Orqaga
Afrikada qul savdosining tugashi. Qullikning bekor qilinishi. Qul savdosining boshlanishi. Uchburchak savdo yo'nalishlari. Qul savdosi taqiqlanishi.

588 marta koʻrilgan

XV asr

Afrikada qul savdosining tugashi

400 yildan ortiq vaqt davomida 15 milliondan ortiq erkak, ayol va bolalar insoniyat tarixidagi eng qorongʻi davrlardan biri — fojiali transatlantik (Atlantika okeani orqali amalga oshirilgan) qul savdosi qurboni boʻldi.

Afrikada qul savdosining tugashi va qullikning bekor qilinishi jahon tarixidagi asosiy burilish nuqtasi boʻldi. Ushbu voqealar irqi va kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha shaxslarning ajralmas huquq va qadr-qimmatini tan olish tomon siljishni boshlab berdi. XV–XVI asrlarda Atlantika okeanini kesib oʻtib, amalga oshirilgan qul savdosi millionlab afrikaliklarni majburan qoʻlga olish, tashish va qul qilish bilan bogʻliq edi.

Transatlantik qul savdosida olib kelinganlarning aksariyati Markaziy va Gʻarbiy Afrikadan edi. Ular Gʻarbiy Afrika qul savdogarlari tomonidan asosan portugal, ingliz, ispan, golland va fransuz qul savdogarlariga sotilgan, boshqalarini esa qul savdogarlari qirgʻoqboʻyi bosqinlarda toʻgʻridan toʻgʻri asir olgan. Yevropalik qul savdogarlari qullarni Afrika qirgʻogʻidagi qalʼalarda yigʻib, qamoqqa tashlagan, keyin Amerikaga olib kelgan. Qullar asosan ekinzor, kon va uy xoʻjaliklarida ishlagan.

Afrikada qul savdosining tugashi. Qullikning bekor qilinishi. Qul savdosining boshlanishi. Uchburchak savdo yo'nalishlari. Qul savdosi taqiqlanishi.

Qullar tashish kemasi “Bruks”. 1788-yilgi qullar savdosiga oid qonunga asosan qullarning joylashuvi / wikipedia.org

Qul savdosining boshlanishi

Yevropaliklarning Amerikaga kelishi gʻarbiy yarimsharda ijtimoiy, siyosiy, madaniy, demografik (aholi bilan bogʻliq), iqtisodiy va ekologik jihatdan katta oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Elita qatlamning (oliy tabaqa) ehtiyoj va istaklari Amerikadagi yer va ishchilarning qanday ekspluatatsiya (oʻz manfaati yoʻlida foydalanish) qilinishini belgilab berdi. Bu kabi ishlar boshqa qitʼada amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, asosiy maqsad Yevropa hamjamiyatining iqtisodiy oʻsishini qoʻllab-quvvatlash edi. Braziliya va Karib dengizida plantatsiya (maʼlum turdagi ekin oʻstirishga ixtisoslashgan maydon) qishloq xoʻjaligiga oʻtish endi shakarni keng miqyosda ishlab chiqarish va eksport qilish mumkinligini anglatardi. Bu esa ishchi kuchiga talabni yuzaga keltirdi. Ispan va portugallar dalada ishlashni xohlamadi. Ular dalalarga egalik qilmoqchi edi xolos.

Afrikada qul savdosining tugashi. Qullikning bekor qilinishi. Qul savdosining boshlanishi. Uchburchak savdo yo'nalishlari. Qul savdosi taqiqlanishi.

Braziliyadagi qullar bozori (taxminan 1822-yil surati) / wikipedia.org

Yevropaliklar olib kelgan kasalliklar mahalliy aholini qirib tashladi. Nasroniylikni qabul qilish esa baʼzi mahalliy xalqlarni majburiy mehnatning ayrim turlaridan ozod qildi. Natijada yevropaliklar yangi ishchilar manbasini Afrikadan qidira boshladi. Afrikaliklar Amerikada ishlashga mos deb hisoblangan, chunki ular mamlakatni yaxshi bilmasdi va qochish ehtimoli ham kamroq edi. Shuningdek, ular Yevropadagi kasalliklarga chidamli boʻlib, ekvatorga yaqin yerlarda mehnat qilishga odatlangan va dehqonchilik madaniyatidan kelib chiqqan edi.

Atlantika qul savdosi ispan va portugallar Amerikaga kelganidan keyin hech qancha vaqt oʻtmay boshlandi. Afrika qul savdosining transatlantik yoʻnalishi, ehtimol, 1526-yilda Afrikadan Amerikaga portugallarning qullik safari bilan boshlangan. Dastlabki saʼy-harakatlarni keyinchalik Portugaliya, Britaniya, Fransiya va Gollandiya oʻz sayohatlarida takrorladi va qul savdosi boshlanishini tezlashtirdi. Maʼlumotlarga koʻra, hammasi boʻlib taxminan 12,5 million afrikalik aholi Afrika qirgʻoqlaridan Amerikaga olib ketilgan. Ularning 2,5 millionga yaqini esa olib ketish paytida vafot etgan. Savdoning katta miqyosda ekani va zoʻravonlik uni tarixda ilgari mavjud boʻlgan boshqa qullik turlaridan ajratib turgan. Qullarni yetkazib berishi uchun Afrikadagi yuqori toifa vakillariga turli xil ishlab chiqarish mahsulotlari, jumladan, qurol, paxta matolar, shisha va Amerikada qullar tomonidan yetishtirilgan, shakardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari toʻlangan. Bu holat Afrikaga keskin iqtisodiy-siyosiy taʼsir koʻrsatdi va koʻpchilik savdoda qatnashishga intildi.

Yevropa nuqtayi nazaridan qaraganda, qul mehnati iqtisodiy ishlab chiqarish va boylikni oshirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Plantatsiya qishloq xoʻjaligining Braziliyadan toki Karib dengiziga qadar kengayishi qul savdosining oʻsishiga turtki boʻldi. XIX asrda qul savdosi oʻz nihoyasiga yetguniga qadar, Amerikaga qul qilib olib kelingan har 10 ta afrikalikdan 8 tadan ortigʻi Braziliya yoki Karib dengizi orollariga kelib tushgan.

Shakar sanoati — juda koʻp mehnat talab qiladigan va ishlab chiqarish qiyin mahsulot bu hududlarni boshqargan. Afrikalik mehnatkashlar ogʻir sharoitlarda quyosh chiqishidan to kun botishigacha mehnat qilardi. Bu mehnat shunchalik ogʻir ediki, Braziliyada qulning oʻrtacha umri bor-yoʻgʻi 23 yil edi. Yuqori oʻlim darajasi Braziliyada qullarga boʻlgan talabning oshishiga olib keldi.

Afrikada qul savdosining tugashi. Qullikning bekor qilinishi. Qul savdosining boshlanishi. Uchburchak savdo yo'nalishlari. Qul savdosi taqiqlanishi.

Trinidaddagi shakar plantatsiyasi; 1836-yil tasviri / wikipedia.org

Atlantika uchburchak qul savdosi

Atlantika uchburchak qul savdosi, oddiygina qilib, uchburchak savdo deb ham atalardi. U XV–XIX asrlarda rivojlangan hamda Yevropa, Afrika va Amerika oʻrtasida tovar, qul va xomashyo almashinuvini oʻz ichiga olgan transatlantik savdo yoʻllarining murakkab tizimi edi.

Uchburchak savdo yoʻnalishlari

Yevropadan Afrikaga (tashqi yoʻl). Yevropalik savdogarlar birinchi navbatda Portugaliya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Gollandiya kabi mamlakatlardan Afrikaga toʻqimachilik, oʻqotar qurollar va sanoat buyumlari bilan suzib ketdi. Afrikadan Amerikaga (oʻrta yoʻl). Afrikaga olib borilgan tovarlar u yerda qul qilingan afrikalik asirlarga almashtirilgan.

Amerikadan Yevropaga yoʻl (qaytish yoʻli). Amerikada qullikka solingan shaxslar sotilgan va shakar, tamaki, paxta kabi sotishga moʻljallangan ekinlar yetishtiruvchi plantatsiyalarda ishlashga majbur qilingan. Keyinchalik bu ekinlarni sotishdan tushgan foyda shakar, tamaki va paxta kabi xomashyolarni sotib olishga sarflangan va mahsulotlar esa uchburchak siklni yakunlash uchun Yevropaga qaytarilgan.

Oʻrta yoʻl yoki dovon

Uchburchak savdo yoʻlining Afrikani Amerika bilan bogʻlaydigan qismi Oʻrta dovon deb nomlangan. Okean boʻylab sayohat odatda Afrikaning gʻarbiy qirgʻoqlaridagi portlardan boshlangan. Oʻsha yerda Afrika va yevropalik qul savdogarlari qullarga tovar ayirboshlagan. Asir olingan va qulga aylantirilgan 12,5 million afrikalik sayohatga aynan shu yerdan yoʻlga chiqqan. Ular oʻgʻirlangan, sotilgan va qasrga oʻxshatib qurilgan — hozir ham Gana va boshqa Gʻarbiy Afrika dengiz sohillaridan koʻrinib turadigan qamoqxonalarga joylashtirilishi uchun qirgʻoqlar tomon olib borilgan.

Yevropa kemalari suvga tushib suzib ketgunga qadar qullar oʻsha yerda ushlab turilgan. “Borsa kelmas” deb nomlanuvchi bu qalʼalar qullarning qitʼada koʻrishi mumkin boʻlgan soʻnggi joyi edi. Qasrmonand bu qamoqxonalardan ular dunyoning narigi tomoniga ketayotgan kemalarga oʻtkazilgan. Bu kemalardagi sharoit shunchalik ogʻir ediki, ularning 15 foizi 2–3 oy davom etadigan yoʻlda halok boʻlardi. Qullar kechasi palubalar (kemaning yurishga moʻljallangan ustki qismi) ostiga qamab qoʻyilgan, bir-biriga zanjirlangan va yuk kabi taxlangan. Har bir asirga jasadi solingan tobutdan-da kamroq joy bor edi. U yer najas, siydik va qusuq bilan toʻlgandi. Ular orasida kimdir oʻlib qolsa, savdogarlar ertalabgacha buni payqamasdi va kimdir qulfni ochib qaramaguncha tiriklar oʻliklar bilan boʻlishga majbur edi.

Ob-havo yaxshi boʻlgan paytda, asirlarni mashq qildirish uchun kishanlangan holatda yuqori palubaga olib chiqishardi. Ular koʻpincha loviya boʻtqasi bilan oziqlangan va bir pannikin (kichik, metall ichimlik idishi) suv berilgan. Bu ularning kemalari manziliga yetgunga qadar beriladigan yagona ovqat edi. Manzilga yetgach, ulardagi ochlik alomatlarini bartaraf etish uchun goʻsht va yuqori kaloriyali mahsulotlar bilan boqilgan. Bu ish mehribonlik uchun qilinmagan, albatta, balki ularni yaxshiroq narxga pullash uchun qilingan. Nihoyat, qullar asosiy bandargohdan uzoqroqda kemadan olib tushilgan va qirgʻoqqa olib kelingan. Ular chorva mollari bozori sotiladigan bozorga oʻxshash joylarda sotilgan. Yangi xoʻjayinining uyiga yetib kelganida, bu ogʻir sayohat tugardi va ularni kelajakda yangi dahshatlar kutardi.

Qul savdosining taqiqlanishi

Qul savdosini tugatish va quldorlikka barham berish harakati XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida kuchaydi. Qullikka qarshi norozilik kuchayishiga axloqiy, iqtisodiy va siyosiy omillar sabab boʻldi. Amerika prezidenti Tomas Jefferson (1801–1809) va jenevalik faylasuf-yozuvchi Jan-Jak Russo kabi maʼrifatparvar mutafakkirlar qullik axloqi normalariga shubha bilan qarardi. Ularning taʼkidlashicha, barcha insonlar tabiiy huquqlarga (qonun, din va hukumatga aloqasi boʻlmagan umumiy huquq), shu jumladan, erkinlik huquqiga ham egadir.

XVIII asr oxirlarida abolitsionizm harakati (qullikka qarshi harakat), birinchi navbatda, Yevropa va Shimoliy Amerikada kuchaydi. Britaniyalik Uilyam Uilberfors va fransiyalik Tomas Klarkson kabi faollar qullik dahshatini fosh qilish va uni bekor qilishda jamoatchilikni qoʻllab-quvvatlash uchun tinimsiz mehnat qildi. Ular siyosiy uyushmalar tashkil etdi, qonunchilikni oʻzgartirish uchun bosh koʻtardi va qul savdosining dahshatli haqiqatlarini ochib beradigan, qullikka qarshi adabiyotlarni nashr etdi.

Britaniyalik abolitsionistlar (qora tanlilarni qullikdan ozod qilish harakati) oʻzining birinchi muhim gʻalabasiga 1807-yilda — Britaniya parlamenti Britaniya fuqarolarining transatlantik qul savdosida ishtirok etishini taqiqlovchi “Qul savdosini bekor qilish toʻgʻrisida” gi qonunni qabul qilganida erishdi. 1833-yilda “Qullikni bekor qilish toʻgʻrisida” gi qonun qabul qilindi, u butun Britaniya imperiyasi boʻylab qullikni bekor qildi va taxminan 800 000 qulni ozod qildi.

Amerikaning boshqa joylarida bekor qilish jarayoni asta-sekinlik bilan kechgan. Qoʻshma Shtatlarda qullik masalasi asosiy bahs mavzusiga aylandi va bu, oxir-oqibat, Amerika fuqarolar urushiga (1861–1865) olib keldi. 1862-yilda Prezident Avraam Linkoln tomonidan eʼlon qilingan Emansipatsiya deklaratsiyasi Konfederatsiya hududidagi barcha qullar ozod qilinishini eʼlon qildi. Biroq Qoʻshma Shtatlarda qullikning rasman bekor qilinishiga 1865-yilda Konstitutsiyaga 13-oʻzgartirish kiritilishi bilan erishildi.

Eng koʻp qora tanli qullarga ega boʻlgan Braziliya 1888-yilda qullikni bekor qilib, Amerika qitʼasidagi qullikni tugatgan oxirgi davlatga aylandi. Kuba va Puerto-Riko kabi boshqa davlatlar ham XIX asr oxirida qullikni bekor qildi. Afrikada qul savdosining tugatilishi va qullikning bekor qilinishi barcha shaxslarning ajralmas huquqlari va insoniyligini tan olish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Abolisionistlarning saʼy-harakatlari qonunchilik choralari, xalqaro hamkorlik va iqtisodiy dinamikaning oʻzgarishi bilan birgalikda millionlab odamlarni insoniylikdan mahrum qilgan amaliyotning barham topishiga olib keldi.



Manba: khanacademy.org
Muqova surat: wikipedia.org