23 marta koʻrilgan

1743–1826

Tomas Jefferson

1758-yildan to 1760-yilgacha Jeffersonga Virjiniyada muhtaram ustozi Jeyms Mori dars bergan, Jefferson u yerda anʼanaviy taʼlim olgan va ilm-fan bilan birga tarixni oʻrgangan. 1760-yilda u Uilyamsburgdagi “Uilyam va Meri” kollejiga oʻqishga kirdi, u yerda matematika, metafizika va falsafani oʻrganib, 1762-yilda eng yuqori baholar bilan tugatdi. Gʻayratli talaba sifatida u koʻplab xorijiy tillarni oʻrganishga qiziqqan. Talabalik paytida kuniga 15 soatdan dars tayyorlardi. Tomas, shuningdek, skripka chalishni ham oʻrgangan va unda sanʼatga nisbatan katta qiziqish boʻlgan. Oʻqishni tamomlagach, u Jorj Uaytdan huquqshunoslikni oʻrgandi va 1767-yilda Virjiniya advokaturasida advokatlik faoliyatini boshladi. 1768-yildan 1773-yilgacha u bir qator ishlarni koʻrib chiqdi va oʻzini taniqli advokat sifatida namoyon qildi.

 

AQSH uchinchi prezidenti Tomas Jeffersonning portreti/wikipedia.org

 

Tomas Jefferson 1772-yilda Marta Ueyls Skelton ismli yoshgina beva ayolga uylanadi va ular 6 nafar farzand koʻradi: Marta Jefferson Randolf, Jeyn Randolf, Meri Ueyls, Lyusi Elizabet va Elizabet. Marta 1777-yilda oʻgʻil farzand dunyoga keltiradi, ammo chaqaloq shu zahotiyoq nobud boʻladi. Oʻzi esa 1782-yil 6-sentabrda vafot etadi.

 

Jefferson 1775-yilda Ikkinchi kontinental kongressga vakil etib tayinlandi. 1776-yilda Amerika mustaqilligi toʻgʻrisidagi rezolyutsiya boshlanishi bilan u Mustaqillik deklaratsiyasini tayyorlash uchun masʼul boʻlgan qoʻmitaning aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan. Loyiha kongressga 2-iyulda taqdim etildi va 1776-yil 4-iyulda Mustaqillik deklaratsiyasi matni tasdiqlandi. Bu Jeffersonni mamlakatda mashhur shaxsga aylantirdi. 1776-yilda Jefferson yangi Virjiniya delegatlar uyiga saylandi.

 

Delegat sifatida u Virjiniyaning demokratik davlat sifatidagi yangi maqomini oshkor qilish uchun bir qator islohot va qonun loyihalarini ilgari surdi. Uning qator islohotlari orasida eng koʻzga koʻringanlari primogenitura (mol-mulkni toʻngʻich farzandga oʻtishi)ni tugatish va davlatda din erkinligini oʻrnatishga qaratilgan qonunlar edi. Jefferson 1778-yilda “Bilimlarning umumiy tarqalishi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi, buning natijasida Uilyam va Meri kollejida oʻqishning tanlov tizimi oʻrnatildi. U qotillik va xiyonat kabi holatlarni mustasno etgan holda boshqa jinoyatlar uchun oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini taklif qildi. Biroq uning saʼy-harakatlari natija bermadi. Masalan, nomusga tegish jinoyati uchun Jeffersonning oʻlim jazosi haqidagi qonun loyihalari taklif qilinganidan keyin ham uzoq vaqt davomida oʻlim jazosi amalda boʻlgan.

 

Jefferson 1779-yilda Virjiniya gubernatori etib tayinlandi va 1781-yilning yakuniga qadar ushbu lavozimda qoldi. 1780-yili uning gubernatorlik davrida Virjiniya poytaxti Uilyamsburgdan Richmondga koʻchirildi. Uning taʼlim sohasidagi doimiy saʼy-harakatlari 1779-yilda Jorj Uayt Uilyams va Meri kollejining birinchi huquq professori etib tayinlanganida eʼtirof etildi. Jeffersonning gubernatorligi ikki marta ingliz bosqiniga uchragan, bu esa uning gubernatorlik obroʻsiga putur yetkazgan. Bundan keyin u hech qachon Virjiniyadagi saylovlarda gʻalaba qozonmagan. Jefferson 1785-yildan 1789-yilgacha Fransiyada vazir boʻlib ishlagan va 1793-yilda Fransiya bilan Angliya oʻrtasida urush eʼlon qilinganida Angliyaga qarshi Fransiyani qoʻllab quvvatlagan.

 

Jefferson 1790-yilda Jorj Vashington prezidentligi davrida birinchi davlat kotibi boʻldi. Davlat kotibi sifatida u Amerikada keng tarqalgan federalizmni tanqid qildi va u federalizmni respublikachilikka nisbatan tahdid sifatida koʻrishda davom etdi. Jeyms Madison bilan birgalikda u Demokratik respublika partiyasiga asos solgan va uni boshqargan. Jefferson mamlakat boʻylab federalistlarga qarshi kurashish uchun respublika ittifoqchilari bilan bir qator aloqalarni shakllantirgan.

 

Jefferson 1797-yilda Qoʻshma Shtatlar vitse-prezidentligiga tayinlandi, undan avval 1796-yilda bu lavozim uchun urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Fransiyaga qarshi urushga tayyorgarlik koʻrayotgan federalistlar soliqlar orqali pul ishlash manbai sifatida “Chet elliklar va gʻalayon toʻgʻrisida” ( 4 ta qonundan iborat boʻlib, Qoʻshma Shtatlarda immigratsiya va nutqqa cheklovlarni qoʻllaydi) qonunlarini ishlab chiqdi. Jefferson bu taktikalarni qattiq tanqid qildi va federalizmga hujumini kuchaytirdi, chunki u federalistlarni bunday hokimiyatni amalga oshirishga haqqi yoʻq deb hisoblardi.

 

Tomas Jefferson 1800-yilda birinchi marta prezidentlik uchun kurash olib bordi. Oʻsha paytdagi anʼanaga koʻra u oʻz partiyasi uchun saylovoldi tashqivotini olib bormagan boʻlsa-da, 1801-yil 17-fevralda gʻalaba qozonib, Amerika Qoʻshma Shtatlari prezidenti boʻldi. Prezidentlik davrida u varvarlar urushini olib borgan, Qoʻshma Shtatlar qirgʻoqlarini qaroqchilardan himoya qilgan va Luizianani Fransiyadan olib qoʻyishga muvaffaq boʻlgan. Keyinchalik u 1804-yilgi prezidentlik saylovlarida ikkinchi marta gʻalaba qozonadi.

 

Tomas Jefferson Amerika siyosatida faol edi, shuningdek, taʼlim va madaniyat tashkilotlarida ishtiyoq bilan faoliyat yuritdi. U butun umri davomida taʼlim sohasiga gʻamxoʻrlik qildi va odamlar orasida oliy taʼlimni rivojlantirish choralarini koʻrdi. Uning saʼy-harakatlari nihoyat 1819-yilda Virjiniya universiteti tashkil etilganda oʻz samarasini berdi. Virjiniya universiteti 1825-yilda ochilgan boʻlib, u toʻliq tanlov kurslarini taklif qiluvchi birinchi universitet edi.

 

Shuningdek, Jefferson hozirgi davrda ham rivojlanishda davom etayotgan sohalar boʻlmish arxitektura va arxeologiyaga boʻlgan muhabbati bilan ham mashhur boʻlgan. U ilm-fan va goʻzallikning timsoliga aylangan Virjiniya universitetining arxitekturasini loyihalashga hissa qoʻshgan, uning rejasi asosida qurilgan maydon maysazor bilan qoplangan va arkadalarni (tepasi yopiq yoʻlak) bogʻlagan. Yunon va Rim uslubida qurilgan bu dargoh universitetning otasi sifatida tanilgan Tomas Jeffersonning oʻziga xos arxitekturasi va intellektual gʻoyalarini ifodalaydi.

 

1819-yilda Jefferson tomonidan asos solingan “Virjiniya universiteti”, Virjiniya shtati, Aqsh / wikipedia.org

 

Jefferson Benjamin Franklinning Amerika falsafiy jamiyatiga aʼzo boʻladi va 1797-yildan 1815-yilgacha uning prezidenti boʻlib ishladi. Sharob ishqibozi boʻlmish Jefferson oʻzining mashhur vinolar kolleksiyasini boyitish uchun Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlariga sayohat qilgan. 1801-yilda u “Parlament amaliyoti qoʻllanmasi”ni nashrdan chiqardi, uning ikkinchi nashri 1812-yilda chiqdi. 1814-yilda kongress kutubxonasi britaniyaliklar tomonidan yoqib yuborilganidan soʻng Jeffersonning ulkan kitoblar toʻplami yangi kutubxonaning bir qismi boʻlib, uning sharafiga Jeffersonning nomi bilan atalgan. Tomas Jefferson 1826-yil 4-iyulda vafot etdi, bu sana Mustaqillik deklaratsiyasining 50 yilligiga toʻgʻri keladi. Oʻlimidan soʻng uning mol-mulki katta miqdordagi qarzlarini toʻlash uchun kimoshdi savdosida sotildi. Jasadi oʻzi yoshlik paytida Virjiniyada qurgan uyi — Montiselloga dafn etilgan.

 

Jefferson memorial haykali, Vashington, Aqsh / wikipedia.org

 


 

Muqova suratlar: wikipedia.org / britannica.com / thoughtco.com