0
Ulashish
727 marta koʻrilgan
XIV asr
Temurning Gruziyaga yurishlari
Gruziya qirolligi Kavkazdagi nasroniylikka asoslangan qirollik boʻlib, 1386–1403-yillar oraligʻida turk-moʻgʻul bosqinchisi Temurning hujumiga duchor boʻladi. Temuriylar imperiyasi bu vaqtda Markaziy Osiyodan Anatoliyaga qadar choʻzilgan edi. Nizolar Temur hamda Oltin Oʻrdaning soʻnggi xoni Toʻxtamish oʻrtasidagi raqobat bilan bevosita bogʻliq boʻlgan. Ular Islom dunyosidagi hukmronlik uchun kurashadi. Temur Gruziyaning baʼzi qismlarini egallagan boʻlsa-da, mamlakatni musulmon davlatga aylantira olmagan. Aksincha, Gruziyani nasroniylik davlati deb tan olgan.
Sakkizta bosqinning birinchisidayoq Temur Gruziya poytaxti — Tbilisini talon-taroj qiladi, 1386-yilda esa qirol Bagrat V ni qoʻlga oladi. Gruzinlarning qarshiligi turk-moʻgʻul qoʻshinining yangi hujumiga turtki boʻldi. Bagratning oʻgʻli hamda vorisi — Georgiy VII qattiq qarshilik koʻrsatib, qirollik davrining asosiy qismini Temur bosqinlarini bartaraf etish bilan oʻtkazadi.
Temur soʻzidan qaytmaydigan gruzin monarxini boʻysundirish maqsadida bosqinlarning aksariyatiga shaxsan oʻzi boshchilik qilgan. Ammo u Gruziya ustidan qattiq nazorat oʻrnatishga muvaffaq boʻlmaydi. Oxir-oqibat, Georgiy VII Temurning tinchlik bitimini qabul qilish va oʻlpon toʻlashga majbur boʻladi, biroq uning qoʻl ostida “vayron boʻlgan shahar va qishloqlar hamda parchalangan monarxiya” qolgan edi xolos.
Tarixi
1385-yilda Toʻxtamishxon Kavkaz yerlari orqali Eronni talon-taroj qilgan edi (bu vaqtda Eron Temuriylar davlati tarkibida boʻlgan). Hujum 2 islom monarxi oʻrtasidagi ochiq dushmanlikning boshlanganini bildirar edi. Bosqinga qarshi javob kurashda Temur Kavkazda ilk marotaba koʻrinish berdi.
Temur oʻzining vujudga kelayotgan imperiyasining gʻarbiy chegarasi hamda Oltin Oʻrda orasidagi kichik davlatlarga keng koʻlamli bosqin boshlaydi. Ozarbayjon va Kars shahri (hozirgi Turkiyada joylashgan) chegaralaridan oʻtganidan soʻng Temur Gruziyaga yurishlarini boshlaydi. Hukmronligi tarixidan soʻzlovchi “Zafarnoma” asarida (muallif — Sharafiddin Ali Yazdiy) keltirilishicha, Temur oʻzining bu yurishini jihod (musulmonlarning islom dini tarqalishi yoʻlidagi gʻovlarni bartaraf etish) deb hisoblagan.
1386-yilda Temur Karsdan yoʻlga chiqib, Gruziyaning eng janubiy qismidagi Samtsxe oʻlkasiga hujum uyushtiradi. Gruzinlar qiroli — Bagrat V Temur bosqiniga qarshi Tbilisi shahrida chora koʻrib qoʻygan edi. Samtsxega hujumdan soʻng Temur Tbilisiga yurish boshlaydi. Shahar 1386-yil 21-noyabrda taslim boʻladi, Bagrat V esa asirlikka olinib, majburan islom diniga oʻtkaziladi. Gruzin solnomalari hamda gruzin tarixchisi Tovma Metopetsining asarlarida qirolning murtadligi Temurning ishonchini qozonishda yordam bergan hiyla deb taʼkidlanadi.
Shundan keyin Temur Bagratga Gruziyada oʻzini tiklab olishi uchun 12 000 nafarga yaqin askar beradi. Bagrat Temur saroyida ekanida Gruziyada Bagratning u bilan sherikchilikda mamlakatni boshqaradigan oʻgʻli Georg VII hukmronlik qilayotgan edi. Ammo Georg otasi bilan xufiyona til biriktirib, musulmon askarlarga pistirma qoʻyadi va Bagratni ozod qiladi.
Temur 1387-yilning bahorida pistirma va Bagratning qochib ketgani uchun qasos olish maqsadida Gruziyaga yana qaytadi. Bagrat va Georg chegara viloyatlarda yashovchi tinch aholini togʻ va oʻrmonga koʻchirishga ulguradi va himoyaga tayyorgarlik koʻradi. Toʻxtamishxon yana bir bor Eronda paydo boʻlgani tufayli Temur bu safar chekinadi. Ammo Oltin Oʻrda egallanganidan soʻng u yana Gruziyaga hujum qiladi. Amir Temur 1394-yilda 4 nafar sarkardasini Samtsxe oʻlkasiga yuboradi. U shaxsan oʻzi Aragvi vodiysidagi togʻli gruzin jamoalarini jazolaydi. Gruziyaning sharqiy qismida yashovchi bu jamoalar pshavlar va xevsurlar boʻlib, ular Zafarnomada “qaro qalqonliq” (qora qalqonli) deb atalgan. Shundan soʻng Toʻxtamishning navbatdagi hujumini eshitgan Temur Tbilisi orqali Shaki (yoki Sheki) viloyatiga (hozirgi Ozarbayjonda) qaytadi.
Temurning 3-oʻgʻli Mironshoh 1395-yili Naxichevan shahri (hozirgi Armanistonda joylashgan) yaqinidagi Alinja qalʼasini qamal qilayotgan edi. Mushkul ahvolda qolgan gruzinlar shakilik Sidi Ali bilan ittifoq tuzadi va Mironshoh qoʻshiniga qaqshatqich zarba berib, Jaloyir sultonligi shahzodasi Tohirni asirlikka oladi. Bu voqea Temurga 1399-yili mintaqa aholisidan qasos olishga turtki beradi. U Shakini egallab, qoʻshni Kaxeti (hozirgi Gruziyada joylashgan) hududini vayron qiladi.
Kavkaz, taxminan 1378–1502-yillar.
1400-yilning bahorida Temur Gruziyani butunlay yakson qilish maqsadida yana bir bor yurish boshlaydi. U Georgiy VII dan Jaloyir shahzodasi — Tohirni qaytarishni talab qiladi. Georg esa talabni rad etib, Temurni Quyi Kartli (Kvemo Kartli) viloyatidagi Sagim daryosi boʻyida kutib oladi. Ammo magʻlubiyatga uchragan Georgiy VII Temur taʼqibidan qochib, tobora mamlakat ichiga chekinaverdi. Temur Gruziya poytaxti Tbilisini xonavayron qiladi, u yerda garnizon qoldirib, Georgiy yashiringan Gori shahrini qamal qiladi. Qirol Gʻarb tomon jasorat bilan harakatlanadi, ammo Dzami va Savaneti qalʼalarida dushman qoʻshinini toʻxtata olmagach, Gruziyaning gʻarbiy qismidagi yetib boʻlmas oʻrmonlarga qochib ketadi.
Musulmon hukmdor qoʻshini oʻrmon ichiga kira olmaydi. Gʻazablangan Temur ortiga qaytib, Gruziyaning qolgan qismini butunlay talon-taroj qiladi. Ushbu qonli yurish bir necha oy davom etadi. Temur qoʻshini tizimli ravishda viloyatdan viloyatga koʻchib, aholini talon qiladi. Barcha yirik shahar va shaharchalar vayron qilinib, odamlar qirib tashlanadi. Qishloqlar va ulardagi oziq-ovqat manbalari yoqib yuboriladi. Monastir va cherkovlar esa birin-ketin yer bilan yakson qilinadi. Bu jang va qatagʻonlardan omon qolgan minglab kishilar ochlik va kasallikdan vafot etadi. 60 000 nafarga yaqin kishi Temur qoʻshini tomonidan asirga olinadi.
1401-yilning oxirida Temur yana bir bor Kavkazga bostirib kiradi. Georgiy VII tinchlik shartnomasini tuzishga majbur boʻladi va ukasini sovgʻa-salomlar bilan Temurning yoniga joʻnatadi. Bu vaqtda Temur Usmoniylar sulolasi bilan kechadigan yirik toʻqnashuvga tayyorgarlik koʻrayotgan edi. Temur keyinchalik boʻsh vaqtida yaxshi tayyorgarlik koʻrish uchun Gruziyadagi vaziyatni shu holicha toʻxtatib qoʻyishni istagan boʻlishi kerak. Shuning uchun ham u Georgiy bilan sulh tuzishga rozi boʻladi. Sharti, Gruziya qiroli Temurni qoʻshin bilan taʼminlashi hamda musulmonlarga maxsus imtiyozlar berishi kerak edi. Shunga qaramay, Temur bir qancha ehtiyot choralarini koʻradi va gruzin garnizoni boʻlmish Tortumi (hozirgi Turkiyada joylashgan shaharcha) ga hujum qiladi. Qalʼani vayronaga aylantirib, atrofdagi hududni talon-taroj qiladi.
Temur Usmoniylar ustidan gʻalaba qozonadi, biroq Georgiy VII uni tabriklashga bormaydi. Temur shundan soʻng Gruziya qirolini jazolash maqsadida Erzurum shahriga (hozirgi Turkiyada joylashgan) qaytadi. Georgiy VII ning ukasi Konstantin oʻsha vaqti akasi bilan aloqalari uncha yaxshi emas edi. U qirolning vassali boʻlgan Samtsxe shahzodasi — Ivane Jaqeli bilan birgalikda hadya olib boradi. Shirvonlik Shayx Ibrohim I Gruziyaning daromad va xarajatini hisoblab chiqadi. Georgiy yangi sovgʻalar yuborsa-da, Temur ularni rad etib, Georgiyni huzuriga chaqiradi. Bu orada esa avvalgi safar ishgʻol qilolmagan Birtvisi qalʼasini qamal qiladi.
Birtvisini kichik bir gruzin garnizoni qaysarlik bilan himoya qilar edi. 1403-yil avgustida qalʼani egallagan Temur Gruziyaning chegara hududini talon-taroj qilish va tozalash maqsadida bu joyga qoʻshin yuboradi. Qirol Georgiy VII chekinadi, Temuriy askarlar esa uni Abxaziyagacha taʼqib qiladi. Temurning tarixchisi 700 ta shaharcha vayron qilinib, aholisi qirgʻin qilingani haqida yozib qoldirgan. Ulamo va muftiylar Gruziya qirolini afv etish (omonlik berish) mumkinligiga qaror qilganidan soʻnggina qoʻshinini toʻxtatadi.
Georgiy VII katta oʻlpon toʻlashi kerak edi. Temur nomiga zarb qilingan 1 000 tanka oltin (tanka – Buyuk ipak yoʻlida ishlatilgan qadimgi pul birligi), 1 000 ta ot, 18 misqol yoqut (1 misqol ~ 4,6 g) va boshqalar shular jumlasidan. Evaziga esa Temur Gruziyani nasroniylik qirolligi deb tan oladi va qirollik mustaqilligini saqlab qoladi. Temur keyinchalik 1404-yilning boshlarida Tbilisidan oʻtganida uchragan barcha cherkov va monastirlarni buzib, Beylagan shahriga (hozirgi Ozarbayjonda joylashgan) yoʻl oladi. Temur Beylagandan Trabzon shahrigacha (hozirgi Turkiyada joylashgan) boʻlgan hududni nevarasi Xalil Sulton Mirzoga taqdim etadi. Temur, nihoyat, Kavkazni tark etadi va Markaziy Osiyoga yoʻl oladi. Oʻsha yerda Temur Xitoyni keng koʻlamda bosib olishga tayyorgarlik chogʻida 1405-yil 19-fevralda vafot etadi.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: midjourney.com