Orqaga
Janubiy italiyada islom dini. Italiyada islom dini.

527 marta koʻrilgan

IX asr

Islom dini janubiy Italiyada

Sitsiliya va janubiy Italiyadagi Islom tarixi 827-yilda ishgʻol qilingan Sitsiliyadagi Mazora shahrida birinchi arab aholi punktiga asos solinishdan boshlangan. Sitsiliya va Malta ustidan navbatdagi hukmronlik esa XX asrda boshlangan. Asos solingan Sitsiliya amirligi 831-yildan 1061-yilgacha mavjud boʻlgan va 902-yilga qadar butun orol ustidan nazoratni qoʻlga olgan. Sitsiliya musulmonlarning Italiyadagi asosiy tayanch istehkomi boʻlgan boʻlsa-da, materik yarimorolda, ayniqsa, janubiy Italiyaning qitʼa qismida ayrim vaqtinchalik tayanch istehkomlar ham barpo etilgan edi.

Mana shunday nuqtalardan eng muhimi port shahar boʻlmish Bari (847–871-yillarda ishgʻol qilingan) hisoblangan. Musulmonlar tomonidan, asosan, Muhammad I ibn al-Agʻlab boshchiligida uyushtirilgan harbiy yurishlar shimolga, Neapol, Rim va shimoliy Pyemont mintaqasigacha yetib borgan. Islom qoʻshinlarining hujumi Italiya va Yevropada hokimiyat uchun olib borilayotgan keng miqyosdagi kurashning bir qismi boʻlib, xuddi shu tartibda nasroniy Vizantiyasi, franklar, normanlar va mahalliy Italiya kuchlari ham davlatni nazorat qilish uchun raqobatlashayotgan edi. Baʼzan turli nasroniy jamoalar boshqa guruhlarga qarshi kurashda ittifoqchi sifatida arablar bilan hamkorlik qilgan.

Janubiy italiyada islom dini. Italiyada islom dini.

871-yilda imperator Lui II boshchiligidagi Barining qoʻlga olinishi / wikipedia.org

965-yilda Kalbidlar amirligi Fotimiylar xalifaligidan mustaqil boʻlib ajrab chiqdi. Normanlar 1061-yilda Messinani egallab oldi va 1071-yilda Palermo shahri va uning bosh qalʼasi esa 1072-yilda bosib olindi. 1091-yilga kelib Noto ham normanlar qoʻliga oʻtdi va shu bilan mintaqani bosib olish oʻz nihoyasiga yetdi. Shu yilning oxirida Malta ham quladi. Garchi arab boshqaruvi oʻz oʻrnida saqlanib qolgan boʻlsa-da, shaharning qulashi islom boshqaruvining soʻnggi bobini belgilab berdi. Normanlar mintaqani zabt etishi bilan Rim katolik dinini mustahkam oʻrnatdi. Bu yerda Sharqiy Vizantiya nasroniylik dini hukmron boʻlishi bilan mashhur boʻlgan va u hatto islom davrida ham ahamiyatligicha qolgan edi.

Musulmon sitsiliyaliklar Sitsiliya qiroli Fridrix II buyrugʻi bilan 1245-yilda Luchera qishlogʻiga surgun qilindi. 1300-yilga kelib Altamura grafi Jovanni Pipino da Barletta Lucherani qoʻlga kiritdi va uning aholisini quvib chiqardi yoki qullikka sotib yubordi. Bu esa Italiyada oʻrta asrlarda mavjud boʻlgan musulmonlarning mavjudligiga chek qoʻydi.

Arablarning Sitsiliyaga uyushtirgan birinchi hujumlari (652–827-yillar)

Islom qoʻshinlarining oʻsha paytda Vizantiya imperiyasining bir qismi boʻlgan Sitsiliyaga uyushtirilgan birinchi hujumlari 652-yilda Roshidun xalifaligidan boʻlmish Usmon (r.a) davrida sodir boʻlgan. Hujum Suriya hokimi Muoviya I tomonidan boshqarilgan va kinda qabilasidan boʻlgan Muoviya ibn Hudayja boshchiligidagi arab jangchilaridan iborat edi. Qoʻshin bir necha yil davomida orolda qolgan. Ravennaning Vizantiyadan boʻlgan ekzarx rahnamosi — Olimpiy bosqinchilarni quvib chiqarish uchun Sitsiliyaga keldi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Arablarning Sitsiliyaga ikkinchi ekspeditsiyasi 669-yilda boʻlib oʻtdi. Bu safar Iskandariyadan 200 ta kemadan iborat kuchli, vayronkor armiya orolga hujum qildi. Ular Sitsiliyadagi Sirakuza shahrini talon-taroj qildi va bir oylik toʻqnashuvlardan keyin Misrga qaytdi. Shimoliy Afrikani arablar bosib olganidan keyin (taxminan 700-yilga kelib) orolga arab flotining hujumlari 703-yildan 734-yilgacha bir necha bor takrorlandi. Oxirgi ikkita hujum Vizantiyaning jiddiy qarshiligiga duch keldi. Sitsiliyaning birinchi istilo “ekspeditsiyasi” 740-yilda boshlangan.

Oʻsha yili 728-yildagi hujumda ishtirok etgan Habib ibn Abi Ubayda al-Fihriy Sirakuzani muvaffaqiyatli tarzda egalladi. Armiya butun boshli orolni toʻligʻicha zabt etishga tayyor boʻlishiga qaramay, Berber qoʻzgʻoloni tufayli Tunisga qaytishga majbur boʻldi. 752-yilda ikkinchi marta uyushtirilgan hujum faqatgina Sirakuzani qayta ishgʻol qilishni maqsad qilgandi.

805-yilda Sitsiliyaning imperiya patritsiysi Konstantin Ifriqiya amiri Ibrohim I ibn al-Agʻlab bilan oʻn yillik tinchlik sulhini tuzdi. Ammo bu sulh Afrika va Ispaniyaning boshqa hududlaridagi arab flotlariga 806–821-yillar davomida Sardiniya va Korsikaga hujum qilishiga toʻsqinlik qilgani yoʻq. 812-yilda amir Ibrohimning oʻgʻli Abdulloh I Sitsiliyani zabt etish uchun qoʻshin yuboradi. U yuborgan kemalar dastlab Gaeta va Amalfi aralashuvi oqibatida taʼqib qilindi. Taʼqibdan soʻng kemalarning katta qismi boʻron natijasida vayron boʻldi.

Biroq arablar Lampeduza orolini zabt etish va Tirren dengizidagi Ponza va Iskiyani vayron qilishga muvaffaq boʻldi. Yangi patritsiy Gregoriy va amir oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv Ifriqiya va janubiy Italiya oʻrtasida erkin savdo aloqalarini oʻrnatdi. Ifriqiya amiri Ziyodat Alloh I ning amakivachchasi Muhammad ibn-Adballadning 819-yildagi navbatdagi hujumidan soʻng manbalarda 827-yilga qadar arablarning Sitsiliyaga keyingi uyushtirgan hujumlari haqida hech qanday soʻz yuritilmagan.

Sitsiliyaning zabt etilishi (827–902-yillar)

Arab-Vizantiya urushlari. Evfemiy va Asad

Arablarning Sitsiliya oroli va janubiy Italiyaning bir qismini bosib olishiga 75 yil vaqt ketdi. Baʼzi manbalarga koʻra, Sitsiliyaning bosib olinishiga Vizantiya qoʻmondoni Evfemiyning harakatlari turtki boʻlgan. U jinsiy-axloqiy jinoyatlari uchun imperator Maykl II tomonidan jazolanishdan qoʻrqqan. Sirakuza qisqa vaqt ichida bosib olinganidan soʻng u imperator deb eʼlon qilinadi, ammo davlatga sodiq kuchlar Evfemiyni Afrikadagi Ziyodat Alloh oldiga yordam soʻrab qochishga majbur qiladi. Amir esa Sitsiliyani bosib olishga va yillik oʻlpon evaziga Evfemiyni taxtda qoldirishga vaʼda beradi. U Sitsiliyani zabt etishni 70 yoshli qozi Asad ibn al-Furotga topshirdi.

Musulmon qoʻshinlari 10 000 nafar piyoda, 700 otliq va 100 ta kemadan iborat boʻlib, armiya Evfemiy floti va Mazora del Valloga kelganidan keyin qoʻshilgan ritsarlar bilan mustahkamlandi. Vizantiya qoʻshinlariga qarshi birinchi jang 827-yil 15-iyulda Mazora yaqinida boʻlib oʻtdi, natijada Aglobidlar gʻalaba qozondi. Keyinchalik Asad orolning janubiy sohilini bosib oldi va Sirakuzani qamal qildi. Bir yillik qamal va koʻtarilishi mumkin boʻlgan qoʻzgʻolonni bostirganidan soʻng uning armiyasi Justiniano Partichipatsio boshchiligidagi Venetsiya floti tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Palermodan yuborilgan katta qoʻshinni magʻlub etishga muvaffaq boʻldi.

Janubiy italiyada islom dini. Italiyada islom dini.

Italiya 1000-yilda. Sitsiliya amirligi och yashil rangga boʻyalgan / wikipedia.org

Armiyadagi koʻp askarlar va Asadning oʻzini ham halok qilgan vabo yuz berganda qoʻshin Mineo qasriga chekinishga majbur boʻldi. Keyinroq hujum takrorlandi, lekin bu safar arablar Kastrogiovannini (Evfemiy vafot etgan zamonaviy Enna shahri) zabt eta olmadi va Mazoraga qaytib ketdi. 830-yilda ular 30 000 nafar afrikalik va ispan qoʻshinidan iborat qoʻshimcha kuchni qabul qilib oldi. Shu yilning iyul va avgust oylarida ispan musulmonlari Vizantiya qoʻmondoni Teodotni magʻlub etdi, ammo vabo ularni yana Mazoraga, keyin esa Afrikaga qaytishga majbur qildi. Palermoni qamal qilishga yuborilgan afrikalik berber boʻlinmalari uni bir yillik qamaldan keyin 831-yil sentabrda qoʻlga kiritdi. Al-Madina deb nomi oʻzgartirilgan Palermo shahri musulmon Sitsiliyasining poytaxtiga aylandi.



Manbalar: wikipedia.org / egypttoday.com
Muqova surat: midjourney.com