1
Ulashish
586 marta koʻrilgan
III asr
Edessa jangi
Edessa jangi 260-yilda Edessada (hozirgi Turkiyaning Urfa shahri) imperator Valerian boshchiligidagi Rim imperiyasi va Shahanshoh Shopur I boshchiligidagi Sosoniylar imperiyasi (Eron imperatorligi sulolasi) qoʻshinlari oʻrtasida boʻlib oʻtgan. Ushbu urushda Rim qoʻshini magʻlubiyatga uchradi va Eron qoʻshinlari tomonidan toʻliq asirga olindi. Tarixda ilk marotaba Rim imperatori qoʻlga olindi.
Bundan oldingi voqealar va boshlanish
Jangdan oldin Shopur I bir necha marta Rim hududiga bostirib kirgan, 253- yoki 256-yillarda Suriyadagi Antioxiyani zabt etib, talon-toroj qilgan. Imperator Valerian hokimiyatni qonunga xilof ravishda tortib olgan imperator Emilianni magʻlub etib (254/255-yillarda), sharqiy viloyatlarga yetib keldi va asta-sekin tartibni qayta tiklay boshladi. Tez orada u Kichik Osiyoda gotlar harbiy-dengiz floti bosqiniga duch keldi. Gotlar Pontni vayron qildi va janubga — Kappadokiyaga (hozirgi Turkiyadagi shahar) qarab harakatlandi. Valerian va qoʻshinining Antioxiyada gotlarni toʻxtatib qolishga boʻlgan urinishi vabo tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
Shopur I Valerian qoʻshini zaiflashib qolganidan foydalanib, 260-yilda (taxminlarga koʻra, erta bahorda) Shimoliy Mesopotamiyaga bostirib kirdi. 60 yoshli Valerian sharqqa, Sosoniy chegarasiga yoʻl oldi. Shopur I ning “Kaaba Zoroastra” bitigiga koʻra, Valerian Rim imperiyasining german ittifoqchilari bilan birga Karre va Edessa shaharlari oʻrtasida Shopur I qoʻmondonligi ostidagi asosiy fors qoʻshini bilan toʻqnashib, butunlay magʻlubiyatga uchragan va qoʻshini bilan birga asirga olingan.
Aniq boʻlmagan Rim manbalariga koʻra, Rim qoʻshini forslar tomonidan qurshab olinib, tor-mor etilgan. Valerian keyinchalik Shopur I bilan muzokaralar olib borishga urindi, ammo asirga olindi. Shundan soʻng uning qoʻshini taslim boʻlgan boʻlishi mumkin.
Shopurning tasdiqlashiga koʻra, mahbuslar orasida boshqa yuqori martabali amaldorlar, jumladan, maʼmuriy va harbiy mansabdorlar, Rim generali Suksessianus ham boʻlgan deb taxmin qilinadi. Shuningdek, Shopur sulh tuzishga rozi boʻlgan va imperatorni qoʻlga olganidan soʻng esa oʻz soʻzidan qaytgan. Rim generallarining yetarli tajribaga ega emasligi va ajnabiylarning sotqinligi odatdagi Rim magʻlubiyati taʼrifiga xos edi.
Ingliz tarixchisi Ion Hyuzu (2023-yil) maʼlumotiga koʻra, rimliklar jangda ulkan zarar koʻrgan va Valerian qoʻlga olingan. Bu maʼlumot Shopur I yozib qoldirgan bitik bilan bir xil. Rim qoʻshinining qolgan qismi Edessaga chekinadi, ammo ular oʻz jonini saqlab qolish maqsadida taslim boʻladi.
Natija
Valerianning Shopur tomonidan qoʻlga olinganidan keyingi taqdiri haqida turli xil taxminlar mavjud. Baʼzi olimlarning taʼkidlashicha, Shopur Valerian va qoʻshinining bir qismini Bishapur shahriga yuborgan va ular nisbatan yaxshi sharoitda yashagan. Shopur qolgan askarlarni muhandislik va yangi binolar qurish uchun ishlatgan, chunki rimliklar malakali savdogar va hunarmand edi.
Band-e Kaysar (Sezar toʻgʻoni) — qadimgi Shushtar shahri yaqinida joylashgan Rim muhandisligi namunalaridan biri. Boshqa manbaga koʻra (Laktantsiy — yozuvchi), Shopur Valerianni qarol sifatida ishlatib, uni kamsitgan. Avreliy Viktorning yozishicha, u Fors imperatorining koʻngilxushligi uchun qafasda saqlangan. Valerianning oʻlimidan soʻng uning terisi somon bilan toʻldirilgan va Fors ibodatxonasida saqlangan. Ammo imperator Valerianga hurmat koʻrsatilgani va qiynoqlar haqidagi daʼvo antik davr nasroniy tarixchilari tomonidan nasroniylik taʼqibchilari duch keladigan xavfni koʻrsatish uchun toʻqib chiqarilgan boʻlishi mumkinligi haqida qaydlar ham mavjud.
Valerian qoʻlga olingandan soʻng Shopur Kapadokiyadagi Kesariya shahrini egallab oldi va uning 400 000 ga yaqin aholisini surgun qildi. Soʻngra u Kilikiyaga bostirib kirdi, lekin Makrian, Kallist va palmiralik Odenat tomonidan birlashgan Rim qoʻshinining qarshi zarbasiga uchradi.
Valerianning Edessadagi magʻlubiyati Rim imperiyasining vaqtincha parchalanishiga olib kelgan bir qator qoʻzgʻolonga sabab boʻldi. Sharqda Makrian (Rim armiyasi qoʻmondoni) Valerian xazinasini nazorat qilishdan foydalanib, oʻgʻillari kichik Makrian va Kviyetni imperator deb eʼlon qildi.
Dunay chegarasida Ingenuy (258-yildagi Rim imperatori) va Regalian (260-yildagi Rim imperatori) ham imperator deb eʼlon qilindi. Gʻarbda Rim gubernatori Postum Gallienning (253–268-yillardagi Rim imperatori) chalgʻib qolganidan foydalanib, uning vorisi Saloninni oʻldirdi va hozirgi Galliya imperiyasini oʻz nazoratiga oldi.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: midjourney.com