33
Ulashish
1125 marta koʻrilgan
1897–1938
Cho‘lpon
Biografiya
Oʻzbek sheʼriyatining yetuk namoyandalaridan biri Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli 1897-yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan boʻlib, Choʻlpon uning adabiy taxallusidir. Otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus oʻgʻli (1874–1929) dastlab dehqonchilik, soʻngra bazzozlik bilan shugʻullangan. Taniqli jurnalist va yozuvchi Moʻminjon Muhammadjonov “Turmush urinishlari” kitobida qayd etishicha, Choʻlponning otasi Sulaymonqul oʻz davrining yetuk ziyolisi, maʼrifatparvar kishisi boʻlgan. U “Rasvo” taxallusi bilan sheʼrlar ham yozgan, devon yaratgan. Sulaymonqul farzandining bilim olishini qoʻllab-quvvatlaydi hamda zarur shart-sharoitlar yaratib beradi. Taʼlim olish uchun madrasalardan biriga oʻqishga beradi. Keyinchalik shoir rus-tuzem maktabida ham tahsil olgan. Biroq qaysi maktab va madrasada oʻqigani haqida aniq maʼlumot yoʻq. Balki, rus-tuzem maktabida oʻqimagan boʻlishi ham mumkin. Choʻlpon yashagan davrdagi rus-tuzem maktablarida uning ism-sharifi qayd qilinmagan. Choʻlpon otasiga yordam berish maqsadida bazzozlik bilan ham shugʻullanadi. Biroq asosiy faoliyati yoshligidanoq koʻngliga tugib qoʻygan maʼrifatchilik harakati edi. Boʻlgʻusi shoir 1913-yildayoq turk tarixiga doir asarlar bilan tanishgan, soʻngra “Turk yurdi” va “Sayra” kabi nashrlarni muntazam kuzatib borgan. M.Muhammadjonov 1916-yilda Choʻlpon bilan ilk bor uchrashganini eslab: “Abdulhamid har kuni xususiy ravishda ruscha oʻqir edi. Tatariston, Ozarbayjon, Hindistonda chiqadigan hamma gazeta va jurnallarga mushtariy boʻlib, ruscha gazetalarni ham oʻqib turar edi”, — deydi. Shuncha gazeta-jurnallar, ayniqsa, chet elda chiqadigan nashrlar obunasi anchagina mablagʻni talab qiladi, yaʼni bazzoz Sulaymonqul oʻgʻlining bilim olishi uchun molini ayamaganini koʻrsatadi. Choʻlponning rus tilini mustaqil tarzda oʻrganishi uning yana bir yorqin isteʼdodlaridan biridir. Tarjima sohasida qilgan sermahsul ijodi buning yaqqol dalilidir.
Adabiyotga kirib kelishi
Choʻlpon oʻn yetti yoshidanoq jadid nashrlari bilan aloqa bogʻlaydi, ularda avvaliga kichkina xabarlari, soʻng nazmiy va nasriy mashqlari, publitsistik maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. Eʼtiborlisi, u nafaqat Turkiston, balki Qrim, Tatariston, Boshqirdistonda chop etilgan gazeta-jurnallarda ham ijod namunalari bilan qatnashishga harakat qilgan. Choʻlponning matbuotda chop etilgan ilk asari “Sadoyi Turkiston”ning 1914-yil 3-sonidan joy olgan “Turkistonli qardoshlarimizga” sheʼridir. Shundan soʻng “Sadoyi Turkiston” va “Sadoyi Fargʻona” gazetalarida birin-ketin “Qurboni jaholat”, “Doktor Muhammadiyor” nomli hikoyalari, “Bahor avvallari” etyudi, “Adabiyot nadir?” va “Muhtaram yozgʻuchilarimizga” nomli adabiy-tanqidiy, “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik” hamda “Vatanimiz Turkistonda temir yoʻllar” nomli publitsistik maqolalari eʼlon qilindi. Albatta, mazkur asarlar mukammallikdan ancha yiroq, biroq adibning ijodkor va shaxs sifatidagi oʻsishini kuzatish uchun gʻoyat muhim. 1914–1915-yillardagi “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Fargʻona” gazetalari bilan hamkorlik Choʻlpon uchun qoʻshimcha mashgʻulot edi, asosiysi esa savdo ishi boʻlgan. Ushbu nashrlar toʻxtagach, 1915–1917-yillarda Andijonda chop etilgan “Turkestanskiy golos” gazetasi tahririyatida ishlagani professional jurnalistik faoliyati boshlanganidan darak beradi. 1920-yillarda Choʻlpon shoir sifatida shuhrat qozondi, yangi oʻzbek sheʼriyatining chinakam lideriga aylandi va eʼtirof etildi. Davr matbuotida eʼlon qilingan va “Oʻzbek yosh shoirlari” jamoa toʻplamiga kirgan sheʼrlari, “Uygʻonish” (1922), “Buloqlar” (1922), “Tong sirlari” (1926) toʻplamlari oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Shu yillarda markaziy matbuotda Choʻlpon sheʼriyati haqida iliq fikrlar aytildi: Z.Bashir, A.Saʼdiy, V.Mahmud kabi munaqqidlarning maqola va taqrizlari eʼlon qilindi.
Ijodi
“Yoʻlda bir kunduz”, “Yoʻlda bir kecha”, “Sharq poyezdi keldi”, “Sharq uygʻongan”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yoʻl esdaligi” singari oʻnlab ocherklari va publitsistik maqolalarida chorizm mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf yetkazgan jabr-u jafolar yetmaganidek, fuqarolar urushi davrida roʻy bergan fojialarni qoraladi. Choʻlpon 1922–1926-yillarda oʻzining “Uygʻonish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari”(1926), “Soz” (1935) kabi toʻrtta sheʼriy toʻplamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib, “Joʻr” toʻplamini tayyorladi. Ammo “Soz”i chop etiladi, “Joʻr” toʻplami qatagʻonlik tuzogʻiga ilinib qolib ketadi. Shoirning toʻplamlari orasida “Buloqlar” (1923) alohida ajralib turadi. Toʻplam besh boʻlimdan iborat boʻlib, ular “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yoʻllar” va “Qor qoʻynida” deb nomlanadi. Choʻlpon yetuk lirik shoirgina emas, balki “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda”, “Doʻxtur Muhammadyor”, “Qor qoʻynida lola” kabi oʻnlab hikoyalar, “Kecha va kunduz” (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan isteʼdodli adibdir. Choʻlpon dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning “Xalil farang”, “Choʻrining isyoni” kabi kichik pyesalari, “Oʻrtoq Qarshiboyev”, “Mushtumzoʻr” kabi dramalari hamda koʻp vaqt sahnadan tushmagan “Yorqinoy” pyesalari mashhur boʻlgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V.Yan bilan hamkorlikda “Hujum” dramasini yaratgan. “Oʻzbek yosh shoirlari” (1923), “Goʻzal yozgʻichlar” (1925), “Adabiyot parchalari” (1926) majmualarida chop etilgan sheʼrlari, “Doʻxtur Muhammadyor” (1914), “Oydin kechalarda” hikoyalari yangi davr oʻzbek nasri rivojiga salmoqli hissa boʻlib qoʻshildi. Choʻlpon adabiyot olamida oʻzining dastlabki qadamlarini tashlar ekan, Andijon tuprogʻida, hatto atrof shahar va qishloqlarda roʻy berayotgan voqealarga munosabat bildirishga, jamiyat hayotida koʻringan yangi tamoyillarni targʻib qilish, nuqson va illatlarni esa Behbudiy koʻzgusi orqali el-yurtga namoyish etishga urindi.
1914-yil aprelidan boshlab Toshkentda “Sadoi Turkiston” nomida yangi gazeta chiqa boshladi. Haftada ikki marotaba chiqadigan bu “adabiy, iqtisodiy, fanniy va maishiy” gazetaning muharriri Rusiyada tahsil koʻrib qaytgan mashhur advokat Ubaydulla Xoʻjayev (Asadullaxoʻjayev) edi. U Tataristonda chop etilayotgan “Vaqt” gazetasi va “Shoʻro” jurnali yoʻlidan borishga intilib, xorijiy Sharq mamlakatlari hayotini yorituvchi maqola va xabarlar berishga katta ahamiyat berdi, oʻz atrofiga mahalliy ijodiy kuchlarni yigʻish va ular koʻmagida gʻaflat ogʻushida yotgan vatandoshlarini uygʻotish vazifasini bajarishga kirishdi. Gazetaning 18-aprel sonidayoq Abdulhamidning “Turkistonli qardoshlarimizga” degan sheʼri bosildi:
Ilm-maʼrifat ham hunardin qoldi mahrum bizni xalq,
Maʼrifatsizlik balosiga yoʻliqgʻon bizni xalq.
Bir kishi millatparast oʻlsa, deyurlar “daxriy” deb,
Bir kishi millatni soʻksa, izzat aylar bizni xalq.
Maktaba yoʻq bir tiyin, toʻyga ming soʻmlab berur,
Chorasiz mushkul kasalga mubtalodir bizni xalq…“
“Adabiyot nadir?” nomli maqolasida soʻz sanʼati haqida soʻz yuritar ekan, adabiyotning ijtimoiy hayotdagi oʻrni, vazifalariga diqqat qiladi va uqtiradi: “Adabiyot yashasa, millat yashar. Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagʻon va adiblar yetishtirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz boʻlur”. Choʻlpon tushunchasidagi adabiyot millatni inqirozdan saqlashi, uning taraqqiysiga xizmat qilishi darkor. Muallif ommaning adabiyotga befarq, hatto oʻtmishda yaratilgan “taʼrixi umumiylarni oʻqub anglamoqdin” yiroq ekanligidan tashvish chekadi. Yevropa xalqlarining adabiyotga tamom oʻzgacha munosabati haqida havaslanib yozadi.
Shoir teatr sohasida
Oʻzbek teatr sanʼati uchun malakali aktyorlar tayyorlash maqsadida Moskvadagi “Stalin nomigʻa ochilgʻon oʻzbek bilim yurti” qoshida 1924-yilda Oʻzbek drama studiyasi tashkil qilingan edi. Choʻlpon unda ochilgan vaqtidan boshlab ishlagan, degan fikrlar mavjud. Teatr sanʼatiga ayricha mehr bilan qaragan Choʻlpon yosh isteʼdodlar sahna sanʼati sirlarini egallashlari yoʻlida astoydil xizmat qildi. Adib studiyachilar uchun Gogolning “Revizor”, Gotssining “Malikayi Turandot” kabi asarlarini tarjima qildi, repertuarni milliy asarlar bilan boyitish maqsadida “Yana uylanaman”, “Qorovul uyqusi” kabi pyesalar yozdi. Moskva davri Choʻlponning ijodiy oʻsishida katta ahamiyatga molik boʻldi. Studiya ishida faol qatnashgan taniqli aktyor-u rejissyorlar bilan yaqin aloqa bogʻlagan adibga sahna sanʼatining qorongʻu tomonlari ochildi. Shuning uchun boʻlsa kerak, Choʻlpon oʻzining 1921-yildayoq sahnalashtirilgan “Yorqinoy” pyesasi haqida “xomroq boʻlgani uchun yana ishlanmakchi” ekanini yozadi. Yuqoridagi maqoladan koʻrinishicha, u “Uzunquloq bobo” pyesasining studiya repertuariga kirishidan umidvor boʻlgan.
Dramalari
Oʻzbek teatrining dastlabki tekshiruvchilaridan biri B.Pestovskiyning bevosita Choʻlpondan olgan maʼlumotlari asosida “искуство и жизнь” jurnalining 1922-yil 1-sonida eʼlon qilingan maqolasida aytilishicha, uning “Yorqinoy” dramasi 1920-yil 24-noyabrda Toshkentdagi “Xalq uyi”da namoyish etilgan. Choʻlponning sahna yuzini koʻrgan ilk asaridan keyin, 1921-yil yanvarida, “Turon” teatrida uning “Xalil farang” pyesasi sahna yuzini koʻrdi. Uning shu yillarda yozgan “Choʻlpon sevgisi” sheʼriy dramasi 1922-yilga qadar sahnaga qoʻyilmadi. (Undan keyin qoʻyilgan-qoʻyilmagani toʻgʻrisida ham biror maʼlumot yoʻq). B.Pestovskiyning “Oʻzbek teatri” maqolasi nashr etilgan vaqtda (1922) Choʻlpon “Choʻrining qoʻzgʻolishi” (bu asar “Choʻrining isyoni” deb ham yuritiladi) va “Oʻldirguchi” pyesalari ustida ishlagan. Muallif zikr etilgan asarlarning faqat ikkitasi “Yorqinoy” va “Choʻrining qoʻzgʻolishi” pyesalarining mazmuni haqida qisqagina tasavvur bergan. Koʻramizki, Choʻlpon dramaturg sifatida mehnatkash xalqning ogʻir va mashaqqatli qismatini koʻrib, unga qayishmagan boylar, yangi tarixiy va madaniy davrning kelganini koʻra turib, hamon eskicha yashayotgan yoshlar qarshisida koʻzgu tutib, ularning yangi davr bilan hamohang boʻlmagan qiyofalarini koʻrsatmoqchi, Yorqinoyga va kuni kecha choʻri boʻlgan, ammo bugun xat-savod chiqarib, davrning ilgʻor kishilari qatoridan oʻrin olgan ayollarga jamiyat eʼtiborini qaratmoqchi boʻlgan.
Choʻlpon 1921–1923-yillarda “Turon” teatrining direktori sifatida sanʼatdosh doʻsti Mannon Uygʻur bilan birga oʻzbek teatr sanʼatining toʻgʻri yoʻldan borishida katta ishlarni amalga oshirdi. “Xalil farang”ning 1921-yil 2–3-fevralda namoyish etilishi haqidagi eʼlonda asar “4 pardalik sinfiy fojia”, deb atalgan. “Turkiston” gazetasining 1922-yil 1-sonidan oʻrin olgan “Yoshlarning baynalminal bayrami” haqidagi maqolada esa shu kuni 5-internat oʻquvchilari tomonidan Choʻlponning “Yoshlar hayotidan olib yozilgʻon” 3 pardalik asari oʻynalgani aytilgan. Afsuski, bu asarning Choʻlpon qalamiga mansub qaysi asar ekanligi nomaʼlum. Sirojiddin Axmedov ishtirokidagi manbalarga koʻra, Choʻlpon dramaturgik ijodining bu dastlabki bosqichida yana “Ramazon koʻrinishlari”, “Uzun quloq bobo”, “Ov” pyesalarini, hamkorlikda esa “Oktyabrgacha oʻn yil”, “Ikki dunyo” kabi asarlarni ham yaratgan. Muzaffar Muhamedov bu roʻyxatga yana “Siniq oyna” degan pyesani qoʻshgan va bu asar asosidagi spektaklda Qudratulla Maʼzumov Xoʻjayin, Qori Yoqubov esa Xizmatchi rollarini oʻynagani haqida maʼlumot bergan. Uning xotirlashicha, “Turon”ning 1918–1920-yillardagi repertuarida Choʻlponning yana bir pyesasi boʻlib, unda na doimiy joyi, na oyligi boʻlgan oʻzbek artistlarining maishiy hayoti hajv ostiga olingan.
Tarjimalari
Choʻlpon mohir tarjimon sifatida V.Shekspirning “Hamlet” fojeasini, A.S.Pushkinnig “Dubrovskiy” qissasini va “Boris Godunov” kabi pyesalarini, M.Gorkiyning “Ona” romanini va boshqa koʻplab asarlarni oʻzbek tiliga mahorat bilan oʻgirgan. U hali rus tilini bilmagan vatandoshlariga moskvalik mashhur artist va rejissyorlarning maʼruzalarini tarjima qilib berishdan tashqari, rus va yevropa dramaturglarining pyesalari K.Gotssining “Malikai Turondot”, Nikolay Gogolning “Tergovchi”, Vladimir Bill Belotserkovskiyning “Labbay”, Molyerning “Xasis”ini tarjima qilib berdi. Choʻlpon teatr tarjimoni sifatida ham samarali ijod qilib, K.Goldonining “Ikki boyga bir qarol”, Lope de Veganing “Qoʻzi buloq”, Uilyam Shekspirning “Hamlet”, F.Shillerning “Bosmachilar”, Bill Belotserkovskiyning “Poʻrtana”, S.Levitinaning “Hukm”, A.Faykoning “Portfelli kishi”, V.Tretyakovning “Naʼrangni tort, Xitoy!”, V.Ivanovning “14–69 raqamli zirhli poyezd” pyesalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi.
“Kecha kunduz”
30-yillarning boshida Choʻlpon “Kecha va kunduz” roman-dilogiyasiga qoʻl urdi. Uning birinchi qismi “Kecha” romanini Choʻlpon Moskvada ekanida yozib tugatgani haqida maʼlumotlar bor. Sirasi, adibning 1937-yil aprelida Yozuvchilar uyushmasida aytgan gaplaridan ham shu narsa anglashilib turadi. Choʻlpon bilan Moskvada bordi-keldi qilib turgan Y.Maqsudov va V.Rashidovlarning xotiralarida “Kecha”ning tugallangan vaqti turlicha koʻrsatiladi. Y.Maqsudov Choʻlpon bu romanni 1934-yilda tugatganini aytsa, V.Rashidov 1933-yil kuz oylarida adibning uyida mehmon boʻlganlarini eslab: “Bizga choy berib, qoʻliga yozilgan varaqlarni olib, “Men “Kecha va kunduz” degan roman yozayotibman, hozir “Kecha”ni tugatdim. Yana bir koʻrib chiqishim qoldi, mana 3-4 sahifasini oʻqib beray”, deb qoʻlidagi qoʻlyozmani oʻqiy boshladi.
Oʻqish bir joyga borganda har uchovimizning ham miyamizda “Bu roman dunyo yuzini koʻrarmikan?” degan savol koʻndalang turardi. Biz Choʻlponning fikrini soʻraganimizda, u sukutga ketib, “Bilmadim, ruxsat berarmikanlar, yoki shuncha yozilgan sheʼrlarim singari qayerlarda qolib ketarmikan”, deb qoʻydi”, — deb yozadi. V.Rashidov xotiralarida Choʻlponning shu yil oxirlarida Moskva safarida boʻlgan A.Ikromovga roman qoʻlyozmasini oʻqish uchun berib yuborgani ham aytiladi. Asar dilogiya sifatida rejalashtirilgan boʻlib, uning birinchi qismi “Kecha” romani 1936-yilda nashr etildi. “Kunduz”ning yozib tugatilgani-yu nashriyotga topshirilgani haqida gaplar yursa-da, ularni tasdiqlovchi hujjatlarga ega emasmiz. Faqat shunisi aniqki, Choʻlpon hibsga olinganida xatlangan narsalar orasida “hali tugallanmagan roman qoʻlyozmasi” ham boʻlgan. Oʻsha qoʻlyozmaning “Kunduz” romani boʻlishi ehtimoli haqiqatga ancha yaqin koʻrinadi. Afsuski, qoʻlyozmaning keyingi taqdiri hozircha maʼlum emas. Shu bois adabiyotshunosligimizda “Kecha va kunduz”ni tugallanmagan asar sanash lozimmi yoki tugallangan debmi, degan masalada turlicha qarashlar bor.
Oilasi
Choʻlpon Mohiroʻya ismli chiroyli, xushbichim, muomalali qizni yoqtirib qolgan va unga uylangan. Mohiroʻya oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Biroq ularning turmush qurganiga bir yildan ortiqroq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, oilada farzand tugʻilmaydi. Atrofdagilarning gap-soʻzlaridan keyin, balki bir-birlarini ortiq qiynamaslik uchun ajralib ketishadi. Choʻlpon ayolini juda qattiq sevgani yozgan maktublaridan ham ayon. Quyida uning safar payti yozgan xatlaridan biri: “Suyuklim! Unutmagan boʻlsang — bilursan, menga qachondur aytgan eding: “Sen meni unutarsan”, — deb. Ul soʻzlaringni hali men hech bir harfini-da unutmadim ham unutmayajakman. Nega oloy boʻlgach, men seni, oʻzingni nechuk unuta olarman, seni unituv meni bituvim emasmi?”
Vafoti
Ziyolilar koʻpincha yarim kechasi, odamlar uxlagan, mahalla tinch paytda uyidan olib ketilgan. Ularning yaqinlari yigʻlasa, yigʻi ovozi tashqariga chiqmasligini aytib, harbiylar qattiq qoʻrqitishgan. Asosan, koʻp kitob oʻqiydiganlar va qoʻlida qalami bor ijodkorlarning uyida tintuv oʻtkazilgan. Tintuv vaqtida topilgan har qanday qiymatli narsalar: hujjatlar, kitoblar va boshqalar xatlovga olingan. Ayrim mahbuslar ish joyida qoʻliga kishan solib, olib ketilgan. 4-oktabr sanasi oʻzbek xalqi uchun ogʻir va qonli kunlardan biri sifatida tarixga kirgan. 1938-yilning aynan mana shu kunida oʻz davrining koʻzga koʻringan taraqqiyparvarlari otib tashlangan. Turli yolgʻon-boʻhtonlar bilan qatagʻon mashinasining qurboni boʻlgan ziyolilarga na janoza oʻqilgan, na kafan oʻralgan. Hatto ular sud hukmi oʻqilmasidan oʻldirib yuborilgan. 1938-yilning 4–7-oktabr kunlari roʻy bergan fojialar ham Stalin, Molotov, Kaganovich, Voroshilovlar rahbarligida tuzilgan roʻyxat asosida amalga oshiriladi. Bu shaxslar shu yilning 28-mart kuni yuzlab ziyolilarni qatagʻon qilishga oid roʻyxatga imzo qoʻyadi. 4-oktabrdan 5-oktabrga oʻtar kechasi, hamma uxlagan vaqtda Fitrat, Abdulla Qodiriy, Otajon Hoshim kabi ziyolilar hozirgi Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan. Ularning barchasi bitta chuqurga kafansiz, janozasiz maxfiy ravishda dafn etilgan. Jasadlar tezroq chirib ketishi uchun ustilaridan yo xlor sepishgan yoki tezak tashlashgan.
Choʻlponga oʻq yetmay qolganidanmi yoki toʻpponcha otilmaganidanmi, jallodlar uni oʻsha kecha otmaslikka qaror qiladi. Ammo shoir “Oʻldiringlar! Men senlarning davlatingda, zamoningda yashashni istamayman! Senlarni koʻrgim yoʻq”, deb baqiradi. Shunda Choʻlponni bolta bilan chopib oʻldirishgan. Toshkent shahridagi hozirgi Shahidlar xiyoboni hududida 4-oktabr qirgʻini amalga oshirilgan. Atrofdagi aholi oʻq ovozini eshitmasligi uchun motor yoqib qoʻyib, oqshomdan tongga qadar mahbuslar otilgan va barchasi bitta chuqurga koʻmilgan. Keyinchalik suyaklar Oqil ota qabristoniga tashilib, bitta umumiy qabrga koʻmiladi.
Manba: daryo.uz Muqova suratlar: wikipedia.org / tafakkur.net