Orqaga
Muqimiy haqida ma'lumot.

609 marta koʻrilgan

1850–1903

Muqimiy

Muhammad Aminxoʻja 1850-yil Qoʻqon shahrining Begvachcha mahallasida tugʻilgan. Otasi Mirzaxoʻja Mirfozil oʻgʻli novvoy boʻlib, farzandining xat-savod chiqarishiga jiddiy eʼtibor bergan. Onasi Oyshabibi esa oʻgʻlining sheʼriyatga oshno boʻlishida katta xizmat koʻrsatgan. Koʻplab ertak va qoʻshiqlarni yoddan bilgan bu ayol bilganlarini taʼsirchan va ifodali soʻzlab berishdek iqtidori bilan tinglovchilarni maftun etgan edi. Onasining bu fazilati Muhammad Aminxoʻjaga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Muqimiy mahallasidagi maktabda, shuningdek, “Hokim oyim” madrasasida taʼlim olgach, 1872–1873-yillarda “Mehtar oyim” madrasasida oʻqishni davom ettirish uchun Buxoroga yoʻl oladi. Madrasani 1876-yilda bitiradi va Qoʻqonga qaytib, oila quradi.

Muqimiy avvaliga Qoʻqon yer oʻlchash mahkamasida mirzalik qiladi. U xizmati tufayli Qoʻqon va uning atrofidagi qishloqlarga tez-tez chiqishga toʻgʻri kelgani uchun dehqonlarning yashash tarzi, qishloqlarning xarob ahvoli haqida batafsil maʼlumotga ega boʻladi. Muhammad Aminxoʻja mahkamada uzoq muddat ishlamagan boʻlsa-da, shu tajribaning oʻziyoq shoirning hayoti va dunyoqarashida muhim oʻrin egallaydi. Mahkamadagi faoliyati unda mustamlaka tuzumiga va tartib-qoidalarga keskin salbiy munosabat va tanqidiy baho paydo boʻlishiga hissa qoʻshgan edi.

Muqimiy oʻzining “Dar mardumi Oqjar batariqi muxammas” asarida yozishicha, u 1870-yillarning oxirlarida Qoʻqonning shimoli-gʻarbidan oʻtgan Sirdaryo yoqasidagi Oqjar paromida pattachi boʻlib ishlagan. Paromchilik faoliyati sababli shoir mehnatkash insonlar, jumladan, qishloqdagi dehqonlarning turmush tarzi bilan yaqindan tanishadi. Muqimiy 1880-yillarda paromdagi qattiqqoʻl va qallob boshliqlari bilan kelisha olmay Qoʻqonga qaytadi. Oilaviy hayoti ham koʻngildagidek kechmagach, mahallasidagi Hazrat madrasasi hujrasiga kоʼchib oʻtadi. Muqimiy umrining soʻnggigacha shu madrasada muhtojlikda kun kechiradi.

Ijodi

Ayni shu onlar Muqimiy uchun butun vaqtini ijodiy ish, shaxsiy mutolaaga bagʻishladi, husnixat va kotiblik bilan shugʻullandi. Oʻsha yillari Qoʻqonda doimiy tarzda adabiy yigʻin-anjuman ishlari boʻlib oʻtar edi. Zokirjon Furqatning guvohlik berishicha, Muhiy, Zavqiy, Nisbatiylar singari yirik ijodkorlar qatorida Muqimiy ham ushbu anjumanlarda faol qatnashib, davr adabiy harakatiga yetakchilik qiladi. Muttasil davom etgan moddiy yetishmovchilik hamda turmushning qiyinligi Muhammad Aminxoʻjaning sogʻligʻiga zarar yetkazadi. Muqimiy ijodida zamondan, ogʻir turmush tarzidan, taqdirdan shikoyat, hamdard yoʻqligidan nolish keng oʻrin tuta boshlaydi.

Shoirning dunyoqarashi, farovon hayot va ozod jamiyat, insof va adolat, barkamol inson va insoniylik, iymon-eʼtiqod va erk haqidagi orzulari mamlakatdagi sharoit, mavjud adolatsiz tuzum, zoʻravonlik hukmron boʻlgan zamon oʻrtasidagi jiddiy ziddiyat oʻrtasidagi nomutanosiblik Muqimiy ijodiga nisbatan keskin tanqid yuzaga kelishiga xizmat qiladi.

Muqimiy oʻzbek adabiyoti tarixidagi eng koʻp murabba yozgan shoirlardan boʻlib, bu qadimiy turning rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Murabbalarining barchasi ishq-muhabbatni tarannum etib, xalq qoʻshiqlari ruhida va oʻynoqi vaznlarda yaratilgan bu murabbalar nihoyatda samimiy, shoʻx va joʻshqin yangraydi, oʻquvchilarni oʻziga maftun etadi. Xususan, “Emdi sendek, jono, jonon qaydadur!”, “Ey chehrasi tabonim”, “Tokim, jono, jilva bunyod aylading”, “Bir soʻrmading, ey dilrabo, na boʻldi?” misralari bilan boshlanuvchi murabbalar yaratilgan yillaridayoq hofizlar ijro etib, Muqimiyga katta shuhrat keltiradi.

Shoir bir necha oʻnlab muxammaslar ham yaratgan. Ularning ham koʻpchiligi ishq-muhabbat toʻgʻrisida boʻlsa ham, oʻz mazmuni va ruhiga koʻra sof ijtimoiy va satirik yoʻnalishdagi bir qancha muxammas ham mavjud.. Shoir qoldirgan meros orasida Navoiy, Jomiy, Fuzuliy, Amiriy gʻazallariga, shuningdek, Furqat, Zavqiy, Nodim kabi zamondoshlari hamda oʻz gʻazallariga taxmislari ham bisyor.

Muqimiy lirik shoir boʻlishdan tashqari kuchli satirik sifatida ham xalq orasida katta shuhrat qozongan. 1890-yillarda u tanqidiy-satirik yoʻnalishning yetakchisiga aylandi. Olamni, atrof-muhitni oʻz holicha ifodalashni ijodining bosh maqsadi deb qabul qilgan shoir qalam ahlining boshqa vakillarini xalqchil mavzularni topishga va xalqning xohishlariga mos asarlar yaratishga undar edi. Shoir satirik asarlari uchun mavzu va siymolarni oʻzi yashayotgan zamondan olib, oʻziga yaxshi tanish voqea-hodisalarni tanqidiy tahlil etgan hamda oʻsha davr ruhidan oziqlandi. Muqimiy mashhur “Tanobchilar” satirik asarini yaratishda Navoiy asarlaridan ilhom olgan. Nihoyatda oʻtkir “Hapalak qishlogʻi haqida” hajviy muxammasi esa Maxmurning gʻazaliga taxmis hisoblanadi.

Biroq Chor Rossiyasi oʻrnatgan mustamlakachilik tartibi, hukmron adolatsizlik va zoʻravonlik, inson huquqlarining toptalishi, nafaqat chor, balki mahalliy amaldorlarning ham oʻzboshimchaligi va shafqatsizligi, aldamchilik va axloqiy tubanliklar Muqimiy hajviy asarlari uchun asosiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Mehnatkash xalq, hunarmandlarning ogʻir turmush sharoitlari, mustamlaka zulmi ostidagi shahar hamda qishloqlarning vayronaga aylanishi, nochor shaxs taqdiri Muqimiy hajviyotida yetakchi oʻrinni egallaydi.

Shoir ijtimoiy-siyosiy hajviyotning asoschilaridan biri sifatida oʻzbek adabiyoti tarixidan joy oldi. Uning bir qator hajviyalari, jumladan, “Tanobchilar”, “Voqeayi koʻr Ashurboy hoji”, “Moskovchi boy” kabi asarlarini shu yoʻnalishning yetuk namunalari sifatida koʻrish mumkin. Muqimiy shu kabi hajviy asarlarida mustamlaka tuzumi uchun xos boʻlgan hayotiy mavzular — jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, tabaqalanish, hukmron adolatsizlik kabi juda jiddiy masalalarni koʻrib chiqadi. Bu esa shoir hajviyasidagi siyosiy yoʻnalish va gʻoyaviy kamolotdan dalolat beradi. Masalan, shoirning “…chustiylar bizlar” deb yakunlanuvchi ushbu satrlarida jamiyatni yemirayotgan ogʻir illatlar qoralanganini koʻrish mumkin:

Muallimni quvib maktabni yopgan chustiylar bizlar,
Berib pora prostavlarni topgan chustiylar bizlar.
Duo qilsun deduk – yosh qizni sotdik oqsoqollarga,
Va lekin qilgʻuchi olamni vayron chustiylar bizlar.

Jabrlanuvchi oddiy dehqon tilidan yozilgan “Tanobchilar” hajviyasida esa mavjud tuzumdagi ijtimoiy adolatsizlik, chor maʼmurlar va mahalliy amaldorlarning oʻzboshimchaliklari va zoʻravonliklari, mustamlaka sharoitida soliq solish va undirib olish kabi hayotiy lavhalarda tarixan haqqoniy tasvirlangan:

Zulm bilan elligu yuzni olur,
Boz tanobini duchandon solur.
Tagʻi bular yaxshi-yu, bizlar yomon,
El tamizidin hazar et, alʼamon.

Shoir merosidagi “Veksel”, “Dar mazammati zamona”, “Urugʻ”, “Lyaxtin”, “Dodxohim”, “Asrorqul”, “ Тоʼу” kabi hajviyalar oʻsha davr uchun jiddiy ijtimoiy mavzularni tanqidiy ruhda tahlil etgani bilan eʼtiborga sazovor. XIX asr oxirlari va XX asr boshlari milliy adabiyotimizda hajviy yoʻnalishning rivojlanishida Muqimiyning ijodiy faoliyati va taʼsiri juda katta boʻldi. Shoir qalamga olgan kulgi qoʻpol qahqaha yoki shunchaki xushchaqchaqlik, bachkana mutoyiba emas, balki, hayotdagi qoloq, taraqqiyotga toʻsiq gʻovlarni, shaxslar ongi va tabiatidagi ojizlik, salbiy belgilarni, xunuk feʼl-atvor hamda oʻrinsiz xatti-harakatlarni qoralash, tanbeh berish, ogohlantirish orqali oʻz ifodasini topgan. Oʻquvchi Muqimiyning toʻrt qismdan iborat “Sayohatnoma” asarini ham muallifning oddiy bir safar hisoboti yoki tor shaxsiy kechinmalari majmuasi sifatida tushunishi kerak emas. Bu asar orqali shoir mustamlaka tuzumi va ijtimoiy hayotning qator muhim muammolarini tanqidiy ruh bilan tahlil etgan.

Elparvar shoirning mustamlaka tuzum ustidan: “Dunyo qurulgʻon dor ekan!” — deya keskin hukm chiqarishi ham bejiz emas. Muqimiy yurtidagi bosqinchilarning zulmi va mehnatkash ommaning jabridan taʼsirlangan edi. Sheʼrlarida vatanparvarlik tuygʻulari, ona yurtiga sadoqat va iftixor hislari aniq sezilib turgan bu yuksak ijodkor merosi hozir ham dolzarbligini yoʻqotmagan.

Muqimiy 2 marta – 1887–1888-yillarda hamda 1892-yil boshlarida ota shahri Toshkentga qaytib, shu yerdagi ijod ahli bilan uchrashuvlar uyushtirib, suhbatlar qurdi, shaharda yuz bergan ijtimoiy va madaniy oʻzgarishlar bilan tanishdi. Ikkinchi safari vaqtida “Turkiston viloyatining gazeti” muharriri Ostroumov bilan koʻrishadi. Gazetaning 1891-yil oktyabr oyidagi sonida Muqimiyning bir qancha sheʼrlari mashhur hofiz Makaylik tilidan yozib olinib eʼlon qilingan edi. Keyinchalik, 1903–1907-yillarda ham gazeta Muqimiyning bir qator ishqiy va hajviy ruhdagi asarlarini chop etadi.

Shoirning “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida 1903-yilda chop etilgan “Hoʻqandlik bir boyning shaʼniga Muqimiy shoirning aytqon sheʼridur” (15-yanvar) va “Andijon zilzilasi munosabati bilan yozilgan sheʼr tarixi” (22-aprel) ijtimoiy mavzudagi sheʼrlari uning soʻnggi yirik asarlari hisoblanadi. “Ey tabib, aylanma, dardim bedavolardin biri, Rangi zardim, koʻru koʻrma, kahrabolardin biri”, misralari bilan boshlanuvchi muxammasda shoir hayotining soʻnggi damlaridagi ruhiy kayfiyati taʼsirchan ifodasini topgan. Keltirilgan misralarda shoirning sariq kasaliga chalingani aytib oʻtilgan.

Vafoti

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib shoirning salomatligi yomonlasha bordi. Jiyaniga besh-olti oylab betob yotgani haqida “necha muddatlar boʻladurkim, nazm ayturgʻa tabiat lohasi erdim”, deb maktub yozadi. Xastalansa-da, Muqimiy umrining oxirigacha ijodni toʻxtatmagan. Muhammad Aminxoʻja Muqimiy 1903-yil 25-mayda bu dunyoni tark etadi.

Xotira

Muqimiy bizga diltortar gʻazallar, joʻshqin va quvnoq murabbalar, jozibali muxammaslar qoldirgan. Toshkent shahridagi Oʻzbekiston davlat musiqiy teatriga Muqimiy nomi berilgan. Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitet tomonidan talabalar uchun tashkil etilgan koʻkrak nishoni ham Muhammad Aminxoʻja Muqimiy nomida. Oʻzbek xalqining zabardast yozuvchi va shoirlarining haykali bunyod qilingan Toshkentdagi Adiblar xiyobonida Muqimiy haykali ham qad koʻtarib turibdi. 2023-yilda “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan Muqimiyning hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Muqimiy” nomli film ishlandi.

Muqimiy haqida ma'lumot.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan talabalar uchun tashkil etilgan koʻkrak nishoni / uzreport.news



Manba: xs.uz / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova surat: wikipedia.org