8
Ulashish
848 marta koʻrilgan
m. a. 570-500
Pifagor Samosskiy
Pifagor Qadimgi Yunonistondagi Miyesar ismli badavlat fuqaroning oʻgʻli boʻlib, uzoq mamlakatlarga sayohat qilishni orzu qilgan. U oʻzi tugʻilib oʻsgan Samos oroliga kelib toʻxtagan kema kapitani va sayohatchilarning dengiz va uzoq mamlakatlar haqidagi hikoyalarini doim sehrlanib tinglagan. Pifagor ulgʻaygach, vatanini tark etib, uzoq sayohatini boshlaydi. Dastlab Misrga tashrif buyuradi, maʼlumotlarga qaraganda, 22 yil davomida bu yurtni ipidan ignasigacha oʻrganib chiqadi. Keyin u Fors podshosi Kambis (mil. avv. 529–522-yillar)ga asir tushib qoladi va shoh uni Bobilga olib ketadi. Aynan buyuk madaniyat oʻchogʻi – Bobil shahrida Pifagor mutafakkir va faylasuf sifatida taniladi. Shaharning ulugʻvorligi Pifagorni hayratda qoldiradi.
Yevfrat daryosining ikkala tomonida qad koʻtargan baland mudofaa devorlari, ibodatxona va ulugʻvor binolar, geometrik jihatdan toʻgʻri, keng va tekis koʻchalar diqqat-eʼtiborini tortadi. U Bobil anʼanalari va urf-odatlari bilan qiziqib, xaldey xalqi donishmandlarining tilini oʻrgana boshlaydi. Xaldey matematiklari uni raqamlar nazariyasi bilan tanishtiradi. Pifagor yoritkichlar joylashuvining matematik qonuniyatlarini oʻrganadi. Maʼlumotlarga qaraganda, Pifagor bu paytda Hindistonga ham tashrif buyurib, hind matematiklarining yutuqlari bilan tanishib chiqqan. U 40 yoshda vataniga qaytishga qaror qiladi, bu paytda Samos orolida shafqatsiz zolim Polikrat hukmronlik qilayotgan edi.
Faylasuf zulm ostida yashashni istamaydi va Italiyaning janubida, Kroton yunon koloniyasida muxlislari orasida hayot kechirishni joiz bilib, oʻsha yerga ketadi. U yerda oʻqituvchi, voiz va paygʻambar, oliy mavjudot sifatida faoliyat yuritadi. Hatto miloddan avvalgi 530-yilda Krotonda pifagorlar ittifoqi, Pifagor maktabi ham yaratiladi. Bu maxsus maktab saralangan aristokratlar uchun boʻlib, qatʼiy tartib-intizom, oʻziga xos falsafiy, siyosiy va diniy birodarlikka asoslangan edi. Pifagorchilar oʻz ustozini faqat koʻkka koʻtarib gapirardi, shu asnoda uning yarimxudo ekani borasida koʻplab afsonalar paydo boʻla boshlaydi. Unga koʻra, Pifagorning soni oltindan boʻlib, bir vaqtning oʻzida turli joylarda boʻla oladi, unda kasallarni davolash boʻyicha hech qanday muammo yoʻq, yovvoyi hayvonlar unga boʻysunadi, ular Pifagorga oʻzini silashga ruxsat beradi.
Pifagor falsafasining tamal toshi raqamlar haqidagi mistik taʼlimotga asoslangan boʻlib, unga koʻra, raqamlar dunyoni boshqaradi, narsalarning asosida raqamlar yotadi, raqamlar dunyoning asosidir, degan gʻoya ilgari suriladi. Pifagorchilar kvadrat va uchburchak, oddiy va mukammal, juft-juft, toq-toq, beshburchak, kub va piramidli kabi ekzotik raqamlarni ishlab chiqadi. Raqamlar pifagorchilar qadrlagan uygʻunlik uchun xizmat qilgani sababidan ham ularga sigʻinilgan. Ularning fikricha, aynan raqamlar yordamida inson bilimining turli sohalari, geometriya, sonlar nazariyasi va astronomiya, geometriya, arifmetika oʻrtasida koʻprik qurish mumkin boʻlib, raqamlarsiz bu uygʻunlikka erishib boʻlmas edi. Besh qirrali yulduz – pentagramma Pifagor maktabining ramzi boʻlib, pifagorchilar sirkul va chizgʻich yordamida beshburchak yasay olar edi.
Ular “Hamma narsa raqamdan iborat” deyish barobarida geometriyada raqamlar xususiyatlarini oʻrganishda, ayniqsa, raqamli nisbatlarga qattiq qiziqardi. Toʻgʻri burchakli uchburchakka alohida eʼtibor bildirib, “Gipotenuzaning kvadrati katetlar kvadratlari yigʻindisiga teng” nisbati Pifagor teoremasi deb atay boshlandi. Hikoya qilishlaricha, Pifagor bu mashhur teorema isbotlangani uchun xudolarga minnatdorchilik sifatida 100 ta buqani qurbon qilgan ekan. Bundan tashqari, geometriyaga isbotlarni tizimli ravishda kiritish, toʻgʻri chiziqli shakllarning planimetriyasini qurish va oʻxshashlik haqidagi taʼlimotni yaratishda Pifagorning xizmatlari alohida taʼkidlanadi. Uning nomi juft va toq sonlar, arifmetik, geometrik nisbatlar haqidagi taʼlimotning rivojlanishi bilan ham bogʻlanadi.
Pifagor ittifoqi Kroton shahrini boshqaruvchi zodagonlardan iborat boʻlgani uchun hech qanaqasiga koʻpchilik yunon koloniyalarining demokratik intilishlariga mos kelmasdi. Shuning uchun maʼlum bir vaqtdan keyin xalqning gʻazabi qoʻzgʻalib, shaharda demokratik muxolifat paydo boʻla boshlaydi. Fuqarolar noroziligi kuchayib, Pifagor oʻz shogirdlari bilan Krotondan avval Tarent (Taranto – Italiya shahri)ga, keyin esa Metapont (qadimgi yunon koloniyasi)ga qochib ketadi. Metapontga yetib kelishganda ham ularni xalq gʻalayon bilan kutib oladi. Tinimsiz toʻqnashuvlardan iborat kechalardan birida keksa Pifagor 80 yoshida fojiali ravishda halok boʻladi. Mushtlashish texnikasini yaxshi bilishi, hatto yoshligida mushtlashish boʻyicha birinchi olimpiya chempioni boʻlgani ham uni qutqara olmaydi. Uning Pifagor ittifoqi maktabi parchalanib, oʻz faoliyatini toʻxtatadi, oʻquvchilarining esa axloq, taqiq va oʻzini cheklash prinsiplari tarixda qolib ketadi. Gerodot Pifagorni “buyuk sofist”, yaʼni buyuk donishmand deb atagan. Oʻz zamondoshlari uchun Pifagor eng yuksak hikmatni oʻzida mujassam etgan “ilohiy paygʻambar” edi. Biz uchun esa u buyuk matematikdir.
Muqova suratlar: wikipedia.org / spacegid.com