1
Ulashish
990 marta koʻrilgan
370–415
Gipatiya
Vatikan muzeyiga tashrif buyursangiz, 5×7,7 metr oʻlchamli ulkan freskani tomosha qilishingiz mumkin. Freska “Afina maktabi” deb nomlanadi. Muallif — Rafael Santi. Shoh asarga razm solar ekansiz, uning haybati va goʻzalligi sizni maftun etadi. Qadimgi yunon mutafakkirlariga bagʻishlangan ushbu ulkan freskada Aflotun, Arximed, Aristotel, Suqrot, Yevklid, Pifagor kabi buyuk daholarni tanib olish mumkin. Ushbu benazir allomalar orasida yagona ayol qiyofasini ilgʻash unchalik qiyin emas. Xuddiki, shundayin buyuk shaxslar qatorida tasvirlangani uchun xiyol uyalish bilan biroz egilib turgan, sochlari qoʻngʻir rangli ayol — iskandariyalik Gipatiya boʻladi.
Tarixchilarda Gipatiya shaxsiyatiga haqiqiy, xolis chizgi beradigan kam sonli maʼlumotlar mavjud xolos. Astronomlar esa unga alohida hurmat bajo keltirgan. Uning sharafiga Oydagi krater hamda Mars va Yupiter oraligʻidagi asteroidlardan biri “Gipatiya” deb nomlangan. Lekin Gipatiyani eng yuksak sharaflagan narsa bu — Rafaelning yuqorida tilga olingan asari. Undan bahra olish uchun yulduzlar xaritasi kerak emas. Gipatiyaning hayot yoʻlini kuzatar ekanmiz, olimlarning hayoti ular vafotidan keyin ham kitob, ensiklopediya hamda kinoekranlarda davom etishiga amin boʻlamiz. Tan olish kerakki, bugungi kunda qahramonga mashhurlik keltirish borasida kitobdan koʻra kino yaxshiroq boʻlib qoldi.
Gipatiya zodagonlar oilasida tavallud topgan. Uning otasi Teon (taxminan eramizning 335–405-yillarida yashagan) Iskandariya muzeyi boshqaruvchisi boʻlib, shuningdek, unga Sarapeum kutubxonasi ham qarashli edi. Sarapeum kutubxonasi afsonaviy Iskandariya kutubxonasining “merosxoʻri” boʻlib, ellinistik davrning javohiri sanalar edi. Iskandariya kutubxonasining oʻzi bir necha asr ilgari vayron qilingan boʻlib, undagi koʻplab nodir qoʻlyozma asarlar yoʻq boʻlib ketgan edi. Bu esa oʻsha davr ilmiy va texnikaviy taraqqiyotini ancha orqaga surib yuborgan. 391-yilda esa mutaassib (dinga qattiq berilgan) nasroniy ruhoniylardan biri — Feofil Sarapeum kutubxonasini ham yoqishga buyruq bergan. Gipatiyaning otasi Teon ham oʻsha zamonning yetuk matematiklaridan boʻlgan. U astronomiyaga oid bir necha masalalar yuzasidan yangi matematik uslublar ishlab chiqqan. Gipatiya otasining matematikaga oid ishlarida ishtirok etish orqali ushbu ajoyib fanga kirib kelgan. U oʻzidagi ajoyib nodir isteʼdodi bilan Teonning baʼzi hisob-kitoblarini takomillashtirgan, baʼzilariga esa tuzatish kiritgan. Shuningdek, u otasining ilmiy ishiga kotibalik ham qilgan.
Teon Ptolemeyning mashhur “Almagest” asariga sharh yozgan boʻlib, uning ushbu sharhini aynan Gipatiya qogʻozga tushirgan. Gipatiya xattotligida tugallangan Teon sharhlari “Magiste” (qadimgi yunonchadan “Olamshumul” maʼnosida) deb nomlangan va zamondosh olimlar orasida anchayin mashhur asar hisoblangan. Vaqt oʻtishi bilan Gipatiyaning matematik salohiyati otasining darajasidan ancha ortib ketdi. Buni hatto Teon ham mamnuniyat bilan tan olgan. Gipatiya erkak olimlar ichida ham oʻzini mutlaqo erkin tutadigan, ilmiy munozaraga dadil kirishadigan, jurʼati baland ayol boʻlgani haqida oʻsha zamon olimlarining ayrim qaydlaridan oʻqish mumkin. U aynan qanday koʻrinishdagi ayol boʻlganini hozirda hech kim bilmaydi. Lekin zamondoshlari Gipatiyani nihoyatda chiroyli va xushxulq ayol sifatida tasvirlagan. Jumladan, u juda yaxshi notiq boʻlgan va oʻquvchilarga taʼlim berish bilan ham shugʻullangan. Sarapeum kutubxonasi vayron qilingach, u faqatgina oʻz uyida taʼlim berishni boshlagan. Tez orada Gipatiyaning yuksak ilmiy salohiyati haqidagi xabarlar butun mamlakat boʻylab ovoza boʻldi, undan ilm olishni istagan yuzlab talabalar Iskandariyaga oqib kela boshladi. U oʻz davrida dunyoning eng yetakchi matematigi sanalgan.
Gipatiya neoplatonizm falsafasining vakilasi hamda eʼtiqodiga koʻra majusiy (otashparastlik diniga mansub kishi) boʻlgan. Oʻsha paytda Iskandariya asosan nasroniylar istiqomat qiladigan shahar hisoblangan. Shu sababli Gipatiyaning dini nasroniylik dini peshvolariga yoqmas edi. Garchi olim yoki olima boʻlish uchun kishining qaysi dinga eʼtiqod qilishi ahamiyat kasb etmasa-da, lekin Gipatiya uchun bu jihat fojiaga aylandi. Voqealar rivojiga qisqacha nazar tashlasak, Gipatiya fojiasi quyidagicha yuzaga kelganini koʻramiz: Rimdan Iskandariyaga noib qilib tayinlangan Orest ismli amaldor va shahar ruhoniysi — patriarx Kirill oʻzaro janjallashib qoladi. Orest nasroniylik dinini endigina qabul qilgan boʻlib, u ham avvallari majusiy edi. Boz ustiga, Gipatiya Orestga oʻqituvchilik ham qilgan boʻlib, ular oʻzaro juda yaxshi ustoz-murabbiy va qalin doʻst boʻlgan. Gipatiya shahar noibi bilan tez-tez koʻrishib turgan va unga boshqaruv hamda siyosat borasida maslahatlar berib borgan. Bu esa mahalliy nasroniylarga, aniqrogʻi ularning peshvolariga, jumladan, patriarx Kirillga yoqmas edi. Oddiy omma orasida ham Gipatiyaning obroʻsi baland boʻlgan. Unga oddiy xalq vakillari kelajakni ayta oladigan munajjim sifatida hurmat bilan yondashgan. U zamonlarda astronomlar asosan ommaga munajjimlik bashoratini aytish orqali pul topgan. Odamlarning aksariyati ham ularga chippa-chin ishonar edi.
Gipatiya amalda munajjimlik bashorati tuzish bilan shugʻullanmagan boʻlsa-da, uning matematik hisob-kitobi koʻplab zamondosh munajjimlar uchun asosiy dasturulamal sanalgan. Bu paytga kelib, nasroniylik dini ancha oyoqqa turib olgan edi. Bir zamonlar oʻzi taʼqib ostida boʻlib, qochib-berkinib yurgan nasroniylar endi kuch toʻplab, boshqa din vakillarini taʼqib qilishga oʻtgan edi. Kirill Iskandariyadan yahudiylarni butunlay haydab chiqarishga qaror qildi. Lekin noib Orestga bu fikr maʼqul kelmadi. Chunki oʻsha paytda shahar aholisining chorak qismini aynan yahudiylar tashkil etar edi. Orest eʼtiqoddagi tafovut sabab aholining katta qismidan voz kechishni aqlsizlik deb baholadi. Kirill diniy mutaassiblikka berildi va qaroriga qoʻshilmagan noibdan qanday boʻlmasin qutulish payiga tushib qoldi. U Orestga suiqasd uyushtirdi. Lekin baxtli tasodif tufayli noib tirik qoladi. Gʻazabga mingan Kirill endi yangi oʻlja qidira boshladi va Orestning eng yaqin maslahatchisi va ustozi — Gipatiyani oʻldirish orqali oʻch olishni rejalashtirdi. Avvaliga u nasroniy omma orasida Gipatiya “yovuz sehrgar, yulduzlarga qarab fol ochadigan, ayollarga xos fikrlamaydigan, eng asosiysi — majusiy” ekani haqida allambalo mish-mish gaplar tarqatdi. U shaharning nasroniy aholisi ongida Gipatiyaning nasroniylarni dushmani ekani haqida umumiy fikr paydo qilmoqchi edi. Afsuski, gʻarazgoʻy rohib Kirill bu maqsadiga yetdi. Kirillning davomli ayblov va chaqirigʻi taʼsirida asosan noshud va oʻz fikriga ega boʻlmagan, mutaassib, aqidaparast nasroniylar Gipatiyaga din dushmani sifatida qaray boshladi. Shunday kimsalardan bir toʻdasi toʻplanib, uni oʻldirishni maqsad qildi va olimaning yoʻlini poylay boshladi.
415-yil sodir boʻlgan oʻsha dahshatli qotillik voqeasiga qandaydir Petr ismli cherkov voizi boshchilik qilgan degan maʼlumotlar bor. Toʻda Gipatiyani uyga qaytib kelayotgan vaqtda koʻchada tutib oldi. Ular olimani Sezarion deb nomlanuvchi cherkovga sudrab borib, qiynab oʻldirdi. Qotillar toʻdasi olimaning jonsiz tanasini ham tinch qoʻymadi. Ular murdani burdalab toʻrtga boʻldi. Keyin esa tana qismlarini Kenarion degan yerga olib borib, gulxanda yoqib yubordi. Ushbu ayanchli voqea 415-yilning mart oyida, nasroniylar roʻzasini tutayotgan vaqtda sodir boʻlganini Suqrot Sxolastik (380–439-yillar) ismli nasroniylik dini tarixchisi yozib qoldirgan. Patriarx Kirillning mazkur iflos qilmishi haqida nasroniy tarixchisining oʻzi hikoya qilib turgan boʻlsa-da, lekin zamonamizning nasroniylik dini peshvolari zoʻr berib Kirillni oqlashga intildi. Kirillni oqlash uchun aytilgan eng “joʻyali” gap shuki, Kirill Gipatiyaning oʻlimiga aloqador emas ekan. Nima ham derdik, tarixni tan olmaslik yoki uni oʻz manfaatiga moslab, qayta yozishga urinish cherkov vakillari uchun yangilik emas.
Vafot etgan paytida Gipatiya 60 yosh atrofida boʻlgan deyiladi. Shunday yorqin hayot yoʻlini yashab oʻtgan olima nomini tarix zarvaraqlariga muhrlagan narsa, shubhasiz, uning yuksak ilmiy salohiyati va oʻzidan qoldirgan qimmatli ilmiy asarlaridir. Gipatiyaning tafakkuri qanchalik keng va ilmiy salohiyati qandayin chuqur boʻlganini, undan iqtibos sifatida keltiriladigan ushbu fikrdan ham bilish mumkin: “Muhimi fikr yuritish huquqingizni saqlab qoling. Fikrlash qobiliyatini qotirib qoʻyishdek gunohga qoʻl urgandan koʻra, xato qilishdan qoʻrqmay, tavakkal qilgan afzal!”. Yana bir ajoyib iqtibos: “Bidʼatni odamlar ongiga chin haqiqat niqobi ostida singdirishdan ham jirkanch narsa yoʻq!”.
Gipatiya ilk oʻrta asrlardan boshlab feminizm va tolerantlik ramziga aylandi.U haqida kitob, roman, fotosurat toʻplami, pyesalar yozilgan. Olima sharafiga kapalak turlaridan biri Hypatia deb nomlangan. 2009-yilda Ispaniyalik kinorejissyor — Aleksandro Amenabar tomonidan Gipatiya hayotiga bagʻishlangan “Agora” nomli kinofilm ishlangan. Bu film ssenariysida aniq dalillarga asoslanmagan ayrim badiiy toʻqima ham keng qoʻllangan boʻlsa-da, har holda film hatto Vatikanda ham namoyish qilindi va zamonaviy nasroniylik dini peshvolarining tanqidiga uchramadi. Filmda koʻrsatilgan baʼzi jihatlar, masalan, Gipatiya qadimgi yunon olimi Aristarxning sayyoralar harakati haqidagi gʻoyalari bilan qiziqqani va ular asosida astronomiyaga oid muayyan fikrlarni bayon qilgani kabi ayrim ilmiy faktlar keltirilgani tahsinga loyiqdir.
Taxminan eramizdan avvalgi 310–230-yillarda yashagan Samoslik Aristarx tarixda birinchilardan boʻlib geosentrizm, yaʼni olamning markazida Yer emas, balki Quyosh turadi, boshqa sayyoralar, shu jumladan, Yer ham Quyosh atrofida aylanadi, degan gʻoyani ilgari surgan edi. Gipatiya ham Aristarx tarafdori boʻlgan va u tarixda birinchilardan boʻlib, osmon jismlarining harakat trayektoriyasi aslida konus kesimlari bilan ifodalanishi haqidagi fikrni bayon etgan. Gipatiyaning barcha tarixiy manbalarda qayd etib oʻtilgan asarlari oʻzidan avval yozilgan biron-bir boshqa asarga sharh tarzida bitilgan. Xususan, Gipatiya Ptolomeyning “Almagest”, Apolloniyning “Konus kesimlari” hamda Diofantning “Arifmetika” asarlariga sharhlar yozgan. Shuningdek, Gipatiyaning oʻzi yozgan deb qaraladigan “Astronomiya qonunlari” asari ham mavjud boʻlib, unda osmon jismlarining harakat jadvali keltirilgan. Bundan tashqari, Gipatiya otasi Teon bilan birgalikda Yevklidning “Asoslar” asariga ham qoʻshimchalar kiritgan.
Islom uygʻonish asrida musulmon allomalari tomonidan arab tiliga oʻgirilgan Yevklidning ushbu fundamental asari XII asrda arab tilidan qayta lotin tiliga tarjima qilingan. Biz hozir kutubxonalardan topib oʻqishimiz mumkin boʻlgan Yevklidning oʻsha “Asoslar” kitobi aynan Gipatiyaning sharhi ostida bitilgan talqinidir. Chunki “Asoslar” ning asl qoʻlyozmasi yoʻq boʻlib ketgan. Musulmon allomalari orqali saqlab qolingan va keyinchalik Yevropa tillariga qayta tarjima qilingan talqini esa Gipatiya Iskandariya kutubxonasidan olib, sharh yozib qoldirgan asardir. Jumladan, Gipatiya shunchaki nazariyotchi olima boʻlib qolmasdan, balki oʻziga xos muhandislik qobiliyatiga ega boʻlgan. U qadimgi munajjimlarning eng asosiy ish quroli — usturlobni takomillashtirish boʻyicha ham diqqatga sazovor amaliy ishlarni bajargani maʼlum. Uning suyuqlik zichligini oʻlchashga moʻljallangan asbob — areometr yasagani haqida ham faktlar mavjud.
Muqova suratlar: dzen.ru / dzen.ru