Xorazmiydan oldi. Keyinchalik Xiva madrasalarida arab, fors, turk tillarini puxta egalladi. Xorazmning mashhur shoir va olimlari, adabiyot muxlislarining suhbatlarida ishtirok etdi. Sharq klassiklari asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan oʻrgandi. 1829-yil Munis vafot etgandan soʻng Ollohqulixon (1825–1842) uning oʻrniga Ogahiyni bosh miroblik vazifasiga tayinladi. Shu davrdan eʼtiboran Ogahiy xalq hayoti va saroy ishlari bilan shugʻullangan. Shoir xizmat yuzasidan Xorazm vohasining koʻp joylarida boʻlib, dehqon va hunarmandlarning ayanchli hayotini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Bu Ogahiy ijodiga taʼsir etmay qolmadi.
Ogahiy uy muzeyi: Xorazm viloyati, Xiva, “Eski qiyot” MFY / wikipedia.org
Ijodi
Ogahiy xalq orasida koʻproq lirik shoir sifatida mashhur. Umrining oxirgi yillarida tuzgan lirik kulliyoti — “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”, 1872) bizgacha toʻla yetib kelgan. Devon anʼanaviy tartibda tuzilgan, 470 gʻazal, 3 mustazod, 89 muxammas, 5 musaddas, 2 murabba, 4 musamman, 4 tarjeʼband, 7 qitʼa, 80 ruboiy, 10 tuyuq, 1 mulamma, 4 chiston, 2 muammo, 4 masnaviy, 1 bahri tavil, 1 munojot, 1 oshiq va maʼshuq savol-javobi, 20 taʼrix, 19 qasida — jami 18000 misradan iborat. Devonga “Ashʼori forsiy” nomi bilan Ogahiyning fors tilidagi 1300 misra sheʼri ham kiritilgan. Devondagi asarlar mazmun-mundarijasi markazida ishq mavzusi turadi.
Oʻzbek adabiyotida Navoiydan keyin eng “koʻp va xoʻb” sheʼr yozgan shoirlardan biri hisoblanadigan Ogahiy juda katta adabiy meros qoldirgan. Ogahiyning “Riyoz ud-davla” (“Saltanat bogʻlari”, 1844), “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”, 1845–1846), “Jomeʼ ul-voqeoti sultoniy” (“Sultonlik voqealarini jamlovchi”, 1857), “Gulshani davlat” (“Davlat gulshani”, 1865), “Shohidi iqbol” (“Iqbol guvohi”, 1872) va boshqa tarixiy asarlarida Olloqulixon, Rahimqulixon (1843–1846), Muhammad Aminxon (1846 55), Said Muhammadxon (1856–1864), Muhammad Rahim II (1864–1910) hukmronligi davrida Xorazmda yashagan oʻzbek, turkman, qoraqalpoq, qozoq xalqlarining tarixi, madaniy va ijtimoiy hayoti, Xiva xonligining boshqa xonliklar bilan munosabati va boshqa tarixiy voqealar aks etgan.
U madrasada oʻqib yurgan paytlaridayoq Jomiy, Navoiy, Hofiz, Sheroziy, Bedil, Fuzuliy gʻazallari kiritilgan “Bayozi mutafarriqayi forsiy” nomli bayoz tuzdi. Shu bilan bir qatorda, ularga ergashib yozgan oʻzining oʻn besh gʻazali va ikki muxammasini ham bayoz tarkibiga qoʻshdi. Shoir ustozi Munis boshlab qoʻygan, ammo tamomlay olmagan tarixiy “Firdavs ul-iqbol” asarini yozib tugatdi.
Ogahiy ijodida XIX asr Xiva xonligidagi ijtimoiy hayot oʻz ifodasini topgan. Bu davrga kelib, Turkiston Rossiya tomonidan bosib olingan, xalq esa zulm ostida kun kechirardi. Ogahiy bu vaziyatdan qattiq qaygʻurardi, xalq erkin va ozod yashashini orzu qilardi.
Shoir tarixchi olim sifatida Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bagʻishlab qasidalar yozadi. Ulardan biri “Qasidayi nasihat” asari orqali shoh Feruzga saltanatni boshqarishning yoʻl-yoʻriqlarini koʻrsatadi, mamlakat va xalqni adolat bilan idora etish yoʻllarini belgilab beradi. Qasida masnaviy janrida yozilgan boʻlib, asosiy mavzusi siyosiy-maʼrifiy qarashlarni qamrab olgan. Shoirning fikricha, har qanday davlat boshligʻi hokimiyatni mustahkamlash uchun barcha ijobiy fazilatlarga: himmatli, shijoatli, adolatli, gʻayratli, saxovatli, sof niyatli, madaniyatli, hamiyatli, kambagʻalparvar sifatlarga ega boʻlishi lozim. Ana shunda hokimiyat kamol topadi, mamlakat farovon boʻladi, degan fikrni ilgari suradi.
Shuningdek, asarda davlatni boshqarish yoʻllarini ham koʻrsatib oʻtilgan. Shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilib, aysh-ishratdan, fitna va gʻiybatdan, gʻaflat, yalqovlik, zulm-razolat, chaqimchilik va molparastlikdan uzoq boʻlishi kerak. Xiva xoni Feruz Ogahiyning davlatni boshqarish toʻgʻrisidagi maslahatlariga quloq tutib, uning hikmatli baytlarini marmar toshlarga yozdirib arzxonalariga qoʻydirgan, koʻp ezgu ishlarni amalga oshirgan.
Tarjimalari
Ogahiy jahon madaniyati nodir durdonalari hisoblangan Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”, Nizomiyning “Haft paykar”, Hiloliyning “Shoh va gado”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Jomiyning “Yusuf va Zulayhoʻ” kabi badiiy, tarixiy, axloqiy, falsafiy, didaktik asarlarni forschadan oʻzbek tiliga tarjima qildi. Ogahiy “Haft paykar”ni nasriy yoʻl bilan, “Guliston”ni qisqartirib, keng kitobxonlarga tushunarli qilib tarjima etgan. “Yusuf va Zulayho” hamda “Shoh va gado” dostonlarini esa baytma-bayt tarjima qilib (kirish qismidan tashqari), aniq ijodiy tarjima namunasini yaratgan. Uning tarjimonligi xususida ilk maʼlumot Arminiy Vamberi (1832–1913) kitobida keltirilgan. Ogahiy fors tilidan oʻn sakkizta va usmoniy turkchasidan bitta asar tarjima qilgan. Yirik olim Yuriy Bregel (1925–2016) adibning tarjima asarlari roʻyxatini yillar ketma-ketligida tuzishga qiynalgan. Ammo ogahiyshunos olim Nuryogʻdi Toshev xuddi shunday xronologiyani shoirning oʻzi devonida berganini aniqlagan.
Vafoti
1845-yil qizgʻin ijtimoiy-siyosiy mehnat bilan mashgʻul bir paytda otdan yiqilib, oyogʻi “shakarlang” (shol) boʻlib qolgan Ogahiy 1857-yilda miroblik vazifasidan isteʼfo bergan. Umrining oxirigacha moddiy muhtoj, gʻamgin, kasalmand ahvolda kun kechirgan. Ish faoliyatida davomida orttirgan kasalliklari va moddiy muhtojlik tufayli Ogahiy 1874-yilda vafot etadi.
Xotira
“Taʼviz ul-oshiqin” Xivada toshbosmada nashr etilgan (1905—09). Oʻzbekistonda koʻchalar, maktablar, Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatri, istirohat bogʻi va boshqa muassasalarga Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlogʻida Ogahiy bogʻi tashkil etilib, shoirning uy-muzeyi ochilgan; muzey oldida Ogahiyga haykal oʻrnatilgan. Ogahiyning tarixiy asarlariga akademik V. V. Bartold yuqori baho bergan: “Munis va Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar voqealarni bayon etish va ularda keltirilgan daliliy manbalarning koʻpligi jihatidan bizgacha yetib kelgan Qoʻqon va Buxoro xonliklari tarixi boʻyicha boʻlgan barcha asarlarni oʻzidan ancha orqada qoldiradi”.
Ogahiy uy muzeyidagi byusti, Xiva / wikipedia.org
Manbalar: milliycha.uz / ziyouz.com / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova surat: ziyouz.uz