11
Ulashish
961 marta koʻrilgan
1732–1799
Jorj Vashington
Vashingtonning taqdiri tabiatan aqlli va zehnli poyabzal tozalovchi ham prezident boʻla olishi mumkinligi haqidagi buyuk Amerika orzusining amalga oshgan koʻrinishidir. Vashington oyoq kiyim tozalovchisi emasdi, lekin ishlashni erta boshlagan edi. 14 yoshida topografning yordamchisi sifatida yer uchastkalari maydonini oʻlchash ishlarida qatnasha boshlagan. Bir yil oʻtib, oʻz ishiga asos solgan, 1752 yilda esa akasining yerini meros qilib olgan. Oʻsha vaqtda Britaniya bilan Fransiya Shimoliy Amerikani egallash va u yerda koloniyalar tashkil qilish uchun oʻzaro kurash olib borayotgan edi. Vashington ingliz armiyasi qatorida besh yil davomida fransuzlarga qarshi kurashdi. U oʻz muvaffaqiyatlari bilan taniladi, bu haqida gap-so‘zlar uning ona yurti — britaniya koloniyasi boʻlgan Virjiniyaga ham yetib boradi.
Urush tugagach, Vashington ona zaminiga, Maunt Vernon plantatsiyasiga qaytib, fermer boʻlishga qaror qildi. Ayni shu davrda u amerikalik kolonistlar Britaniya mustamlakasidan qutulishga harakat qilish kerakligiga amin boʻlib boradi. Koʻplab amerikaliklar esa uni qoʻllab-quvvatlaydi. Vashingtonning obroʻsi katta boʻlib, katta harbiy tajribaga ega edi. Shu sababdan uni 1775-yilda kolonistlar armiyasining boshqaruvchisi qilib tanlashadi. Shu tariqa mustaqillik uchun kurash (1775—1778-yillar) boshlanadi. Vashington oʻziga toʻq odam boʻlgani uchun maosh olishdan bosh tortadi va urush vaqtida boyib ketmaydi. Lekin urushdan soʻng Amerika Kongressi uni katta yer olishga undaydi. Lekin bular urushdan keyingi ishlar boʻlib, urush endi boshlangan vaqtda amerikaliklar mustaqillikka erishishga qatʼiy qaror qilgan edi. Bundan tashqari, ularning tashkiloti yuqori soliqlar va angliyaliklarning savdo ustidan nazoratini cheklardi.
Amerikalik kolonistlar koʻplab yillar davomida hindularning yerida yashagan, oʻzini bu yerlarning xoʻjayini deb bilar va Britaniyaga qaram boʻlishni xohlamas edi. Biroq bu ingliz qiroli Georg III ning (1738—1820-yillar) rejalariga kirmasdi. U qoʻzgʻolonchilarni toʻxtatish va ularga munosib javob qaytarishni maqsad qilgandi. Inglizlar tomonidan harbiy harakatlarning boshlanishiga kolonistlar armiyasining tashkil etilishi va koʻngillilar ta’limoti boshlangani haqidagi xabar sabab boʻldi. Urushning bevosita boshlanishiga esa 1775-yil 18-avgustda Leksington fermerlari va ingliz askarlari oʻrtasidagi to‘qnashuv sabab boʻldi. Birinchi jiddiy toʻqnashuv Boston yaqinidagi Banker Hillda boʻlib oʻtdi. Jiddiy yoʻqotishlarga qaramay, inglizlar kolonistlarni magʻlub qildi. Ana oʻshanda harbiy harakatlarda yangi, ancha qatʼiy yondashuv kerakligi ayon boʻladi.
1776-yil 4-iyulda Filadelfiyadagi koloniya rahbarlari uchrashuvida, rasmiy kelishuv asosida “Mustaqillik deklaratsiyasi” qabul qilinadi. Unga koʻra, Amerika mustaqil davlat sifatida eʼlon qilinadi. Oʻshanda muntazam armiyani tashkil qilish va unga Jorj Vashingtonni qoʻmondon qilib tayinlashga qaror qilinadi. Mustaqillik uchun boʻlgan kurashdagi deyarli barcha asosiy muvaffaqiyatlar uning nomi bilan bogʻliq. Oʻsha paytda u 43 yoshda boʻlishiga qaramay, tajribali askar va mohir rahbar sifatida ancha mashhur edi. Vashington ishini yaxshi tashkillashtirilgan, intizomli, kuchli va professional armiya tuzishdan boshlaydi.
Avvaliga uning armiyasida 20 000 kishi boʻladi, keyinchalik unga ataylab Atlantikani kechib oʻtgan koʻngillilar ham qoʻshiladi. Amerikaliklarga yordam berish uchun fransuz hukumati oʻz harbiylari va kemalarini joʻnatadi. Fransuzlar uchun amerikaliklar tomonda boʻlish manfaatli edi, chunki yaqindagina inglizlar bilan Kanadada poytaxti Kvebek boʻlgan mustaqil koloniyani tuzish ustidan urush yakunlangan edi. Fransuzlar inglizlarning Shimoliy Amerikadagi taʼsiri yana kuchayishini istamas edi. Fransuzlarning yordamiga qaramay, mustaqillik uchun kurash choʻzilib borardi. Faqatgina Vashingtonning obroʻsi va qatʼiyati askarlarni qoʻzgʻolon va ishonchsizliklardan saqlab turardi. Askarlar tez-tez och qolar, harbiy zaxiralar yetishmasdi.
Urush tarixidagi keskin burilishni Virjiniya, Yorktaundagi Chesapik koʻrfazi – Shimoliy Amerikaning Atlantik qirgʻogʻidagi eng katta buxtada boʻlgan jang belgilab berdi. Vashington fransuz generali Janom Roshambo (1725—1807-yillar) bilan dengiz orqali yetib kelishi kutilayotgan askarlar yordamidan umid qilib jangga kirdi. Vashington har doimgidek butun operatsiyani puxta oʻyladi. Yoʻl boʻyidagi koʻprik tartibga keltirilgan, oziq-ovqat zaxirasi tayyorlangan, transport vositalari taxt edi. Sentabrning boshida amerikaliklar va fransuzning 14 minglik qoʻshini shaharni egalladi. Son jihatdan ular himoyachilardan ikki barobar koʻp edi. Birlashgan qoʻshinning yaqqol gʻalabasiga qaramay, ingliz qoʻmondoni Kornuollis taslim boʻlishni xohlamadi va qamal bir necha hafta davom etdi. Vashington dushman chizigʻi boʻylab handaqlar qazib, ingliz askarlarini ochlik bilan taslim qilmoqchi boʻldi. Ularning oldida faqat suv yoʻli qolgan edi. Lekin ob-havoning yomonlashuvi evakuatsiyani qiyinlashtirdi.
1781-yil 19-oktabrda Vashington Kornuollisning rasman taslim bo‘lganini qabul qildi, uning armiyasi qurolsizlantirildi. Bu voqea Vashington harbiy faoliyatining choʻqqisi boʻldi. Urush bu bilan tugamadi, chunki toʻlaqonli gʻalaba faqat vaqtga bogʻliq edi. Nihoyat, inglizlarning qarshiligi yengildi. 1783-yilda ular Amerika Qoʻshma Shtatlari mustaqilligini bergan Parij tinchlik shartnomasini imzolashga majbur boʻldi. Urush tugagach, Vashington Maunt Vernonga qaytadi. U milliy qahramonga aylanib ulgurgan boʻlsa-da, siyosat bilan shugʻullanishni emas, fermer boʻlishni xohlardi. Shunga qaramay, 1789-yilda u bir ovozdan AQShning birinchi prezidenti etib saylandi. Intizomli kishi sifatida Vashington lavozimni 30-aprelda qabul qildi va hatto 1792-yilda qayta saylandi ham. Lekin u uchinchi muddatga saylanishni rad etdi. Amerikaliklar oʻzining birinchi prezidentini unutmadi va o‘z poytaxtini uning nomi bilan atadi.
Manba: whitehouse.gov
Muqova surat: wikipedia.org