1
Ulashish
544 marta koʻrilgan
XVIII asr
Maxmur
XVІІІ asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan, oʻzining satirik asarlari bilan oʻzbek adabiyotini rivojlantirishga sezilarli hissa qoʻshgan shoirlardan biri Maxmurdir. Mashhur shoirning haqiqiy ismi Mahmud boʻlib, Maxmur uning taxallusidir. Boʻlajak shoir XѴІІІ asrning oxirlarida Qoʻqon shahrida oʻsha davrning ilgʻor ziyoli oilalaridan birida dunyoga keladi. Maxmurning otasi Mulla Shermuhammad oʻz davrining eʼtiborli mudarrislaridan boʻlgan.
Otasining Akmal taxallusi bilan sheʼrlar yozgani fanga maʼlum boʻlib, oʻzbek va fors tillaridagi sheʼrlaridan ikki devon tartib bergan. Mulla Shermuhammad oʻgʻlidan buyuk shaxs chiqishiga ishonib, tarbiyasiga alohida eʼtibor berib oʻqitadi. Ziyrak Maxmur otasi tomonidan tashkil etilgan adabiy suhbat va majlislarga yoshligidanoq qatnashib borgan. Shunday adabiy kechalarda u mashhur shoirlarning sheʼr va gʻazallaridan bahramand boʻlgan, qalbida sheʼriyatga mehr uygʻongan.
Shunday qilib, Maxmur yoshligidan adabiyotga muhabbat qoʻyadi, badiiy asarlarni oʻqiy boshlaydi. Oʻziga yoqqan bayt va misralarni yod olib, adabiy suhbatlarda isteʼdodi bilan majlis ahlini hayratda qoldirar edi. Maxmurning bolalik va yoshlik yillaridagi hayoti haqida toʻla maʼlumot mavjud boʻlmasa ham, lekin sheʼr yodlash xotirasining oʻtkirligi, yodlagan sheʼrlarining badiiy yetuk va mazmunan kuchliligi uning madrasaga oʻqishga kirgunga qadar ham adabiyotga boʻlgan qiziqishi tobora kuchayib borganidan dalolat beradi.
U, albatta, Alisher Navoiy, Saʼdiy, Hofiz kabi ulugʻ shoirlar ijodini mutolaa qilgan, sheʼr yozishni ham mashq qila boshlagan va keyinchalik Qoʻqondagi Madrasayi Mirda tahsil olgan. Maxmur madrasada oʻqish bilan birga mustaqil ravishda adabiyot tarixi va uning nazariyasiga doir ilmi aruz, qofiya, badoye kabi fanlarni ham oʻrgangan. Fors tilini mukammal egallagan. Madrasani tugatgandan soʻng, oʻzi qayd etganidek, maʼlum muddat sarbozlik — sipohiylik qilgan. Bu haqda Maxmur oʻz sheʼrlarining birida anʼanaviy faxriya uslubida “ham ilm-u fanda, ham sipohlikda mohiram, jang kunida botir qahramonam”, deb gʻururlanadi.
Maxmur tabiatan dovyurak, qoʻrqmas kishi boʻlgan, munofiqlik va riyokorlik, ikkiyuzlamachilikni qatʼiy qoralovchi, hiyla-nayrang va qingʻir ishlarni yoqtirmaydigan, nozikdil va serjahl, oʻz qadr-qimmatini yuqori tutuvchi inson boʻlgan. Shoir tabiatidagi bu belgilar bir qator zamondoshlari va yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan sovuq munosabatlarni shakllantirib qoʻygan. Shuningdek, shaxsiy yoʻnalishdagi turkum hajviyalarning yaratilishiga ham turtki boʻlgan.
Ijodi
Maxmurning ijodiy faoliyati va u qoldirgan adabiy merosi xususida juda kam maʼlumotlar mavjud boʻlib, adabiyotshunoslik ilmiga uning Fazliy tazkirasidan oʻrin olgan besh gʻazali hamda Muqimiyning hajviy taxmisiga asos boʻlgan Hapalak qishlogʻi haqidagi gʻazaligina maʼlum edi. 1950-yilda Poʻlatjon Qayumov va Asqarali Charxiylar saʼy-harakatlari tufayli Qoʻqonda Maxmurning qariyb uch yarim ming misrani oʻz ichiga olgan oʻzbek va fors tillaridagi sheʼriy toʻplami topildi hamda adabiyotshunos olim A.Qayumovning qator tadqiqotlari orqali ilmiy doiraga kiritildi, keng jamoatchilik hukmiga havola qilindi.
Maxmurning bizgacha yetib kelgan adabiy merosi turli janrlarda yaratilgan boʻlib, unda gʻazal, masnaviy, muxammas, musamman, qasida va tarixlarni uchratish mumkin. Bundan ravshan boʻladiki, Maxmur oʻz ijodiy faoliyatida oʻzbek klassik adabiyotida boʻlgan janrlardan foydalangan va uni yanada rivojlantirgan. Bu hol, xususan, shoirning muxammas janriga boʻlgan munosabatida yaqqol koʻrinadi. Maʼlumki, muxammas Maxmurdan oldingi davrlarda ham mavjud boʻlib, koʻpincha lirik xarakterga ega edi, XVII asrda esa shoir Turdi ijtimoiy motivlar bilan sugʻorilgan hajviy muxammas janrini rivojlantirgan edi.
Maxmur asarlarida yaratilgan satirik obrazlar biri ikkinchisini toʻldiradi va hokim tabaqalarning razil basharasini, munofiqligini fosh qiluvchi satirik obrazlar sifatida gavdalanadi. Chunonchi, Maxmurning “Munojot ba dargohi qoziyul hojot” asari muxammasi mulammaot janrida boʻlib, unda muallif umumiy tarzda “charxi kajravishning dastidin” shikoyat qiladi, uning barcha qilmishi yomon, jabr-u zulmi esa “haddu gʻoyatdan burun” ekanini oʻzbekcha va tojikcha bandlarda zoʻr achinish va gʻazab bilan ifoda etadi:
Qaysi bir zulming etay teʼdod, ey garduni dun,
Kim sening bedod-u javring haddu gʻoyatdin burun,
Behunar johilga berding beadad dunyoyi dun,
Jami donolarni qilding holini zer-u zabun,
Zogʻni aʼlo qilib, toʻtini nodon aylading.
Aytib oʻtish kerakki, oʻn bir banddan iborat boʻlgan bu muxammasning olti bandi forscha yozilgan. Ammo bu bandlarning ham radifi oʻzbekchadir. Shoir oʻz davridagi tuzumning koʻpdan-koʻp illatlarini keskin tanqid ostiga olgan, oʻsha zamondagi adolatsizlik, zoʻravonlik va huquqsizlikni fosh etgan. Bu tanqid, koʻpincha, “jafokor falak”, “berahm charx” qilmishidan oʻtli shikoyat, achchiq taqdirdan, befayz hayotdan nola-figʻon tarzida yuzaga kelgan.
Qishloq ahlining och-yalangʻoch hayoti, oʻlkani qurshagan vayronagarchilik, xarobazorlarga aylangan qishloqlarning ayanchli manzarasi “Hapalak” satirasida jonli va taʼsirchan chizilgan. Unda shoir juda katta ijtimoiy mazmunni oʻziga xos ramziy obrazlarda, xalqona qochiriq va achchiq kinoyalar, imo-ishoralar vositasida esda qolarli darajada badiiy mahorat bilan ifodalagan.
Maxmurning xalq soʻzlashuv tiliga koʻchib, maqol-matallar doirasidan mustahkam oʻrin olgan “Tovuqi ignachiyu oʻrdagu gʻozi — kapalak!; Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, toʻrt katalak!; Xalqini koʻrsang agar oʻlasiyu qoqu xarob, ochlikdan egilib qomati misli kamalak” kabi misralari Hapalak qishlogʻining xarobaga aylanganini (shoirning onasi shu yerlik boʻlgan), dehqonlarning esa oʻta qashshoq hayotini ishonarli gavdalantiradi:
Turfa qishloqi gʻazab kardaki, parrandalari,
Tovuqi ignachiyu oʻrdagu gʻozi — kapalak.
Boru yoʻq uylarini banda bayon gar qilsam:
Bir katak, ikki kара, uch olachuq, toʻrt katalak.
Dema uy, balki, zaminkandur, agar kirsa kishi,
Har taraf betiga urgaylar aning koʻrshapalak.
Xalqini koʻrsang agar oʻlasiyu qoqu xarob,
Ochlikdan egilib qomati — misli kamalak.
Ajirigʻ tomurini oʻgʻurida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otuni qoʻyub sumalak.
Vayrona qishloqlar va bechora dehqon ahli mavzusi Maxmurning boshqa sheʼrlarida ham shu tarzda tanqidiy ruhda hayotiy tahlil etilgan. Maxmurning koʻpgina hajviy sheʼrlari zamonasidagi aniq shaxslarga qaratilgan: “Isqotiy”, “Amakim”, “Xoʻja Mir Asad hajvi”, “Hajvi Atoyi poraxoʻr”, “Qozi Muhammad Rajab Avj sifatlari”. “Xoja Mir Asad hajvi”da oʻta muttaham shaxsning mugʻombirliklari kulgili voqea bayonida fosh etilsa, “Hajvi Atoyi poraxoʻr ayni savobi akbarast”, yaʼni “Atoyi poraxoʻrga hajv yozish ulugʻ bir savobdir” — misrasi bilan boshlanuvchi asarida poraxoʻrlik fosh etilgan.
“Qozi Muhammad Rajab avj sifatlari” deb nomlangan hajviyada shoir takabburlik bilan oʻzini pokdomon va bilimdon tutuvchi, aslida esa axloqan tuban va batamom omi, noʻnoq boʻlgan qozining ijtimoiy qiyofasini chizadi:
Ajab qoziyi qohili, johile,
Boʻlub omiylik ilmiga komile,
Aning koʻksini chok qilsang hama,
Gʻilu gʻashini pok qilsang hama,
Adamdur, “alif” anda koʻp izlama.
Shoirning xuddi shu mavzudagi asarlaridan biri “Taʼrifi viloyati Qurama va az devoni Kandir guzashtan” nomli muxammasidir. Bu asar oʻziga xos xarakteri bilan sayohatnoma janri xususiyatiga egadir. Chunki unda muallif oʻzining Qirovchini — Choʻli Qiyomatni bosib oʻtgani, Kandir dovonidan oshgani va nihoyat Qurama viloyatiga safar qilgani hamda shu sayohatdan olgan taassurotlarini yozadi. “Yoʻl azobi goʻr azobi” degan maqol xuddi Maxmur yashagan davrdagi yoʻllarga moslab aytilgandir. Chunki, bir tomondan, yoʻllarning juda ham oʻnqir-choʻnqirligi, ikkinchi tomondan, transport vositalarining ot, eshak va aravadan iborat ekani uzoq yoʻlga safarga chiqqan kishini juda qiynar edi. Maxmur ham xuddi shu transport vositalari bilan Qirovchini, Choʻli qiyomatni bosib oʻtdi. Kandirning xavfli dovonidan oshdi. Bu holni muallifning quyidagi misralari tasdiqlaydi:
Samado, digar bora Qirovchi yoʻlidin.
Solma yodimga ani Dashti qiyomat choʻlidin.
Talxkom aylama lutfing bila Achchiq koʻlidin,
Shikvagar to boʻlmayin qumi Qaroqchi choʻlidin,
Bir yurib yoʻlida, ming soʻkma saroyi Qurama.
Maxmur qoldirgan adabiy meros haqida soʻz borar ekan, shoirning “Karimqul Mehtarning sifatlari” hajviyasi ustida alohida toʻxtalib oʻtmoq kerak. Ellikdan ortiq baytdan tashkil topgan bu masnaviyning imloviy qismi yengil hajv bilan sugʻorilgan va har bir oʻquvchida iliq tabassum, kulgi va zavqli kayfiyat uygʻotadi.
“Xon buyrugʻiga binoan, amaldorlardan boʻlmish Karimqul Mehtar tomonidan Maxmurga ot ajratilgan. U bu otni taʼriflash jarayonida hajviy tasvirning goʻzal lavhalarini yaratadi:
…Bir zamon menga ot deb berding,
Rasmi Rustamsifot deb berding.
Bir qaro eshaki falakzodani,
Ham samovatu ham samaqzadani.
Ham harisu ham xarobu ham badnom,
Ikki ming ayb angadur mudom.
Suv ichsa ham tamogʻiga tiqilar,
Pashsha gar qoʻnsa yoliga yiqilar…
Maxmur sheʼrlarining aniq shaxslar tanqidiga bagʻishlanishi shoir ijodiyotining kamchiligi emas, balki yutugʻidir. Chunki bu bilan muallif oʻzbek satirasining umumiylikdan konkretlikka tomon borishiga maʼlum darajada koʻmaklashdi. Maxmur tomonidan nomlari tilga olingan shaxslar hokim sinfning turli mansab va lavozimdagi namoyandalari boʻlib, ularning har biri shoir hukmi bilan oʻz ijtimoiy guruhining biron xususiyatini oʻzida gavdalantiradi. Ana shuning uchun ham bu obrazlar tip darajasigacha koʻtarilgan obrazlardir.
Maxmur ijodida XIX asrning birinchi yarmida Qoʻqon xonligidagi ahvolning haqqoniy aks ettirilishi, oʻsha davr hukmron tabaqalari vakillarining ayovsiz va keskin ravishda fosh etilishi, ularning poraxoʻrlik, zolimlik, xasislik, firibgarlik, fosiqlik kabi xususiyatlarining badiiy obrazlar orqali ochilishi va qoralanishi, unda xalq manfaatlarining birinchi oʻrinda turishining yoqlanishi saroy adabiy oqimiga yoqmas edi. Shuning uchun saroy ahli adabiyot vakillari, jumladan, Maxmur ijodining ahamiyatini pasaytirishga, shoirni turli yoʻllar bilan kamsitishga urinar edi. Ana shu urinishning bir koʻrinishi sifatida Maxmur haqida “Majmuai shoiron”da yozilgan bir necha fikrlarni koʻrsatish mumkin. Chunonchi, ularning birida shunday misralar bor:
Xayoloti Maxmur be marhabost,
Xijogoʻi gʻayyobu qalb oshnost.
Naoyad zi afʼoli oʻ gʻayri bad
Buvad bar hama qavl nomuʼtamad,
Shikoyat kunad dar yaminu yasor,
Zi maxmurii nashavu koʻknor.
Buvad sheʼri on koʻsa az logʻari,
Zi oroishi rishu siblat bari.
(Maxmurning xayoloti marhamatli emas, uning hajvgoʻyligi gʻiybatdan iborat boʻlib, oshnoligi qalbakidir. Uning feʼlidan yomonlikdan boshqa narsa kelmaydi, shuning uchun uning barcha soʻzlari eʼtiborsizdir. U hamma joyda koʻknoriligidan shikoyat qiladi. Bu koʻsaning sheʼrlari soqol-moʻylovini bezashdan xolidir, yaʼni uning sheʼrlarida goʻzallik va maʼno kamdir.)
Yoki:
Zi maʼni buvad garchi oʻ bexabar,
Bahar kayf dar nazm dorad hunar.
(Garchi u mazmunidan xabarsiz ham, har xil kayfiyatda sheʼr yozish ijodi bor.)
Koʻramizki, bu maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Ular shunchaki Maxmurning shoirlarga qarshi kurashining bir koʻrinishidir. Aslida esa Maxmur xon va uning atrofidagilarni kerakli darajada maqtamagani uchun, ularni maqtab sheʼrlar yozish oʻrniga xalqning yonini olgani, asarlarida turmushning haqqoniy tasvirini chizgani uchun qiyinchiliklarga uchragan.
Maxmurning bir necha muxammaslari mavjud. Ulardan biri Hofiz, biri Abdurahmon Jomiy, uchtasi esa Soib Tabriziy gʻazallariga bogʻlangan. Maxmur fors-tojik shoirlari Hofiz, Jomiy, ozarbayjon shoiri Soib Tabriziy kabi mashhur gʻazalnavislarning asarlariga muxammas bogʻlash bilan oʻzining shoirlik kuch-qudratini namoyish etadi. Chindan ham shoirning muxammaslari badiiy jihatdan benuqson va kuchli boʻlib, uning yuksak qobiliyat egasi ekanini koʻrsatadi. Misol uchun har bir muxammasning matlasini koʻzdan kechiraylik. Hofiz gʻazaliga bogʻlangan muxammasning matlasi:
Biyo ey noʻshi dorui labi laʼlat mudavvoro,
Ba jonbaxshi dihad taʼlim anfosi Masehoro.
Ba farqi bandagi sozam kuloh shahboli anqoro,
Agar on turki sherozi ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqand-u Buxororo.
Abdurahmon Jomiy matlasi:
Ey sarvi sumanbari sihizod,
Shud ey qaddi tu, chu naxli shamshod,
Gardida ba bogʻi husni bedod,
Qurboni sari tu sarvi ozod,
Majnuni ruxat hazor Farhod.
Keltirilgan parchalar Maxmur lirik merosini toʻla oʻrganishni keng koʻlamda davom ettirish kerakligini koʻrsatadi. Lekin shularning oʻzidan ham xulosa chiqarish mumkinki, Maxmur oʻzining lirik merosi bilan (hozirgacha topilgan yangi gʻazallarining hammasi tojik tilidadir), bir tomondan, baquvvat lirik shoir ekanini, ikkinchi tomondan esa, shoirning fors-tojik va ozarbayjon klassik adabiyotini chuqur va har tomonlama bilgani, mutolaa qilganini koʻrsatadi.
Oilasi
Maxmur oila qurgan va uning 3 nafar farzandi boʻlgan. Oʻqimishli boʻlishiga qaramay, shoir oila tebratishga qiynalgan, hatto bolalariga non berish imkoniyati boʻlmagan paytlar ham boʻladi. Bu paytda birgina Maxmur emas, Qoʻqon va uning atrofidagi barcha aholi (saroy ahlidan tashqari) iqtisodiy tang ahvolda kun kechirgan.
Vafoti
Maxmurning qancha umr koʻrgani maʼlum emas. Ammo uning vafoti sanasi Qori Qunduziy Komiyning tarixi orqali aniq qayd etilgan. U Maxmurning hijriy 1279, milodiy 1844-yilda Qoʻqonda vafot etganligini maʼlum qiladi.
Manbalar: “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi / wikipedia.org