0
Ulashish
585 marta koʻrilgan
XIV asr
Temurning Balx va Pokistonga yurishlari
“Mening Hindistonga borishimdan bosh maqsad ikki narsani amalga oshirishdan iborat boʻlgan. Birinchisi — Muhammad dini dushmanlari — kofirlar bilan jang qilish hamda bu diniy urush orqali boqiy hayotda baʼzi mukofotlarga ega chiqish. Ikkinchisi — islom qoʻshini kofirlarning mulki va boyligini talon-taroj etish orqali biror nimaga erishishi mumkin. Agar musulmonlar oʻz eʼtiqodi uchun jang qilayotgan boʻlsa, kofirlar mulkini tortib olishga ona sutidek haqlidir. Oʻzi haqli boʻlgan narsani isteʼmol qilish esa inoyatdir” degan edi Amir Temur.
1370-yilda Temur Balx shahriga (hozirgi Afgʻonistonda joylashgan) Amir Husaynga qarshi hujum qilishga qaror qilgan edi. Termiz shahrida Amudaryoni kesib oʻtgach, uning qoʻshini Balxni oʻrab oladi. Husayn qoʻshini qamal qilinganidan norozi boʻladi va Temurning odamlariga hujum qilish maqsadida shahardan chiqadi. Jangning 2-kunida ham shu hodisa sodir boʻladi, ammo bu safar Temurning askarlari shahar ichkarisiga kirishga muvaffaq boʻladi. Husayn qalʼaga yashirinadi, Temur askarlari esa shaharni talon qiladi. Shahar egallanganidan soʻng Temur Gʻarbiy Chigʻatoyning “qoʻgʻirchoq” xoni boʻlmish Hobulshohni qatl etadi va oʻrniga Suyurgʻatmishni Husaynning qoʻgʻirchoq xoni etib tayinlaydi. Bu orqali Temur Movarounnahr hamda gʻarbiy Chigʻatoy xonligi, umuman olganda, Markaziy Osiyoda ustunlikka erishgan asosiy hukmdorga aylangan edi.
1398-yilda Temur Hindiston oʻlkasiga yurishini boshlaydi. Oʻsha vaqtda bu hudud Dehli sultonligining Tugʻloqiylar sulolasi hukmronligi ostida edi. Ammo hokimiyat mahalliy sultonliklarning tashkil topishi hamda imperator oila aʼzolari oʻrtasida kechgan taxt uchun kurash natijasida allaqachon zaiflashib ulgurgan edi. Temur safarini Samarqand shahridan boshlaydi. U 1398-yilning 30-sentabrida Hind daryosini kechib, Shimoliy Hind oʻlkasi (hozirgi Pokiston va shimoliy Hindiston) ga bostirib kiradi.
1398-yilda Temur qoʻshini avvaliga Tulamba, keyin esa Moʻlton shaharlarini (hozirgi Pokistonda joylashgan) talon-taroj qiladi. Temur Dehliga bostirib kirishidan ancha avval nevarasi Pirmuhammad bu shaharga oʻz yurishini boshlagan edi. Bxatner qalʼasining hokimi Bxati Rajput magʻlub etilganidan soʻng Temur qalʼa va shaharni vayron qiladi. Temur, shuningdek, Merut shahri (hozirgi Hindistonda joylashgan) hokimi bilan ham qarama-qarshilikka duch kelsa-da, Dehliga yaqinlashishga musharraf boʻladi.
1398-yilda Temur Dehli shahriga yetib keladi. Shaharga yetib kelguncha esa Dehli sultonligining barcha muhim maʼmuriy markazlarini egallab olgan edi. Sulton Nosiruddin Tugʻloq (Sulton Mahmud) Temurga qarshi kurashish uchun Mallu Iqbol (Malluxon) bilan ittifoq tuzadi. 1398-yil 17-dekabrda sodir boʻlgan bu jangda gʻolib boʻladi va shahar talon-taroj qilinadi.
Jangdan soʻng Temur Moʻlton shahrining hokimi boʻlmish Hizr Xonni Dehli sultonligining oʻz hukmronligi ostidagi yangi sultoni etib tayinlaydi. Dehlining egallanishi Temurning eng yirik gʻalabalaridan biri boʻlgan. Ogʻir kechgan sayohat hamda dunyoning oʻsha vaqtdagi eng boy shahri bosib olingani tufayli Amir Temurni Doro II, Makedoniyalik Aleksandr hamda Chingizxondan ham ustun qoʻyish mumkin.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: midjourney.com