Orqaga
Boborahim Mashrab haqida.

597 marta koʻrilgan

1655–1711

Boborahim Mashrab

Boborahim Mulla Vali oʻgʻli Mashrab (taxallusi, 1640–1711) — oʻzbek adabiyotidagi yirik shoir va mutafakkirdir. Shoirning Namanganda tugʻilib, Balx shahrida vafot etgani haqida maʼlumotlar mavjud. Mashrab nomi XVIII–XIX asrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda (masalan, Muhammad Bade Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-asʼhob”, Abdul Muttalib Xoʻja Fahmiyning “Tazkirai Fahmiy”, “Musavvai Abdushshukur Ziyo”, “Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy” va b.) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam. Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot beruvchi manba yoʻq. Boborahim Mashrab Namanganning kambagʻal kosib (boʻzchi) Valibobo oilasida dunyoga keldi:

Na malakman, na farishta, men ham odam naslidin,
Men tavalludi oʻshal farzandi Namangoniman.

Otasi kosib boʻlishiga qaramay, ilm-maʼrifatdan xabardor kishi edi. Shuning uchun ham xalq uni Mulla Vali deb chaqirgan. Qissa maʼlumotlariga koʻra, Boborahim otadan yosh yetim qolgan, shu tufayli oila moddiy qiyinchiliklar bilan kun kechirgan. Onasi ip yigirib tirikchilik oʻtkazadi. Qissada boʻlajak shoirning goʻdakligidanoq nihoyatda halol, ziyrak, toʻgʻrisoʻz boʻlgani, hozirjavob va mushohadaliligi bilan tengqurlaridan ajralib turishi alohida taʼkidlanadi. Mashrab taʼlimni oʻz davri bilimdonlaridan, xususan, din asoslari va falsafadan durustgina boxabar boʻlgani uchun Namanganning soʻfiy eshoni Mulla Bozor Oxund nomi bilan shuhrat qozongan Xoʻja Ubaydullo qoʻlida olgan. U yerda shoir soʻfiy tariqatlar boʻyicha bilimini oshiradi, fors tilini oʻrganadi, sheʼriyatga mehr qoʻyadi.

Boborahim maʼlum muddat ustoz qoʻlida taʼlim olganidan soʻng taxminan 1665-yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga koʻra, oʻsha zamonda katta obroʻga ega boʻlgan yirik din arbobi – qashqarlik Hidoyatullo Ofoq Xoja eshon huzuriga boradi. Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yoʻnalish ruhidagi sheʼrlarning koʻp qismi Ofoq Xoja dargohida va uning targʻibot-saboqlari taʼsirida yaratilgan. Aynan Mashrab taxallusining adabiyotga kirib kelishi ham Ofoq Xoja bilan bogʻliq. Boborahimga Mashrab taxallusini ustoz Ofoq Xoja tanlab bergan. Buni shoirning quyidagi sheʼri ham tasdiqlaydi:

Quddisa sirrihu Xojam otimni “Mashrab!” dedilar,
Qoshgʻaru Yorkand ichida sohibi guftor oʻzim!

Xalq orasida tarqalgan afsonalarga koʻra, Mashrab yoshligidanoq jununsifat qiyofaga ega boʻlgan. Kiyimsiz odamlarni koʻrganida ustidagi barcha kiyimlarni yechib bergan. Taxminan 1672–1673-yillarda Mashrab Ofoq Xoja dargohini tark etadi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bu voqeaga Mashrabning piri dargohidagi kanizlardan biriga koʻngil qoʻygani sabab boʻladi. Mashrab Ofoq Xojaning kanizaklaridan birini yoqtirib qoladi. Ammo shoirning ogʻir jismoniy jazolanib quvilishi zamirida pir bilan murid oʻrtasidagi jiddiy gʻoyaviy ziddiyatlar boʻlgan degan taxminlar ham mantiqan haqiqatga muvofiq boʻladi. Ofoq Xoja huzurida taʼlim olish bilan birga shoirning yilqichilik bilan shugʻullangani ham taʼkidlanadi.

Boborahim Mashrab oʻzbek mumtoz sheʼriyatiga yangi ruh va oʻziga xos ijodiy nafas olib kirgan ulkan sanʼatkor hisoblanadi. Mashrab faqat otashzabon ijodkor sifatidagina emas, balki, ayni zamonda, adolatsizlik, zoʻravonlik, qabohat va jaholat bilan aslo kelisha olmaydigan dovyurak shaxs sifatida ham dong taratgan. Xalq tasavvurida u johil amaldorlar ustidan kuluvchi, axloqan tuban kishilarni, munofiq din arboblarini ayovsiz fosh qilib, keng omma manfaatini himoya etuvchi botirsoʻz, tadbirkor kurashchi tarzida shakllangan: oddiy xalq Mashrab timsolida oʻz ishonchli vakilini, orzu-intilishlarini baralla ayta oluvchi otashin siymoni koʻrgan.

Mashrab sheʼriyati oʻzining samimiyligi, samoviyligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Abdurauf Fitratning aytishicha, XVIII–XIX asrlarda xalq orasida “mashrabxonlik” kechalari uyushtirilgan. Xalq Mashrab gʻazallarini suygan, qoʻshiqqa solgan va maroq bilan tinglagan. Bunday yigʻilishlar erkaklar orasida boʻlgani kabi ayollar orasida ham oʻtkazilgan. Qish kechalarining uzun tunlarini Mashrab gʻazallari orqali boyitishgan.

Mashrab 1673-yilda Qoshgʻardan Namanganga — onasi yoniga qaytadi. Kasalmand onasining vafotidan keyin hech kimi qolmagan shoirning qoʻnimsiz hayoti boshlanadi. Uning keyingi deyarli qirq yillik umri doimiy safarda, darbadarlikda, turli oʻlkalarda musofirlikda oʻtdi. Turli adabiy-tarixiy manbalar, shuningdek, qissa nusxalari Mashrab borgan shahar-yurtlari, safar tartibi haqida xilma-xil, koʻpincha biri-biridan farqli maʼlumotlar beradi.

Ularda shoirning Samarqand, Xoʻjand, Toshkent, Turkiston, Buxoro, Andijon, Badaxshon, shuningdek, Yaqin Sharq oʻlkalariga borgani haqida soʻzlanadi. Mashrabning qalandarligi toʻgʻrisida bir qancha maʼlumotlar mavjud. Bu haqida 1691-yillarda Samarqandda Mashrabni koʻrgan Muhammad Badeʼ Maleho ham xabar beradi. Tarixdan maʼlumki, qalandarlar oʻz boshliqlarini “bobo” deb atagan. Mashrabning Boborahim — Rahim bobo deb atalganidan uning bir vaqtlar qalandarlar boshligʻi boʻlganini bilib olishimiz mumkin.

Ijodi

Mashrab asarlarining aksariyati chuqur ijtimoiy yoʻnalishga ega boʻlib, qoʻldan qoʻlga, ogʻizdan ogʻizga oʻtib, tez tarqalgan. Xuddi shuning uchun ham Mashrabning biror qishloq yoki shaharga kelishi izsiz qolmagan, odil kambagʻal xalq uni quvonch-xursandchilik va qiziqish bilan qarshi olgan.

Mashrabning mohiyatan inson qadri-sharafi va maʼnaviy kamolotini ulugʻlashga, ezgulik va goʻzallikni madh etishga bagʻishlangan sheʼriy merosida gʻazal, mustazod, murabba, muxammas, musaddas, musabba, masnaviy, ruboiy, taʼrix kabi janr turlarida bitilgan yetuk namunalarni uchratamiz. Ammo Mashrab avvalo mohir gʻazalnavis hamda koʻplab shoʻx va jarangdor mustazodlar, oʻynoqi va jozibador murabba hamda xalq gʻam-u hasratiga hamdardlik hissi bilan yoʻgʻrilgan muxammaslar ijodkori sifatida keng dovruq chiqargan. Mashrabning juda koʻp gʻazallari xalq qoʻshiqlaridek sodda va jarangdor, joʻshqin va taʼsirchandir. Misol keltirishimiz mumkinki, shoirning “Oʻrtar” radifli gʻazali kuy orqali butun xalq orasiga tarqalgan. Shuningdek, “Men nola qilay shomu sahar…”, “Devona boʻldum” gʻazallari mashhur qoʻshiqlarga aylangan.

Mashrab oʻzbek adabiyoti tarixida eng koʻp mustazod yozgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Shoir mustazodlari ham xuddi gʻazallari kabi shoʻx va jarangdor, nafis va zavqbaxshdir. Mashrab fors tilida ham bir necha sheʼriy turlarda yetuk namunalarni yaratgan. Mashrab ijodi keyingi asrlar adabiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Nodira, Huvaydo, Qoriy, Furqat, Hamza kabi shoirlar uning gʻazallariga taxmis va naziralar bogʻlagan.

Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosi ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shoirning asarlarida Navoiy ijodiga xos falsafiylik va dunyosevarlikni koʻrish mumkin. Mazmunning hayotiyligi, xalqchilligi, vazn ravonligi va oʻynoqiligini qayd etish kerakki, mavzu tanlash va badiiy talqinda yaqinlik va oʻxshashlikni uchratish mumkin. Mashrab muxammaslaridan birida maʼshuqaning uchrashuv haqida oshiqqa vaʼda bergani, oshiqning tunlarni bedor oʻtkazib, intizorlik bilan visol daqiqalarini kutishi toʻgʻrisida soʻz boradi.

Ammo maʼshuqa vaʼdani buzadi, vafosizlik koʻrsatib uchrashuvga kelmaydi. Muxammas oshiqning ana shu holatdagi hayajonini, his-tuygʻulari, hijronda yorni kutishdagi nozik kechinmalarini yuksak badiiylik bilan nihoyatda jonli ifodalaydi:

Vaʼda qildi bir kelay deb, koʻzga uyqu kelmadi,
Termulub yoʻlida qoldim, shoʻxi badxoʻ kelmadi,
Necha keldi shum raqiblar, ul pariroʻy kelmadi,
Dardidin oʻldim, tabib, dardimgʻa doru kelmadi,
Men shahidi ishq boʻldim, qatrai suv kelmadi.

Mashrab oʻzigacha yashab ijod etgan fors-tojik va turkiy xalqlar shoirlari asarlarini qunt bilan oʻqigan; ularning maʼnaviy va poetik fazilatlarini oʻzlashtirgan; avval buyuk soʻz daholariga ergashib, ularning asarlariga tazmin va naziralar yozgan. Shoirning quyidagi misralar bilan boshlanuvchi gʻazali Lutfiyga qilgan tazminidandir:

Sensan sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.
Gʻam shomi firoqingda kabob etti falakni,
Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma.

Kitobxon yaxshi sezadiki, ushbu parchaning birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi misrasi Lutfiy devoniga mansubdir. Tazmin usul mohiyati shuki, ustoz shoir sheʼrining vazn va mavzusi tazmin yozgan kishi asari uchun zaminlik va asoslik rolini oʻynaydi. Mashrabning bizga maʼlum boʻlgan asarlari xususida unga nisbat berilgan sheʼrlar, 1906-yilda Qozonda bosib chiqarilgan “Boqirgʻon kitobi”da Mashrab taxallusli parchalar hamda Mashrabga nisbat berilgan “Mabdayi nur” va “Kimyo” ismli manzum kitoblardan iborat. Abdurauf Fitratning olib borgan tekshiruviga koʻra, “Boqirgʻon kitobi”dagi Mashrabga nisbat berilgan oʻn parchaning shoirning asari ekani anglashiladi. Undagi sheʼrlarning hammasi oz-koʻp oʻzgarishlar bilan asarda kiritilgan. Biroq ularning barchasi shoir qalamiga mansub emas. Shuning uchun asarni Mashrab emas, uning muridi yo muridining muridi boʻlgan bir kishi tomonidan afsonaviy va xayoliy bir shaklda tartib qilingani taxmin qilinadi.

“Qonimni toʻkar emish Balx shahrida Mahmudxon” deb oʻz oʻlimidan xabar beruvchi sheʼrlar mavjud. Bu esa asar muallifini aniqlashda qiyinchilik tugʻdiradi. Vaholanki, Mashrab oʻlimidan soʻng sheʼr yozmagan. Mashrabga nisbat beriladigan “Mabdayi nur” asari 1912-yilda Buxoroda tosh bosmada bosib chiqarilgan. Kitob mashhur Jaloliddin Rumiyning masnaviylariga oʻzbek tilida sharh tariqasida yozilgan. Jaloliddin Rumiyning masnaviysidan baʼzi baytlar olinib, har baytning forsiycha matnidan keyin ayni vaznda oʻzbekcha sharh boshlangan. Sharhda Jaloliddin Rumiyning soʻfiyona ramzlari izoh etiladi.

Soʻng soʻzning borishiga munosib bir-ikki hikoya beriladi. Aksariyat hikoyalar mashhur soʻfilarning hayotlaridan olingan yoxud ularning hayotiga bogʻlangan boʻladi. Hikoyadan keyin mavzuga munosib oʻzbekcha gʻazal keladi. Gʻazallarning oxirgi misrasida “Mashrab”, “Mabdayi nur” soʻzlari qoʻllangan. Shuning uchun kitob “Mabdayi nur” deb atalishi ham mumkin. Gʻazaldan soʻngra yana Jalol Rumiyning masnaviysidan bir bayt keltirilib, yuqoridagi tartib asosida davom ettiriladi. “Mabdayi nur” kitobi uch jild boʻlib, “Masnaviy”ning 1–2–3-jildlariga bogʻlab yozilgan.

Shahar va qishloqlar ezilgan ommasining gʻam-u hasratlarga toʻla kulfatli hayotini badiiy tasvirlash xalqchil shoir ijodida yetakchi mavzulardan biri boʻlgan. Doimo xalq ichida yurib, uning yashash sharoiti va orzu-intilishlaridan yaqindan xabardor boʻlgan Mashrab mashaqqatli hayotni haqqoniy badiiy lavhalarda mahorat bilan tasvirladi, nihoyatda sodda, ravon, ammo mazmunan zalvorli misralarda samimiy hamdardlik va yurakdan achinish tuygʻularini taʼsirchan ifodaladi.

Sheʼrlaridan birida “Azaldin men dili gʻamgin xaloyiq xaylini sevdim!” deb yozgan shoir boshqa bir oʻrinda “Oʻzimdek xonavayronlarni koʻrsam, zor yigʻlarman!” deya ezilgan ommaga toʻla xayrixoh ekanligini alohida taʼkidlaydi.

Mashrab sheʼriyatida “koʻzi yoshli”, “baxti qaro”, “dard ahli”ga, “gʻam xayli”ga hamdardlik, ular bilan hamdamlik gʻoyalari qayta-qayta takrorlanishi bejiz emas. Mashrabning “Tanho” radifli muxammasida bevosita xalq va uning turmush sharoitini haqqoniy koʻrsatuvchi lavhalar chizilgan. Har bir oʻquvchi yuragini oʻrtovchi mana bu misralar shoir ijodining toʻla xalqchil mohiyatiga ishonchli dalildir:

Dili tigʻi sitamdin pora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Tanu dardu alamdin yora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Koʻzi vaqti sahar sayyora boʻlgan xalqni koʻrdim…

Badiiy adabiyotda, xususan, lirika atrofida juda koʻp mavzular yondosh keladi. Oʻsha mavzulardan eng taʼsirlisi, inson qalbini junbushga keltiradigani ishq mavzusidir. Darhaqiqat, “Sevgi havasning, ishq nafasning tugaguniga qadar”, – degan edi Mavlono Jaloliddin Rumiy. Tasavvufning yirik vakili va dardi ishq sohibi, majnuntabiat, qalandarlik yoʻlini tutgan Boborahim Mashrab ijodiyotiga qadam qoʻyar ekanmiz, ruhiy toʻlgʻonishlar, harorati bilan yuraklarni jizgʻanak qilgan bu azaliy tuygʻuni qanday yuksak pardalarda kuylanganini aytish joiz.

Mashrabdagi junun – ilohiy ishq jazbasi. U ishqning shiddatli tugʻyonlarida “junun vodiy”siga qochadi. Uni hamma joyda hamma tomondan “ham lashkari” taʼqib qiladi. “Gʻam lashkari ichra” “hayronu xarob” shoir goh “jismi joni”ning afgorligidan soʻzlasa (“Lashkari ham bu sinuq koʻnglumni afgor ayladi”; “Jismi jonimni figor etti gʻamingni lashkari”), goh oʻzligini ham tarozusiga tortadi (“Gʻam tarozusigʻa tushgan bori vazminmen bugun”). “Gʻamdin oʻzga boʻlmadi dardimga darmon oqibat”, – deganida u haq edi. Mashrabning shaxsiyati haqida aniq tasavvurga ega boʻlmoq uchun sheʼrlaridagi mana bunday jumla va iboralarga nazar tashlash kifoyadir: “Ishq sargardoniman”, “Dard ila xarob oʻldim”, “Tinmay kuyub yondim”, “Manga motam tutib yigʻlar daru devor”, “Tilim lolu koʻzim giryon”, “Nolishimdan qoʻrqaman”, “Sahar soʻzimgʻa chirmashdim”, “Dilim daryoi nurdur”, “Gunahim hayrdin emas, koʻzimdin”, “Oʻlturub qon yigʻlasam arzir”, “Tah-batah qondur yurak”, “Mandin zabunroq yoʻq kishi”, “Men qonlar yutay to oʻlguncha”, “Dardu gʻam ichra sargʻaydi yuzum”, “Aylandim keldim yana gʻam uyiga”, “Mehribonim yoʻq mani”, “Yotibmen qoru yomgʻir ustima oʻtib”, “Musibat selini barbodi boʻldum”, “Koʻngulda gʻussa koʻp”, “Gʻam loyi ichra qolmishman”.

Turli-tuman shakl va talqinlarda jilolanuvchi bu dunyoqarashning butun mohiyat-magʻzi shoirning quyidagi qatʼiy eʼtirofida nihoyatda yaqqol va loʻnda ifodalangan:

“Bir Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo,
Gul agar boʻlmasa ilkimda tikonni na qilay?!”
Ha, birgina qudratli yaratuvchidan boshqa hamma-hammasi “gʻalat”, deydi shoir.

Baytda Mashrab birinchi misra mazmunini ikkinchi misrada hayotiy va tasavvufiy ramz-timsollar vositasida namoyon etadi. Umuman tasavvuf taʼlimotida boʻlganidek, Mashrab ijodida ham, faqat Allohnigina tan olish, yakka ungagina chin muhabbat qoʻyish va uning vasliga talpinish jarayonida barcha “gʻalat”larni rad etish soʻfiy adabiyotda asrlar davomida qaror topgan ramz-timsollar, tushuncha-iboralar (“Ishq”, “Muhabbat”, “Yor”, “Jonona”, “Gul”, “May”, “Boda”, “Visol” va boshqalar) vositasida amalga oshirilgan.

Albatta, Mashrab sheʼriyatining har bir namunasidan tasavvufiy mazmun va soʻfiy ramz-timsollarni qidirish, har bir holatda maʼshuqa madhi va uning vasliga intilish zaminida Yaratuvchi madhi va unga sigʻinish, talpinishni tushunish xatodir. Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat-fazilatlarini taʼriflash, orzu-umidlari, shodlik-quvonchlari va gʻam-tashvishlarini haqqoniy tasvirlash ham salmoqli oʻrin egallaydi. Bu mavzu asosan hayotiy ishq-muhabbatni ulugʻlash, goʻzal maʼshuqa husn-u latofatini taʼriflash, oshiqning sevgi-sadoqatini, yor vasliga intilishini ishonchli tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.

Chindan ham Mashrabning ishqiy lirikasi, uning barcha sheʼrlari kabi, hayotiy mavzusi va joʻshqinligi, nihoyatda ravon va oʻynoqiligi, xalq qoʻshiqlari kabi sodda va samimiyligi bilan tinglovchilar qalbiga tezda yoʻl topa biladi, ularga badiiy zavq baxsh etadi. Shoir agar taʼbir joiz boʻlsa, asarlarining shu fazilatlari bilan sheʼriyatda Mashrabona uslub yaratdi. Aytilgan fazilatlar jumlasiga shoʻx vazn va jarangdor radif-qofiyalar tanlash, xalq jonli tilidan oʻrinli va unumli foydalanish, har bir misraga surʼat va joʻshqinlik baxsh etish mahoratini ham kiritish joiz.

Xotima

Balx shahrining “Javonmardi qassob” degan mashhur ziyoratgoh yaqinida Mashrabning birinchi qabri mavjud. Ammo keyinchalik Tahor viloyatining Ishkamish qishlogʻiga uning hokini olib kelib qoʻyishgan, u Xonobod shahriga 30 kilometr masofada joylashgan. Boborahim Mashrab hayotining intihosi Balx shahrida xotima topdi. Hokim toifa, mutaassib ruhoniylar unga oʻzlarining ashaddiy gʻanimi deb qaradi. Uni yoʻqotish payiga tushdi. Balx va Qunduz hokimi boʻlgan Mahmud Qatagʻonbiyning hukmi bilan 1711-yilda dorga osib oʻldirildi.

Maʼlumki, Mashrab kabi oʻzbek adabiyoti yirik vakili ijodini tiklash bir-ikki kishining ishi emas, balki ilm ahlining birgalikdagi mehnati natijasigina boʻlishi mumkin. Asl Mashrabni boshqa Mashrablardan ajratish, shoir asarlarini yigʻish va ommaviylashtirishda akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom, muhtaram olimlarimiz: filologiya fanlari doktorlari Abduqodir Hayitmetov, Vohid Abdullayev, Abdurashid Abdugʻafurov, Ergashali Shodiyev, filologiya fanlari kandidati Muhsin Zokirov, Jaloliddin Yusupovlar ozmuncha ter toʻkmadi.

1990-yil xatirchilik oʻrta maktab oʻqituvchisi, mashrabshunos olim Jaloliddin Yusupov saʼy-harakati va soʻng soʻzi, N.Komilov, Gʻaybulla Salom kirish soʻzi bilan Mashrabning “Mehribonim qaydasan” 22 bosma taboqda 80 ming nusxada gʻazal va besh janrdagi sheʼriy asarlari salmoqli hajmda nashr etilib, deyarli qisqa (6 oy) fursatda ommaga tarqalib ketdi.

Fidokor inson, zahmatkash olim J.Yusupov Mashrab haqidagi ijodiy ishni rivojlantirib, “Mashrab” “Devon” (Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2006-yil, 62 bosma taboq (4 ming nusxa))ni nashr ettirdi. Bunga J.Yusupov salmoqli kirish, soʻz boshi yozib, unga shoirning turli janrdagi gʻazallar, mustazodlar, murabbaʼlar, muxammaslar, musaddaslar, musabbalar, musammanlar, masnaviy, fardlar, toʻrtliklar va oxiriga 150 bet lugʻat va izohlar yozib nashr qildirdi.



Manbalar: Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. (2000) / Mashrab. Devon. (1980) / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi
Muqova surat: arboblar.uz