7
Ulashish
897 marta koʻrilgan
1946–2019
Tohir Malik
Biografiya
“Zamonaviy oʻzbek adabiyotining yorqin vakillaridan biri, oʻsmirlar ruhiyatini ochib bergan juda koʻp asarlari bilan xalqimiz qalbidan oʻrin olgan yozuvchi Tohir Malik 1946-yilning 27-dekabrida Toshkent shahrida ziyoli oilada dunyoga kelgan. Barcha tengdoshlari singari Tohir ham urushdan keyingi turmush qiyinchiliklarini boshidan kechirgan. Oilada besh farzand boʻlib, Tohir Malik kenjasi edi. Tohir maktabga bormay turiboq, dars tayyorlab oʻtirgan akalari va opalari yonida savodni oʻzlashtirgan. Ukasining kitobga boʻlgan ixlosini sezgan akalari unga — “Mard yigit” ertaklar toʻplamini sovgʻa qiladi. Tohir Malik ushbu kitobni umrining oxiriga qadar eʼzozlab saqlagan. Taniqli oʻzbek adibi va tarjimoni Mirzakalon Ismoiliy Tohir Malikning togʻasi boʻlib, uni 1949-yilda “xalq dushmani” degan tuhmat bilan qamoqqa olishadi. Bu haqida adibning oʻzi ushbu soʻzlarni aytgan: “Kechasi uygʻonib ketib qarasam, ayam rahmatli qora chiroq nurida doʻppi tikib oʻtiribdilar. Qoʻllari ishda-yu, koʻzlarida yosh. “Nega yigʻlayapsiz?”, — deb soʻradim. Javob bermadilar. Sababini oradan yillar oʻtib bildim. Togʻamning “xalq dushmani” emasligi maʼlum boʻlib, “oqlanib” chiqqanlarida ikkinchi sinfda oʻqirdim. Dastlabki mashqlarim oʻshanda boshlangan. Ammo yozganlarimni talabchan togʻamga koʻrsatishga choʻchir edim”.
Ijodkor maktabni tugallaganidan soʻng kelajagini ilm yoʻlida koʻradi. Shu tariqa Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti kechki boʻlimiga oʻqishga kiradi. Yozuvchi kunduzi qurilishda duradgor, gʻisht teruvchi boʻlib ishlardi, kechda esa taʼlim olish uchun universitetga kelardi. Oʻzbek adabiyotida kam eʼtibor berilgan fantastika janriga aynan talabalik yillarida qoʻl urdi; bir qator asarlari kitobxonlar eʼtiborini oʻziga tortdi.“
Faoliyati
Harbiy xizmatni oʻtab qaytganidan soʻng Respublika radiosida, “Choʻlpon”, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotlarida, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida xizmat qildi. 1995-yildan keyin Ichki ishlar vazirligi akademiyasida oʻzbek tilidan dars berdi. Tohir Malik 1966-yildan eʼtiboran matbuot sohasida ishlagan. U ijodiy faoliyati davomida hayotni, insonlar tabiatini atroflicha oʻrgana boshlaydi. Yozuvchi insonlarni, ularning ichki kechinmalarini, ruhiyatlarini sinchiklab oʻrganadi va kitobxonni ham mana shu ruhiyat olamiga olib kiradi. Uni shu holga solgan sabablarni tahlil qilishga va xulosa chiqarishga yoʻnaltiradi. Yozuvchi yaratgan asarlari asosida koʻplab badiiy filmlar yaratilgan. Asarlarida turli qiyofadagi zamondoshlarimizning obrazlari yorqin lavhalarda katta mahorat bilan aks etgan, muhim maʼnaviy-axloqiy muammolar koʻtarilgan. 1961–1964-yillarda quruvchi, 1965–1966-yillarda maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlagan. “Lenin uchquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetasida adabiy xodim, boʻlim boshligʻi, 1975–1978-yillarda “Guliston” nashriyotida, 1981–1982-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotda muharrir, 1982–1985-yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida, 1985–1987-yillarda “Choʻlpon” nashriyotida bosh muharrir, 1989–1991-yillarda “Yoshlik” jurnalida adabiy xodim, masʼul kotib, bosh muharrir, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida 1988–1990-yillar davomida kotib boʻlib faoliyat olib borgan.
Ijodi
Yozuvchining dastlabki hikoyasi 1960-yilda “Gulxan” jurnalida chop etiladi. U ijodga doir mashqlarni davom ettirib, togʻasining: “Oʻzing yaxshi bilmagan narsani yozma”, “Boshqalar yurgan yoʻldan yurma, oʻz yoʻlingni top”, degan ikki oʻgitiga hamisha amal qilgan. Birinchi yirik asari – “Hikmat afandining oʻlimi” boʻlib, 1972-yilda nashrdan chiqqan. “Hikmat afandining oʻlimi” asari oʻzbek adabiyotida fantastika yoʻnalishidagi birinchi qissa sanaladi. “Ayovsiz ilon”, “Alvido bolalik”, “Bir kecha, bir koʻcha”, “Jinoyatning uzun yoʻli”, “Iblis devori”, “Kelinlar daftariga”, “Mehmon tuygʻular”, “Murdalar gapirmaydilar”, “Nafs kishanlari”, “Nomus”, “Odam ovi”, “Ozod inson haqida qoʻshiq yoxud Mirzakalon Ismoiliyning soʻnggi nafasi”, “Padarkush”, “Samum”, “Sohilsiz dengiz”, “Soʻnggi oʻq”, “Talvasa”, “Tanlangan asarlar” (9 jildlik), “Tilla kalamush yoxud yoʻqqulobod hangomalari”, “Tosh qalblarga zinhor nazar solinmas”, “Ushlang oʻgʻrini”, “Chorrahada qolgan odamlar”, “Shaytanat” (5 ta kitob), “Qaldirgʻoch”, “Halovat”, “Halol nima-yu harom nima” kabi kitoblari nashr etilgan.
Adibning “Amir Temur davri adabiyoti” (1998), “Varaxsha”, “Unvoni inson” (1999), “Sohilsiz dengiz” (2000), “Zulmat saltanati” (2001), “Moshtabib” (2002) ssenariylari asosida hujjatli filmlar ishlangan. Fantastika yoʻnalishdagi bir qator hikoyalari, “Falak” (1976), “Zaharli gʻubor” (1978), “Somon yoʻli elchilari” (1979), “Tiriklik suvi” (1984) qissalari, “Devona” romani (1985, dastlab “Chorrahada qolgan odamlar” nomida nashr etilgan), “Qora farishta” (2005) kitobi chop etildi; bu asarlar rus hamda boshqa xorij tillariga tarjima qilindi.
Adib XX asr boshlaridagi oʻzbek ziyolilari faoliyatini oʻrganib, Abdulla Avloniy hayoti misolida “Savohil” (1987, avval “Qaldirgʻoch” nomida nashr etilgan) romanini va Mirzakalon Ismoiliy xotirasiga atab “Ozod inson haqida qoʻshiq” (2008) qissasini yozdi. Bu mavzu keyinchalik “Soʻnggi oʻq” (1990), “Ov” (1997) qissalarida davom etdi. “Soʻnggi oʻq” asosida yetti qismli film suratga olindi.
Uning maʼnaviyat masalalariga, axloqiy qadriyatlarga bagʻishlangan “Bir koʻcha, bir kecha” (1988), “Iblis devori” (2006), “Eng kichik jinoyat” (2007) asarlari ham kitobxonlarga manzur boʻldi. “Iblis devori” asosida badiiy film suratga olindi. Adib insonning maʼnaviy-ruhiy olamini tadqiq etishga koʻp eʼtibor qaratdi. Buning samarasi oʻlaroq “Jinoyatning uzun yoʻli” (2001), “Ayovsiz ilon” (2009), “Aql va Oqil” (2010), “Kelinlar daftariga” (2010), “Tilingni asra”, “Mehmon tuygʻular” maʼrifiy asarlari hamda uch kitobdan iborat “Odamiylik mulki” (2012) asari dunyoga keldi.
Tohir Malikning yana “Alvido bolalik” (1989), 5 kitobdan iborat “Shaytanat” (1994, 1995, 1997, 2001, 2011), “Yomonlikdan yiroq boʻling” (2001), “Talvasa” (2007), “Tilla kalamush” (2007), “Voy, onajonim” (2009), “Padarkush” (2011), “Charxpalak”, “Halovat”, “Shaytanatning jin koʻchalari”, “Nomus”, “Kuyov bola, sizga aytar soʻzim bor” (2012), 12 jildli “Tanlangan asarlar”, “Munojot” (2013), “Umidlar dashti”, “Umidimiz yulduzlariga” (2014), “Poʻrtanali ummonda suzar hayot qayigʻi” (2 kitob, 2015) kabi roman, qissa, hikoyalar, badealar kitobi nashr etildi.
“Qaldirgʻoch” (1987) epik asari Abdulla Avloniy taqdiri misolida 20-yillar oʻzbek ziyolilarining shakllanishi haqida bahs yuritadi. “Mehmon tuygʻular” (2003) nomli xotira, yodnoma, adabiy maqolalar toʻplamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan. Tohir Malikning yozuvchi Mirzakalon Ismoiliy ijodiy faoliyatini yorituvchi “Yozuvchining baxti va baxtsizligi” (1988), Asqad Muxtor ijodini tahlil etuvchi “Sobir” (2003), Oʻlmas Umarbekov ijodiga bagʻishlangan “Qiyomat qarz” (2002) hamda Abdulla Qodiriy romanlari tahlil etilgan “Ibrat maktabi” (1993) badialari ham bor. Tohir Malik hujjatli kino sohasida ham faoliyat koʻrsatgan. “Shaytanat” asarida jinoyat olamidagi voqealar fonida asosiy eʼtibor asar qahramonlarining ruhiy dunyosini tahlil etishga qaratilgan. Kishilarni jinoyatning razil olamidan ehtiyot boʻlishga chaqiruvchi ushbu ogohlantiruvchi asar mazmuni Tohir Malikning “Jinoyatning uzun yoʻli” (2004) ilmiy-tahliliy risolasida davom ettirilgan.
Tohir Malikning yozuvchilik uslubi loʻndaligi, mantiqiyligi va hayotiyligi bilan ajralib turadi. Uning asar qahramonlari oʻziga xos yorqin obrazlar va maʼlum bir ajralib turadigan taqdirga ega kishilardir. Yozuvchi asardagi voqealarni koʻrsatib berishda har bir detaldan oʻrinli foydalanadi. Vaziyatdan chiqish uchun kerak-nokerak soʻz va gaplarni uchratish mushkul ish. Shuningdek, asardagi barcha yutuqlar oʻziga xos yumor hissi bilan oʻzgachalik baxsh etadi. Tohir Malik yozuvchilik nigohi bilan hayotning kulgili taraflarini asarlarida aks ettira olar edi. Yozuvchining tili sodda va goʻzal. Qaysi soʻzdan qay oʻrinda foydalanish kerakligini juda yaxshi bilardi. Yozuvchi asarlarida milliylik, oʻzbekona xulq-atvor, oʻzbek qiyofasi, dunyosi, fikri va his-tuygʻularini toʻla aks ettirgan.
Tarjimalari
Adib tarjimon sifatida “Tashnalik” (bulgʻor hikoyalari, 1980), E.Amitning “Kapalak” (1981), A.Hakimovning “Oqsoq boʻri” (roman, 1981), F.Dostoyevskiyning “Maʼsuma” (roman, 1985), V.Ikskulning “Nomus va ajal” (2010), “Nomus va qasos” (2011), K.Gotstsining “Bugʻuga aylangan qirol” (pyesa, 2011), L.Tolstoyning “Sakrash” (1980) asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayni paytda adibning asarlari ham arab, rus, qirgʻiz, qozoq, uygʻur tillariga tarjima qilindi.
“Shaytanat” kitobi haqida
Tohir Malikdan bosh qahramon Asadbekning salbiy yoki ijobiy qahramon ekani, kitobxonlar uni yoqtirib qolgani toʻgʻrisida, shuningdek, asar haqida yozuvchining munosabati soʻralganda quyidagicha javob beradi: “…kitobni oʻqigan odam Asadbekni yaxshi koʻrishi mumkin emas. Kitobda uning barcha illatlari berilgan. Kinoda esa bironta kamchiligi yoʻq, goʻyo farishta! Farzandlariga “Asadbek” deb ism qoʻyayotganlar ham kinodan ilhomlanishgan. Kitobdagi Asadbek, shubhasiz, salbiy odam. Toʻgʻri, uning ayrim mardliklari ham bor. Lekin odam oʻldirgan yoki oʻldirishga hukm etuvchini yaxshi kishi deya olamizmi? Baʼzilarga Asadbek yaxshi koʻrinayotganday tuyulishi ham mumkindir. Lekin bu, menimcha, aldamchi tuygʻu. Diqqat qilaylik: aslida biz Asadbekni yaxshi koʻrmaymiz, boshiga kulfatlar yogʻilayotgani uchun unga achinayapmiz. Boshiga nima uchun kulfat doʻllari yogʻilayapti? Bunga Jalilning gapi javob boʻladi: “Xudodan qaytibdi!”. Hali Zaynab tugʻilmasidan oldin qizi xoʻrlangan mushtipar ona ularni qargʻagan edi, eslaysizmi? “Dunyo shaytonning doʻkoni, undan bir narsa oldingmi, shayton haqini undirib olmagunicha tinchimaydi”. Asadbek shaytonning doʻkonidan koʻp narsa olgan edi, yillar oʻtib, qizining nomusi va bir oʻgʻlining joni bilan haq toʻladi. Dunyoda hech qanday zulm jazosiz qolmaydi. Men bu satrlarni atay beshinchi kitobda takrorladim.
Avvallari ijobiy qahramon farishta kabi tasvirlanardi. Holbuki, hayotda butunlay yaxshi odam ham, butunlay yomon odam ham yoʻq. Yaxshining oz boʻlsa-da, yomon xulqlari, yomonning oz boʻlsa-da, yaxshi ishlari boʻlishi tabiiy. Asadbek va uning atrofidagilar, yuqorida aytganimday, jinoyatchi, zulmkor boʻlib tugʻilmagan edilar. Ularni oʻtmish jamiyatning adolatsizligi shu holga soldi. Asardagi asosiy gʻoyalardan biri ham shu. Asadbek guruhini oʻtmishning adolatsiz tuzumi tugʻdirgan “alamzadalar toʻdasi” desak ham boʻladi.
Baʼzan mendan: “Asadbekday odamning hayotda boʻlishini xohlarmidingiz?”, – deb soʻrashadi. Bu savolga javobim qatʼiy: yoʻq. U qanchalik mard boʻlmasin, qanchalik jabrdiyda boʻlmasin, jamiyatimizning bundaylardan holi boʻlishini istardim. Asadbeklar bizning jamiyatimizda yashashga haqli emas!
Diqqat qilinsa, “Nafsning kelajagi zulmdir, zulmning kelajagi esa xorlikdir” degan fikr asarning shiori deyish ham mumkin. Bu kabi asarlarni yozishdan maqsadim shaytanat olami, yaʼni shaytonlarga tobe boʻlgan jinoyat olami bilan yoshlarni tanishtirib, ularni bu yaramas yoʻldan qaytarishga urinishdir. Boshqacha aytganda atrofimizda shunday qabih olam borligidan odamlarni ogoh etishdir. Bizning adabiyotimizda hali “qonundagi oʻgʻri” deb atalmish jinoyatchilar olami bayoni berilmagan edi. Bu olamning shioriga eʼtibor bering: “Dunyoda oʻgʻridan boshqa hech kim inson taqdirini hal qilish huquqiga ega emas!” Mana shunday zulm olamini biz bilishimiz kerakmi? Albatta, kerak. Farzandlarimizni bu olam taʼsiridan himoya qilishimiz uchun ham kerak. Men shunday boʻlar degan maqsadda qoʻlga qalam olgan edim. Agar biron-bir asar tarbiyaga xizmat qilmas ekan, yozuvchining urinishlari zoye ketibdi deb hisoblayman. “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi…” degan maqol bor. Shaytonlar olamini oʻsha qora qozon deb tasavvur qilaylik. Bu qora qozon koʻzga koʻrinmaydi. Shunday ekan, unga yaqinlashish, qorasini yuqtirish xavfi bor. Aziz yoshlarimizni bu xavfdan kim ogoh etishi kerak?
“Dolgʻali zamon, adolatsiz jamiyat, ogʻir ijtimoiy muhit tufayli boshiga hayotning turli sinovlari, ayanchli koʻrguliklari tinimsiz yogʻilsa-da, insoniy fazilatlaridan batamom mosuvo boʻlmagan, qalbida or-nomusni saqlab qolgani bilan kitobxonlarning sevimli qahramoniga aylanib ulgurgan Asadbekning hayotida sodir boʻladigan voqea va hodisalar mana shu besh qismlik toʻplamda oʻz nihoyasiga yetadi. Qahramonlarning shaxsiyati va ularning turmush tarzi, xarakter xususiyati, ijtimoiy turmush tarzi bilan bogʻliq keskin va shu bilan bir qatorda kitobxonlar uchun qiziqarli boʻlgan voqeliklar rivoji oʻtkir syujetli “Shaytanat” asarining asosini tashkil etadi. “Shaytanat” toʻplamining birinchi qismi “Qasos”, ikkinchi qismi “Non bergan jon olmaydi”, uchinchi qismi “Semirgan chumoli”, toʻrtinchi qismi “Oqqush qoʻshigʻi”, beshinchi qismi “Azozil doʻkoni” deb nomlandi. Qismlarning har biri alohida nomlangani va har bir qism alohida kitob sifatida nashr etilgani ham kitobxonlar uchun ayni muddaodir.
“Umr qismat dedim, balki peshonamga yozilgani,
Xudo urgan Shaytanatning shaytonlari chiqdi yoʻldan”.
Oʻz vaqtida oʻzbek adabiyotiga kriminal drama janrini muvafaqqiyatli olib kirgan asar “Shaytanat”dir. Barcha badiiy toʻqimalari va boʻyoqlarga qaramasdan, “Shaytanat” oʻzida haqqoniylik kasb etadi. U yaxshilik va yovuzlik haqidagi klassik kurashni yangi bosqichga olib chiqadi. Uning qahramonlari biz oʻrgangan mutlaq yaxshi va mutlaq yomon obrazlar ramkasidan tashqarida tura oladi. Shu sababdan biz Asadbek, Elchin, Mahmud yoki boshqalarga aniq taʼrif bera olmaymiz. Voqealar lahza sayin hech kutilmagan yoʻnalishda oʻzgarib boradi, bu esa kitobxonni oxiriga qadar kitobda ushlab turadi. Asadbek personaji voqealar rivoji davomida oʻzida bir paytlar yoʻqotilgan insoniy qiyofani qayta tiklab boradi. Bu uning oʻng qoʻli, hech qanaqa ifloslikdan qaytmaydigan Kesakpolvondan tobora uzoqlashib, oʻz hokimiyatini sadoqatli va nisbatan adolatli Chuvrindiga qoldirishga qaror qilganida ilk bor namoyon boʻladi.
Kesakpolvon hokimiyat va kuchning qora tomoniga oʻzini sotgan qahramon sifatida gavdalanadi. U haqiqat Shaytanatdagi jallod — bu uning oʻzi choʻtal olib turadigan odamlarning uyiga bostirib kirib, begunoh qizlarini zoʻrlab ketishida, narkotikdek zahri qotilni savdosini qoʻllashda ham aniq koʻrinadi. Mahmud esa Asadbekka intihoga qadar sodiq qoladi, oʻz oʻlimini sezsa ham vijdoni va Bek akasining qaroriga qarshi bormaydi. Uning falokatli oʻlimida ham Shaytanat koʻproq aybdordir. Zero, bu olam yaxshilikni oʻzida mavjud qila olmaydi.
Romanda Asadbekning feʼli fleshbeklar orqali yaxshi tasvirlanadi. Misol, uning yuziga “xalq dushmani oʻgʻli” deya sinfdoshlari tupurgan.
Asadbek — qalbida dunyoga va uning adolatsizligiga nisbatan mislsiz nafrat uygʻongan bolakay. Uning hayotdagi boʻlajak qilmishlarining asosiy motivi ham bolalik travmalariga uzviy bogʻliq. Asarda Tohir Malik kontrast usuldan ustalik bilan foydalangan. Yaʼni garchi Shaytanatdagi ifloslik va shahvoniy nafsni yashirmay ochiqlasa-da, deyarli har bir bobni muqaddas soʻzlar va turli ibratli hadis va oyatlar bilan boshlaydi. Jumladan, Asadbekning oʻladigan kasallikka chalingani aytilsa-da, muallif oʻquvchiga qahramonning qaysi dardga uchraganini aniq aytmaydi. Uning kasalxonaga emas, balki aynan tabibga murojaat qilishidan shuni anglash mumkinki, aslida Asadbekning dardi jismoniy emas, ruhiydir. Uning eʼtiqodi, ishonchi zaif tortgan. Lekin u tuzalishni istashi sababidangina Abdurahmon tabib davolashga rozilik bildiradi.
Asadbek oʻz qilmishlari uchun juda ogʻir tovon toʻlaydi. Deyarli har bir gʻalabasi ortidan oʻziga aziz nimanidir qurbon berishga majbur boʻladi: qizi Zaynabning zoʻrlanishi, Jamshidning quvgʻini, Mahmudning oʻlimi, oʻgʻlining qoʻlida jon berishi… .
Qalam haqi
Yozuvchi juda koʻplab asarlar yozishiga qaramay, ulardan katta miqdorda gonorar olmagan. Kitob nashr etish chogʻidagi tuzilgan shartnomalarda baʼzan kitoblarini hech qanday gonorarsiz ham chop etishga ruxsat bergan. Mashhur “Shaytanat” kitobini nashrga chiqarishda qiynalgan yozuvchi undan birinchi olgan puli 10 soʻm boʻlganini aytadi. Tohir Malikning oʻzi bunday deb yozadi: “Koʻpchilik qalam haqi bilan qiziqadi. Kaminani katta boylardan deb oʻylashadi. “Toʻgʻri, millionerman, faqat pul bobida emas, muxlislarim koʻpligi boʻyicha millionerman, pul millioneri ertaga qashshoqlashib qolishi mumkin, muxlis millioneri hamisha baxtli-saodatli boʻladi”, — deyman. Bir kuni bozorda piyoz olmoqchi boʻlib, savdolashsam, dehqon ajablanayapti. “ʼShaytanatʼ”ning uchinchi kitobi chiqibdi, olgandirsiz pulni qoplab”, — dedi. “Ha, oldim, kitobning puli bir qop piyozga yetadi”, — dedim”.
“Alvido bolalik” asari
“Alvido bolalik” kitobi Tohir Malik qalamiga mansub boʻlib, unda oʻtgan asr hayoti, ayniqsa, bolalarning koʻngilni boʻshatadigan taqdiri haqida gap boradi. Har bir kitobxon mutolaa davomida qahramonlarning qismatiga achinadi, rahmi keladi. Asarning bosh qahramonlari: maktabdagi eng koʻzga koʻringan aqlli yigit Asror va uning sinfdoshi, onasidan ayrilgan, otasining oyogʻi ishlamaydigan qiz Dildordir. Ularning begʻaraz muhabbati tasviri asosida boshlangan voqea asar soʻngida Asrorning qotillik qilishi va oʻzini suvga otishi bilan yakunlanadi. Asrorning Qamariddin boshchiligidagi bezorilar toʻdasiga qoʻshilib qolishi, odam oʻldirishiga olib kelgan sabablar koʻrsatib beriladi. Shuningdek, Qamariddinning oʻgʻrilik koʻchasiga kirib ketishining sabablari ochiqlab beriladi. Yozuvchi aytganidek, hech bir inson jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Ularning bu hayotiga nima sababchi? Albatta oʻsha davrning muhiti, ota-ona tarbiyasidir. “Alvido bolalik” asarini ham mashhur yozuvchining detektiv asarlar turkumiga qoʻshish mumkin. Adib asarda har doim muhim hisoblangan “tarbiya” masalasiga eʼtibor qaratgan. Asar qahramonlari ayni psixologik oʻtish davrida boʻlgan oʻsmirlardir. Mana shu muhim paytda tarbiyasiga eʼtibor qaratilmagan yoshlar jinoyatning qaytib boʻlmas olamiga kirib ketadi. Qamariddin bolaligi boʻlmagan, hayotdan alamzada, odamlarga shubha bilan qaraydigan obraz egasi avvalo odamda nafrat tuygʻusini uygʻotadi, keyinroq esa oʻyga toldiradi. Asar voqealari markazida turuvchi bu bola yana bir necha goʻdakni ham botqoqqa tortib ketadi. Bu maʼnoda u aybdor. Oʻzgalar taqdirida ham qora iz qoldirgan gunohkor. Jamiyatda ildiz olib ketgan poraxoʻrlik, boqibegʻamlik kabi illatlar insonlar taqdirini qanchalik yomon tarafga oʻzgartirishini Keldiyorovlar oilasini qismatida koʻrishimiz mumkin. Bolaga faqat moddiy ehtiyojlarini qondiribgina yaxshi tarbiya berib boʻlmasligi asarda shu oila misolida yaqqol ochib berilgan. Chin maʼnoda ezgulik timsoli boʻlgan qahramonlar ham bor. Masalan, Mayor Soliyev halol, toʻgʻrisiz, oʻz ishini yaxshi biladigan, haqiqatdan yuz oʻgirmaydigan, ahdida sodiq qoluvchi inson sifatida kitobxon mehrini qozonadi.
Mukofotlari
Yoshlar tarbiyasiga oid asarlari inobatga olinib, yozuvchiga “Maorif fidoyisi” unvoni berilgan. Shuningdek, Prezident Islom Karimov farmoni bilan “Doʻstlik” ordeni va “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Vafoti
Yozuvchi Tohir Malik 2019-yil 16-may kuni 72 yoshida vafot etadi. Tohir Malik shifoxonada boʻlgan, oshqozon kasalligi bilan bogʻliq ogʻir jarrohlik amaliyotidan soʻng oʻziga kelmagan. U Toshkentning Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” qabristoniga dafn etiladi.
Manbalar: wikipedia.org / sputniknews.uz / kh-davron.uz / nauchniyimpuls.ru / xabar.uz / kun.uz Muqova suratlar: wikipedia.org / xabar.uz