2
Ulashish
565 marta koʻrilgan
XVII asr
Turdi Farogʻiy
Oʻzbek adabiyotining oʻziga xos ijodkorlaridan biri boʻlmish Turdi Farogʻiy XVII asrda yashab, ijod qilgan shoir hisoblanadi. Ijodkorning hayoti va ijodi haqida yetarlicha tavsif beradigan asarlar yoʻq. Sheʼrlaridagi baʼzi bir fikrlarga tayanib, Turdining hayoti haqida maʼlumotlar olishimiz mumkin:
Joyi islom-u musulmonliq, Farogʻiy, istama,
Poytaxti kishvari Subhonqulixondur bu mulk.
Tarixdan maʼlumki, Subhonqulixonning poytaxti Buxoro shahri edi. Bayt mazmunidan kelib chiqadiki, Turdi Farogʻiy Turkiston zaminining qadim shaharlaridan boʻlmish Buxoroda tavallud topgan. Oʻzbeklarning yuz qabilasiga mansub ijodkor, ashtarxoniylardan Nodir Muhammad va uning oʻgʻillari Abdulazizxon va Subhonqulixon hukmronlik davrida faoliyat koʻrsatgan. Oʻzbek va fors tillarini yaxshi bilgan shoir “Dar mazammati sipohigari” sheʼrida oʻzining asosiy kasbkori sipohiylik (harbiylik) boʻlganini aytib oʻtadi. Harbiylik orqasidan uzoq yillar nimalarnidir taʼma qilib, shohlarga xizmat qilganini, lekin oxir-oqibatda hech narsaga erisha olmaganini afsus bilan maʼlum qilgan.
Lekin sipohiylik bilan bir qatorda Turdi oʻz zamonasining oʻqimishli, Sharq adabiyotidan mukammal xabardor, hayot, jamiyat haqida keng tushunchaga ega kishilaridan boʻlgan. Uning jamiyatda tutgan mavqeyi esa oʻz atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga faol aralashishni taqozo etgan. Bu haqida adabiyotshunos olim Abdurauf Fitrat shunday xabar beradi: “Turdi hijriy 1100-yillardan burunroq Buxoroda, Subhonquli saroyida eʼtiborli beklardan, “yuz” qabilasining boshliqlaridan boʻlgʻan”. Shoir oʻz sheʼrlarini koʻp hollarda “Turdi”, baʼzan esa “Farogʻiy” taxallusi bilan yakunlagan. “Farogʻiy” taxallusi Jizzax hududidagi qishloqlardan birining nomiga nisbat berib tanlangan boʻlishi ham mumkin. U bir sheʼrida oʻz oʻtmishini eslab:
Ahli davlatlar bilan yor-u harif, hamdush edim,
Hoyu-xuyi bazmlarda shahd noʻsho-noʻsh edim,
Xush zamonlar yuz qazoni boshida sarxush edim… — deb yozishidan anglashiladiki, u oldin oʻtgan bir zamonlarda amaldorlar safida qaynoq va suronli hayot kechirgan yuz urugʻining koʻzga koʻringan siyosiy arboblaridan boʻlgan. Subhonquli bilan uzoqlashgan Turdi Buxorodan chiqib, Hazora qoʻrgʻoni orqali Oʻratepa va Xoʻjand hokimi Rahimbiyni maqtab, qarorgohida qolgan. Soʻngra Rahimbiyning oʻgʻli Oqboʻtabiy zamonigacha Xoʻjandda qolgan. XVII asr Buxoro siyosiy hayotidagi eng muhim voqea Ashtarxoniylardan Nodir Muhammadning taxtga chiqishi, oradan koʻp oʻtmay oʻgʻli Abdulazizxon hukmdorlikni undan tortib olishi, bu ahvol bilan kelisha olmagan kichik oʻgʻli – Subhonqulixonning esa akasiga qarshi uzoq yillar davomida kurash olib borishi va nihoyat 1680-yilda oʻz maqsadiga erishuvi boʻlgan edi.
Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, raqibi Abdulazizxonni Madina shahriga ketishga majbur etish bilan birga Turdi kabi unga yaqin turgan kishilarni ham quvgʻin ostiga oladi. Subhonqulixon davrida zulm va jaholat avj olib, ayrim urugʻ va aymoqlarning manfaatlariga katta ziyon yetgan, mulklari tortib olingan, poraxoʻrlik kuchaygan. Ilm, madaniyat ham orqaga ketgan. “Tarixi Muqimxoniy” asari muallifi Muhammad Yusuf Munshiy xabar berishicha, u 2000 bayt sheʼr yozgan jiyani shoir Qosim Sultonni ham vaqti kelganda ayamaydi, oʻldirtiradi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, mamlakatda qattiq noroziliklar yuz berib, bu pirovardida yangi hukmdorga qarshi uyushgan xalq qoʻzgʻolonlariga aylanadi. Turdi shubhasiz, xalq tomonida turib, bu harakatlarda ishtirok etadi.
Lekin bu qoʻzgʻolonlar Subhonqulixon tomonidan ayovsiz ravishda bostirildi. Turdining shundan keyingi hayoti Xoʻjand tomonlarda, muhtojlik va uzluksiz maʼnaviy tushkunlikda kechgan. Uning Xoʻjand hokimi Oqboʻtabiy dargohidan ketib, Jizzax hokimiga mute boʻlib yashagan vaqtida yozgan turkiy muxammasi buning yorqin dalilidir. Uning bizgacha yetib kelgan sheʼrlarining katta qismi shu davrda yaratilgan. Turdi taxminan 1699–1700-yillarda vafot etgan.
Ijodi
Turdi Farogʻiy sheʼrlarida soʻzlarni osonlashtiradi, murakkab va tushunarsizlikdan qochadi. Balki faqat soʻz emas, oʻxshatish hamda majozlarni ham soddalashtiradi. Turdining adabiy merosi 18 sheʼrdan iborat boʻlib, ulardan 12 tasi gʻazal, 5 tasi muxammas va bittasi fard janriga oid. 434 misra hajmidagi bu merosning 165 misrasi Subhonqulixon haqidagi mashhur hajviyani tashkil etadi. Shoir ijodi sinchiklab oʻrganilsa, Turdi ham oʻz ijodini boshqa shoirlar kabi anʼanaviy ishq mavzusidan boshlagani, bu sohada oʻzigacha mavjud ijodiy tajribani puxta egallagani seziladi. Shoirning:
Turkona xirom ayladi ul shoʻxi diloro,
Dil mulkini bir goʻshai chashm ayladi yagʻmo.
Tufroqda jon bitsa ravodur, na ajab gul (kim?),
Choʻx sarvi sihi etdi nihon koʻzlari shahlo.
Har qanda gʻami doʻst dilporani istar,
To subh yaqo yirtmadi — mehr oʻlmadi paydo.
Turdi gʻazallarining aksariyati hali hech kim qalamga olmagan, oʻtkir ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mavzularga bagʻishlangan. Ayniqsa, shoirning:
Tor koʻngullik beklar, manman demang, kenglik qiling,
Toʻqson ikki bovli oʻzbek yurtidur, tenglik qiling…
matlasi bilan boshlanadigan gʻazalida yurtni boshqarayotgan beklarga murojaat qilib, ularni keng feʼlli, oʻzaro ittifoq boʻlishiga, bir-birini urugʻchilik belgilariga qarab kamsitmaslikka chaqirish uning oʻz davridagi yuksak fikrli, vatanparvar va haqiqiy insonparvar kishi boʻlganligidan dalolat beradi.
Subhonqulixon toʻgʻrisidagi hajviy muxammasi Turdining shoh asari hisoblanadi. Asarda Subhonqulixon davlat tepasiga kelgach, mamlakatda ahvol yomon tomonga oʻzgargani, osoyishtalik oʻrnini tartibsizlik, adl-u karam oʻrnini oʻzaro nifoq egallagani oʻz aksini topgan. Shohning aybi shundaki, u taxtga oʻtirishi bilanoq tajribali, ishbilarmon mulozimlarni quvib, ularning oʻrniga oʻz atrofida davlatni boshqarish ishidan butunlay xabarsiz, fikr-mulohazalari sayoz, axloqan tuban kishilarni yigʻadi. Turdi bu asarida Subhonqulixon qiyofasida johil shoh timsolini yaratadi. Ushbu hajviy asari bilan Turdi oʻzbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir bosqichga koʻtargan.
Turdi ijodi hayotiy faktlarga, teran mulohazalarga boyligi va uslubining realistik xarakteri bilan oʻzbek adabiyoti rivojiga samarali taʼsir qilgan. Maxmur, Gulxaniy kabi satirik shoirlar ijodining shakllanishida muhim bosqich boʻlgan. A.Majidiy tomonidan topilgan va 1924–1925 yillarda nashr etilgan sheʼrlar qoʻlyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. № 1407).
Turdi oʻzining tasavvuf bilan bogʻliq qarashlarini “Burun” radifi bilan yozilgan turkiy muxammasida shunday bayon etgan:
Lobaqodur qalbiy, qalbining bogʻlama iqbolinga,
Boʻlma gʻarra oriyat dunyo-vu mulk-u molinga,
Yod etib goʻr-u qiyomat, yigʻla doim holinga,
Bur nazar mo-u manidin, yonib oʻz ahvolinga,
Ibrat ila boq, koʻzung tufroqqa toʻlmasdan burun.
Bu hajviy asari bilan Turdi oʻzbek hajviyotini Alisher Navoiydan keyin yangi bir yuksaklikka koʻtardi. Turdi Shayx Saʼdiy gʻazaliga bogʻlagan muxammasida esa oʻz ulugʻ salafi asarida insonparvarlik gʻoyalarini yanada chuqurlashtirdi. Saʼdiy bu gʻazalida shunday yozgan edi:
Nest on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,
Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.
Mazmuni:
“Sahrolarda jilva qilayotgan narsalar lola emas,
Balki soʻyilgan odamlardirki, tufrogʻdan bosh chiqarib turibdilar”.
Turdi bu bayt oldiga quyidagi uch satrni qoʻshib, yangi band yaratgan va Saʼdiy gʻazalini toʻldirgan:
Bargi har toza gule shohidi maddi nazarand,
Varaqi safhai manzur zi ahli basarand.
Xushklab, dogʻ va dil tashna ba xuni jigarand.
Nes on lolaki, dar bodiyaho jilvagarand,
Kushtagonandki, az xok bar ovarda sarand.
Turdi oʻz sheʼrlarida Sharq sheʼriyatidagi badiiy sanʼatlardan mahorat bilan istifoda etgan holda, birinchi oʻringa hayotiy mazmunni qoʻyadi, koʻp oʻrinlarda uning sheʼriy uslubiga falsafiy tafakkur xosdir. U oʻz ijodida hamma vaqt fikrni oʻtkir va tiniq holda, katta bilim va tushunchalar asosida, oʻziga, oʻz orzulariga, oʻz asarlarini jamiyat hayotini oʻzgartira olish kuchiga qattiq ishonib qalam tebratgan. Shuning uchun uning adabiy merosi bizning davrimizda ham katta maʼno kasb etadi. Turdi sheʼrlari kishilarning tarbiyasida muhim oʻrin tutib, xalqimizning chinakam maʼnaviy mulkiga aylangan.
Manbalar : ziyouz.com / kh-davron.uz / oriftolib.uz
Muqova surat: ziyouz.uz