Orqaga
Fransiya gollandiya urushi haqida.

706 marta koʻrilgan

XVII asr

Fransiya-Gollandiya urushi

Gollandiya urushi deb ham ataladigan Fransiya-Gollandiya urushi (fransuzcha: Guerre de Hollande) Fransiya va Gollandiya Respublikasi oʻrtasida boʻlib oʻtgan. Urush uning ittifoqchilari: Muqaddas Rim imperiyasi, Ispaniya, Brandenburg-Prussiya va Daniya-Norvegiya koʻmagida olib borilgan. Fransiya dastlabki bosqichda Myunster, Kyoln hamda Angliya bilan ittifoq tuzgan. 1672–1674-yilgacha boʻlgan Uchinchi Anglo-golland urushi va 1675–1679-yildagi Skaniya jangi bir-biriga aloqador toʻqnashuv hisoblanadi.

Fransiya gollandiya urushi haqida.

1675-yilda Vismarni qamal qilish / wikipedia.org

Urush 1672-yilning may oyida, Fransiya Gollandiya Respublikasini deyarli bosib olganida boshlangan. Bu voqea hanuzgacha Rampjaar yoki “Falokat yili” deb nomlanadi. Urush harakati iyun oyida Gollandiya suv mudofaasi tomonidan toʻxtatilgan va iyul oxiriga kelib, Gollandiya pozitsiyasi barqarorlashgan. Fransiya yutugʻidan xavotirlanish 1673-yil avgustda Gollandiya (imperator Leopold I), Ispaniya va Brandenburg-Prussiyaning oʻzaro rasmiy ittifoq tuzishiga olib kelgan. Ularga Lotaringiya va Daniya qoʻshilgan. Angliya esa 1674-yil fevralda sulh tuzgan. Bir necha jabhada urushga duch kelgan fransuzlar Gollandiya Respublikasini tark etib, faqat Grave va Mastrixtni saqlab qolgan.

Lyudovik XIV Ispaniya Gollandiyasi va Reynlandiyaga eʼtibor qaratgan bir vaqtda Vilgelm Oransk boshchiligidagi ittifoqchilar Fransiya manfaatini cheklashga intilgan. 1674-yildan keyin fransuzlar Fransh-Konte, Ispaniya Gollandiyasi bilan chegaradosh hudud va Elzasni egallagan. Ammo hech bir tomon hal qiluvchi gʻalabaga erisha olmagan. Urush 1678-yil sentyabrda Neymegen sulhi bilan yakunlangan. Garchi shartlar 1672-yil iyun oyidagiga qaraganda ancha yumshoq boʻlsa-da, bu Lyudovik XIV davrida fransuz harbiy muvaffaqiyatining eng yuqori nuqtasi hisoblangan va unga targʻibotda katta muvaffaqiyat keltirgan.

Ispaniya Sharleruani Fransiyadan qaytarib olgan. Biroq Fransh-Konte, Artua va Enoning koʻp qismini berib, hozirgacha deyarli oʻzgarmagan chegarani oʻrnatgan. Vilgelm boshchiligida gollandlar dastlabki bosqichda yoʻqotilgan barcha hududni tiklagan. Bu muvaffaqiyat uning ichki siyosatidagi yetakchi rolini mustahkamlagan. Bu unga davomli Fransiya kengayishidan kelib chiqadigan xavfga qarshi chora koʻrish va Toʻqqiz yillik urushda qatnashgan 1688-yilgi Buyuk ittifoqni tuzishga yordam bergan.

Yevropada Gabsburg hokimiyatiga qarshi umumiy siyosatning bir qismi sifatida Fransiya va Ispaniyaning 1568–1648-yillardagi Sakson yillik urush paytida Gollandiya Respublikasini qoʻllab-quvvatlagan. 1648-yilgi Myunster tinchligi Gollandiya mustaqilligini maʼqullagan va Sheldt etagi (daryoning dengiz suviga tutashgan quyilish joyi) ni butunlay yopib qoʻygan. Bu esa raqibi Antverpenni yoʻq qilish orqali Amsterdamga foyda keltirgan. Ushbu monopoliyani saqlab qolish Gollandiyaning ustuvor yoʻnalishi edi. Ammo bu Ispaniya Gollandiyasidagi Antverpenni qayta ochishni oʻz ichiga olgan fransuz maqsadiga tobora zid kelgan.

1650-yilda Oransk Vilgelm II vafoti bilan birinchi marta shtatgalterlarsiz davr boshlangan. Unda siyosiy nazorat shahar zodagonlari yoki regentga¹ berilgan. Bu Gollandiya va 1653-yildan 1672-yilgacha buyuk pensioner (yetakchi shahar amaldori) Yoxan de Vittning kuch bazasi boʻlgan Amsterdam shtatlari taʼsirini maksimal darajada oshirgan. Uning fransuz Lyudovik XIV bilan munosabati nafaqat Gollandiyaning iqtisodiy qudratini saqlab qolish uchun, balki uni ichki dushman — oranjist (revolyutsiya qatnashchisi) lardan himoya qilish uchun ham muhim edi.

Fransiya va Gollandiya 1662-yilda yordam shartnomasini tuzgan boʻlsa-da, Gollandiya davlati Ispaniya Gollandiyasi boʻlinishini qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgan. Bu orqali Lyudovik XVI oʻz maqsadiga faqat kuch bilan erishishi mumkinligini uqtirgan. Gollandiya Ikkinchi Angliya-Gollandiya urushi (1665–1667) davrida cheklangan fransuz yordamini qabul qilgan. Ammo kuchli Fransiyaga qaraganda kuchsiz Ispaniyani qoʻshni sifatida maʼqul koʻrgan. 1667-yil may oyida Angliya-Gollandiya urushini tugatish boʻyicha muzokara boshlanganidan koʻp oʻtmay, Lyudovik XIV Ispaniya Gollandiyasining koʻp qismi va Fransh-Konteni tezda egallab, devolyutsiya (federalizm kabi qisman suveren mamlakatlarga ega boʻlish) uchun kurashni boshlagan.

Iyul oyida Breda shartnomasi Angliya-Gollandiya urushini tugatgan. Natijada Gollandiya va angliyalik Karl II oʻrtasida Fransiyaga qarshi umumiy diplomatik frontda muzokara olib borilgan. Ispaniya va imperator Leopold buning tarafdori boʻlgan. Chunki ikkovi ham fransuz ekspansiyasidan xavotirlangan. Angliya-Fransiya ittifoqi haqidagi ilk taklif Lyudovik XIV tomonidan rad etilgan. Soʻngra Karl 1668-yilda Angliya, Gollandiya va Shvetsiya oʻrtasidagi Uchlik ittifoqiga kirgan. Ittifoq Fransiya va Ispaniya oʻrtasida vositachiga aylangan. Shu sabab Lyudovik XIV 1668-yil Eks-la-Shapel shartnomasiga koʻra koʻp hududidan voz kechgan.

Shahzoda Vilgelm Oransk 1672-yil fevralda general-kapitan etib tayinlangan. Uning tarafdorlari va Devit oʻrtasidagi siyosiy ziddiyat Gollandiyaga qarshi tayyorgarlikka taʼsir koʻrsatgan. Breda va Eks-la-Shapel sulhi Gollandiyaning diplomatik gʻalabasi sifatida koʻrilgan boʻlsa-da, ular yirik xavf-xatarga sabab boʻlgan. Davlat arbobi Yohan de Vittning oʻzi ham bundan yaxshi xabardor boʻlgan, lekin hamkasblarini ishontira olmagan. Lyudovik XIV 1668-yil yanvar oyida Leopold bilan tuzilgan boʻlinish toʻgʻrisidagi shartnomani Ispaniya Niderlandiyasiga boʻlgan egalik huquqini tasdiqlash deb hisoblagan. Bu esa Eks-la-Shapel kelishuvida belgilab qoʻyilgan edi. U endi muzokaraga ehtiyoj sezmagan va ularni qoʻlga kiritish, avvalo Gollandiyani magʻlub etish orqali erishiladi deb qaror qilgan. Gollandiyaliklar oʻz kuchini ortiqcha baholagan. 1665-yilgi Loustoftdagi magʻlubiyat ularning dengiz floti va federal qoʻmondonlik tizimi kamchiligini ochib bergan. Medueydagi muvaffaqiyatli reyd, asosan, inglizlarning moliyaviy zaifligi bilan bogʻliq edi.

Fransiya gollandiya urushi haqida.

Loustoftdagi jang, 1665-yil 3-iyun: Angliya va Gollandiya flotlari oʻrtasidagi jang / wikipedia.org

1667-yilda Gollandiya dengiz floti oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan. Biroq bu ustunlik ingliz va fransuz dengiz floti kengayishi tufayli tezda kuchsizlangan. Angliya-Gollandiya urushi, birinchi navbatda, dengizda olib borilgan. Bu esa Gollandiya armiyasi va qalʼalarining yomon ahvolini yashirgan. Chunki ular oransklar shahzodasi hokimiyatining qudratini belgilagan. Muxolif Gollandiya hujumiga tayyorgarlik koʻrish uchun Lyudovik XIV bir qator diplomatik tashabbus boshlagan. Birinchisi — 1670-yilgi Dover maxfiy shartnomasi boʻlib, Gollandiyaga qarshi ingliz-fransuz ittifoqi hisoblangan.

U 1771-yilgacha sir tutilgan maxfiy bandlar, jumladan, 6 000 kishidan iborat britaniyalik brigadani taqdim etgani tufayli Karl uchun yiliga 230 000 funt sterling toʻlashni ham oʻz ichiga olgan. Myunster yepiskopligi va Kyoln elektorati bilan tuzilgan kelishuv fransuz kuchlariga Lyej yepiskopligi orqali hujum qilib, Ispaniya Gollandiyasini chetlab oʻtish, keyin esa Kyolnni qaram qilishga imkon bergan. Tayyorgarlik ishlari 1672-yil aprel oyida yakunlangan va shvetsiyalik Karl XI Brandenburg-Prussiya tomonidan daʼvo qilingan Pomeraniya hududini bosib olish evaziga Fransiya subsidiyasini qabul qilgan.


[1] Regentlar 16–18-asrlarda Gollandiya Respublikasining yetakchilari boʻlgan.


Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org