Orqaga

572 marta koʻrilgan

XVII asr

Fransuz koloniyalari

XVI asrda fransuzlarning Shimoliy va Janubiy Amerikani mustamlaka qilish jarayoni boshlangan. XVI asr boshida Jovanni da Verrazzano va Jaka Kartye ekskursiyalari, shuningdek, fransuz qayiqlari va baliqchilarning oʻsha asr davomida Nyufaundlend yaqinidagi Grand-Benksga tez-tez sayohat qilishi Fransiyaning mustamlakalari kengayishiga sabab boʻlgan. Ammo Ispaniyaning oʻz “Amerika monopoliyasi” ni himoya qilishi va XVI asr oxiridagi diniy urushlar Fransiyaning mustamlakalarni egallashga boʻlgan doimiy urinishiga toʻsqinlik qilgan.

Fransiyaning Braziliyada, yaʼni 1555-yili Rio-de-Janeyro (Fransiya Antarktidasi deb ham ataladi) da, Floridada (1562-yili Fort Karolin bilan birga) va 1612-yilda San-Luis (Fransiya Ekvinoksiyasi) da koloniyalar yaratishga boʻlgan dastlabki urinishi rasmiy qiziqishning yoʻqligi hamda portugal va ispanlarning hushyorligi sababli muvaffaqiyatsiz tugagan. Fransiya mustamlaka imperiyasi tarixi 1605-yil 27-iyulda Shimoliy Amerikadagi Akadia koloniyasida (hozirgi Yangi Shotlandiya, Kanada) Port Royalga asos solinishi bilan boshlangan.

Avliyo Ioanni qamal qilish (Akadia, 1645-yil) / wikipedia.org

Bir necha yil oʻtgach, 1608-yilda Samuel de Shamplen Kvebek provinsiyasiga asos solgan. Kvebek Yangi Fransiyaning (shuningdek, Kanada deb ham atalgan) ulkan, ammo tarqoq ravishda joylashgan moʻyna savdo koloniyasining poytaxti boʻlishi kerak edi. Yangi Fransiyaning aholisi kam boʻlib, bunga qishloq xoʻjaligi aholi punktlariga emas, balki moʻyna savdosiga koʻproq eʼtibor qaratilishi sabab boʻlgan. Shu tufayli fransuzlar mahalliy aholi bilan doʻstona aloqalarni oʻrnatishga qattiq ishongan.

Yangi Angliyaning yer uchun “ishtahasizligi” va savdo nuqtalarida moʻyna bilan taʼminlash uchun faqat aborigenlarga tayanishi orqali fransuzlar murakkab harbiy, tijoriy va diplomatik aloqalarni yaratgan. Ular fransuzlar va dastlabki tub aholi oʻrtasidagi eng mustahkam ittifoqqa aylangan. Biroq fransuzlar ularni katoliklikka aylantirishga yoʻnaltirilgan diniy buyruq bosimi ostida edi. Fransuzlar turli indeys qabilalari bilan ittifoq tuzish orqali Shimoliy Amerika qitʼasining koʻp qismini erkin nazorat qilishga muvaffaq boʻlgan. Odatda Fransuzlarning yashash joylari Stoun-Lourens daryosi vodiysi bilan chegaralangan.

1663-yil Suveren Kengash tashkil etilgunga qadar Yangi Fransiyaning hududlari savdo koloniyalari sifatida rivojlangan. 1665-yilda intendant (maʼmuriy mansabdor shaxs) — Jan Talon kelganidan keyin Fransiya oʻzining Amerika koloniyalariga inglizlarniki kabi aholi punktlarini rivojlantiruvchi kerakli vositalarni taqdim etgan. 1713-yilda Utrext shartnomasiga koʻra, Akadiya britanlarga boy berilgan. Fransiyada mustamlakachilikka nisbatan qiziqish kam edi. U koʻproq Yevropada hukmronlik qilishga qaratilgandi. Yangi Fransiya oʻz tarixining koʻp qismida aholisi va iqtisodiy rivojlanishi boʻyicha Shimoliy Amerikadagi Britaniya koloniyalaridan ancha orqada edi.

1699-yilda fransuzlarning Shimoliy Amerikaga hududiy daʼvosi Missisipi daryosi havzasida Luiziana shtatining asos solinishi bilan yanada kengaygan. Buyuk koʻllar orqali Kanada bilan bogʻlangan mintaqadagi keng savdo tarmogʻi katta istehkomlar tizimi yordamida saqlanib qolgan. Ularning aksariyati Illinoys shtati, yaʼni hozirgi Arkanzasda joylashgan.  Shimoliy Amerikada fransuz imperiyasi oʻsib borishi bilan birga, fransuzlar gʻarbiy Hindistonda ham kichikroq, ammo daromadliroq imperiya qurishni boshlagan.

Janubiy Amerika qirgʻoqlari boʻylab, yaʼni hozirgi Fransiyaning Gviana hududida 1624-yili aholi punktlari paydo boʻla boshlagan. 1625-yilda Sent-Kitsda mustamlaka tashkil etilgan (orol 1713-yilgi Utrext shartnomasiga qadar inglizlar bilan taqsimlanishi kerak edi). Sharqiy Karib dengizidagi hozirgi Dominika (toʻliq nomi: Dominika Hamdoʻstligi) oroli ham 1630-yillarning boshidan boshlab koʻpayib borayotgan fransuz aholi punktlari qoʻl ostida qolgan.

Fransuzlar 1635-yilda Martinikaga kelib joylashishi / wikipedia.org

“Amerika orollari” kompaniyasi 1635-yilda Gvadelupa va Martinikda, keyinchalik esa (1650-yil) Sent-Lusiyada koloniyalar tashkil etgan. Ushbu koloniyalarning oziq-ovqat ishlab chiqaradigan plantatsiyalari qullar orqali qurilgan va taʼminlangan. Qullar taʼminoti Afrika qul savdosiga bogʻliq boʻlgan. Mahalliy xalq qarshiligi 1660-yilda kariblarni haydab chiqarishga olib kelgan. Fransiyaning Karib dengizidagi eng muhim mustamlaka mulki 1664-yilda Ispaniyaning Espanola oroli gʻarbiy yarmida Santo-Domingo (hozirgi Gaiti) koloniyasiga asos solingan vaqtda tashkil etilgan. XVIII asrda Santo-Domingo Karib dengizidagi eng boy shakar koloniyasiga aylangan. Espanolaning sharqiy yarmi (hozirgi Dominikan Respublikasi) 1795-yilda Ispaniya tomonidan Fransiyaga berilgandan soʻng biroz vaqt Fransiya hukmronligi ostida boʻlgan.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova surat: louisiane.org