12
Ulashish
891 marta koʻrilgan
m. a. 287–212
Arximed
Arximed eramizdan avvalgi 287-yilda Yunonistonning Sirakuza shahrida tugʻilgan va butun hayotini mazkur shaharda yashab oʻtgan. Uning otasi Fidiy ismli munajjim boʻlib, shahar hokimi Gieron huzuridagi koʻzga koʻringan arboblardan biri boʻlgan. Arximed ham koʻplab zamondoshlari singari Misrdagi ptolemeylar sulolasi tomonidan asos solingan ilgʻor ilm-fan, yetuk mutafakkirlar va eng katta kutubxona maskani — Iskandariyada taʼlim oldi.
Arximed Iskandariyadagi taʼlimni yakunlaganidan soʻng Sirakuzaga qaytdi. Oʻz otasining xizmat vazifasini davomchisi sifatida faoliyat yuritdi. Nazariy fan sohasida ushbu buyuk olimning mehnati tahsinga loyiq boʻlgan. Arximedning asosiy ilmiy ishlari matematika, geometriya, gidrostatika, mexanika hamda fizika sohalaridagi muammolarining amaliy yechimlari tadbiqi boʻlgan. “Parabola kvadraturasi” asarida Arximed parabolaik segmentning maydonini hisoblash usulini batafsil bayon etdi. Shuni taʼkidlash kerakki, Arximed integral hisoblashlar kashf etilishidan 2 000 yil avval ushbu yechimni topgan. Aylana oʻlchamlari haqida” asarida esa Arximed “π” soni qiymatini aniqladi va uning har qanday aylana uchun oʻzgarmas qiymat ekanini isbotladi. Biz hozirgacha butun sonlarni Arximed oʻylab topgan usul bilan hisoblaymiz.
Arximedning olamni anglashga boʻlgan yondashuvi va buning uchun qoʻllagan matematik usullari Pifagor va Evklidning taʼlimoti bilan bogʻliq. U pifagorchilar, Evklid va ulardan tashqari oʻziga zamondosh olimlarning ham kashfiyotlarini oʻrganib, atrofimizni oʻrab turgan olam, jismlarning nazariy shakllari, zamon va makon tushunchalari hamda moddiy dunyodagi amal qilayotgan qonuniyatlarni anglash va ularga taʼsir qilmoqchi boʻlsa, nimalarni bilish kerakligini jiddiy mushohada orqali tafakkur qildi. U buyumlarning Evklid tadqiq qilgan geometrik xususiyatlari, pifagorchilarning sonlar nazariyasi taʼlimotlarini yaxshi oʻzlashtirdi. Lekin ulardan farqli ravishda, Arximed jismlarning faqat oʻlcham va shakligagina ega boʻlib qolmay, balki ular maʼlum kuch taʼsiri tufayli harakatlanishi yoki harakatdan toʻxtab muvozanatlanishi mumkin ekanini ilmiy asoslashga harakat qilgan. Buni u matematikaning yangi yoʻnalishi sifatida “Geometrik shaklga ega boʻlgan moddiy jismlar ayni holatda oʻz vaznini ham saqlashi” tarzida ifodalagan. Mohiyatan buni “ratsional geometriya” — mexanika, statika va gidrostatikaning boshlanishi deb hisoblash mumkin. Aytishlaricha, kunlardan bir kun Arximedga Sirakuza hukmdori murojaat qilibdi. U olimga oʻzining tojidagi oltin miqdorini uni yasash uchun zargarga berilgan oltin vazniga mos kelishi yoki kelmasligini aniqlashni buyuribdi. Hukmdor topshirigʻini bajarish uchun Arximed tinmay izlanib, turli hisob-kitoblarni olib bordi. U bir kuni hammomdaligida suvda yotgan holda bir oyogʻini koʻtardi va oyogʻining suvda yengilroq boʻlib qolganini sezib, hammomdan chiqa turib, “Evrika! Topdim!” deb xitob bilan hayqirdi.
Demak, jismlar suvda yengil boʻlib qolar ekan, har bir jism, uning tayyorlangan moddasiga qarab suvda har xil choʻkadi, oltin va kumushning suvda choʻkishi ham turlicha boʻlishi kerak. Bu gʻoyani amalda sinash uchun Arximed 2 ta quyma tayyorladi: biri kumushdan, ikkinchisi oltindan va ularning har ikkisi ham toj bilan bir xil vaznda. Arximed qonuni ilk marotaba amalda qoʻllanishi haqidagi ushbu mashhur hikoya qadimgi Rimlik Vitruviyning “Meʼmorchilik haqida” nomli asarida quyidagicha keltirildi: “…oʻz mulohazalaridan kelib chiqib, u ikkita quyma tayyorladi: biri oltindan, ikkinchisi kumushdan. Keyin u idishni chetlarigacha (toʻla) qilib, suv bilan toʻldirdi va unga kumush quymani tashladi. Kumush quyma hajmiga teng hajmdagi suv idishdan toshib chiqib ketdi. Quymani chiqarib olib, idishga undagi kamaygan suv miqdorini toʻldirishga yetarlicha boʻladigan hajmda suv quydi va quyayotgan suvi miqdorini sekstariy bilan oʻlchab, qayd qilib oldi. Idish yana eng chetlarigacha limmo-lim suv bilan toʻldi. Bu orqali u maʼlum hajmdagi suvga qanday vazndagi kumush toʻgʻri kelishini aniqlab oldi. Xuddi shu usul bilan u oltinni ham tegishli vazn va unga mos suv hajmi qiymatini aniqladi. U oltin quymasini suvdan olgandan soʻng idishni qayta toʻldirish uchun sarflangan suv miqdori kumush quyma bilan boʻlgandagidan kamroq ekanini aniqladi va bu orqali teng vazndagi oltin va kumushning hajmlari orasidagi farqni topdi. Keyin esa u idishni yana suv bilan toʻldirib, unga tojni tashladi. Shuni aniqladiki, toj oʻz vazniga teng boʻlgan vazndagi oltin quymasiga nisbatan koʻproq hajmdagi suvni siqib chiqardi. Shu tarzda u zargarning toj tayyorlanishida ishlatgan hiylasini va toj tarkibidagi kumush aralashmasi miqdorini aniqladi”.
Arximed oʻzining gidrostatika borasidagi izlanishlarini “Jismlarning suzishi” asarida bayon qildi. “Tasavvur qilaylik, agar suyuqlik biror idishga zichlanmagan va boshqa bir narsa bilan siqilmagan boʻlsa, undagi bir sathda joylashgan va bir-biriga jipsroq joylashgan zarrachalarning nisbatan kam siqilgani, oʻziga nisbatan tik joylashgan, nisbatan koʻproq siqilgani tomonidan itariladi”, — deydi Arximed. Arximed ushbu farazga asoslanib,quyidagi hodisani matematik jihatdan isbotlab berdi. Suyuqlik bilan teng vaznga ega boʻlgan jism unga tushirilganida (botirilganida), u suyuqlikka shunday botadiki, uning biror qismi suyuqlik ustiga chiqib qolmaydi va pastga harakatlanmaydi. Agar suyuqlikdan koʻra yengilroq jism unga botirilsa, jism toʻliq botmay (choʻkmay) qoladi va uning bir qismi suyuqlik yuzasida qoladi. Suyuqlikka undan koʻra ogʻirroq jism tashlansa, u ushbu suyuqlik tubiga yetgunicha choʻkadi va suyuqlik ichida oʻz hajmiga teng hajmdagi suyuqlik ogʻirligi miqdoricha yengillashadi.
Arximed mexanika bilan ham oʻta sinchkovlik va tirishqoqlik bilan shugʻullangan. U oʻz davridagi mashhur boʻlgan “Besh mexanizm” dan iborat va “Oddiy mexanizmlar” nazariyotini oʻylab topdi va uni ilmiy doiralarga eʼlon qildi. Arximedning besh mexanizmi quyidagilar: richag, pona, blok, oxiri yoʻq vint (Arximed vinti) hamda chigʻiriq. Arximed mazkur mexanizmlardan turli xil muhandislik yechimlarida mohirona foydalandi. Xususan, binolar qurilishida richag va chigʻiriq yordamida ogʻir va katta toshlarni yuqoriga chiqarish kabi kashfiyotlar yoki Arximed vintidan botqoqlikni quritish uchun foydalanishni misol qilib keltirish mumkin. Arximed vinti haqida soʻz borganda shuni aytib oʻtish joizki, uni Arximedning aynan oʻzi kashf etmagani, balki Arximed misrliklar foydalanadigan, shunga oʻxshash mexanizmni takomillashtirgan boʻlishi ehtimoli katta. Arximedning mexanika borasidagi yutuqlari mamlakat mudofaa ishlarida ham katta yordam berdi. Olimning mexanika sohasida qay darajada katta ishtiyoq bilan shugʻullanganini siz-u bizga mashhur ibora — “Tayanch nuqtasini topib bersangiz yerni koʻtaraman!” degani ham isbotlab turibdi.
Uning ixtiro qilgan mexanizmlari insoniyat kundalik xoʻjalik faoliyatida uzoq asrlar davomida xizmat qilib keldi. Biz uchun oddiy narsaga aylangan bolt — vint va gayka ham aynan Arximed vintining keyingi modernizatsiyalaridan kelib chiqqan tarixiy “innovatsiya” boʻlgan. Arximed vinti esa bugungi XXI asrda ham barchamiz oʻz xonadonimizdan topishimiz mumkin boʻlgan goʻsht qiymalagichdir” Ammo Arximedning bu kabi ixtirolari oʻz zamonasidagilar tomonidan doim ham munosib baholanmagan, aytish mumkinki, bu kashfiyotlarning qadr-qimmatini hamma ham anglay olmagan. Bunga sabab esa, albatta, oddiy fuqaroning olim darajasida fikrlay olmasligi edi. Oʻziga nisbatan shubha va eʼtirozlarni butunlay kasod qilgan va yuksak ilmiy salohiyatiga barchani lol qoldirgan ishini Arximed sayozlikka oʻtirib qolgan eshkakli, ogʻir va katta gabaritli kemani ortilgan yuki va ekipaji bilan birgalikda, yaxlit holatda yana suvga qaytarib tushirganida uddaladi.
Tarixiy manbalarda bu hodisa “…toʻplangan, bekorchi avomning hayratiga sabab boʻldi” deb qayd etildi. Arximed muhandislik yechimlarining yanada katta nafi eramizdan avvalgi 212-yilda, ikkinchi Puni urushi vaqtida Sirakuzaga hujum qilgan rimliklar hamlasini bartaraf etish ishlarida katta yordam berdi. Arximed loyihalagan harbiy texnikalar yordamida Sirakuza shahar mudofaasi uch yilgacha Rim qoʻshiniga hech qanday imkoniyat bermadi. Bunday loyihalardan birida, koʻzgularning fokusida yorugʻlik nurlarini toʻplash va uni Rim harbiy kemalariga yoʻnaltirish orqali rimliklarning yogʻochdan yasalgan kemalarini yoqib yuborish edi. Bu loyiha muvaffaqiyat qozonib, keyinchalik undan misrliklar ham foydalandi. Arximedning ushbu yuksak xizmatlari haqida Plutarx, Polibiy va Tit Liviylarning eslatmalari mavjud. Albatta, bu usulning amaliy ahamiyati qadimgi yunonlar orasida “π” sonining hayotdagi qiymatidan koʻra koʻproq baholangani ham tayin.
Arximed oʻz ona shahri — Sirakuza mudofaasi chogʻida vafot etdi. Rimlik askar uni bir ilmiy muammo boʻyicha chuqur tafakkur qilib, yechim qidirayotgan vaqtida oʻldirdi. Rimliklar uch yillik urinishdan soʻng baribir Sirakuzani bosib oldi. Ammo ular Arximedning ilmiy ishlarini oʻzlashtirish yoki oʻrganishga hech qanday harakat qilmagan. Bunga sabab ular Arximed asarlarini topa olmagan yoki ular ham bu yuksak ilmiy manbalarni qiymatini tasavvur qilmagan boʻlsa kerak. Shuningdek, sirakuzaliklar Arximedning qoʻlyozmalarini dushmandan qattiq yashirgan boʻlishi ham ehtimoldan xoli emas. Har holda ularda shahar uchun strategik ahamiyatga ega harbiy texnikalarning tayyorlanish usullari yozilgan edi. Arximed asarlari ancha asrlardan keyingina yevropalik olimlar tomonidan topib olingan. Shu tufayli ham qadimgi zamon xabarchilaridan biri Plutarx, Arximeddek buyuk olimning hech qanday asar qoldirmaganini taajub va achinish bilan qayd etgan.
Plutarxning yozishicha, Arximed vafot etgan paytda juda qarib qolgan boʻlib, uning qabriga shar va silindr tasviri tushirilgan yodgorlik oʻrnatilgan ekan. Uni Arximed vafotidan 137 yil keyin Sitsiliyaga tashrif buyurgan voiz va notiq Sitseron koʻrganini yozib qoldirgan. Bunday oʻziga xos yodgorlik oʻrnatish bilan Arximedning sodiq shogirdlari buyuk ustoz xotirasiga ehtirom belgisi sifatida uning eng ajoyib kashfiyotlaridan biri — shar va silindr hajmlari orasidagi munosabatni ochib berganining ifodasini namoyish qilgan ekan. Boshqa bir maʼlumotda esa bunday yodgorlik oʻrnatishni Arximedning oʻzi vasiyat qilgan, degan fikr ham mavjud. Faqat XVI–XVII asrlarga kelibgina, Yevropa matematiklari Arximedning ulardan 2 000 yil ilgari qanday darajadagi katta ishni qilib ketganini anglay boshladi. Arximed koʻplab shogirdlar yetishtirdi. Ular ham buyuk ustozi singari ilmiy kashfiyotlar, amaliy muhandislik yechimlarini yaratish ishtiyoqida mehnat qildi. Shunday shogirdlaridan biri iskandariyalik Ksetbiy ismli olim boʻlib, uning buyuk ustozi ishini davomi sifatidagi eng katta yutuqlaridan biri tishli gʻildirak boʻlgan.
Muqova suratlar: rayhaber.com / 24smi.org