49
Ulashish
761 marta koʻrilgan
VII asr
Islom dini boshlanishi
Islom — VII asr boshlarida Arabistonda paygʻambar Muhammad (s.a.v) tomonidan asos solingan jahon dini. Islom arab tilida “taslim boʻlish”, xususan, Alloh deya atalgan yagona Xudoning irodasiga taslim boʻlish maʼnosini beradi. Islom qatʼiy yakkaxudolik dini boʻlib, uning tarafdorlari musulmonlar deb ataladi. Ular Muhammad paygʻambarni Allohning eng oxirgi hamda eng mukammal elchisi deb biladi. Bu elchilar orasida Odam Ato, Ibrohim, Muso, Iso va boshqalar ham bor. Islomning muqaddas kitobi Qurʼondir, unda Allohning Muhammad (s.a.v) ga yuborgan vahiylari mavjud. Paygʻambarning sunnatlarda zikr qilingan soʻzlari hamda amallari ham islom eʼtiqodi, amaliyotida muhim manba hisoblanadi.
Barcha musulmonlarning diniy farzlari islomning 5 ruknida jamlangan boʻlib, ular Alloh hamda uning paygʻambariga iymon keltirish, namoz, zakot, haj hamda roʻza farzlarini oʻz ichiga oladi. Islomning asosiy gʻoyasi shariat boʻlib, uning qonunlari Alloh tomonidan buyurilgan umumiy hayot tarzidan iborat. Musulmonlar bir kunda 5 mahal namoz oʻqiydi, juma kuni esa masjidda imom boshchiligidagi jamoaviy ibodatga qoʻshiladi.
Har bir iymon keltiruvchi kambagʻallik va jismoniy imkonsizlikdan xoli boʻlsa, muqaddas shahar — Makkaga umri davomida hech boʻlmaganda bir marta haj ziyoratini amalga oshirishi zarur. Ramazon oyi roʻza tutish uchun ajratilgan. Alkogol va choʻchqa goʻshti, qimor oʻyini, sudxoʻrlik, firibgarlik, tuhmat va tirik jon rasmini chizish kabi amallar har doim man etilgan. Musulmonlar ramazon oyi roʻzasining nihoyasi sifatida nishonlanadigan Iyd al-Fitrdan tashqari, paygʻambar Muhammad (s.a.v) tavallud kuni hamda uning osmonga koʻtarilish kunini bayram sifatida nishonlaydi. Iyd-al-Adha, yaʼni Qurbon hayiti Makka ziyorati mavsumini ochib beradi.
XXI asr boshida dunyoda musulmonlarning soni 1,2 milliardga yetgan edi.
Manba: britannica.com Muqova surat: midjourney.com