Orqaga
Nodirabegim haqida ma'lumot.

47 marta koʻrilgan

1792–1842

Nodira

Biografiya

Nodira (asl ismi Mohlaroyim) 1792-yili Andijon hokimi Rahmonqulibiy oilasida dunyoga keldi. Onasi Oyshabegim maʼrifatli ayol boʻlgan. Oilaviy silsilasiga koʻra Bobur nasliga mansub boʻlib, shoiraning ota-onasi ham davrning eʼtiborli kishilari edilar. Mohlaroyim ana shunday muhitda taʼlim-tarbiya oldi. U yoshligidan sheʼr yozishga havas bildirdi. Navoiy, Jomiy va Bedil kabi allomalarning asarlarini qunt bilan oʻrganib, ruhan yetuklikka erishdi. Shuni aytib oʻtish joizki, u xalqimizning tarixi, madaniyati, ilm va adabiyoti taraqqiyotidan xabardor boʻlib ulgʻaydi.

Oʻsha davrda Qoʻqon xonligi Olimxon tomonidan boshqarilar edi. Uning ukasi Umarxon esa Fargʻona vodiysining nufuzli shaharlaridan biri – Margʻilonda hokim edi. Bir-birlariga koʻngil qoʻygan Umarxon va Mohlaroyim 1807-yilda turmush quradilar. Shu munosabat bilan Mohlaroyim Margʻilonga keladi. Oradan koʻp oʻtmay Qoʻqon xonligidagi muttasil ziddiyatlardan soʻng 1810-yiI Olimxon qatl etilib, uning oʻrniga Umarxon taxtga koʻtariladi. Aynan shu yillarda Mohlaroyimning keng miqyosda ijod bilan shugʻullanishni boshlaydi.

Nodira Qoʻqonda xon saroyida boʻlgani uchun davlat ishlaridan ham xabardor boʻlib borardi. Xususan, adabiyot va sanʼat ahli bilan yaqinlashishga, koʻp asrlik adabiyotimiz yoʻlidan borib, davr sheʼriyatini yuqori koʻtarishga astoydil kirishadi. Mohlaroyim va Umarxonning oilasida ikki oʻgʻil – Muhammad Alixon va Sulton Mahmudxonlar tugʻiladi.

Siyosatga kirib kelishi

1822-yili Amir Umarxon bevaqt vafot etadi. Shundan soʻng taxtga oʻgʻli yosh Muhammad Alixon keladi. Nodira ham oʻgʻli bilan birgalikda hokimiyatni boshqarish ishlarida faol ishtirok eta boshlaydi. Nodira boshqaruvidagi mamlakat tinch edi. Bundan tashqari, qoʻshni oʻlkalar bilan savdo-sotiq va boshqa sohalarda turli kelishuvga erishildi.

Nodiraning mamlakatdagi qurilishlar borasidagi ishlari, madaniyat va adabiyot borasida koʻrsatgan tashabbuskorliklari shoira devonida taʼkidlab oʻtilgan. Bu maʼlumotlar zamondosh tarixchilar Nodir, Xotif va Mushriflar tomonidan ham tasdiqlanadi. Shoir Nodir Mohlaroyimga bagʻishlab yozgan “Haft gulshan” dostonida uni olim-u fozillarga koʻrsatgan eʼtibori, isteʼdodli shoirlarni ijod bilan shugʻullanishga undagani, ayniqsa, xotin-qizlardan chiqqan shoira va fozilalarni oʻz himoyasiga olgani haqida batafsil aytib oʻtgan.

Nodira bilan zamondosh qozi Abdunabi Xotif u haqidagi xotiralari va shoiraning hayoti hamda ijtimoiy faoliyatiga bagʻishlab voqeband doston yozadi. Asar tugallanmagan boʻlsa-da, unda shoiraning ilmiy va ijtimoiy faoliyatini ishonarli dalillar bilan koʻrsatishga urinadi. “Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va soʻzning qadriga yetadigan donishmand ayol ekanligini koʻrsatishdir”, deydi Xotif. Dostonda Nodiraning madaniyat va adabiyot homiysi ekani alohida taʼkidlanadi:

“Mamlakat xirojlaridan behisob tilla va javohirlarni sarf qilib bir madrasayi oliy, naqshdor masjid, hammom, karvonsaroy bino qildirdi va madrasa, masjidlarga hisobsiz vaqflar tayin qildi… Bu kunlarda yana kitoblar yozdirish va ularga zebi ziynat berishga farmon qilib, bir kitobxona bino ettirdi. Undagi kotiblar, xattotlar, naqqoshlarga shunday karam va ehsonlar qoʻrguzdiki, buning ovozasi atrof olamga mashhur boʻldi. Amudaryoning bu tomonidagi yoqutqalam kotiblar, Mirali raqam roqimlar, Moniy kabi musavvirlar bu yerga jam boʻldilar. Shunday qilib, bu ayol aql-u donish va yaxshi fazilatlari bilan yagonayi zamona, “Nodirayi davron” boʻlib tanildi va xalqlar tahsiniga sazovor boʻldi”.

Ijodi

Mohlaroyim “Komila”, “Nodira”va “Maknuna” taxalluslari bilan oʻzbek va fors-tojik tillarida lirik asarlar yaratgan. Nodiraning hayot yoʻli va adabiy merosi haqida Lutfulla Olim , Fitrat, S. Ayniy, V. Zohidov, V. Abdullayev, Oʻtkir Rashid, T. Jalilov kabi olim, shoirlar, ayniqsa, uning oʻz davri adabiyotidagi oʻrni haqida A. P. Qayumov yaratgan tadqiqotlar katta ahamiyatga ega. 1960-yillargacha ham shoira merosining juda kam qismi maʼlum edi. Lekin izlanishlar tufayli shoira devonining qoʻlyozmalari topiladi, ular oʻrganilib, tahlil etiladi, ilmiy ishlar yoziladi. Natijada shoiraning Komila taxallusi bilan oʻzbek va fors-tojik tillarida jamlangan, oʻzi hayotlik davrida koʻchirilgan devoni Samarqanddan, Nodira taxallusidagi asarlaridan iborat devoni esa Namangan shahridan topildi. Toshkentda esa Maknuna taxallusi bilan yaratilgan fors-tojik tilidagi sheʼrlari jamlangan yana bir devoni borligi aniqlandi.

Mohlaroyimning Komila taxallusi bilan jamlangan katta ilk devoni oʻz davrida ham mashhur boʻlgan. Keyinchalik uning madaniyat va adabiyot sohasidagi tashabbusi, betakror iqtidori tufayli zamondoshlari unga “Nodirayi davron” deb ulugʻlaydi. Shundan soʻng Nodira devoni ham vujudga keladi. Shoiraning fors-tojik tilidagi devoniga soʻzboshi yozgan nomaʼlum adibning taʼkidlashicha, devon Umarxon vafotidan soʻng jamlangan boʻlib, undagi forsiy sheʼrlarga shoira tevaragidagi fozillarning maslahati bilan Maknuna taxallusi qoʻyilgan. Bu uchta taxallusda yozilgan devonlar taxminan oʻn ming misra sheʼrni oʻz ichiga oladi. Bugungi kunda shoira devonlarining qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda.

Nodiraning devonlari qaysi tilda yozilgan boʻlsa oʻsha tildagi debochalar bilan boshlanadi. Debochalarda shoiraning hayot yoʻli, ijod bosqichlari, uni oʻrab turgan adabiy muhitning xususiyatlari, soʻz borayotgan devonlarning mundarijalari haqida muhim maʼlumotlar jamlangan.

Devonlarda Nodira Sharq adabiyoti, xususan, oʻzbek adabiyotining tematikasi, janr xususiyatlariga xos boy manzarani tasvirlagan. Shuningdek, oʻtmishning teran anʼanalaridan bahramand boʻlib yaratilgan gʻoyaviy va badiiy yetuk asarlari ham alohida eʼtiborga sazovor. Nodira ijod borasida Alisher Navoiyni oʻziga ustoz deb bildi. Nodiraning:

“Keldi ashraf barcha odam ahlidin,
Yoʻq turur dunyoda insondin aziz, — misralari Navoiyning “Jondin seni koʻp sevarman, ey umri aziz” soʻzlari bilan boshlanuvchi ruboiysini yodga soladi.“

Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, hayo kabi xislatlarni maʼrifat, yaʼni xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi fazilat sifatida qayd etadi. Shu sifatlardan mahrum boʻlgan inson, Nodiraning fikricha, riyo yoʻliga kirib ketadi. Nodira oʻz ijodida nafaqat dunyoviylik toʻgʻrisida,balki tasavvufning naqshbandiya yoʻnalishiga asoslangan bir butunlik bilan insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muhabbat yoʻlidagi ruhiy dunyosini ham juda goʻzal va jonli misralarda kuylaydi. Shoira uchun ishq, goʻzallikning nashʼasini ham, dardini ham kuyib, yonib kuylash, his qilish sharafdir. Agar inson qalbida yuksak axloq-odob choʻgʻi boʻlmas ekan, u ishq-muhabbatni qadrlay olmasligini taʼkidlab, “beadab kirma muhabbat dashtigʻa”, deydi.

Nodira tabiat maftuni edi. Uning sheʼrlarida safoli bahor ayyomining kirib kelishi, Navroʻz tufayli joʻshqin taronalarning boshlanishi, bogʻlarda gullarning ochilishi bilan ularning rang-barang libos kiyishi, muattar hidlar taratishi ajoyib obrazlarda kuylanadi. Nodira tilga olgan mavzular doirasi qancha keng boʻlsa, undagi maʼnolar ham shu darajada zalvorli. Shu zalvorli maʼnolarni yuzaga chiqarishda shoira tomonidan qoʻllangan badiiy vositalar uning katta mahoratini koʻrsatadi.

Dilshodi Barno (1800–1905) Nodiraning zamondoshi va izdoshi boʻlib, uning sheʼriyatiga qattiq ixlos qoʻygan edi. Dilshodi Barno oʻz sheʼrlarida Nodirani “ilm-adab va nazm osmonining yulduzi”, “ushshoqlar gʻazalxoni”, “shakar sochuvchi bulbul” sifatlari bilan taʼriflaydi.

Vafoti

Xonliklar oʻrtasida davom etib turgan davomiy nizolar Mohlaroyimning oʻz faoliyatini keng ravnaq toptirishiga rahna solib turar edi. Oqibatda, 1842-yili Buxoro amiri Nasrullo goʻyo bu yerda izidan chiqqan shariat qoidalarini nizomga solish niyatida Qoʻqon ustiga bostirib keladi. Xonlikning hamma eʼtiborli kishilarini taʼqib etadi. Mohlaroyimni, uning ikki oʻgʻli Muhammad Alixon, Sulton Mahmudxon va nabirasi Muhammad Aminxonni vahshiylarcha qatl etadi.

Nodirabegim haqida ma'lumot.

Qoʻqonda qabristondagi yodgorlik / wikipedia.org

Xotira

Nodira merosining katta va kichik qoʻlyozmalari xalqimiz qoʻliga yetib kelishi bilan ular matniy jihatdan oʻrganilib, bir qator nashrlar yuzaga chiqdi. Masalan, shoiraning 1960-yillarda chop etilgan ilk saylanmasi keyinroq shoira asarlarining alohida jildlari sifatida boyidi. 1968–1972-yillarda shoiraning ikki jild, uch kitobdan iborat oʻzbek va fors-tojik tilidagi devoni muxlislar qoʻliga yetib bordi, forsiyda yozilgan gʻazallari nasriy tarjima qilindi. Tojikiston va Afgʻonistonda shoiraning asarlari chop etildi, Sankt-Peterburglik sharqshunos olim S. N. Ivanov yordami bilan ularning ruscha tarjimalari rus kitobxonlariga ham yetib bordi.

1992-yilda mamlakatimizda shoira tavalludining 200 yilligi Qoʻqon, Andijon va boshqa shaharlarda keng nishonlandi. Shu yillarda “Davr Nodirasi”, “Ey sarvi ravon” kitoblari chop etildi. 1994-yilda “Fan” nashriyoti Uvaysiy va Nodira sheʼrlaridan iborat yangi bayozni kitobxonlarga hadya etdi. Badiiy adabiyotda Nodira obrazi gavdalantirildi, koʻplab drama, roman, kinofilmlar yaratildi. Andijon viloyatida kinoteatr, Toshkent, Namangan viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston respublikasida koʻcha nomlari shoira Nodira sharafiga atalgan.



Manbalar: “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi / wikipedia.org
Muqova surat: wikipedia.org