Orqaga
To'qqiz yillik urush haqida.

727 marta koʻrilgan

XVII asr

Toʻqqiz yillik urush

Toʻqqiz yillik urush (1688–1697) Buyuk alyans urushi yoki Augsburg ligasi urushi deb ham ataladi. U Fransiya va Buyuk Ittifoq, yaʼni Muqaddas Rim imperiyasi, Gollandiya Respublikasi, Angliya, Ispaniya va Savoy oʻrtasidagi ziddiyat hisoblanadi. Jang Yevropada boshlanib, Amerika, Hindiston va Gʻarbiy Afrikaga tarqalgan va bu birinchi global urush deb nomlangan. Bundan tashqari Irlandiya va Shimoliy Amerikadagi qirol Vilgelm urushlari ham kiradi.

To'qqiz yillik urush haqida.

Flyoryuse jangi, 1690-yil / wikipedia.org

Fransiyalik Lyudovik XIV 1678-yilda Fransiya-Gollandiya urushidan Yevropadagi eng qudratli monarx sifatida chiqqan. Agressiya, anneksiya va yarim huquqiy vositalar birlashmasidan foydalangan holda, Lyudovik XIV 1683–1684-yillardagi Birlashuv urushini yakunlab, Fransiya chegarasini mustahkamlash maqsadida oʻz hududini kengaytirishga kirishgan. Ratisbon sulhi esa 20 yil davomida bu yangi chegarani kafolatlagan. Ammo Yevropa protestantlarining Fransiya kengayishi va antiprotestantlarga agressiv siyosati haqidagi xavotir Vilgelm Oranskning Buyuk ittifoqni yaratishiga olib kelgan.

Lyudovik XIV ning 1688-yil sentyabr oyida Reynni kesib oʻtish toʻgʻrisidagi qarori — qirol taʼsirini kengaytirish va Muqaddas Rim imperiyasini uning hududiy va sulolaviy daʼvosini majburan qabul qilishiga moʻljallangan.

Biroq Muqaddas Rim imperatori — Leopold I va nemis knyazlari gollandlarni Fransiyaning gʻarazli maqsadiga qarshi turishda qoʻllab-quvvatlagan. 1688-yil noyabrdagi Shonli inqilob esa ingliz resursi va Buyuk ittifoqni moddiy taʼminlagan. Keyingi bir necha yil ichida janglar Ispaniya Gollandiyasi, Reyn viloyati, Savoy gersogligi va Kataloniya atrofida boʻlgan. Dastlabki harbiy muvozanat Fransiyani qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, 1696-yilga kelib hech bir tomon ustunlikka erisha olmagan. Asosiy urushayotgan tomonlar moliyaviy jihatdan charchagani bois, kelishuv boʻyicha muzokara olib borishga intilgan.

1697-yilgi Risvik tinchligi shartiga koʻra, Fransiya Elzasni saqlab qolgan. Biroq Lotaringiyani oʻz hukmdoriga qaytarib bergan va Reynning oʻng qirgʻogʻidagi ulushidan voz kechgan. Shuningdek, Lyudovik XIV Vilgelm III ni Angliyaning qonuniy qiroli deb tan olgan. Gollandlar esa oʻz chegarasini himoya qilish uchun Ispaniya Gollandiyasida mudofaa qalʼalarni qoʻlga kiritgan.

To'qqiz yillik urush haqida.

Risvik tinchligi sharti 1697-yil / wikipedia.org

Biroq ikkala tomon ham tinchlikni faqat jangovar harakatdagi tanaffus sifatida koʻrgan. Chunki Ispaniya imperiyasi hukmdori, kasal va farzandsiz — Karl II ning vorisi kim boʻlishi haqidagi savol 30 yildan ortiq vaqt davomida Yevropa siyosatida dolzarb muammo boʻlgan. Bu 1701-yilda Ispaniya vorisligi uchun kurashga olib kelgan. Bundan oldingi voqealar 1678–1687-yillarda boʻlgan.

Fransiya-Gollandiya urushi (1672–1678-yillar) dan keyingi yillarda Lyudovik XIV oʻz qudratining eng yuqori choʻqqisida Fransiyada diniy birlik oʻrnatish, oʻz chegarasini mustahkamlash va kengaytirishga intilgan. U yangi hududni zabt etish orqali shon-shuhratga ega boʻlgan. Lekin keyinchalik 1672-yilda oʻzi boshlagan ochiq militaristik siyosatni olib borishni xohlamagan. Buning oʻrniga, u oʻz chegarasi boʻylab maʼlum strategik maqsadga erishish uchun Fransiyaning aniq harbiy ustunligiga tayangan.

“Quyosh qiroli” deb eʼlon qilingan Lyudovik gollandlarga qarshi hal qiluvchi natijaga erisha olmagan. U oʻz qoʻshinidan tahdid va qoʻrquv sifatida foydalangan. Ochiq urushdan xavfsizlik siyosatiga oʻtgan. Lyudovik XIV Bosh harbiy maslahatchisi — Luvua, Tashqi ishlar vaziri — Kolber de Kruassi va texnik mutaxassisi — Voban bilan Fransiyaning mudofaa strategiyasini ishlab chiqqan.

Voban Fransiya dushmanlarini oʻtkazmaslik uchun chegara boʻylab mustahkam qalʼalar tizimini yoʻlga qoʻyadi. Biroq toʻgʻri tizimni qurish va mustahkam chiziq hosil qilish uchun qirol qoʻshnilaridan koʻproq yer sotib olishi kerak edi. Chegarani ratsionalizatsiya (mudofaa mexanizmidan biri) qilish davlatni yanada xavfsiz va davlat siyosatini aniq qilardi. Lekin Lyudovikning asosiy maqsadi mudofaa boʻlsa-da, u qoʻshnilarini tajovuzkorlik bilan taʼqib qilganligi haqida paradoks ham kelib chiqqan. U qonuniylik, takabburlik va tajovuzkorlikni oʻzida mujassam etgan strategiya, yaʼni Qayta birlashuv orqali kerakli hududni egallagan.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org