2
Ulashish
589 marta koʻrilgan
1942–2018
Stiven Hoking
1941-yilning ikkinchi yarmida Oksford va Kembrijga koʻchib oʻtgan minglab ingliz oilalari qatorida Londonni tark etayotgan Xokinglar oilasi ham bor edi. Bundan maqsad, yashash uchun kurash, urushdan omon qolish, bolalarni asrab qolish edi. Shu tariqa dunyoning mashhur olimi, nazariyotchi fizigi Stiven Xoking Oksford shahrida 1942-yilning 8-yanvar sanasida tavallud topadi. Uning otasi tropik kasalliklar boʻyicha mutaxassis, vrach, onasi esa kotiba boʻlib ishlardi. Urush tugaganidan soʻng Xokinglar oilasi Londonga qaytib keladi.
Stivenning bolalik davri Londonda kechadi. Otasining ish joyi Sent-Olbans shahriga koʻchirilishi tufayli uning yoshlik yillari Sent-Olbans shahri bilan ham bogʻlanadi. Otasi Stivenning yaxshi oʻzlashtirishini, bilim olishini istaydi va unga sharoit yaratib beradi. Xokingning bolalik davridanoq ilmga boʻlgan ishtiyoqi kuchli boʻlgan. Otasining laboratoriyasiga borib, uning ilmiy tadqiqotlari bilan qiziqqan. Matematikani unga otasi oʻrgatgan.
Fizika fanini deyarli yoqtirmagan. 9 yoshida sinfdagi eng yomon bahoga oʻqiydigan bola boʻlgani haqida ham maʼlumotlar mavjud. Keyinchalik u oʻzining asosiy qiziqishi fizika fani bilan bogʻliq ekanini tushunib yetadi. Shu tariqa fan bilan astoydil shugʻullana boshlaydi. U koinotni yaxshi koʻrardi. Koinotning yaralishi, vazifasi, harakati haqidagi savollar uni sira tinch qoʻymas edi. Stiven Xoking oʻz orzularini amalga oshirish maqsadida otasining tavsiyasi va orzusiga binoan Oksford universitetiga hujjat topshiradi va talabalar qatoridan joy oladi. Stiven 17 yoshida talabalik baxtiga muyassar boʻladi. U institutni aʼlo baholarga tamomlaydi va koinot bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullanish uchun Kembrijga yoʻl oladi. Uning Kembrijga ketishi yakuniy imtihonlar javobiga bogʻliq edi. Imtihondan oldin umuman uxlamagan Stiven savollarga yaxshi javob bera olmaydi va ikki daraja oraligʻida qolib ketadi. Buni aniqlash uchun Stiven bilan suhbat oʻtkaziladi va shu tariqa ilmiy ish qilishi uchun Kembrijga ketishiga yoʻl ochiladi.
Bemorligi
Olim Oksfordda oʻqib yurgan paytlari, 3-kurs talabalik davridayoq sogʻligida kamchiliklar seza boshlagan. Hech qanday sababsiz qayta-qayta yiqilib tushar, lekin buning nima uchun bunday boʻlayotganini bilmas edi. Hattoki qayiqda eshkakni esholmay qolgan paytlari ham boʻladi. U sogʻligida jiddiy muammo borligini sezadi va shifokor tavsiyasiga binoan pivo ichishni tashlaydi. Kembrijga borgan yili shaharda qish juda sovuq keladi. Rojdestvo taʼtilida Sent-Albansdagi koʻlda muz uchishga chiqqan Stiven yiqilib tushadi, oyoqqa turishga esa juda ham qiynalib qoladi. Muammo jiddiyligini sezgan onasi uni shifokor huzuriga olib boradi. Stiven Londondagi Avliyo Varfolomey shifoxonasida bir necha hafta yotadi va koʻplab tekshiruvlardan oʻtadi. 1962-yildagi tekshirishlar hozirgilar bilan taqqoslaganda oʻta sodda jarayonlardan iborat edi. Qoʻldan muskul toʻqimasi namunalari olinadi, boshdan oyoq elektrodlar yopishtirib tashlanadi, umurtqasiga rentgenda koʻrinadigan suyuqlik yuboriladi.
Unga yonbosh amiotrofik skleroz, bosh va orqa miyaning nerv toʻqimalari atrofiyalanib (kamayib), zarar koʻrishi yoki qattiqlashishiga olib keladigan harakat neyronlari kasalligi tashxisi qoʻyiladi. Bu kasallikka chalinganlar sekin-asta oʻz harakatlarini nazorat qilish, gapirish, ovqatlanish va oxiri nafas olish qobiliyatini ham yoʻqotadi. Shu tarzda endi-endi ilm ayvoniga chiqib kelayotgan yosh olim jisman majruh boʻlib qoldi. U avvaliga oʻzi yura olardi. Lekin kasallik borgan sari kuchayib, uning barcha tayanch-harakat aʼzolarini falajlab qoʻyadi.
Olim nogironlar aravachasiga butunlay mixlanib qoladi. Dastavval sogʻligi tufayli tushkunlikka tushib qolgan Stiven ilmiy ishlardan biroz chetlanib qoladi. Ularni davom ettirishga, tugallashga ulgurmay qolishiga ishonardi. Biroq biroz vaqt oʻtgandan soʻng kasallik rivojlanishi sekinlashadi. Stivenda esa ishlash uchun ishtiyoq paydo boʻladi. Stivenning hayotga qaytishiga, ilmiy izlanishlarini davom ettirishiga, nazariyalar yaratishida u yaqindan tanishib qolgan talaba qiz Jeyn ham asosiy sababchilardan biri boʻladi. Jeyn Stivenni qoʻllab-quvvatlar, kasallikdan forigʻ boʻlishiga ishontirar va unga umid berardi. Stiven Xokingning bu darajaga yetib kelishida ayolining ham xizmati katta boʻldi. Bu haqda uning oʻzi ham taʼkidlaydi.
Faoliyati
Oksforddagi yakuniy imtihonlarni topshirgandan soʻng universitet taklif qilgan grantlardan birini tanlagan Stiven sayohat qilish uchun Eronni tanlaydi. 1962-yilning yozida sayohatga joʻnab ketadi va Istanbul, Tabriz, Isfahon, Tehron, Sheroz kabi shaharlarni kezib chiqadi. Sayohati davomida zilzila sodir boʻladi va u qovurgʻasini sindirib oladi. Biroq safar Stiven uchun iliq taassurotlar bilan toʻla edi. Erondan qaytgan Stiven 1962-yilning oktabr oyida 20 yoshida Kembrijning amaliy matematika va nazariy fizika fakultetiga oʻqishga kiradi.
Xokingni jahon ommasiga tanitgan eng mashhur ishi qora tuynuklar fizikasi bilan bogʻliq tadqiqotlari hisoblanadi. U 1970-yilda qizi Lyusi tugʻilganidan soʻng beixtiyor qora tuynuk haqida oʻylay boshlaydi va shu tariqa oʻz nazariyasini ishlab chiqadi. Uning bu boradagi tadqiqotlarini ilmiy-ommabop mualliflik kitoblari va telekoʻrsatuvlardagi ishtiroklari orqali deyarli barcha ilmiy-maʼrifiy mediadasturlar shinavandalari yaxshi biladi. Qora tuynuklar borasida Xokingning mashhur iborasi bor: “Qora tuynuk aslida qora emas”. Bu fikrni asoslar ekan,
Xoking qora tuynuk yaqinidagi zamon-makon egrilanishining taʼsiri inobatga olinsa va jarayonga noaniqliklar tamoyili tatbiq etilsa, qora tuynukdan ham zaryadlangan zarralarning uchib chiqishi mumkinligi isbotlanadi. Fanda “Xoking nurlanishi” deb nomlanadigan mazkur gʻoyaning eng ajablanarli va olamshumul joyi shundaki, qora tuynukdan uchib chiqadigan zaryadlangan zarralar avvaliga yorugʻlik tezligidan ham tezroq uchib harakatlanar, maʼlum masofa va vaqtni bosib oʻtganidan keyin esa tezligini yorugʻlik tezligidan pastroq darajaga tushirar ekan. Maʼlumki, Eynshteyn nazariyasiga koʻra, borliqda yorugʻlik tezligidan yuqori tezlikning oʻzi boʻlishi mumkin emas. Koʻplab bahslarga sabab boʻlsa-da, uning mazkur gʻoyasi zamonamiz fizikasidagi oʻz amaliy isbotini kutayotgan eng qiziqarli gipotezalar sirasiga kiradi.
Xoking 1982-yilda borliq va uning cheksizligi toʻgʻrisida kitob yozishga qaror qiladi. Buning asosiy sababi, bir tarafdan, farzandlarining taʼlimi uchun moliyaviy hissa qoʻshish boʻlsa, yana bir muhim tarafi olim sifatida borliq haqida bilganlarini dunyoga maʼlum qilishi, mavjud savollarga javob berishi kerak edi. 1988-yil 1-aprelda “Vaqtning qisqacha tarixi” kitobi nashr etiladi. Kitob dastlab “Katta portlashdan tortib qora tuynuklargacha: vaqtning loʻndagina tarixi” deb nomlangan. Lekin sarlavha kichraytirildi va “loʻnda” soʻzi “qisqacha” ga oʻzgartirildi, qolgani esa ixchamlashtirildi.
“Vaqtning qisqacha tarixi” olimning qora tuynuk haqidagi mulohazalari yoritilgan muvaffaqiyatli va eng koʻp sotilgan asari hisoblanadi. Stiven Xoking gʻoyat murakkab ilmiy masalalarni ham sodda, xalqchil tilda va ajoyib mutoyiba hissi bilan bayon eta oladigan professional muallif ham sanaladi. U ilm-fanni ommalashtirish, zamonaviy fanning dolzarb masalalarini har bir qiziquvchiga yetib borishiga erishishni hayotidagi eng muhim vazifalardan deb biladi. Uning “Vaqtning qisqacha tarixi” (1988); “Qora tuynuklar va chaqaloq koinotlar” (1993), “Yongʻoq poʻstlogʻi ichidagi olam” (2001), “Oliy tafakkur” (Leonard Mlodinov bilan hammualliflikda) kabi kitoblari butun jahonda bestseller asarlar boʻlib kelmoqda. Uning kitoblari 20 ga yaqin jahon tillariga tarjima qilingan, millionlab adadlarda chop etilgan. Shuningdek, olim koʻplab ilmiy-ommabop filmlar hamda multfilmlarda qahramon sifatida ishtirok etgan. Chunonchi, u “Simpsonlar” va “Futurama” multseriallarida oʻz timsoliy qahramoniga ovoz bergan. Bundan tashqari, Xoking qiyofasidagi raqamli ovoz egasi boʻlgan qahramon boshqa koʻplab badiiy va ilmiy-fantastik filmlarda muntazam oʻrin tutadi. Stiven Xoking shu tariqa nogiron olim taʼrifi ostida mashhur boʻlib ketadi.
Oilasi
1965-yilda Stiven va Jeyn turmush quradi. Ikki yildan soʻng oilada birinchi farzand — Robert tugʻiladi. Undan taxminan uch yil oʻtib ikkinchi farzand —Lyusi, 1979-yilda esa Timoti dunyoga keldi. Oila qurganidan keyin Xoking erkak kishi sifatida oʻz oilasini iqtisodiy taʼminlashi, bolalarini oʻzi boqishi lozimligini yaxshi anglardi. U ilmiy tadqiqotlarni ham birvarakayiga olib borish imkonini beruvchi ish izlardi va oxiri Keys kollejiga oʻqituvchilikka ishga joylashadi. Lekin u borgan sari tildan ham qola boshlaydi. Avvaliga u duduqlansa-da, gapini tushunsa boʻlardi. Lekin dard ustiga chipqon boʻlib, 1985-yilda u zotiljam (oʻpka yalligʻlanishi)ga ham chalindi. Bu kasallik oʻpkalarning sunʼiy ventilyatsiyasini taqozo qiladi, aks holda bemor uzoqqa bormaydi. Shundoq ham majruh boʻlgan Stiven Xokingga boʻyin sohasini teshib, traxeotomiya amaliyoti qilishga toʻgʻri keldi. Natijada Xoking butunlay tildan qoladi.
Uning tanasidagi sogʻ qolgan aʼzosi sanoqli boʻlib, faqat oʻng qoʻlining ayrim barmoqlarini qimirlata olar, koʻzini yumib ochishi hamda qosh uchirishi mumkin edi xolos. Tildan qolgan olimga avvaliga maxsus taxtachada yozilgan jadvaldagi harflarga koʻz-qosh mimikasi bilan ishora qilib fikrini tushuntirishni oʻrgatishdi. Keyin esa unga Uoltos ismli amerikalik dasturchi “Ekvalayzer” deb nomlangan nutq sintezatori dasturini tayyorlab berdi. Biroz vaqt oʻtib, yaqin doʻstlari uning aravachasiga maxsus sensorli kompyuter va yangi, mukammalroq nutq sintezatorini jihozlab beradi. Xoking vafotiga qadar ushbu kompyuter va nutq sintezatori yordamida maʼruzalar qiladi, kitoblar yozadi va atrofdagilar bilan aloqa qilib keladi. Ular Jeyn bilan uch nafar (bir qiz va ikki oʻgʻil) farzandni voyaga yetkazdi. Ogʻir kasallikka va keksayib qolganiga qaramay, ilmiy-ijtimoiy faol turmush tarzi bilan yashadi. Oʻzi aytgan shiorga amal qilib yashadi: Hayot bor ekanki, inson umid bilan yashaydi.
Vafoti
Uncha-muncha odamning tishi oʻtmaydigan, oʻta murakkab teoriyalar muallifi, Eynshteyndan keyingi eng zoʻr fizik-nazariyachilaridan biri, zamonamizning eng yirik va taniqli olimlaridan boʻlgan Stiven Xoking 2018-yilning 14-mart sanasida vafot etdi.
Xotira
Ilm-fanga va fanni ommalashtirishga qoʻshgan beqiyos hissasi uchun Stiven Xoking 20 ga yaqin turli milliy va xalqaro mukofotlar va unvonlar bilan taqdirlangan. Xususan: 1979-yili Albert Eynshteyn medali, 1982-yil – Britaniya imperiyasining ordeni, 1985-yilda esa Qirollik astronomiya jamiyatining Oltin medaliga loyiq koʻrildi. Olim haqida Jeyms Marsh “Stiven Xoking koinoti” filmini suratga oladi. Undagi bosh qahramon rolini Eddi Redmeyn ijro etadi. Bu ishi uchun Eddi 2015-yilgi taqdirlash marosimida “Eng yaxshi aktyor” sifatida Oskarga ega boʻlgan.
Manbalar: orbita.uz / e-library.namdu.uz / ultrait.ru Muqova suratlar: b37mrtl.ru / s0.rbk.ru