Orqaga

992 marta koʻrilgan

m. a. 356–323

Aleksandr

“Buyuk” sifatini olgan Aleksandr III koʻproq Aleksandr Makedonskiy nomi bilan tanilgan. Tarixiy haqiqat va badiiy toʻqima aralashib ketgan afsonalar uning hayoti haqida maʼlumot beradi.

Tarixchilar uning xarakteri koʻplab ijobiy va salbiy sifatlarni birlashtirgan qarama-qarshiliklarga toʻla boʻlganini qayd etadi. Bagʻrikeng, ritsarlik tabiatiga ega, jasoratli jangchi boʻlish bilan bir qatorda, u butun dunyoni boʻysundirishni istagan qattiqqoʻl, shafqatsiz zolim, haqparast istilochi ham edi. Aleksandr kichik Bolqon davlati, Makedoniya shohi Filippning oʻgʻli edi. U ota-onasining birgalikdagi bir necha yillik baxtli hayotidan keyin oilaviy nizolar sharoitidagi dushmanlikni koʻrib ulgʻaydi. Iskandar butunlay onasi, kuchga chanqoq Olimpiya malikasi ta’sirida edi va bolaligidan otasiga uning ko‘zi bilan qarashga odatlangandi.

Filipp oʻgʻlini oʻz taʼsiriga qaytarishga va oʻzi xohlagandek tarbiyalashga harakat qiladi. U Aleksandrga hayot taʼlimini berish uchun qadimgi Gretsiyaning buyuk donishmandi, Aristotelni yollaydi. Faylasuf va shahzoda nafaqat ustoz-shogird boʻladi, balki doʻstlashib ham qoladi. Aristotel unga turli fanlarni oʻrgatadi va oʻrnak vazifasini bajaradi. Unga qarab, shahzoda narsalarni qadrlashni, grek madaniyati va falsafasini oʻrganadi. Falsafaga boʻlgan qiziqish umrining oxirigacha soʻnmaydi. Keyinchalik u harbiy yurishlariga olimlarni ham olib bora boshlaydi. Aristotel shahzodaga etikadan ham dars berar edi.

Aleksandrga hukmdorlarning xayrli ishlari yoritilgan maxsus darslar oʻtilardi. Shuningdek, u geografiyani ham alohida qiziqish bilan oʻrgangan. Geografiyani fanlarning eng muhimi deb hisoblagan. U Makedoniyaga birlashtirilishi kerak boʻlgan butun olamning bir qismi deb qaray boshlagan. Ehtimol, uning keyingi hayoti davomida amalga oshirgan dunyoni egallash istagi aynan oʻsha paytda uygʻongandir…

Aleksandr 16 yoshga kirganida Filipp uni davlat boshqaruviga jalb eta boshlaydi. Miloddan avvalgi 340-yilda Aleksandr otasi Perinf safariga ketgan vaqtida, medlarning isyonini bostirish bilan oʻzini kuchli hukmdor sifatida namoyon qiladi. Filipp oʻgʻli bilan faxrlanadi, uni rasman merosxoʻr deb eʼlon qiladi va strategiya, taktika sanʼatidagi bilimlarini oʻrgatishga harakat qiladi.

Aleksandr 20 yoshda boʻlganida otasi dushmanlar tomonidan oʻldirilgach, u Makedoniya shohiga aylanadi. Yosh shoh darhol qattiqqoʻllik va mustahkam irodani namoyon qilib, dushmanlarni qattiq jazolaydi va taxtga daʼvo qilishi mumkin boʻlganlarni yoʻlidan olib tashlaydi. U bor kuchini armiyani mustahkamlash va qurollantirishga qaratadi. Bir vaqtning oʻzida Aleksandr makedoniyaliklarning xayrixohligiga erishishga urinadi. Otasining siyosatini davom ettirish bilan u Makedoniyani taʼsir kuchiga ega va mustaqil yurtga aylantirmoqchi boʻladi, lekin uning bu maqsadi asosida dunyoni egallash turardi.

Aleksandr oʻz orzusini boqichma-bosqich amalga oshira boshlaydi va birinchi navbatda Korinf ittifoqida hukmronlikni qoʻlga kiritib, Gretsiyaning shahar-davlatlari – Fessaliya, Fiva, Frakiya, Afinalarni birlashtiradi. Bundan soʻng u bir qator omadli, harbiy yurishlar bilan Bolqon xalqlarini Dunaygacha bo‘lgan hududda boʻysundirishga muvaffaq boʻladi. Qoʻl ostiga 3000 piyoda va 5000 otliq askarni toʻplagan Aleksandr oʻsha davrda Misrdan (Oʻrta dengizining gʻarbiy tomoni) Hind daryosi vodiylari (Hindiston)gacha choʻzilgan, ulkan imperiya boʻlgan Fors davlatining hukmdori — Doroga qarshi chiqadi. Urush boshlash bilan greklar Oʻrta dengiz va Kichik Osiyoga forsiylar taʼsirini kamaytirish, Sharq hamda Gʻarb oʻrtasidagi savdo aloqalarini qoʻlga olishni xohlagandi.

Aleksandr buyuk Osiyo yurishini miloddan avvalgi 334-yil bahorida boshlaydi. Yosh shoh bu davrda 22 yoshda edi. Uning qoʻshini Oʻrta dengiz, Gellespont boʻgʻoziga yigʻiladi. Boʻgʻozning narigi tomoni Aleksandr egallashni xohlagan Osiyo edi. U kemani oʻzi boshqarib, boʻgʻozning oʻrtasida ibodat qiladi, tantanali ravishda dengiz xudolariga qurbonlik keltiradi – Poseydon sharafiga hoʻkizni qurbon qilib, suv nimfalari – nereidalarga oltin qadahdan sharob quyadi.

Shundan soʻng flot Troyadan uncha uzoq boʻlmagan, qachonlardir axeyliklar oʻz kemalari uchun bandargoh qurgan buxtaga qarab yoʻl oladi. Qirgʻoqqa yaqinlashgach, Aleksandr nayza tashlaydi va u Osiyo yeriga sanchiladi. Keyin u qirgʻoqqa sakrab tushadi va egallangan yerlarga birinchi boʻlib qadam qoʻyadi. Yerning nayza bilan egallanishi qadimgi greklarda Xudoning inoyati deb qaralgan va Aleksandr bu bilan ularning yordamiga tayanishini bildirgan edi. U har doim ilohiy narsalarga ehtirom bilan munosabatda boʻlgan. Uning bu xislati hadsiz manmanligi bilan aralashib ketadi. Uning manmanligi har bir egallagan mamlakatida bir shaharni Aleksandriya deb nomlaganida namoyon boʻladi. Bunday shaharlar soni yigirmaga yaqin boʻlib, hozir ulardan faqat Misrdagi Aleksandriya shahri saqlanib qolgan.

Doriylar bilan jang bir necha yil davom etgan. Aleksandrning askarlari oʻz shohini muqaddaslashtirgan va uning har qanday buyrugʻini bajarishga tayyor edi. Ularni shohning ulkan jasorati, botirligi va tavakkalchiligi rom etgandi. Shoh doim askarlarining old qatorida yurib, ularni jangga oʻzi olib kirardi. Fors va makedoniyaliklar oʻrtasidagi birinchi yirik kurash Doroning qirq minglik qoʻshini Aleksandrni kutib turgan Granik daryosi boʻyida boʻladi. Forslar daryo dushmanlardan ishonchli toʻsiq boʻlishi va makedoniyaliklarni choʻktirib yuborishiga umid qilgandi. Aleksandr maxsus asboblar hamda xudolarga duo chaqiruvlari ostida qoʻshinini forslar tomon boshlab bordi va ularni makedoniyaliklarning otliq qoʻshini turgan ochiq maydonga chiqishga majburladi. Aleksandr bu jangda uning qoʻshini yaxshi tayyorgarlik koʻrgani va gʻalabaga erishgunga qadar kurashishga tayyorligini koʻrsatdi.

Shundan soʻng u Finikiya, Bobilni egalladi va Midiyaning azaliy fors yerlariga qadam qoʻydi. Issadagi jangda yangi usulni qoʻlladi. Uning asosiy muvaffaqiyati otliq qoʻshin bilan bogʻliq boʻlgani uchun Doro Aleksandrni otliqlarga harakatlanish qiyin boʻlgan togʻli hududda kutib turdi. Lekin shu yerda ham Aleksandr mardlik va jasorat koʻrsatdi. U biz hozirgi kunda hujum deb ataydigan usulni qoʻlladi: qoʻshinini yopiq qator shaklida forslarga yoʻnaltirdi. Ilk oʻqlar ucha boshlaganda esa otliqlar hujumi boshlandi.

Aleksandr Bobilni egallashi, 1664-yil / wikipedia.org

Taktikaning kutilmagan oʻzgarishi forslarni choʻchitib yuborgani uchun ular chekinadi. Aleksandr Doroning asosiy nuqtalarini egallab oldi. Doro Aleksandrga sulh taklifini yuboradi, u esa yozma tarzda rad javobini beradi. Bu makedoniyalik Aleksandr tomonidan tuzilgan va hozirgi kungacha saqlanib qolgan yagona asl hujjat sanaladi. Xat quyidagi jumla bilan yakunlanadi: “Keyinchlalik menga murojaat qilganda Osiyo shohiga murojaat qilgandek munosabatda boʻl. Agar qirollikni qayta egallamoqchi boʻlsang, qol va u uchun kurash, qochma, aks holda qayerda boʻlsang ham seni topaman”. Bu soʻzlar qattiqqoʻl va qudratli, oʻzining hammani boshqarish huquqiga ishongan hukmdorga tegishli edi. Oʻziga bu qadar ishonch unda sirli xarakterni shakllantirdi, buni uning keyingi qadamlari ham tasdiqlaydi. Misrga kirganda u firʼavn unvonini oldi va misr xudosi Amon yerlarini ziyorat qilib, oʻzini uning oʻgʻli deb eʼlon qildi. Osiyo yurishini u begona yerlarni oʻzlashtirish deb emas, balki forslar mustamlakasidagi kishilarga yetkazgan azoblari uchun intiqom deb hisoblagan.

Doro ikkinchi safar elchi joʻnatib, Aleksandrga yerlarining bir qismini, qirollik taxtini boʻlishishni taklif qiladi va tinchlik sulhi uchun qizini unga turmushga bermoqchi boʻladi. Aleksandr bu taklifni rad etadi. Ular orasidagi hal qiluvchi jang Gavgamelda boʻlib oʻtadi. Doro Hindistonning togʻli hududlariga qochadi. Aleksandr uni quvishga tushadi, ammo uni tirik qoʻlga ololmaydi. Doro atrofidagilar xiyonat yoʻliga oʻtib, Aleksandr kelguncha uni oʻldiradi.

Bu yerda ham Aleksandr faqat ulugʻ inson amalga oshirishi mumkin boʻlgan ishni qilib, oʻzining buyukligini namoyon qiladi. Ustki yimini yechib, halok boʻlgan dushmani yoniga tizzalab, uning jonsiz tanasini yopadi. U harakat ulkan ramziy maʼnoga ega edi. Shu yoʻl bilan buyuk shoh (bu unvon avval Doroga tegishli boʻlgan) Sharq va Gʻarb orasidagi ilohiy yarashuv ruhini oʻrnatdi. Shundan keyin fors xalqlari Aleksandrni qonuniy hukmdor sifatida qabul qilgan. Aleksandr ularning askarlarini oʻz safiga qabul qiladi, lekin boshqaruv lavozimlarida grek qoʻmondonlarini qoldiradi. Shu tarzda Aleksandr boqichma-bosqich Fors yurtini egallaydi va oʻz imperiyasiga asos soladi. Miloddan avvalgi 327-yilga kelib uning chegaralari Gretsiyadan Hindistonga choʻzilgan edi. Oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun Aleksandr Doroning toʻngʻich qizi Statiraga uylanadi va baʼzi fors odatlarini qabul qiladi. U baʼzida fors kiyimlarini ham kiyardi.

329-yilda Aleksandr Baqtriya va Sugʻdiyona (Oʻzbekiston) ni bosib olib, Oʻrta Osiyoni toʻla boʻysundirdi, bu esa yangi savdo yoʻllarini ochib berdi. Shu vaqtda u baqtriyalik malika Roksanaga uylandi. Endi u Hindistonga yoʻl olsa boʻlardi. Ammo shu oʻrinda u omadsizlikka yuz tutadi. Qoʻshin Hindiston chegarasiga yetganida uzoq yoʻl va mahalliy aholi bilan tinimsiz toʻqnashuvlar taʼsirida qattiq charchagandi. Shu sabab Aleksandr Gedrosiyo (Balujiston) sahrosi oralab, ortga qaytishga majbur boʻladi. Aleksandrning hukmronlik chegaralarini Dunay, Adriatika, Misr va Kavkazdan Hindga yetkazgan Osiyo yurishi shu tarzda yakun topgandi.

“Birlashuv” va “yarashuv” siyosatining ramzi sifatida katta bazm tashkil qilinadi va unda makedoniyalik yigit hamda fors qizlarining ommaviy nikoh marosimlari nishonlanadi. Aleksandr bazm vaqtida zaharlanib vafot etgan degan afsona mavjud. Boshqalar esa u Bobilga qaytishda oʻlimga sabab boʻladigan kasallikka chalingan deb hisoblaydi. Bu vaqtda Aleksandr bor-yoʻgʻi 33 yoshda edi. Bemor Aleksandr yotgan saroy atrofiga u oʻz harbiy yurishlarini birga olib borgan askarlar yigʻiladi. Ular sevimli shohi vafot etgan va qoʻmondonlar buni yashiryapti degan gumonga boradi. Keksa harbiylar saroyga kirib, birma bir shoh oldidan oʻtadi. Aleksandr gapira olmas edi, shuning uchun ularni faqat koʻz qarashi bilan qarshi oladi.

Makedoniyalik Aleksandrning siyosati faqat yangi yerlarni oʻzlashtirishdan iborat emasdi. Uning oʻlimidan soʻng ulkam imperiya parchalanib ketdi, chunki uning merosxoʻri yoki munosib davomchisi yoʻq edi. Muhimi, uning siyosati savdo aloqalarini kengaytirdi, Sharqqa grek madaniyati taʼsirini oshirdi, fan va texnikaning keyingi rivojiga zamin yaratdi, yagona til (koyne) ni joriy qildi va xalqlarning vaqtinchalik teng huquqliligini taʼminlab berdi.

 



Muqova surat:  greece-is.com